22.08.2024 | 17:14
529
INSON TO‘QNASHUVLARDA KASHF ETILADI
Ijod – borliq va undagi voqelikni poetik idrok etish, olam va odamning mohiyatni zarrabindek teran nigoh bilan ko‘ra bilish, yer va ko‘k, ratsionallik va irratsionallik, botin va zohir o‘rtasidagi muvozanatni topa olish, g‘ayriixtiyoriy bir ichki ruhiy ehtiyoj o‘laroq yuzaga keladigan hol. Ijod bu – ilohiy holat.

Aslida olamdagi mavjud narsalarning barchasi – ijoddir. Azal me’mori tomonidan ma’lum bir tartib bilan yaralganlar orasida insongina sharafga loyiq ko‘rilgan. Negaki, inson o‘zini Yaratganni anglashni istaydi, uning boshqa barcha xohishlari zamirida ham ayni shu ehtiyoj yashirin. Ijodkor – o‘zini tanishga, anglashga urinayotgan shaxs.
So‘z san’ati ichida drama o‘zining murakkab adabiy turligi bilan ajralib turadi, unda roviylik ham, voqea ham harakatga singdirilgan. Shu bois bo‘lsa kerak, ehtimol, bizda bu adabiy tur chetdan o‘zlashgani va o‘ta murakkab janrligi uchun nasr va nazmdek taraqqiy qilmadi. Bundan, albatta, Fitratning “Abulfayzxon” va Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” dramalari istisno. Men adabiyotshunos olim, arab va fors tillarining zukko bilimdoni Nafas Shodmonov dramalarini o‘qib shunday xulosaga keldimki, ularda ratsionallik va irratsionallik uyg‘unlashgan. Dramaturgning mazkur saylanmaga kiritilgan to‘qqiz dramasi ham tariximizning eng murakkab davr voqealari, fojialari, turli qarashlar va munosabatlar, ziddiyatlar va oqibatlarni o‘zida badiiy sintez qilgan. Ularda qahramonlar taqdiri orqali umuminsoniy qismat, ayni vaqtda, abadiy adolat qonuni namoyon bo‘ladi.
Nafas Shodmonov dramalarining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri ularda bir necha pafos turlari uyg‘un, qorishiq tarzda keladi.
Dramani bir o‘qishda tushunish, unda yashirin falsafani anglash kitobxon, tomoshabindan muayyan bir tayyorgarlikni talab qiladi. Odatda, bunday asarlarni anglash uchun inson nafaqat badiiy adabiyotdan, ilohiy haqiqatlardan, falsafadan yaxshigina xabardor bo‘lishi lozim. Nafas Shodmonovning aksariyat dramalari mana shunday xususiyatga ega.
Faqat o‘zbek adabiyoti tarixidagina emas, balki jahon adabiyoti va ilohiyoti bitiklarida ham Nuh payg‘ambar va uning davrida sodir bo‘lgan to‘fon to‘g‘risida, to‘fondan omon qolish uchun yasalgan payg‘ambar kemasidagi voqealar haqida talaygina rivoyatlar zikr etilgan. Ularni Injilda ham, Tavrotda ham, Qur’onda ham ko‘ramiz. Har bir ilohiy kitobda ular muayyan dinning bosh g‘oyasiga mos talqinda keltiriladi. Payg‘ambarlar haqidagi tarixiy rivoyatlar orasida ham mazkur voqealar mustahkam o‘rin olgan.
Ma’lumki, rivoyatga ko‘ra, yer yuzini to‘fon egallaydi. Nuh yasagan kemaga chiqqan jonzotlargina tirik qoladi. Ma’lum vaqt odamlar va turli maxluqlar kemada hayot kechiradilar. Bu davrda barchaning xulq-atvori namoyon bo‘ladi. Asar muallifi Nafas Shodmonov rivoyatning umumiy syujetini saqlab qolgan bo‘lsa-da, unga davrimizning eng muhim masalalari va ularning yechimini mahorat bilan singdira olgan.
Asarning “Nuh kemasi” deb nomlanishi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Uni “Nuh qissasi”, “Nuh to‘foni” kabi yoki boshqa muayyan voqeaga urg‘u berish bilan nomlash ham mumkin edi. Biroq xalqimiz ta’biri bilan aytganda, “hammamiz bir kemadamiz”. Bugun ona zaminimizda yoxud sevikli diyorimizda hammamizning taqdirimiz, hatto jonzotlarning taqdiri ham tutash. Shunday ekan, “kema”dagi hech bir muammo hech birimizga begona emas.
Asarning asosiy voqealari kema ahlini adolat bilan idora etuvchi darg‘a, bemisl kuch sohibi – Nuhning atrofida sodir bo‘ladi. To‘g‘ri, dramada Nuhning moddiy qiyofasi (obrazi) yaratilmagan. Bu, ehtimol, musulmon an’anasini buzmaslik uchundir. Lekin uning xabar va hukmlari do‘sti Ilisha tomonidan e’lon qilinishi, ularning aks sadosi, kema ahliga ta’sir ko‘rsatishi payg‘ambar ma’naviy qiyofasining yanada salobatli tasavvuri yaratilishiga yordam bergan.
Tarix va bugun bir butunlik kasb etgan “Nuh kemasi”, “Yurt qadri”, “Hisobini bilganlar”, “Oqsaroy”, “Naxshab afsonasi” dramalarida baxt va baxtsizlik, muhabbat va xiyonat, rost va yolg‘on, adolat va zulm o‘rtasidagi kurash ko‘rsatilgan bo‘lib, ularda konflikt ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot, insoniyatning ilg‘or ma’naviy hayoti bilan bog‘liq holda hal etiladi. Mazkur dramalar bosh qahramonlari tomonidan aytilgan so‘zlar insoniyat uchun ogohlik kabi yangraydi, jamiyat uchun aybnomadek taassurot uyg‘otadi.
“Shiroq” dramasida voqealar janr tabiatiga mos ravishda o‘ziga xos shiddat bilan rivojlanadi. Bu shiddatni biz asarning istalgan kichik bir parchasida ham ko‘rishimiz mumkin. Lekin bu shiddatni dramaturg oldindan tayyorlab keladi. Dramada asosiy voqealarning hech biri to‘satdan, kutilmaganda sodir bo‘lmaydi. Tarixiy va badiiy haqiqat uyg‘un bir holda voqelikning yanada ishonchli va ta’sirchan aks etishini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Baxshi” dramasida mustabid tuzum, totalitar Sovet siyosati, milliy qadriyatlarning oyoqosti bo‘lishi, zulm va zo‘ravonlik, yolg‘on va haqsizlik avj olgan davrlar ko‘rsatilgan. Unda “Yolg‘on gapni aytadigan zamon bo‘ldi, Otasidan qaytadigan zamon bo‘ldi…” deb qishloqma-qishloq, to‘yma-to‘y kezib yuradigan Tog‘ay baxshining qatag‘onga uchrashi, xotini Tojixolning bevaqt o‘limi, Sibirdagi og‘ir hayoti, boylar, eshonlar, mullalar, hur fikrli millatparvar munavvarlarning fojiali qismati aks etgan. Sovet tuzumining yugurdagi bo‘lgan Mahkam haqiqatni biladi, ammo u bosqinchilar bergan arzimas amalni millat va xalqdan ustun qo‘yadi. U baxshi haqida tan olib shunday deydi: “Lekin uning aytganlari… hammasi rost edi. Har kuni yolg‘on aytamiz, bir qishloqni ko‘rsak, o‘ntasini ko‘rdik, deymiz. Bir kishini dalaga olib chiqsak, o‘n kishini chiqardik, deymiz. Bizdan kattalar tepaga o‘n beshta deb xabar beradi… Endi, otasidan qaytish ham shu zamon bolalarining ishi bo‘lib qoldi. Nima qilsin? Dindor, boy, quloq otasiga ergashsinmi? Darvoqe, shuncha zamon otasiga ergashib keldi-ku, yashadi-ku. O‘sha zamonlar odamlar orasida oqibat kuchli edi… Lekin bu otalar bilan yangi zamonni qurib bo‘lmaydi-da…”
Mana shu qisqagina iqrorda butun bir jamiyatda hukm surgan ijtimoiy adolatsizlik ustidan aybnoma mavjud. Yillar davomida xalq qon-qoniga singib ketgan mutelik, o‘z haq-huquqi uchun kurasha olmaslik, zulm-u zo‘ravonlikka indamay ko‘nib yashashning asoratlari taraqqiyotdan ortda qolishimizga sabab bo‘ldi. Ko‘rinadiki, dramaturg tarixni ko‘rsatish orqali bugungi kunga uyg‘oq ko‘z, uyg‘oq ruh bilan nazar solishga chaqiradi. Zero, istiqlol bizga tariximiz, qadriyatlarimiz, tilimiz, dinimiz bilan birga erkin fikr yuritish va o‘z mulohazamizni ayta olish imkonini berdi. Tarix va bugunni qiyoslash haqiqatni anglashimiz uchun eng tiniq, eng shaffof ko‘zgu. Dramaturgning tarixga qayta va qayta murojaat qilishdan maqsadi uning ijodiy konsepsiyasi, ijtimoiy-falsafiy fikrlarning badiiy sintezidir.
Ilm va ijodda serqirra Nafas Shodmonov olim, pedagog, ijodkor-dramaturg, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Sharq tillaridan yaxshi xabardor nuktabin va nuktazarb olim, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik sohalarida o‘z nufuziga ega. Jumladan, Abdurahmon Jomiyning “Risolayi musiqiy”, Ogahiyning “Shohid ul-iqbol” kabi asarlari bo‘yicha nomzodlik (1997) va doktorlik (2009) ilmiy tadqiqotlari olib borib, ularni ilmiy muomalaga kiritdi. Adabiyotshunos olimning 200 ga yaqin ilmiy ishlari chop etilgan. U temuriylar davri musiqa ilmi buyuk namoyandasi merosi haqida “Xoja Abdulqodir Marog‘iy” (2000), Birinchi milliy maqom anjumaniga bag‘ishlangan “Maqom nazariyasiga doir muhim manba” (2018) kabi bir qator kitoblarini nashr ettirdi. “Jahon adabiyoti” jurnali ta’sis etgan Ozod Sharafiddinov nomidagi mukofot sovrindori.
Nafas Shodmonov yozgan dolzarb mavzulardagi asarlar mamlakatimizdagi bir necha teatrlarda sahnaga olib chiqilgan. Men bu dramalarni qayta-qayta o‘qib, ularning hayotiyligi, falsafiyligi va ta’sirchanlik qudratini achchiq bir haqiqatning na’rasidek qabul qildim, yanada ochiqrog‘i, bu pyesalar – yashalgan dramalardir, chunki ulardagi dramatizm, tragizm, shaxslar, to‘dalar, qarashlar o‘rtasidagi ziddiyatlar, to‘qnashuvlarda inson asliyati kashf etila boriladi. Teatrga kirgan tomoshabin bilan qahramonlar o‘rtasida ma’naviy-ruhiy yaqinlik, katarsis holati paydo bo‘ladi. Bu fazilat esa mazkur dramalarning millat va vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizga ulug‘ ibratidir!
Ilhom GʻANIYEV,
filologiya fanlari doktori
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
84
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
599
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
597



