Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.07.2024 | 14:56

img958

Qo‘lingizga tushgan har qanday kitob ham kutubxonadan o‘rin olmasligi lozim – Xurshid Davron

“Kitobga munosabat kutubxonalar va ularning aʼzolari soniga qarab belgilanishi kerak” — Xurshid Davron

Kitobxonlikni targʻib qilish maqsadida “Gazeta.uz” nashri “Kutubxona” nomli loyihani boshladi. Unda oʻz xonadonida kutubxona tashkil qilgan mutolaa ishqibozlari bilan kitobxonlik va kutubxonachilik haqida suhbatlar uyushtiriladi. Loyihaning ilk mehmoni — Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron. Quyida shoir bilan qilingan suhbat matnini havola etamiz.

— Kitob yigʻishni qachondan boshlagansiz, bunga kim turtki boʻlgan?
— Tabiiyki, hamma narsa bolalikdan boshlanadi. Oilamiz ziyoli va har bir aʼzosi kitobxon edi. Lekin mutolaaga, adabiyotga nisbatan qiziqishim onamning opasi, yaʼni Subuha xolam tufayli tugʻilgan. U men oʻqigan maktabda adabiyot fanidan dars berardi. Xolamning uyida bir tokcha badiiy adabiyotlar boʻlardi, barchasi oʻsha davrning eng zoʻr kitoblari edi. Shu sababli ularnikiga tez-tez borib, kitoblar mutolaa qilardim. Kutubxona degan tasavvur oʻshanda paydo boʻlgan, unda 5−6-sinfda oʻqirdim. Keyinchalik maktabimiz va kolxoz kutubxonalaridagi deyarli barcha kitoblarni oʻqib tugatganman, hamma kutubxonachilar meni yaxshi tanirdi. Shu tariqa oʻzim ham kitob yigʻa boshlaganman. Kitob bu — tirik narsa, sening nafasing urilishi bilan u ham senga nafas bera boshlaydi. Uning tirikligi shundaki, har bir sahifasi yashnab turgan daraxtlardan paydo boʻladi.

— Hayotingizda tub burilish yasagan yoki sizga kuchli taʼsir qilgan asar bormi?
— Mirkarim Osimning “Oʻtror” nomli qissasini oʻqiganimda, tarixga nisbatan qiziqish uygʻongan. Yoshlarga birinchi shu kitobni oʻqitishdan boshlash kerak, degan fikrdaman. Uning ijodidan qattiq taʼsirlanganim tufayli Mirkarim Osim haqida maqola va sheʼrlar yozganman. Bir sheʼrimda mana shunday katta ishlarni qilgan insonlarni oʻz vaqtida qadrlamaganimizni qogʻozga tushirganman. Sovet davrida ham qadrlanmagan. Yozuvchining asarlarida butun tariximiz: Toʻmaris, Shiroqdan boshlab, Navoiy-u Nodira haqida koʻp maʼlumotlar bor. Ayrimlarga Mirkarim Osimning asarlarini oʻqishni tavsiya qilganimda, juda ham sodda yozilgan ekan, deyishgan edi. Yozishni bilmagan odam murakkab yozadi, sodda narsa yozish qiyin, sodda yozish — mahoratning eng oliy choʻqqisi, deya javob beraman. Mirkarim Osimning asarlari haqiqatan sodda, lekin tarixni oʻqigan sari oʻqiging keladi.

Bundan tashqari, tarixga qiziqishim nafaqat Samarqandda tugʻilib oʻsganim, balki ajdodlarimning qanaqa odamlar boʻlganligini bilganim hamda bobolarimning nomlari tarix kitoblarida qayd etilganligi uchun ham baland. Masalan, Naqshbandiya tariqatining atoqli vakili, 23 ta kitobi qoʻlyozmalar institutida saqlanadigan Mahdumi Aʼzam eng olis bobolarimdan biri hisoblanadi. U kishi Kosonsoyda tugʻilgan, keyinchalik Samarqandga kelgan. Qisqa vaqt Bobur Mirzoga, soʻngra asosan shayboniylar sulolasining yirik namoyondalaridan biri Ubaydulloxonga pirlik qilgan. Mahdumi Aʼzamdan keyingi bobolarim ham tarix kitoblariga kiritilgan, hammasi ilmli, kitobxon inson boʻlgan.

Qush uyasida koʻrganini qilganidek, oilada mutolaa muhiti boʻlsa, farzandlar ham albatta, kitob oʻqiydi. Eng avvalo, ota-ona kitobxon boʻlsa, bolalar ham kitob mutolaa qiladi.

— Qaysi ijodkorlarning asarlarini sevib oʻqiysiz, kimlarning asarlaridan ilhomlanasiz?
— Bu yerdagi kitoblarning baʼzilarini bir yil oʻtar-oʻtmas yana oʻqigim keladi. Bulgakovning “Usta va Margarita”si, Shukur Xolmirzayevning hikoyalari va boshqa oʻzim yaxshi koʻrgan shoirlarning sheʼrlarini qayta-qayta oʻqiyman, ular vaqt oʻtib yana quvontiradi, yangi taassurotlar beradi. Kitob inson yuragini tozalaydi. Boburiylar saroyida vrach boʻlib ishlagan fransuz odamning xotiralari yozilgan kitobni ham koʻp mutolaa qilaman. Unda Shohjahonning toʻrtala farzandining taxt uchun kurashi tasvirlagan. 1930-yillarda chiqqan shu kichkina kitobni 12 ta kitobga almashtirganman, shu tomonlama ham bu menga juda qadrli.

Eng koʻp oʻqiydigan va eng sevimli asarim bu — “Boburnoma”, jahon adabiyotida bunday asarlar barmoq bilan sanarli. Bobur bu kitobida oʻzining dardi, qaygʻusi, quvonchi, boshidan kechirgan har bir holatini yashirmasdan, uyaladigan joylarini ishora bilan yozgan, lekin yashirmagan. Men uchun “Boburnoma”ga teng keladigan asar yoʻq. Boburni yaxshi koʻrishimga ham shu asar sababchi, Bobur Mirzoga bagʻishlab koʻplab maqolalar, “Bobur sogʻinchi” dramasini yozganman.

— Koʻp odamlar shaxsiy kutubxona ochishga sharoitim yoʻq deydi, imkoniyati borlarning barchasi ham bunga qunt qilmaydi. Sizda kutubxona tashkil etish jarayoni qanday kechgan?
— Toshkentdan uy sotib olgunimizga qadar ijarama-ijara yurganmiz va bu davr oraligʻida koʻp kitoblarim yoʻqolgan. Armiyaga borguncha yigʻgan kitoblarimni birovning uyiga vaqtinchaga tashlab ketganman, xizmatdan qaytsam, u kitoblar ham yoʻq ekan. Xullas, shaxsiy kutubxona ochgunimcha koʻplab kitoblarimdan ayrilganman.

Qasrlar ham gʻishtlardan bunyod etiladi, oʻzidan-oʻzi qad rostlamaydi. Narvonga birdaniga chiqib boʻlmaganidek, kutubxona tashkil qilayotganda ham birma-bir kitob yigʻishdan boshlash kerak, toma-toma koʻl boʻlur, deb bekorga aytilmaydi. Kutubxona faqat oʻzingizga emas, oilangiz, farzandlaringiz, nabiralaringiz uchun ham kerak. Duch kelgan odamni uyingizga olib kirmagandek, qoʻlingizga tushgan har qanday kitob ham kutubxonadan oʻrin olmasligi lozim. U kitob bolangizga nimani oʻrgatadi, siz bilan qanday suhbatdosh boʻladi, fikringizni chalgʻitadimi yoki oʻylaringizni yana-da yuksalishiga xizmat qiladimi? Chunki dunyo faqat biz biladigan qit’alar, dengizlar va togʻlardan emas, gʻoyalardan iborat. Har bir davlatning, shoir va yozuvchilarning ham oʻz gʻoyasi boʻladi. Bu gʻoyalarni yaxshi bilish, farqlay olish va bunga jiddiy qarash kerak. Yaxshi kitoblarni mutolaa qilish ham yaxshi gʻoyalarga ergashish va notoʻgʻri gʻoyalardan oʻzini himoya qilishni oʻrgatadi. Insonning oʻzida ishongan gʻoyasi boʻlsa, duch kelgan gʻoyaning orqasidan ketavermaydi.

Kutubxona tashkil etgandan keyin kitoblarni saralash juda muhim jarayon hisoblanadi. Kutubxona ham saralash oqibatida shakllanishi kerak. Turli vaziyatlar bilan birovlarning uyiga borganimda, kutubxonasida biror marta ham ochilmagan yap-yangi kitoblarning taxlab qoʻyilganini koʻrganman. Kattaroq rahbarlarning uyida ham mashhur va nodir kitoblarning qator terib qoʻyilganiga guvoh boʻlganman. Biz esa u kitoblarni xarid qilish yoki oʻqish uchun qayerlarga bormasdik, eh-he-e… Oʻqilmagan kitoblar xuddi qabristonga oʻxshaydi. Kitob faqat uni oʻqishni boshlaganingizdan keyin tiriladi va siz bilan gaplasha boshlaydi. Kitob — siz adashgan paytda toʻgʻri va katta yoʻlga olib chiqadi. Afsuski, bugungi kunda telefonga tikilib-tikilib, kitob oʻqishdan uzoqlashish jarayoni kuzatilyapti. Saytga yoki tarmoqlardagi sahifalarimga kattaroq hajmdagi biror asarni qoʻysam, yoshlar “uzun ekan”, deyishadi. Hozirgi avlodda qisqa narsalarni oʻqish koʻnikmasi paydo boʻlyapti, undan ortigʻiga toqati yoʻq. Bu — juda ham ayanchli.

— Qaysi ijodkorning kutubxonasi yoki qay kutubxonaga havas qilgansiz?
— Birinchi marta ustozimiz, katta adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinovning kutubxonasiga havas qilganman, juda mashhur kutubxonalardan biri edi. Asqad Muxtorning ham kutubxonasi havas qilarli darajada boʻlgan. Avallari davlat tomonidan yozuvchi, shoirlar uchun uylar qurilayotgan vaqtda kutubxona, ijodxona ham alohida hisobga olingan. Ustozlarning deyarli hammasining uyida kutubxonasi boʻlgan, oldin bu narsaga juda eʼtibor berilgan. Biz ularning kutubxonalarini koʻrib, oʻrganganmiz.

— Kitoblaringiz qanday tartiblangan, kartotekasini yuritasizmi?
— Koʻrib turganingizdek, kitob javondagi kitoblar mavzusiga qarab, turli boʻlimlarga ajratilgan. Masalan, Temur va temuriylarga oid kitoblar boʻlimi, Alisher Navoiyga taalluqli asarlar, jahon adabiyoti, sheʼriyat, oʻzimning asarlarim ham alohida-alohida boʻlimlarda turadi. Bu esa kerakli kitobni tez va oson topishimda juda asqatadi. Quroni Karim va u bilan bogʻliq kitoblar ham alohida qismda saqlanadi. Qurʼonda sirli ishoralar, siz anglamagan hikmatlar yashirin, hamma birdaniga tushunib ketmaydi, bunda tafsirlarning oʻrni juda katta. Qurʼonni tushuntirib beradigan tafsirlar oʻzimizda ham ancha koʻpaydi. 1990-yillar boshida Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib Shayx Alouddin Mansur Qurʼoni karim maʼnolarining oʻzbekcha izohli tarjimasini tayyorlashdek ulkan vazifani sharaf bilan ado etdi. Hatto oʻsha tarjimada mening ham ozgina hissam bor. Tarjima jarayonini tezlashtirish uchun men, Shavkat Rahmon va bir qancha ziyolilar navbat bilan borib, kotiblik qilardik. Shayx Alouddin Mansur oʻqib ketardi, biz bexato yozib, qogʻozga tushirardik. Shu ishga ignani uchichalik hissa qoʻshganim sababli ichimda doim mamnunlikni his qilaman.

— Kutubxonangizda koʻproq qanday kitoblarni uchratish mumkin?
— Bu yerdagi kitoblarning anchasi lugʻatlardan iborat. Chunki tarixga qiziqqanim, doim tarixni oʻrganishga intilganim tufayli lugʻatlardan koʻp foydalanaman. Bir soʻzni tushunmay qolsam, mohiyatini anglolmasam yoki unda qanday maʼno yuklanganini bilishni istasam, oʻsha zahoti “Gʻiyos ul-lugʻat”, “Charogʻi hidoyat”, Navoiy bobomiz asarlariga oid va oʻzimizning izohli lugʻatlarni titkilayman. Kutubxonamda eng noyob lugʻatlar bor, ularni har doim yigʻishga harakat qilaman.

Lugʻat bu — sir, siz maʼnosini bilmagan koʻp soʻzlar mohiyatini ochib beradi. Lugʻatlar bizga azaliy va asl maʼnolarni, Navoiy boboni anglashga xizmat qiladi. Tarixni yozmoqchi boʻlgan, ilm qilaman, degan odam lugʻatlarni juda yaxshi bilishi, ulardan foydalanishi zarur. Sharq mamlakatlarining baʼzilarida yuzlab yoʻnalishlardagi lugʻatlar mavjud. Ammo bugun bizda lugʻat deyilsa, turkcha-oʻzbekcha, ruscha-oʻzbekcha soʻzlar tarjimasini tushunadiganlar safi keng. Haqiqiy lugʻatlar tarixiy terminlar maʼnosini beradi. Shu sababli ham lugʻatlarni yaxshi koʻraman. Shuningdek, kutubxonamda sheʼriyat, butun dunyo nasriy adabiyotiga oid koʻplab kitoblarni ham uchratish mumkin. Adabiyotdagi uzoq yillik doʻstlarim, safdoshlarimning kitoblari, hali oʻzimning kitoblarim chiqmagan paytda oʻz asarlariga imzo va tilaklarini yozib bergan ijodkor akalarimiz, ustozlarimizning ham kitoblari bor. Ularning barchasi men uchun aziz.

— “Xurshid Davron kutubxonasi” (kh-davron.uz) sayti ancha ommalashgan. Uni nima maqsadda ochgansiz va yillar davomida oʻzini oqladimi?
— Oʻzbekistonda internet tizimi birinchilardan boʻlib televideniyega kirib kelgan, oʻshanda telekanalda ishlardim. U paytda nazorat juda qattiq edi, u saytga kirmanglar, buni koʻrmanglar, degan taqiqlar boʻlardi. Men esa kirmang, koʻrmang, degan joylarga qiziqib kirardim (kuladi). Bu saytni ham oʻzbek adabiyotini, ham yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, yaʼni yosh shoirlarga minbar berish maqsadida ochganman. Bundan avval “Turkiston kutubxonasi” saytini tashkil qilganman, u ham ancha mashhur boʻlgan edi. Ammo ikkisini teng olib ketishga ulgurmaganim sababli bittasini sotib yuborganmiz. Oʻsha paytlarda adabiyotga oid ikkita sayt bor edi xolos: kh-davron.uz va ziyouz.uz. Biz oʻzaro muloqot qilib, uchrashib turardik.

Saytga tashrif buyuruvchilar soni mavsumga qarab oʻzgarib boradi. Masalan, barcha OAVda boʻlgani kabi yozda saytdan foydalanuvchilar kamayadi, ulugʻ shoir va yozuvchilar, muhim sanalar arafasida esa saytdan maʼlumot qidiruvchilar soni ortadi. “Xurshid Davron kutubxonasi” saytidan koʻproq maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari hamda mamlakatdagi kutubxonachilar foydalanadi. Shanba, yakshanbadan tashqari, boshqa kunlari sutkasiga 7 ming nafargacha odam tashrif buyuradi. Bu albatta, meni quvontiradi.

— Oʻzbekistonda jamoat, xalq kutubxonalari karrasiga kamayib ketgan. Nega bunday boʻldi, qanday qilib vaziyatni oʻnglash mumkin, oʻzi kerakmi shunday kutubxonalar?
— Mamlakatning kitobga boʻlgan munosabatini chiqayotgan kitoblar soniga qarab emas, mamlakatda mavjud kutubxonalar va ularning aʼzolarini soniga qarab belgilash kerak. “Yoshlar” telekanalida bosh direktor boʻlib ishlagan davrimda televideniye kutubxonasiga borib, “Yoshlar”dan kimlar kitobga kelayotgani, kimlar kelmayotganini soʻrardim. Katta avlod vakillari deyarli kutubxonadan chiqmasdi, lekin yoshlarning hammasi ham u yerga borishni odatga aylantirmagan edi. Jamoa yigʻilishida “Kim kutubxonaga qatnamasa, koʻrsatuvini toʻxtataman”, deganman. Chunki televideniye vakili qancha koʻp kitob oʻqisa, koʻrsatuviga shuncha ijobiy taʼsiri boʻladi.

Yuqorida aytganimdek, dastlab maktabimizdagi, keyinchalik, kolxoz va qishloq fuqarolar yigʻini kutubxonalariga qatnab, koʻp kitob oʻqiganman. Ular shunchaki emas, balki odamlar oqib boradigan va kitoblari talashib oʻqiladigan kutubxonalar edi. Ammo orada juda koʻp ahmoqona ishlar boʻldi. Mustaqillikdan keyin bir, ikkita ahmoq oʻz tashabbusini ilgari surdi. Birinchisi, “rus tilidagi kitoblarni chiqarib tashlanglar”, degan topshiriq edi. Kitobni rus tilisi, oʻzbek tilisi boʻlmaydi, u kitob, bilim boʻladi. Oʻsha vaqtda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining skverdagi kutubxonasida 1920-yildan buyon saqlanib kelinayotgan kitoblarning aksariyati Doʻrmondagi bogʻga yuk mashinasida olib borilib, toʻkib tashlangan paytlar ham boʻldi. Ayrim kitobxonlar ular ichidan oʻziga yoqqanlarini terib oldi, qolgan kitoblar esa chirib ketdi. Oʻzbekistonning barcha hududlaridagi ruscha kitoblar chiqindixonaga tashlandi. Oʻshanda Lenin, Stalin, Marksning kitoblariga qoʻshib, rus tilidagi boshqa kitoblarni ham tashlab yuborish ishlari ommalashdi. Bunaqa ishlarni shoshilmasdan, xotirjam amalga oshirish kerak edi, xullas, oʻshanda jamoat kutubxonalari tugatildi.

— Odamlar orasida kitob narxi qimmatligi, shu sababli xarid qilmasligini taʼkidlaydiganlar ham talaygina. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
— Haqiqatan hozir kitob narxi qimmat, lekin bunga nashriyotlar aybdor emas. Ijodni endi boshlagan davrimizda kitoblar kamida 5 ming nusxada chop etilardi. Masalan, mening kitoblarim 60 ming nusxagacha chiqqan. U davrda arzon boʻlganligi tufayli Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning kitoblari 300 ming nusxagacha, jurnallar bir million adadgacha chiqardi. Nashriyot chiqargan kitoblar sotilsa, keyin u boy boʻladi. Koʻp nashriyotlar hozir 500 ta, ming dona kitob chiqaradi. Davlat katta yozuvchilarga yordam bera olmasa ham bolalar uchun chiqadigan kitoblarga subsidiya ajratishi zarur. Ota-ona farzandiga kitobni bemalol sotib olishi, narxi hamyonbop boʻlishi kerak.

— Kutubxonangizning kelajagi qanday boʻladi — keyinchalik uni ochiq bir kutubxonaga aylantirasizmi yo kattaroq kutubxona fondiga topshirasizmi yoki oilaviy yopiq xazina boʻlib qoladimi?
— Bu haqda avval ham oʻylaganman. Akam Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan meʼmor, uzoq yillar Samarqand viloyati va shahrining bosh meʼmori boʻlib ishlagan, uning kartinalari, oʻzimning va ajdodlarimizdan qolgan kitoblar hamda boshqa narsalarni ota hovlimizda yigʻib, nimadir qilish fikri tugʻilgan. Bu boʻyicha bir, ikkita oʻy bor, ammo hali oxirigacha pishmagan.

Oldin eski kitoblar sotiladigan joylarga koʻp borardim. Kitoblarning koʻpida shaxsiy kutubxona muhri yoki esdalik fikrlar yozilganini koʻrardim. Keyin birdan tushunardimki, bir katta olim vafot etgan, uning farzandlariga kitoblari kerak emas va ular bukinistlarga olib kelib sotgan. Baʼzan shunday holatlar ham kuzatiladi — kitobxon oʻz bolasiga kitobga qiziqishni, tarbiyani bermagan boʻladi yoki farzandi boshqa millat taʼsiri tufayli oʻzbekcha va boshqa tillardagi kitoblarni sotib yuboradi. Kitoblarimning taqdirini reja qilganda, mana shu kabi holatlarni ham oʻylayman.

Kitoblarni undan foydalanadigan, oʻqiydigan va qadriga yetadigan odamlarga yoki kitobxonlar koʻp boradigan joylarga berish kerak. Kutubxonam masalasini akam bilan maslahatlashib yuribmiz, hali aniq bir qarorga kelganimiz yoʻq.


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img61

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img129

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img321