Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.08.2024 | 11:39

img540

MEHRINGIZNI QIZG‘ANMANG BIR-BIRINGIZDAN

Sirojiddin SAYYID,

O‘zbekiston xalq shoiri

DIYORA KELDIYOROVA.

PARIJ – 2024

Ismingda Vatan bordir, nasabingda ham – Vatan.

Ichdan qasd qilib ichgan qasamingda ham – Vatan.

Bu qanday yuksak sharaf, qanday buyuk tan olish,

Millat Rahnamosining qutlovi senga bolish.

Keldiyor bobolarning shahd-u shakar dilbandi,

Bir nomingdan namoyon yor-u diyor payvandi.

Ey, nopisand dunyoni bir hamlada yenggan qiz,

Parij, London, Rumoda topilmagay senday qiz!

Bir yarq etdi olamning kecha va kunduzlari,

Porlaganday Parijda Samarqand yulduzlari.

Qizim desam yarashgay, singlim desam juda soz,

Bir lahzada bir xalqni eta olding sarafroz.

Sen olgan tillo tug‘ro ko‘ksingda yarq etgan dam,

Xira tortdi Farangning farang qandillari ham.

Bu eng yuksak sharafdir, bu bir buyuk tan olish,

Millat Rahnamosining so‘zlari senga bolish.

O‘ttiz besh milyon qalbday jimirlab ketdi ko‘nglim,

Ey, mening polvon singlim, Diyorajon, jon singlim!

Bu bir kibor dunyodir – Chiroqchi yo Kosonmas,

Ovrupo panjasiga panja urmoq osonmas!

Oldingilar, qarasang, changlaringda qolibdir,

Bir o‘zingmas – butun el, yaxlit Vatan g‘olibdir!

Osiyodir bu olam “o”dan toki “yo”gacha,

Toki Tokiogacha, toki Tokiogacha.

O‘shal yopon qizga ham mening rahmatlarim bor,

Yopon qizmas, aslida yig‘ladi nomus va or.

Yuraklarim jimirlab yo‘llay she’riy kalomlar,

Sharqqa bo‘lsin salomlar! Gʻarbga bo‘lsin salomlar!

Men sha’ningga so‘z izlab halakman, ovorajon,

Diyorajon, jon singlim, jon singlim Diyorajon!

Oldingilar agarchi zar-u oltinlilardir,

Eng go‘zal oltinlilar – senday oltinlilardir.

Shu boisdan ko‘ksimda zavq-u sururim lim-lim,

Ey sen, onajon singlim, ey sen, jonajon singlim!

Mabodo kayvonilar chorasiz qolsaydilar,

Eyfel minorasini kurashga solsaydilar;

Shak-shubhasiz shu zahot kurashchan va shiddatkor,

Jism-u joningda jo‘shib momomeros g‘urur, or –

Ona yurt bayrog‘ini eng tepasiga qadab

Va bu zo‘r g‘alabangni el-u yurtingga atab,

Eyfel minorini ham halol urib maydonda,

Qo‘ltiqlab kelar eding ona O‘zbekistonga!

28-30.07.2024-y.

ABDULLA QODIRIY – 1937 va… 2019-y.y.

Ey siz, Vatan deydiganlar, ey siz Vatan,

Har bo‘lar, har bo‘lmas gapga deysiz: Vatan…

Qo‘llar moyli, yuzlar moyli, ko‘zlar moyli,

Moyli-moyli oshlar oshab, yeysiz Vatan,

Esiz Vatan, esiz Vatan, esiz Vatan!

Birov so‘rmas: holing ne deb, moling ne deb?

Odam ersang magar, qil-u qoling ne deb?

Kayfiyating nadir, hasbi holing ne deb?

O‘zingiz ne, o‘zingiz ne deysiz, Vatan?

Esiz Vatan, esiz Vatan, esiz Vatan!

Buncha ham biz jaholatga bulg‘anmasak?!.

Ilm istab kecha-kunduz to‘lg‘onmasak –

Uyg‘onmasak! Uyg‘onmasak! Uyg‘onmasak!

Ne biz Vatan bo‘lolgaymiz, ne siz – Vatan,

Esiz Vatan, esiz Vatan, esiz Vatan!

Ma’rifatsiz olamda el bo‘lgaymi hech,

El degan ham shuncha g‘ofil bo‘lgaymi hech?

Johil eldan zabun ko‘ngil to‘lgaymi hech?

Qolgay Vatan, qolgay “Alif”, “Be”siz Vatan,

Esiz Vatan, esiz Vatan, esiz Vatan!..

“O‘tkan kunlar” – maning o‘tmagan kunlarim,

Otabekmas, ul maning tortgan unlarim.

Oqmachitda men jon berdim, qulunlarim,

Nomsiz Vatan, yodsiz Vatan, sassiz Vatan,

Esiz Vatan, esiz Vatan, esiz Vatan!

Shavkatli bir davron kelar o‘ktam bo‘lib,

Men Shahidlar bog‘ida bir shabnam bo‘lib,

Go‘yo cheksiz ozodlikdan o‘pkam to‘lib,

Osmonlarga tikilgayman: cheksiz Vatan,

Cheksiz Vatan, cheksiz Vatan, cheksiz Vatan!

Chorlay desam men zamonni o‘z uyimga,

Zamon boshlab kirar meni muzeyimga.

Ishonmayin o‘z ko‘zim, o‘z moziyimga,

Turganimda, she’r yangradi: Tengsiz Vatan,

Tengsiz Vatan, tengsiz Vatan, tengsiz Vatan!

Yo‘l boshlasam yangi eski shahar tomon,

O‘zgarmishdir butkul yangi davr-u zamon.

Bir maktabkim, ichi to‘la qiz-u o‘g‘lon,

Shod-u xandon she’r aytadir: Sizsiz Vatan,

Uyingizga xush kelibsiz, deysiz, Vatan,

Aziz Vatan, aziz Vatan, aziz Vatan!

VATAN BAGʻRIDA BO‘L BEDOR

Vatan bag‘rida bo‘l bedor,

          Vatan hech qayga ketgan yo‘q,

Gʻam-u dardiga bo‘l darkor,

          Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Valilar gar Vatan derlar,

           safar andar Vatan derlar,

Vatan ichra vatanlar bor,

            Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Jahonda mulk-u davlat ko‘p,

            musofir xalq-u millat ko‘p,

Kelib ketguvchilar bisyor,

            Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Bu keng olamda sayyohlar

            kezar – teng yarmi gumrohlar,

Ulardan tinglar istig‘for,

            Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Shu tuproq – Yer yuzi yanglig‘,

            Buxoriy, Termiziy yanglig‘,

Senga nomus erur ham or,

            Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Vatan – Boborahim Mashrab,

            hamon so‘z aytadir qaqshab,

Agar bo‘ynidadir ming dor –

            Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Yonib shom-u saharlarda,

             olov bo‘lgil shafaqlarday,

Yalov bo‘l ham yalovbardor,

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Uni mangu va betakror

             yaratmish Qodiri Qahhor,

Guvohdir gumbazi davvor,

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Bu alvon lola maydoni –

             ko‘milgan Jizzax isyoni,

Shahidlar qonidan gulzor –

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

To‘lab Cho‘lponlari o‘lpon,

             yotibdir shoir-u cho‘pon,

Yurak bag‘ri jarohatzor,

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Kelib ko‘r bog‘-u ayvonin,

             Adiblarning xiyobonin,

Adab ham yodiga yodgor –

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Qolib – ketguvchilar bisyor,

             nolib ketguvchilar bisyor,

Ulardan bo‘lmagil zinhor,

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Uchar gar qosh-u mijgoning –

             kutar tandirdagi noning,

Onangday mushfiq-u xoksor,

              Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Bu olamda yagonangdir,

              otang yotgan sag‘onangdir –

Xas-u xorida ming asror,

              Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Uni kimlar havas etmas,

              unga cheksiz nafas yetmas,

Buyuk izhor-u ham iqror,

              Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Yaralmish shavkat-u shondan,

             matonat birla iymondan,

Vatan sevganga tole yor,

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Falak o‘pgan imoratlar,

             dil-u jondan iboratlar,

Vatan paydodir-u poydor,

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Xatarnok aylanur olam,

             bu nolam senga, jon bolam,

Sen ogoh bo‘l-u ham hushyor,

             Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Sen unga ob-u otash bo‘l,

            navobaxsh-u davobaxsh bo‘l,

Jafokash bo‘l-u xizmatkor –

            Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

RIZQINGNI HALOL ETGIL

(Ustoz Erkin Vohidov she’riga tazmin muxammas)

Tonglarga salom aytib,

                               dunyoni xayol etgil,

O‘zbekcha kalom aylab,

                     umringni savol etgil.

Mehnat bila kom aylab,

                      kasbingni kamol etgil,

Gʻayratni mudom aylab,

                      g‘aflatni zavol etgil,

Uyquni harom aylab,

                       rizqingni halol etgil.

Mehnatda zavol bo‘lmas,

                       mehnatda kamol bo‘lgay,

Mehnatda malol bo‘lmas,

                       har luqma halol bo‘lgay,

Gar luqma halol bo‘lgay,

                       ul shahd ila bol bo‘lgay,

Gʻayratni mudom aylab,

                       g‘aflatni zavol etgil,

Uyquni harom aylab,

                       rizqingni halol etgil.

Majnunga savol bulkim:

                      Laylo nega tol o‘lmas?

Qomat nega dol bo‘lgay,

                       shamshod nega dol o‘lmas?

Oftob – seni chehrangday,

                       qosh nega hilol o‘lmas?

Gʻayratni mudom aylab,

                       g‘aflatni zavol etgil,

Uyquni harom aylab,

                       rizqingni halol etgil.

Uyqu bila kechgan dam,

                       har lahza uvol o‘tgay,

Gar lahza uvol o‘tgay –

                        umringga zavol o‘tgay,

Umringki, uvol o‘tgay –

                      har lahza savol o‘tgay.

Gʻayratni mudom aylab,

                      g‘aflatni zavol etgil,

Uyquni harom aylab,

                      rizqingni halol etgil.

Ogoh bo‘l-u, ogoh bo‘l,

                      sen tarki xayol ayla,

Sen tarki xayol-u fol,

                      ham tarki malol ayla,

Suvning oqishin ko‘rgil –

                      umringga misol ayla.

Gʻayratni mudom aylab,

                      g‘aflatni zavol etgil,

Uyquni harom aylab,

                      rizqingni halol etgil.

Har lahzaki bedordir –

                        har lahza Bir-u Bordir,

Har lahzaki bekordir –

                       o‘limga birodardir.

Har lahzaki, boy berding –

                      ming yilga barobardir,

Gʻayratni mudom aylab,

                      g‘aflatni zavol etgil,

Uyquni harom aylab,

                      rizqingni halol etgil.

BITTASI

Menga kun bermaydi hech ag‘yorlarimdan bittasi,

Ahli ag‘yor ichra eng g‘addorlarimdan bittasi.

So‘zga men qonim ichursam, ul mening qonim ichar,

Misli battol, berahm badkorlarimdan bittasi.

Bevafolar o‘lkasidan elchidurmi ul, va yo –

Son-sanoqsiz do‘st-u yor, dildorlarimdan bittasi?

Uyqu bermas kechalar, uyqularimdan uyg‘otur,

Ul mening bir benavo, bedorlarimdan bittasi.

Ko‘kda yulduz uchsa ko‘nglim cholg‘usi tirnalgusi,

Bul meningdir, bul mening dil torlarimdan bittasi.

Ul biri dardimni cheksa, bul biri bemor o‘lur,

Bul unga, ul bungadir bemorlarimdan bittasi.

Boshim uzra gohi chilyosinlar aylar evrilib,

Ketmagil der, sen mening darkorlarimdan bittasi.

Ikkisi ayro yasholmas hech, lek ko‘nglim sezar:

Ikkisidan bittasi bezorlarimdan bittasi.

Bitta ohim oldida, ey dahr, bozoring nadir?

Dard-u g‘am bozoridir bozorlarimdan bittasi.

Men o‘zimdirman o‘zimga do‘stim ham dushmanim,

O‘z-o‘zimga bu mening ozorlarimdan bittasi.

Bul kim-u ul kim debon ayb etmangiz, ey do‘stlar,

Ul Sirojiddin Sayyid – abgorlarimdan bittasi.

                   

MEHR

Gullar to‘kib bahor ketar so‘ringizdan,

Erta-indin oy ham ketar qiringizdan,

Nima foyda ko‘ngildagi kiringizdan,

Mehringizni qizg‘anmang bir-biringizdan.

Maysalar ham bir-biriga suykaladi,

Qarang, hatto chumolilar to‘y qiladi.

Nechun hasad ko‘ksingizda kuy chaladi?

Mehringizni qizg‘anmang bir-biringizdan.

Bugun sizga oq dasturxon to‘shar hayot,

Taronani tog‘oraga qo‘shar hayot.

Ham singil, ham yoringizga o‘xshar hayot,

Mehringizni qizg‘anmang bir-biringizdan.

Kelolmagay endi hargiz tuproq yorib,

Otangizning mozorlari buncha g‘arib,

Onangizning izlarini o‘ping borib,

Mehringizni qizg‘anmang bir-biringizdan.

Dunyoning bu pallalari topilmaydi,

Eshiklari tun-kun ochiq, yopilmaydi.

Mehr keyin do‘konlarda sotilmaydi,

Mehringizni qizg‘anmang bir-biringizdan.

                       * * *

Chamandirsan chamandan tashqarida,

Chamanlar bari sandan tashqarida.

Mening jonimsan, ey sarvi diloro,

Mening jonim badandan tashqarida.

Lab-u xol-u xating berkim, na topgum

Yurib bu anjumandan tashqarida?

Muhabbat jon bilan ko‘ngil fanidir,

Nadir holing bu fandan tashqarida?

Nihol ek ezgulik bog‘iga, inson,

Yuribsan to kafandan tashqarida.

O‘zingdan ichkari kir, dilga kirgil,

Na bordir jon va tandan tashqarida?

Vatan ichra safarlar ayla, ey dil,

Vatan bo‘lmas Vatandan tashqarida.

                         

SHAM

         (Shafoat Rahmatullo Termiziyga)

Mening muhabbatim – tuprog‘imdadir,

Tuproq ko‘chmas bo‘lur, men ham ko‘chmayman.

Bir juft qaldirg‘ochim qarog‘imdadir,

Ular uchib yurar, men-chi uchmayman.

Asli mushkul ishga men ko‘ngil qo‘ydim,

Umrimni goh xayol, goh tushga yo‘ydim.

So‘z ichra ko‘karib, so‘z ichra kuydim,

O‘zdan kechdim, lekin so‘zdan kechmayman.

Yoshlik o‘tdi ketdi – ul oppoq tulpor,

Undan qirlar aro qolmish oq g‘ubor.

Yuzlaring lolaga o‘xshardi, ey yor,

Gulgun sharobingdan endi ichmayman.

Garchi xasdan baland, kasdan kamdirman,

Do‘stim, senga yondosh quvonch, g‘amdirman.

Termiziy bobodan qolgan shamdirman,

Ming yil puflasang ham aslo o‘chmayman.

    

ODAM – TELEFON

          (Hazil)

Biqinda – bir telefon,

Bo‘yningda – bir telefon.

Bir telefon – kissangda,

Qo‘yningda – bir telefon.

Qo‘lingda – qul telefon,

O‘yingda – pul telefon.

Senga hamdamdir – kezsang

Sahro-yu cho‘l – telefon.

Qizingda – bir telefon,

O‘zingda – sir telefon.

Uyda necha joning bor –

Shuncha telefoning bor.

Qo‘ymaydi xushtorlaring,

Dilbar-u dildorlaring.

Badanlaring zirillar,

Telefoning irillar.

Kamalakni ko‘rmaysan,

Kapalakni ko‘rmaysan.

To‘xtab turib, maysaga

Boqdingmi bir lahzaga?

Bir kun o‘tsang, ey odam,

Senga kim tutar motam?

Janozangga nolonlar

To‘planar telefonlar.

Zirqiraydi biqining –

Buyrakdagi toshingmi?

Telefonlar oxiri

Yedilar-ku boshingni.

Ma’rakangda jam bo‘lib

Yeydilar ham oshingni.

Keyin do‘st-u yorlaring

Yig‘lab bardosh, sabringga,

Marmartosh telefonni

O‘rnatishar qabringga.

KARATE MASHQI

Karate bu – “qarab tep”gin

                                   deganimi?

Havolarni tarab tepgin

                                   deganimi?

Karate bu – “qarab tep”mi,

                                   “qora ter”mi yo?

“Qora belbog‘” shuning uchun

                                   qoradirmi yo?

Qorachiqlar qora cho‘g‘day

                                   to‘qnash keladi,

“Bir karra tep” degan so‘z ham

                                   uyqash keladi.

Oq yaktak ham, o‘ylab ko‘rsang,

                                   yoponnimi yo

Bizning cho‘ponlarning yozgi

                                   choponimi yo?

Qora terga botib bunda

                                   qarab tepadir,

Balki uning chin vatani

                                   Qoratepadir?..

BIR SATR, YARIM SATR…

Bir satr, yarim satr,

Shom-u saharim, satr.

Mening zor kechalarim,

Shams-u qamarim, satr.

Shams-u qamarim, satr,

Jon-u jigarim, satr.

Bu yo‘qlik olamida,

Qilichlarning damida,

Mening nom-u nishonim,

Oq va qora jahonim.

Shams-u qamarim, satr –

Aslim, asarim satr.

Ketganim – yarim asr,

Ko‘nglimmi yarim, asr?

Chekkan ranj-ozorlari,

Otamning mozorlari –

Mung‘ayib cho‘kib qolmish,

Yo she’rim o‘qib qolmish?

Bir satr aytmoq uchun,

So‘ng ortga qaytmoq uchun –

Shu g‘arib mozoriday,

Nuragan devoriday,

Men yillarni yemirdim,

Ne dillarni yemirdim.

Shams-u qamarim, satr,

Qonli jigarim – satr.

O‘z onamning umrini,

Ko‘zlarining nurini,

Men o‘marib yashadim,

So‘z kemirib yashadim.

Onam aytgan baytlardan,

Kaftidagi xatlardan

Kunma-kun va tunma-tun,

Tunma-tun va kunma-kun,

Qalamimni kemirib,

Men o‘tdim so‘z o‘marib.

Bu dunyoga safarim –

Xabarim, xushxabarim,

Mening shom-u saharim,

Mening jon-u jigarim.

Qolsa mendan gard qolar,

To‘rt-besh satr dard qolar.

Ketganim – yarim asr,

Ko‘nglimmi yarim asr.

Ne dey opa-singlimga,

Ular qarar ko‘nglimga?

Ham eski asrim, satr,

Ham yangi asrim, satr.

Bu yo‘qlik olamida,

Qilichlarning damida,

So‘zmas, jonlar terganim,

Qurbonliklar berganim.

Shams-u qamarim, satr –

Topsin, deb bandam qadr,

Har kun solsin dilimga,

Dilimga ham tilimga –

Xudoyi Karim satr,

Bir satr, yarim satr.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599