04.09.2024 | 10:03
515
QABOHAT SALTANATI
SHE’RIY ROMANDAN PARCHA
Kuni kecha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, hassos shoira Sharifa Salimova shu munosabat bilan tahririyatimizga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori haqida to‘lqinlanib so‘zladi va o‘zining mavzuda yaqinda yozib tamomlagan “Qabohat saltanati” she’riy romanidan parcha taqdim qildi.
Adabiy-nazariy qoidalarga ko‘ra roman janrining turlari ko‘p. Roman hali shu kunga qadar shakllanishda, yangilanishda davom etayotgan va ulkan imkoniyatlarga ega janr sanaladi. Shu e’tibordan, ayniqsa, she’riy roman ijodkordan ikki tomonlama mahorat talab qiladi. Birinchidan, qahramonlar muhitini teran tasavvur qilish. Ikkinchidan, ijodiy tafakkur mahsulini muayyan nazmiy qoidalarga mos ifoda etish. Iste’dodli shoiramiz Sharifa Salimova “Qabohat saltanati” nomli she’riy roman bitib, ana shunday mas’uliyatli va og‘ir vazifani mahorat ila uddalabdi.
O‘rta asrlarda Yevropada ro‘y bergan mudhish qatag‘onni muarrixlar “Varfolomey kechasi” deb atashadi. Shu bir qonli tunning o‘zida o‘n minglab odamlar qirib tashlangani qanchadan-qancha asarlarga mavzu bo‘lgani kitobxonlarga yaxshi ma’lum.
Mustabid sovet tuzumi davrida esa “bunday kechalar” oylarga, yillarga aylangan. Birgina 1937-1938-yillarning dahshatli kechalarida minglab vatandoshlarimiz, millatning oydinlari, jadid fidoyilari qamoqqa olinib, vahshiylarcha qiynoqqa solingan. Ularning har biri mustaqil shaxs, ya’ni siz-u biz kabi issiq jon edi. Millat taraqqiyi, mamlakat yaxlitligi yo‘lida shahid ketgan ajdodlar xotirasini yod etish, ayanchli qismatlar tarixidan tegishli xulosa chiqarish va yoshlarga o‘tmishning murakkab jihatlarini ro‘y-rost tushuntirish bugungi ziyolilarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Dunyo va o‘zbek adabiyoti tarixida she’riy romanlarning sanog‘i ko‘p emas. “Jadid” gazetasi jamoasi, Abdulla Qodiriy ta’biri bilan aytganda, “havasida jasorat etgan” shoira Sharifa Salimovani qizg‘in qutlaydi. Qatag‘on qilingan jabrdiyda ayollar kechmishiga bag‘ishlangan she’riy romandan Kimyoxon Ashurova taqdiridan hikoya qiluvchi parcha gazetxonlar e’tiboriga havola etilmoqda.

KIMYOXON
Tun… Gʻirchillar arava. Qon yig‘laydi go‘daklar:
“Ona, qayga ketyapmiz? Topib bering otamni!”
Ayol – ko‘zi to‘la yosh. So‘z kirmaydi quloqqa,
Azob ila xotirlar boshga tushgan motamni.
“Axir qayga ketyapmiz? Bir nima deng, birodar,
Uch go‘dagim nolasi qilmoqda-ku bag‘rim qon…”
Aravakash gung, soqov. Otga qamchi bosadi,
Yoprilib kelar zulmat, yutay deydi biyobon.
“Axir qayga ketyapmiz?”
Zulmat bermaydi javob,
Sukut saqlar oymomo, ko‘kdagi yulduzlar ham…
Axir bu ne ko‘rgulik? Javob ber, sotqin dunyo?
Nafrat ko‘zim ko‘r qildi, muzlab bormoqda tanam,
Arava g‘irchillaydi, yo‘l esa adoq bilmas,
Bolalarin bag‘riga bosadi ona behol.
Kel, oppog‘im Dinara, kenjatoyim Klara,
Mening aqlliginam, yupatguvchim Rozajon.
…Uxlab qolar bolalar, kiprigida qotib yosh,
Gʻirchillagan arava azoblardan so‘ylaydi.
Yomon tush ko‘rib, yig‘lab, ingraydi jajji Roza,
Tushda ham u: “Otajon, qaydasiz?” deb qo‘ymaydi.
Tun oxirlab boradi. So‘na boshlar yulduzlar,
Yaydoq biyobon uzra turar bir kulba mahzun.
Devollari to‘kilgan. Bemorday aftodahol,
Uning devollariga singib ketgan qora tun.
Aravakash tosh misol uloqtirar tugunni,
So‘ng ortga uchib ketar, so‘z demasdan ayolga.
Hayhotdek yalanglikda haykaldek qotar ayol,
Zo‘rg‘a suyanganicha juldur bo‘lgan devolga.
Na eshik, na deraza… Na bir chiroq, na qozon…
Vayrona tomi uzra boyqush qiladi nola.
Na bir parcha palos bor, na bir tishlam qora non…
Bergulikka eshikdan so‘rab kelsa devona.
Shumi inson qismati – peshonaga yozilgan?
Zo‘rg‘a lipillab yonar zulmatda umr shami.
U ishongan Vatani nahot shuncha bo‘ldi xor,
U ishongan Vatani… Yo Rab, qullar Vatani…
Erining qo‘lidagi shiqirlagan kishanlar,
Tunda nogoh bostirib kirib kelgan jallodlar,
Hayvondek tepkilashib, turtib, haqorat qilib,
Olib ketishganida ko‘kni tutgan faryodlar…
Go‘daklar ko‘zidagi qo‘rquv, dahshatli so‘roq,
“Otajon, ketmang”, deya tunni titratgan nola…
Nogoh bo‘ron zarbidan chilparchin bo‘lgan chiroq.
“Vatan xoini!” degan mudhish tuhmat, bahona…
* * *
Tong hali otib-otmay qishloq ahli, xonadon,
Dashtga yo‘l olishadi, kimda non, kimda ketmon.
Kimdir tandir quradi, kimdir tancha o‘rnatar,
Vayrona kulba dashtda mayib qush kabi yotar.
Kimyoxon go‘yo soqov, sarv qaddi bo‘lib dol,
Uchta bolasi bilan o‘ltirar aftodahol.
– Qizim, boshingni ko‘tar! – Yig‘lamsirar otaxon, –
O‘rinboy o‘g‘lim menga uylar olib beruvdi.
Saraton quyoshida bo‘lgan edi soyabon,
Issiq-sovug‘imizda yonimizda turuvdi.
Seni tashlab qo‘ymaymiz, artgin ko‘zing yoshini,
Uyingni buzganlarni, qizim, sen Xudoga sol!
Bolalarimni chaqir, biz ul-bul olib keldik,
Ularni to‘ydir, qizim, o‘zing ham qon yig‘lamay,
Endi bir tishlamgina u-bu narsadan yeb ol!
…Odamzod orasida qo‘rquv va hadik kezar,
Bosh ko‘tarmoqqa qo‘ymas qon ichuvchi qatag‘on.
Musibatga g‘arq bo‘lgan oila kemasini,
Najot posboni bo‘lib qutqarar asl inson.
Bahor o‘tdi, yoz o‘tdi, yana qaytib keldi qish,
Uzilmas xalq qadami, “rahmat”, deb yig‘lar ayol.
Tunlari oy sirdoshi, do‘sti dasht-u biyobon,
Yoridan xabar yo‘qdir… bag‘rini tig‘lar ayol.
* * *
Bir kuni qishning uzun tunlarida o‘ltirib,
Ko‘z yoshi ko‘lob bo‘lib, kashta tikayotgan dam.
Eshik bexos ochilib, g‘arib kulba ichiga
To‘satdan kirib keldi muzdek notanish odam.
Egnida uzun palto, qo‘lida charm qo‘lqop,
Kepkani ko‘zigacha bostirib olgan kishi.
Chiroq shu’lasidagi yiltirab turgan nigoh,
Unga eslatar edi juda yaqin tanishni.
Uning yuziga qarab, yorilay dedi yurak:
– Bu axir xo‘jayinim boshga ko‘targan inson.
Tun-u kun birga bo‘lgan yalakat mag‘izlarday,
Ananyev degan axir yordamchisi jonajon.
O, xushxabar keldimi, jonimdagi jonimdan,
Biz endi uyga qaytib yashaymizmi xotirjam?
Uning mashinasida ayol ketarkan mas’ud,
Tinmay qiyqirar edi o‘n oylik Klara ham.
Ko‘nglida guvlar edi umid alangalari…
Biroq ko‘rganlari tush, haqiqatdan ko‘p yiroq.
Qamoqxona oldida to‘xtab mashina bul dam,
Zarb bilan ichkariga uni itardi shul choq.
O‘n oylik qizalog‘in ko‘zda yoshi shashqator,
Bag‘ridan yulib olgach, u yiqildi yuztuban.
U ketdi. Jallod ketdi. Ayg‘oqchi, soya ketdi,
Odam ko‘rinishida yurgan makkor yosuman.
So‘ngra ne bo‘ldi o‘zi… Elas-elas xotirda,
Farishta qizalog‘in bo‘zlab izlaganlari.
Turma panjarasiga chirmashib, boshin urib,
– Uying kuysin, jallodlar, – deya bo‘zlaganlari.
Xudoga nola qilib, yolborib, qo‘lin ochib,
Dushmanni qo‘sha qo‘llab, Xudoga solganlari.
Guldek norasidalar uvoli tutsin, deya,
Tuz totmayin necha kun, och-nahor qolganlari…
* * *
– Necha bor behush bo‘lib, unutib tun-u kunni
Kun sayin kuz gulidek so‘layotgan o‘sha dam.
Turmaning rangi zahil shafqat bilmas rahbari
Haqoratlarga ko‘mdi nogoh titratib tanam.
– Xalq dushmanin xotini! Nima, biz bilmaymizmi,
Ering sirini hanuz sen yashirib netasan?
Agar oshkor qilmasang, bizni ogoh qilmasang,
Quyosh yuzini ko‘rmay itdek o‘lib ketasan.
O‘ylab ko‘r, hali vaqt bor…
U shundayin degancha
O‘zga mahkumalarni tuta ketdi savolga.
Jovdiragan, umidsiz, o‘ta so‘nik nigohlar
O‘xshardi tuman ichra qirov bosgan hilolga…..
* * *
Unsiz nola qilardim men samoga termilib,
Qor kabi oppoq bo‘ldi boshda tim qora tolam.
Liboslarim sutdan ho‘l… men dod solib yig‘ladim,
Ichikib sog‘inganda meni o‘n oylik bolam.
– Alla-yo, bolam, alla,
Ko‘zlari qoram, alla.
Gʻam suviga qorilgan
Baxtsiz zuvolam, alla.
Alla, alla…
– Bolangni sog‘indingmi?
Hushim uchdi boshimdan.
Tergovga olib ketdi, jallod qo‘limdan tortib.
– Mana bu hujjatlarga imzo cheksang bo‘lgani,
Bolangning huzuriga yana borasan qaytib.
Erim xalq dushmani de, aksilinqilobchi de,
Sovet hukumatini ko‘radi degin yomon.
Uni ag‘darmoq uchun ittifoq tuzgan, degin,
Degin, erim davlatning qo‘ynida yotgan ilon.
Qani qo‘l qo‘y…
– Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Erim pokiza inson!
* * *
Tunlari yana betin men yolvordim Xudoga:
– Farzandlarimni bir bor ko‘rsam-u, mayli o‘lsam…
Bir kuni tong mahali tush ko‘rdim qo‘rqinch, og‘ir:
Klaramni otasi olib ketmoqda edi.
– Bolajonim, qayt, – deya charx urib yig‘lar edim,
Axir emiziklisan, ko‘krak to‘la sut edi.
…Klara kulib-kulib, ketarmish ortga boqmay,
Otasining qo‘llarin ushlagancha u mahkam.
…Cho‘chib ko‘zimni ochsam sovuq ter bosgan edi,
Bejo urardi sho‘rlik bu baxtsiz yuragim ham.
Dunyolarga sig‘masdim. Qil o‘tmasdi tomoqdan…
Bir nuqtaga tikilib, yig‘layverdim o‘ksinib.
Shu payt eshik ochilib, meni so‘roqlagancha,
Bir ayol shoshganicha xonaga keldi kirib.
“Qizing Klaramidi?” U so‘zlardi xotirjam,
Mening esa yuragim nogoh qo‘rquvga to‘ldi.
“U bolalar uyida”, ko‘zimga tik boqdi-yu,
Dedi: “Erkatoy qizchang kecha ochlikdan o‘ldi”.
* * *
Oh, qandoq toqat qilay, yiqildim bo‘lib behush…
Ko‘z ochsam atrofimda yig‘lardi mahkumalar,
Tashqarida qahraton… kezib yurar edi qish.
– Kimyoxon, ko‘zingni och, mening ham bolam o‘lgan,
Sog‘inib ado bo‘ldim, jigar-bag‘rim bo‘ldi qon.
U meni quchganida bahorga aylanardim,
Go‘yo farishta edim, deganida “onajon!”
Tur o‘rningdan, kuchli bo‘l, o‘lmoqlik juda oson,
Yashamoq behad og‘ir, yashamoqlik buyuk sir.
“Do‘stlarim, tayyor bo‘ling, ham ruhan, ham vujudan,
Chiniqish kerak. Bizni kutmoqda endi Sibir”.
“Yarq” etib ochildi ko‘z, tarqadi xira tuman,
Ayollar yuz-ko‘zimni silashib quchar mahkam…
Ruhim ingrab shivirlar: “Ko‘krak kergin qoyadek,
Biz kuchlimiz, Kimyoxon, hattoki o‘limdan ham!”
* * *
Krasnoyarskda qor gupillab yog‘ar,
Enasoy daryosi oqadi sokin.
Mahbusman, kunlarim azobda o‘tar,
Vatan sog‘inchini olib kelar tun.
* * *
Odamzod ko‘nikar baxt-u bayramga
Va qachon keladi boshiga motam.
Mening peshonamga yozilgan taqdir,
Yozsam tugamaydi hatto kitob ham.
Qatag‘on bu ham bir ko‘rgulik edi,
To‘yib insonlarning qonini ichgan.
Gulday vujudlarga, o‘rik guliga,
Qop-qora libosdan kafanlar bichgan.
Men kichik hujrada – yog‘och barakda
Otamni eslardim bir so‘z qotmay jim.
Qahraton bag‘rida daraxt kesardim,
Mahbuslarni terib ketardi o‘lim.
Ma’dan konlarining biqiq havosi,
O‘pkamni achitib oldirmas nafas.
Muzlagan qo‘llarim kutardi tunni,
Hadik, qo‘rquv – o‘lim isi aralash…
Hunarim ish berdi zulmat qo‘ynida,
Kimdir chevarligim qaydandir bildi.
Bir kuni qishloqdan yoshgina ayol,
Jajji qizchasini yetaklab keldi.
Qizcha – ipak sochli, ko‘zida quyosh,
Momiq qo‘llarini menga tutardi.
Yuragim qinidan chiqquday urar,
Jajji Klaramga o‘xshab ketardi.
Qaniydi bag‘rimga bir bora bossam…
U o‘z tilchasida sayrardi chunon.
Tun bo‘yi uxlamay ko‘ylakcha tikdim,
Tikkan choklarimga ko‘zdan tomdi qon.
Mahbusa… Bor-yo‘g‘i shu bir og‘iz so‘z…
Mening borligimni ko‘rsatgan raqam.
Tizzagacha qorda bazo‘r sudralish,
Go‘yo yer tubiga tortguvchi qadam…
O‘lmoq kerak, o‘lmoq, tez ketmoq kerak,
Ruhimni titkilab o‘ynasa iblis.
“Oyijonim” deya quchardi mahkam,
Uchta farishtadek tong nafasli qiz.
O‘tayotgan kunlar yil kabi uzoq,
Burdalab o‘yardi aziz jonimni.
Emizikli qizim, go‘dakkinam, oh,
Xayoli kuydirar xonumonimni.
Oh, desam, og‘zimdan otiladi qon,
Jajji barmoqlarin taftini sezib…
Sut hidi anqigan go‘dak sog‘inchi…
Kimdir yuragimni oladi uzib…
Sharifa SALIMOVA
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
97
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607


