Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.08.2024 | 12:03

img1485

“ILM-HUNAR – DUNYONI BILISHNING KALITI” yoki Abay “Nasihatlar”i

Har qanday ijodkor keng ma’noda ma’rifat tarqatadi; uning yuksak mar­tabasini oriflik so‘zi bilan ifodalash o‘rinli. Ulkan qozoq adibi Abay yozgan “Nasihatlar” (45 qoraso‘z) asarini o‘qib, undagi haqqoniyat, to‘g‘rilik, oshkora iqror va shafqatsiz e’tiroflarga guvoh bo‘lish mumkin. Abay – turkiy umummilliy adib. Garchand uning nasihatlari qozoq xalqiga qaratilgan bo‘lsa-da, fikrlarining mag‘zi umuminsoniy mazmun kasb etadi.

Abayning “Nasihatlar”i ochiqlik, haqgo‘ylik, biror narsani yashirmasdan bayon qilish uslubiga ko‘ra o‘zbek adibi Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida bayon qilingan ayrim jihatlarga o‘xshaydi. Bobur zabt etgan makonlari­ni obod etish bilan birga ba’zi o‘rinlarda shafqatsizliklarga ham majbur bo‘lganini ta’kidlab, o‘ziga o‘zi malomat etadi. Qilgan “har ishini xatolig‘” va “yuz qarolig‘”, deya o‘zi baho beradi.

 Yana bir mulohaza. Abayning “Nasihatlar”i mohiyatan rus adibi Lev Tolstoyning “Iqrornoma” asarini ham esga soladi. Har ikki asar ham adiblar “umrining ko‘pi ketib ozi qolgan” pallasida yozilgan. Har ikki adib ham o‘z atrofiga, o‘tgan umriga nazar tashlaydi. Ammo Abayning yozganlari ko‘proq xalq manfaatiga, ijtimoiy illatlar davosiga qaratilgan. Lev Tolstoyning: “Men qilmagan jinoyat qolgan emas…”, degan iqrorlari izidan keladigan bayonlari, savollari, hayot jumboqlariga javob izlashlari – bularning barchasi ko‘proq o‘zini o‘zi taftish qilayotgan insonning indivi­dual tavba-tazarrusini eslatadi.

Abayning xuddi Lev Tolstoyga o‘xshab, ruhiy-psixologik tarafdan o‘zini o‘zi taftish etgan o‘rinlar ham uchraydi: “Men hozir tirik bo‘lib tirik, o‘lik bo‘lib o‘lik emasman. Har holda sirtim sog‘-u ichim o‘lib qolibdi. Jahlim chiqsa – izza bo‘lolmayman, kulsam – quvonolmayman, so‘z­la­gan so‘zlarim bari o‘zimniki emasday, hatto o‘z kulgim ham o‘zimniki emasday, hammasi begona, allakimnikiday yot tuyuladi”. Ayni fikrlarni o‘qib, adib naqadar o‘zini, dunyodagi o‘rnini qanchalar teran anglaganiga, buyuk allomalarga xos fikrlayotganiga amin bo‘lish mumkin. Shunday ma’naviy yuksak bir martabaga yetgan odamgina boshqalarga maslahat berishga haqli bo‘ladi.

Shu ma’noda, Abayning asarlari mazmunidagi ma’rifati va adibning orifligi dunyo adabiyotining eng ulkan shaxsiyatlari qatorida turadi, deyish mumkin.

Abay ilgari surgan axloqiy mezonlar inson kamolotiga oid tushunchalardir. “Quvlik va shumlik bilan kun ko‘rish, ko‘z suzib, tilanchilik qilish – bu bir hunarsiz itning ishi­dir”. Tilanchilik – yomon illat. “Sen agar odam bo‘lishni istasang, avvalo, o‘z g‘ayratingga tayanib mehnat qil, mehnat qilsang qora yer ham sendan o‘z noz-ne’matini ayamaydi va sen hech qachon xor-zor bo‘lmaysan”. Halol mehnat evaziga kun ko‘rish, hayot kechirish bu har qanday inson uchun zarur va muhim nasihat, albatta.

Abayning nazdida chin inson “Aqlli-hushli, adolatli, or-nomusli, insofli kishi”dir. Adib shunday odamning qadriga yetmoqni, tinchlik, ilm olish, hunarli bo‘lish va odillik uchun kurashmoqni lozim sanaydi. Shoir “ilm-hunar – dunyoni bilishning kaliti” ekanini juda yaxshi anglaydi. Ilmni quruqdan quruq bilib qo‘yish yoki maqtanib yurish uchun emas, “turmushga tatbiq qilish maqsadida o‘rganmoq kerak”. Odam o‘zi bilmagan narsasini zavqlanib o‘rgansa, turmushi­ga tatbiq etsa, boshqacha bir huzur-halovat topishi mumkin. Bolalar tarbiyasi uchun ham, elning tuzalishi uchun ham ilm-hunar zarur asli­da. Ilm-u hunar egallash uchun mehnat-mashaqqatdan qochmaslik kerak. Hech bir zamonda olimlar bilan johillar, bilimdonlar bilan nodonlar teng bo‘lgan emas. Jumladan, Abay ta’biri bilan ayt­ganda: “Nodonlik – bilimsizlik va dunyodan xabari yo‘qlikdir. Bilimsizlik esa – vahshiylikdir”. Gʻayratsiz va loqayd bo‘lish, ya’ni erinchoqlik “dunyodagi mavjud hamma narsaning dushmani” sanaladi. “Ilm o‘rganishni hamisha davom ettiraverish kerak”. Abayning nasihati shunday. Ilm olishdan to‘xtab qolsa, takabburlik bilan o‘zini boshqalardan ustun qo‘ysa, bunday odam oxir-oqibat johillar qatoriga qo‘shilib qoladi. Abayning ilm-ma’rifat bilan bog‘liq tushunchalari Rasululloh (s.a.v.)ning umr bo‘yi ilm olishga doir hadislari mazmuniga mos keladi. Ilm olishdan to‘xtab qolish hayotbaxsh suvning oqmay qolishidek gap. Shu­ning uchun ham Abay qat’iy ravishda nasihat qilib yozadi: “Xudodan qo‘rq, bandadan uyal, bolam odam bo‘lsin desang – o‘qit! Ammo hech mol-dunyongni ayama!” Bu farzandi kelajagini o‘ylagan, bolalarini ilm-ma’rifat yo‘liga boshlagan har bir ota-onaga, har bir insonga nisbatan aytilgan haqqoniy gap, albatta.

Abay – imoni butun adib. U yozadi: “Parva­rish, pokizalik, rostgo‘ylik bo‘lmagan joyda imon ham bo‘lmaydi, chin ixlos bilan o‘zini o‘zi parvarishlab turmaydigan, dinga joni achimaydigan kishini “imoni bor” deb bo‘lmaydi”. Imon ta’rifini aynan shariat ahkomlariga mos ravishda shunday bayon qiladi: “Imon degan narsa – ­Alloh taborak va taoloning shak-shubhasiz birligi va mavjudligiga, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) orqali yuborilgan oyatlarga bo‘ysunib, inonmoq, deb tushunish kerak”. Shu tavsifdan keyin imonning ikki turini – “imoni solim” va “taqlidiy imon”ni tushuntiradi. Imonni mustahkamlash, aqlni ishlatish – Abay uchun bu ham muhim tamoyildir.

O‘zlikni anglash xususida “Agar sen ham aqlli kishilar safida bo‘lging kelsa, har kuni bir marta, yo haftada bir marta, hech bo‘lmasa oyda bir marta o‘zingga o‘zing hisob ber! O‘tgan umringni qanday o‘tkazibsan: na ilmga, na jamiyatga va na o‘zingga foydali biror ish qilibsanmi? Yo esa qanday qilib o‘tkazgan­ligingni o‘zing ham sezmay qolibsanmi?”.

Har bir banda o‘zi qilib yurgan ishlarini Yaratguvchi biladi, ko‘radi, degan e’tiqodda bo‘lishi lozim. Abayning nazaridan bunday jihatlar ham chetda qolmaydi.

Hamma shaklan odamga o‘xshaydi. Bi­roq ularda ayrim botiniy va zohiriy tafovutlar bo‘ladi. “Zotan, inson farzandi bir-biridan kiyim-boshi bilan emas, balki aksincha, aqli, fazilati, ilm-hunari, or-nomusi bilan farq qiladi. Bundan boshqa narsalar bilan, men falonchidan ortiqman, deyish – bu ahmoqlikdir”. Odamni odamdan insoniy fazilatlar ajratib turadi.

Abay halollikdan saboq beradi. Halol bilan haromni ajratish, haromdan hazar, halol mol topishga undaydi. Shuning uchun ham uning she’rlari tarkibida “halol yurib, halol tur”, “halol mehnat – hech qayda gunoh emas!” kabi misralar uchraydi. Bir o‘rinda: “Halolni sotsang haromga, Xudo qabul etarma?” deb savolni qat’iy qo‘yadi. Bosh­qa bir she’rida:

“Odamzod tiriklikni davlat bilsin,

Aql topsin, mol topsin, halol yursin”,

– deb ta’kidlaydi.

Abayning orifligi, shoir ma’rifati negizida ana shunday insoniy tushunchalarning badiiy talqinlari kuzatiladi.

“Nasihatlar”ning ko‘p o‘rinlarida mavjud holatga ochiq-oshkora munosabat bildiriladi: “Bizning qozoqlar poygaga qo‘shgan oti oldin kelsa, kurashga tushirgan polvoni yiqitsa, uchirgan qushi ov olsa, yugurtgan iti o‘zganing itidan ilgari borib ov tutsa, yer-ko‘kka sig‘may quvo­nishadi”. Bu holatni Abay quvonishga arziy­digan holat sana­may­di, bunday quvonch negizi­ni u nodonlik hisob­laydi. Adib uchun ma’naviy daraja, ilm-ma’rifat, odamiy fazilatlar muhimdir. Abay insondagi yuksak fazilatlar, bili­mi ko‘pligi, dunyo­qarashi kengligi, axloqi­ning go‘zalligi uchun quvonadi. Bu adibninggina emas, butun bir millatning, insoniyatning qay­g‘usidir. Insonning bu dunyodan imon-e’tiqod bilan, or-nomus bilan, hayo bilan ­yashab o‘tish qayg‘usidir.

Qozoqlar ichida aytib kelinayotgan ayrim maqollarni Abay umuminsoniy mohiyatga ko‘ra inkor ham qiladi. Har qanday inson uchun or-nomusni qadrlaydi. “Faqir bo‘lsang – orsiz bo‘l!” degan maqol Abayning hayot das­turiga mos kelmaydi. Shu sababli “Ordan ayrilib tirik yurgandan ko‘ra o‘lgan afzal”, deb yozadi. Bu kabi maqollardan bir qanchasini tahlil qila turib xulosaga keladi: “Mana shunday kaltabinlik bilan aytilgan so‘zlardan ehtiyot bo‘lmoq kerak”.

“Nima uchun o‘zga yurtlik birovni ko‘rsak “yorug‘lik” deb atrofida parvona bo‘lamiz-u, o‘zimizning eldagi undan ham obro‘li kishilar­ning qadriga yetolmaymiz?” Bu hol bugun ham davom etib kelayotir. Abayning bilganlari va anglaganlari bayonini birov inkor eta olmaydi. Darhaqiqat, xorijdan ovrupolik birov kelsa, uning izidan yugurishlar hatto ilm ahli orasida ham uchraydi. Uyat bu! Hurmat, ehtirom, meh­mondo‘stlik o‘z yo‘liga. Lekin boshqalar izzati o‘zini, o‘z milliy tuyg‘ularini kamsitish evaziga bo‘lmasligi lozim. Odam o‘z qadrini bilgani yaxshi; oriyat, “men”lik har bir odam shaxsining bebaho belgisidir.

Abayning nasihatlari orasida savollari ko‘p. “Sizlardan bir narsani so‘ramoqchi edim” deb boshlangan “Qirqinchi so‘z”ining hammasi savoldan iborat. Bir misol: “Nima uchun boy o‘g‘li kambag‘al bo‘lib qolsa, mehnat qilishga uyaladi-yu, o‘g‘rilik qilishga uyalmaydi? Nega?” Bunday savollar negizida didaktika, odob-axloqqa da’vat turadi. Bu savollarning javobini Abay biladi. Ammo muammoga “tajohili orif”ona usulda yondashgan muallif savol ustiga savol qo‘yadi va “nega?” deb takrorlayveradi. Fikrni bunday savol yo‘sinida bayon etish Abayning qora so‘zlariga tegishli muhim uslubiy xususiyat hisob­lanadi.

Bu nasihatlarda yozilgan fikr-mulohaza­lar o‘zbek jadid adabiyoti namoyandalaridan biri Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” didaktik risolasidagi fikrlar bilan ham uyg‘un keladi. XIX asr o‘zbek adabiyotida ham, qozoq va qoraqalpoq adabiyotida ham ma’rifatpar­varlik g‘oyalari yuksak bir maqomda tarannum qilingan. Yana bir gap. Barcha turkiy xalqlar ijtimoiy hayoti, madaniyati va adabiyoti tarixida qrimlik Ismoil Gʻasprali nomi bilan bog‘liq jadidlik degan cho‘ng bir hodisa bor. O‘zbek jadidlarining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy sanaladi. U “Padarkush” dramasida o‘z otasi qotiliga aylangan, o‘qimagan bolaning holini bejiz tasvirlamagan. Fikrlab qaralsa, qozoq millati ma’naviy-ma’rifiy turmushidagi jadidlik harakatining boshlanishi Abayga borib taqaladi. Milliy va umuminsoniy masalalarni qardosh xalqlar adabiyoti kesimida qiyoslash uchun asoslar yetarli.

Xulosa shulki, ulkan oqin Abayning turli muammolar yechimi uchun qo‘ygan mezonlari hayotiy va haqqoniydir. Birinchi qozoq jadid adibi sifatida Abayning she’rlarida, “Nasihatlar”ida jadidlarga xos ijtimoiy islohotchilik, ilm olishga da’vat, ma’rifatni qadrlash yetakchi o‘rinda turadi. Abay ijodiga oid barcha konseptual asoslarni tugal anglash uchun uning adabiy merosini umumturkiy adabiyot konteks­tida qiyosiy-tipologik metod asosida kengroq o‘rganish lozim.

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604