17.06.2025 | 15:29
962
INSON QADRI VA JAMIYAT: DIALEKTIK BIRLIK ZARURATI
“Qadr” – arabcha so‘z. U lug‘aviy jihatdan “miqdor”, “o‘lchov”, “daraja”, “martaba”, “taqdir”, “qismat” ma’nolarini anglatadi. 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu so‘zning istilohiy ma’nosi mana bunday izohlangan: “1. Jamiyatda, kishilar o‘rtasida tutgan o‘rin, o‘zga(lar) tomonidan bo‘lgan hurmat, e’tibor. 2. Hayotda tutgan o‘rin; ahamiyat, muhimlik holati”. Bu o‘zak asosida tilimizda yana “qadrdon”, “qadrdonlashmoq”, “qadrdonlik”, “qadriyat”, “qadrlamoq”, “qadrli”, “qadrsiz”, “qadrsizlanmoq”, “qadrshunos”, “qadrshunoslik” so‘zlari yasaladi.

“Qadr” tilimizdagi “baho”ga yaqin keladi. Har kim jamiyatda munosib baho olishni, o‘z o‘rni, obro‘-e’tiboriga ega bo‘lishni istaydi. Shuning uchun inson qadri yuksak bo‘lgan jamiyatlardagina taraqqiyot yuz beradi.
“Jamiyat” esa odamlar uyushmasini, ya’ni ko‘pchilikni bildiradi. Shuning uchun inson – ham biologik, ham ijtimoiy mavjudot. Har bir shaxs – jamiyat a’zosi. Jamiyat – g‘oyat murakkab ijtimoiy tizim. U odamlar o‘rtasida amal qiladigan axloqiy, diniy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, mafkuraviy va hokazo munosabatlarning, tarixan tarkib topgan oila, jamoa, millat, din, davlat, axloq va hokazolarning majmuasi hisoblanadi.
Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish ham, ulardan birini muhim, boshqasini nomuhim deb hisoblash ham birday xato. Chunki jamiyatda yuqorida sanalgan sohalar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.
Insonning jamiyatdagi o‘rni va mavqeyi qancha yuqori bo‘lsa, taraqqiyot uchun shuncha keng yo‘l ochiladi.
Jamiyat deganda, asosan, bir mamlakat xalqi tushuniladi.
Demokratik jamiyat bozor munosabatlari vositasida boshqariladi. Davlat iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirishga yordam beradi. Bunda ijtimoiy raqobat, manfaatdorlik iqtisodiy rivojlanishning muhim qonuniyati sifatida amal qiladi. Demokratik davlat jamiyat ma’naviy hayotini takomillashtirish, jamiyatning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ilm-fanni taraqqiy ettirish haqida g‘amxo‘rlik qiladi. Davlat jamiyat ma’naviyatining homiysi sifatida ta’lim-tarbiya sohasida tub islohotlarni amalga oshiradi.
Jamiyat taraqqiyotini huquqiy davlatsiz aslo tasavvur etib bo‘lmaydi. Davlat qonunlarni hayot ehtiyojlariga moslash, tinimsiz takomillashtirib borish orqali fuqarolarning o‘z aqli, iqtidori, salohiyatini yanada unumliroq namoyon etish imkoniyatlarini yaratib beradi.
Har qanday taraqqiyot uchun obyektiv va subyektiv omillar uyg‘unligi yuz berishi kerak.
Navoiy zamonasida Xuroson davlatining podshohi Husayn Mirzo Xorazmni rivojlantirish maqsadida Hirotdan uch ming xonadonni ko‘chirmoqchi bo‘ladi. Navoiyga u “muqarrabi shohiy” unvonini bergan edi. Bu unvonning imtiyozi shu ediki, u hukmdorga bir masala yuzasidan to‘qqiz martagacha murojaat qilish huquqiga ega edi. Ulug‘ shoir va mutafakkir shuncha xonadonning vatanidan bevatan qilinishiga bir necha karra qarshi turadi. Oxiri bir ming xonadon ko‘chiriladi. Bu nima siyosat edi? Bu ma’lum ma’noda iqtisodiy sanatsiya siyosati edi.
O‘tgan asrning 30-yillarida Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan dehqonchilik madaniyati yuqori bir qism aholi Surxondaryo viloyatiga majburan ko‘chirilgan. Yoki bir zavod quramiz-u, ishchilarini boshqa davlatdan olib kelamiz. Yoki Vobkent tumanidagi ko‘p kafelarning oshpazlari, ayniqsa, kabobpazlari aynan G‘ijduvon tumanidan kelib ishlaydi.
Bugun Toshkent juda katta mehnat bozoriga aylangan. Kamina bu yerda mamlakatimizning qaysi mintaqa aholisi qanday sohalarda ko‘proq ishlayotganini aytmayman. Birinchidan, har qancha haqiqat bo‘lmasin, kimlargadir shu statistika yoki faktning o‘zi yoqmaydi, ikkinchidan, o‘qituvchi bilan tinglovchi o‘rtasida noo‘rin va keraksiz bahs boshlanib ketishi mumkin. Lekin bugun, masalan, Buxoro viloyati fermerlari yetishtirgan o‘riklarini daraxt-daraxt hisoblab, Farg‘ona vodiysidan kelgan oilalarga sotayotgani, ular bir oy-ikki oy shu yerda yashab, o‘riklarni terib, bozorbop qilib quritib, qoqi qilib olib ketayotgani fakt. Nega? Farg‘ona vodiysida shu mehnat turi rivojlangan.
Yana bir ko‘z yumib bo‘lmas statistikani keltiraman. Har yili bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi mamlakatimiz tuman va shaharlari bo‘yicha hisob-kitob qilinadi. 200 ga yaqin tuman va shahardan dastlabki 20 o‘rinni egallagani e’lon ham qilinadi. Shu 20 taning 7 tasini – Buxoro, 3 tasini Navoiy viloyati egallaydi. Demak, o‘qish bo‘yicha ilg‘or tuman va shaharlarning teng yarmi shu ikki viloyat hududiga to‘g‘ri kelyapti. Kamina tug‘ilib o‘sgan Vobkent tumani bu sanoqda 10-o‘rinni egallagan.
Abdurauf Fitrat XX asr boshida Buxoroda 33 ta oliy, 39 ta o‘rta va 100 dan ortiq quyi toifadagi madrasa bo‘lganini yozadi. Markaziy Osiyoning boshqa biror shahrida buncha ko‘p madrasa bo‘lmagan. Keyin bu yerda madrasalar asrlar mobaynida faoliyat olib borgan. Sovet davlati yangi maktablar ochganda Buxoro va uning atroflarida madrasa ko‘rganlar, madrasa ko‘rganlardan ta’lim olganlar muallimlik qildi. Mana, bir asrdan oshyaptiki, bu hududda shu qadim ilmning ta’siri sezilib turibdi. Bu – birinchi omil. Ikkinchi omil shuki, Buxoro qadimdan arabiy-forsiy-turkiy tamaddunlar uyg‘unlashgan (sintezlashgan) makon hisoblangan. Tamaddunlar uyg‘unlashganda taraqqiyot tezlashadi.
Xo‘sh, o‘qish uchun obyektiv imkoniyatlar poytaxtda eng ko‘p emasmi? Yo‘q-da. Toshkent shahrida oliy ma’lumot olmay turib ham ish topish, yaxshi yashab ketish mumkin-da. Toshkent shahridan bu yigirmatalikka birgina Mirzo Ulug‘bek tumani kirgan, xolos. Nega aynan shu tuman? Chunki bu yerda Akademiya shaharchasi bor. Ko‘p-ko‘p olimlar oilalari istiqomat qiladi. Tabiiyki, ularda tarbiyalangan bolalarning oliy ta’lim tizimiga o‘qishga kirishga qiziqishi ko‘proq bo‘ladi.
Shaxs va jamiyat manfaatlarining uyg‘unligiga erishish hech bir zamon va makonda ham oson kechmaydi. Xo‘sh, shaxs va jamiyat manfaatlari uyg‘unligini qaysi mezonlar asosida belgilaymiz? Albatta, qonun asosida. Qonunning eng asosiysi esa – Konstitutsiya. Konstitutsiyani bilmay turib shaxs va jamiyat munosabatlari mohiyatiga aslo yetib bo‘lmaydi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 10 ta moddasida inson qadri bilan bog‘liq “qadr”, “qadr-qimmat”, “qadriyat”, “milliy va umuminsoniy qadriyatlar”, “oilaviy qadriyatlar” tushunchalari uchraydi.
13-modda shunday jaranglaydi:
“O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi”.
Demak, inson qadr-qimmati, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va boshqa ajralmas huquqlari qatori, oliy qadriyat hisoblanishi qat’iy belgilangan. “Qadriyat” so‘zi Konstitutsiyada qayd etildimi, bas, u endi faqat ma’naviygina emas, balki huquqiy kategoriya ham hisoblanadi. Xo‘sh, u aynan nimani anglatadi?
“Qadriyat – inson va jamiyat ma’naviyatining tarkibiy qismi, olamdagi voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab va tartiblarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladigan tushuncha”.
Fanda qadriyatshunoslik alohida soha hisoblanadi. U xalqaro atama sifatida “aksiologiya” deb ataladi. Qadriyatshunoslar “qadriyat” kategoriyasidan har qanday narsa, shu jumladan, insonning ijtimoiy qadrini, ahamiyatini ifodalaydigan umumiy va universal kategoriya sifatida foydalanadi. Sodda qilib, qadriyatni “ulug‘lanadigan narsa” deb tushunsak ham xato qilmaymiz.
26-modda inson qadr-qimmati daxlsizligini kafolatlaydi:
“Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas”.
Bir hayotiy misol keltiray. Shaxsni jamiyat manfaatini o‘ylab ish qilishga da’vat etish mumkin. Lekin uni hech kim bunga majbur qila olmaydi. Hatto, dam olish kuni o‘tkazilgan hasharga chiqmagani uchun ham xodimni jazolash haqida qonun yo‘q. Yillar burun nodavlat telekanallardan biri har kuni ayni paytda beriladigan axboriy dasturida ekranda O‘zbekiston televideniyechiligi tarixida hech uchramagan mana bunday qaydni yozdi:
“Bu yerda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi falon bo‘limi mudiri Falonchi Falonchiyevaning jargonlar haqidagi intervyusi berilishi kerak edi. Ammo u bundan bosh tortdi”.
Ketidan suxandon o‘sha bo‘lim mudirining lavozimiga mos yoki mos emasligi o‘ylab ko‘rilishi kerakligi haqida fikr ham bildirib o‘tdi.
Kamina o‘sha Markaz rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlar edim. Surishtirib, aniqlasak, haqiqatan ham, bu xususiy telekanalda bo‘lim mudiriga qo‘ng‘iroq qilinib, jargonlar haqida intervyu berish taklifi aytilgan, lekin mudira bu ayol kishi chiqib muhokama qiladigan mavzu emasligini aytib, taklifni rad etgan ekan. Bor gap shu.
To‘g‘ri, nodavlat telekanal – jamiyat manfaati uchun jargonlarning salbiy jihatlarini tahlil qilishga haqli. Ammo Konstitutsiya bo‘yicha shaxsning biron-bir ommaviy axborot vositasi orqali chiqish qilish-qilmaslikni o‘zi hal qilish huquqiga hech kim daxl qila olmaydi. Bu – uning ixtiyoridagi masala.
Agar telekanal rasmiy xat bilan Markazdan shu haqda fikr bildirishni so‘ragan bo‘lsa, javob talab qilishga haqli edi. Shunda ham Markaz: “Bu masalada fikr bildirishni lozim topmadik”, tarzida javob qaytarishi mumkin. O‘shanda ham rahbar yoki rahbar o‘rinbosari javob xatga imzo chekadi, bo‘lim mudiri emas.
Bordi-yu, telekanal bilan Markaz o‘rtasida shu mavzuda chiqish qilish uchun xodim berish haqida shartnoma tuzilgan va aynan shu xodim ijrochi qilib belgilangan bo‘lsa ham boshqa gap edi. Yoki Markaz rahbarining Falonchi Falonchiyevaning falon telekanalda jargonlar bo‘yicha chiqish qilishi haqida buyruq chiqarilgan bo‘lsa edi, bo‘lim mudiri majbur bo‘lar edi.
Nodavlat telekanaldagi reja amalga oshmagani uchun boshqa bir tashkilot vakili aybdor bo‘lmaydi-ku. Shunday ekan, bu holatda inson qadr-qimmati kamsitildi. Qonunga binoan, ertasiga shu ko‘rsatuvning o‘zida telekanal fuqarodan kechirim so‘radi.
Chunki 31-moddaning 1-bandida: “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega”, deb yozib qo‘yilgan.
52-modda o‘qituvchilar haqida:
“O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.
60-modda barcha fuqarolarga majburiyat yuklaydi:
“Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”.
Xullas, inson – jamiyat a’zosi. U jamiyatdan ayrilgan holda yashay olmaydi. Ammo har bir shaxsning jamiyat bilan bog‘lanishi shakllari ham, yo‘llari ham, darajalari ham har xil bo‘ladi.
Inson qadri va umumjamiyat manfaatlarini, ko‘rib o‘tganimizdek, qonunlar tartibga soladi. Inson qadri va umumjamiyat manfaatlari muvofiqlashtirish ham majburiylik, ham ixtiyoriylik qat’iyatlariga suyanadi. Inson qadri va umumjamiyat manfaatlarini yuksak darajaga ko‘tarish tizimli tarbiya va targ‘ibot asosida amalga oshiriladi.
Shuni aslo unutmaslik kerakki, insof huquqiy kategoriya emas. U – ma’naviy fazilat. Hatto, olijanoblik belgisi hisoblanadi. U – vijdon bilan ish tutish tuyg‘usi, hayotda, ishda, boshqalarga munosabatda halollik va to‘g‘rilikni anglatadigan tushuncha. Ziddi – insofsizlik. Ma’naviy tarbiyada kishilarni insofga chaqirish mumkin va kerak. Biroq insof zinhor-bazinhor huquqiy kategoriya bo‘la olmaydi.
Tahlillarimizdan anglashilib turibdiki, inson qadri va umumjamiyat manfaatlari dialektik birligiga erishish komil shaxs tarbiyasi va xalq ravnaqi uchun o‘ta muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Sultonmurod OLIM,
Toshkent amaliy fanlar universiteti professori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



