16.08.2024 | 15:10
445
G‘ALABALAR MASKANI – YANGI O‘ZBEKISTONIM!

Yapon kurashida yapon qizini
Ippon usulida yutdi Diyora.
Olimp kitobiga go‘zal ismini
Oltin harf bilan bitdi Diyora.
Qaldirg‘och-u, lochin kuchiga qarang!
Tan berdi olmon-u, yiqildi farang,
Kosovoga armon bo‘ldi so‘nggi jang,
Barchasidan bir-bir o‘tdi Diyora.
Oltin olib keldi hammadan oldin,
Yuz oltinga tengdir birinchi oltin!
Nihoyat his qildik g‘alaba totin,
Zafar qadahini tutdi Diyora.
Xushxabar shavqidan polvon elim mast,
Kurash bu – yutgay kim mashqdan erinmas,
Kimning misi chiqsa, tilla berilmas,
Oliy orzusiga yetdi Diyora.
Shohsupaga chiqdi ko‘zda yosh bilan,
Bayroqni yuksaltgan mag‘rur bosh bilan,
Shu totli lahzani zo‘r bardosh bilan
Ter to‘kib, oy-yillab kutdi Diyora.
Quvonib qutladi Millat Sardori:
“Balli, ey, xalqimning g‘ururi, ori!
Sen bois baxtlidir o‘zbek diyori…”
Hammani baxtiyor etdi Diyora.
Diyorimning oltin qizi Diyora,
To‘marisning yoniq izi Diyora.
Yurtimning yuzini charog‘on etgan
O‘zbegimning yorug‘ yuzi Diyora!

MUZAFFAR
Kelbatida Alpomish bobosining kuchi jam,
Boysun tog‘idan sakrab, oshib keldi Muzaffar,
Olimp xayoli chorlab, tinch qo‘ymadi tushda ham,
Amudaryoday to‘lib-toshib keldi Muzaffar.
Tug‘ilgan chog‘, olamga dovruq solib yursin, deb,
Qo‘li baland el qurbin dilda olib yursin deb,
Ism qo‘ymish bobolar mudom g‘olib yursin deb,
Shu ismni oqlay deb shoshib keldi Muzaffar.
Otashnafas polvonlar yurar bunda pishqirib,
“Kim bo‘lsang ham o‘taver, yutgayman, deb, ishqilib…”
To‘rt alpning biri bo‘ldi mardonavor ish qilib,
Kim aytadi, zo‘rlardan qochib keldi Muzaffar?!
Oltin olmoq, shubhasiz, har abjirning ilinji,
Nasib qildi Parijning tillaga teng birinji,
Kun kelar, shohsupada bo‘lgay, albat, birinchi,
Chempionlikka yo‘lak ochib keldi Muzaffar.
Ikki ming yigirma to‘rt, avgust boshidir sana,
Diyorimga ulashdi yangi shodlik-tantana,
Necha go‘dakni elim Muzaffar atar yana,
Orzu-havas yog‘dusin sochib keldi Muzaffar.
Yurtboshi yuragidan quvvat olgan pahlavon
Yurt bayrog‘in yuksaltdi – yalovbardor, qahramon,
Azaldan g‘olib xalqim, muzaffardirsan hamon,
Shuhratingga yangi shon qo‘shib keldi Muzaffar!

Gʻolibsan!
O‘ksima, singlim Sitora,
Ringda hammadan zo‘r va chiroylisan.
Raqiblar zarbingga topolmas chora,
O‘zbekning chinakam Barchinoyisan.
Fozil Yo‘ldosh bobo dostonidagi
Yuzi oy, qoshlari qunduz o‘zing-ku.
Bulung‘urning tiniq osmonidagi
Yarqiroq va yangi yulduz o‘zing-ku.
Yuragingda yolqin, bilagingda kuch,
Rom etding ne qaysar qalblarni hatto.
Agarda yo‘lingda kelib qolsa duch,
Yengarding haqiqiy alplarni hatto.
Nachora, xaloyiq ko‘ziga qarab,
Nojinslar ismi-yu jismin alishar.
Ayoli erkaklik qiladi talab,
Qizman deb qilpanglar xotinchalishlar.
Qartaygan bu esar dunyoni ko‘ring,
Kelmakda ne yanglish xulosalarga.
Azaldan mardlarning joyi bo‘lgan ring
Qoldimi hajiqiz, xunasalarga?!
Yo‘q, singlim!
Xolisdir Eng Buyuk Hakam,
Adashgan karvonni yo‘lga solgaydir.
O‘z bahosin olgay g‘irrom ham, haq ham,
Kimning zoti toza – sobit qolgaydir!
Shu bois ko‘zingda so‘nmasin hech cho‘g‘,
Elni shod etaver g‘alabang bilan.
Garchi Fozil Yo‘ldosh kabi zehnim yo‘q,
Hali sha’ningga ko‘p bitgayman o‘lan…

Ulug‘bek bobomizning kenjatoy nabirasi –
Parij kahkashonini ko‘zlab keldi Ulug‘bek.
O‘zgalar ko‘zi tinib, ichga tushsa nafasi,
Oyog‘i bilan oltin yulduz terdi Ulug‘bek!
Kiftga olib Vatanning o‘n ikki burj, oyini,
Shohsupa cho‘qqisida egalladi joyini.
Qilich-u kamon kabi sermab-tortar poyini –
Temurbek navkaridek chapdast edi Ulug‘bek.
Dosh bermadi zarbiga Gʻarb-u Sharq sarbozi ham,
Tushov soldi jarohat – kelmadi parvosi ham,
Qo‘sh oltinli yigitning balanddir parvozi ham,
Shoshga qarab shoshilib uchib-yeldi Ulug‘bek.
Tokioda ilk marta tilla tarix yozgandi,
Mehrini medal kabi el bo‘yniga osgandi,
Yurt Otasi “Balli!” deb bag‘riga ham bosgandi,
Oliy izzatga go‘zal javob berdi Ulug‘bek!
Xalq ishonchin oqlamoq – er yigit o‘yidadir,
Er yigitning maslagi raso-yu, o‘yi dadil.
To oyog‘ing raqiblar boshi-yu bo‘ynidadir,
Boshi osmon o‘zbegim ko‘ksin kerdi Ulug‘bek!

Gʻulomjon, el ko‘rkidir sen kabi polvon erlar,
Shohsupani zabt etding, bosavergin oldinga:
Parij bronzasining bir xislati bor, derlar –
To‘rt yilda aylanarmish u, shubhasiz, oltinga!

SVETA
“Sveta kim?” der farang,
Havas bilan qarashar.
Raqiblari, tugab jang,
Jim muzqaymoq yalashar.
Yog‘du sochar, ana, ko‘r,
Oyning qizi Sveta.
“O‘zbekiston” degan zo‘r
Joyning qizi Sveta!
Kumush qiz u!
Xush ko‘rib,
Oshiqlar soch tarashar.
Otabeklar tush ko‘rib,
Xayolida talashar.
Qo‘l-oyog‘i chaqqon qiz,
Abjir qizdir Sveta.
O‘zimizdan chiqqan qiz,
Gajir qizdir Sveta.
Shon qo‘shdi yurt shoniga,
Qarab ko‘zlar qamashar.
Shoirlar ham sha’niga
Endi maqtov qalashar.
El alqab, oqishini
Xohlagan qiz, Sveta.
Muxlislar olqishini
Oqlagan qiz, Sveta.
Shod uchar u uyiga,
Niyatiga yarasha.
Kumush qizning bo‘yniga
Kumush qanday yarashar!
Yo‘q, adashdim…
Tilla qiz!
Yana porlar Sveta.
Hali bir kun, ko‘rasiz,
Oltin olar Sveta!

Aql va yurak kuchin bilagida jam qilib,
Raqiblar tomiriga titroq solgan yigitlar.
Sovrin yo shon uchunmas, nomus uchun jang qilib,
Ringdan chiqsa ham, qalbda muqim qolgan yigitlar.
Chayir mushagi pishgan ketmon bilan dalada,
Qamchi ostida uloq tortgan qor-u jalada.
Vatan ori tikilgan olatasir pallada
O‘z oromi, tinchidan oson tongan yigitlar.
Temur boboning temir zarbasi sizda bugun,
Nokaslarni qulatgan zardasi sizda bugun,
Buxoriy, Termiziylar daldasi sizda bugun,
Alp mushtingiz Alp tog‘in qilur talqon, yigitlar.
“Oltin olma, duo ol!” yangrar qadimiy ovoz,
Ham oltin-u ham duo olsang ammo, qanday soz!
Duo bergan xalqing ham, oltin ol, deb tursa boz,
Oltin olib, bir umr duo olgan yigitlar.
Abdumalik, Bahodir, Asadxo‘ja, Hasanboy,
Lazizbek – Olimp uzra oldingiz-ku oliy joy,
Boshingizda yuksaldi hilol – yangi balqqan oy,
Ko‘zingizdan jimirlab yulduz tomgan, yigitlar.
Olam bugun g‘avg‘oli, dunyo bugun katta ring,
Mushtini do‘laytirar mushtumzo‘rlar, desang g‘ing.
Halol kurashgan kamyob, hiyla-nayrang esa ming,
Siz borsizki, el omon, yurtga qalqon, yigitlar.
Shaksiz, zamin tozargay g‘araz-u kin gardidan,
Yer-u ko‘k zada bo‘lmish kattazanglar harbidan,
Kim zo‘ravon – yiqilgay Xudoyimning zarbidan,
Adolat chin, zolimning kuchi yolg‘on, yigitlar.
Siz g‘olibsiz!
Tantana bugun har kent, qishloqda,
Qirq quloqli qozonda zafar oshi pishmoqda.
Yurt Sarvari va millat mehrini sochgan chog‘da
Baxtiyorlik shavqiga to‘yib-qongan yigitlar.
Raqiblar tomiriga titroq solgan yigitlar,
Ringdan chiqsa ham, qalbda muqim qolgan yigitlar.
Aql va yurak kuchi bilagida mujassam,
Oltin olib, bir umr duo olgan yigitlar!
Nodir Jonuzoq
28-iyul – 12-avgust 2024-yil
Toshkent – Parij – Toshkent
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
605
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
603



