17.12.2025 | 10:02
1517
KOSHG’ARIY SALTANATI
Til ilmining nayzadori
Atoqli olim va mutafakkir Mahmud ibn Husayn Koshg‘ariyning haqiga, butun turkiy ellar, har qancha duo qilsak arziydi. Asli qoraxoniy hukmdorlar avlodidan bo‘lgan, mashhur Bug‘ra Qoraxon sulolasiga yettinchi bo‘g‘inda tutashadigan bu ulug‘ zot o‘tkinchi mulk hoy-u havasidan mardona kechib, boqiy so‘z saltanatini zabt etmakka qaror qildi va bu ketmas davlatning o‘lmas sohibiga aylandi – “farmon doiralari kengaysin!”

Koshg‘ariy shunga munosib, chunki “tilda ularning eng yetuklaridan, eng katta mutaxassislaridan, xushfahmlaridan, eski qabilalaridan, jang ishlarida nayzadorlaridan edi” u.
Bepoyon hududni poy-u piyoda kezib, o‘ttizdan ortiq turkiy lahjalarni – eng kichik farqlarigacha chuqur o‘rganib va nihoyat, ulug‘ yoshga yetganida o‘zining bebaho asariga – “Devonu lug‘atit turk”ga nuqta qo‘yib, sokin bir qoniqish ila tin olgan Koshg‘ariy boboning nurli siymosini tasavvur qilaman. Mana, yillar davomida inju kabi terilgan so‘zlar uning qalamravida, “kitob yangiliklar berishda qiyomiga, qiymat va muhimlikda esa poyoniga yetdi” – “arab tili bilan ikki uloqchi ot singari teng poygada o‘zib borayotgan turk tili” yashar ekan, endi bu kitob ham mangu barhayotdir.
Ma’lumki, Koshg‘ariy devonining izoh va tushuntirish matnlari arab tilida yozilgan. Uni turkiy tillarga birinchi tarjima qilgan o‘zbek olimi Xolid Said Xo‘jayev edi. Afsuski, bu tarjima nashr qilinmay qolib ketgan. Xolid Saidning taqdiri atoqli shoir Maqsud Shayxzoda taqdiriga o‘xshash: Xolid Said O‘zbekistondan Ozarbayjonga borib yashab, shu yerda ijod qilgan edi. Taassufki, Ozarbayjon Fanlar akademiyasining tilshunoslik bo‘limida mehnat qilayotgan ma’rifatparvar olim 1937-yilda qatag‘onga uchrab, qatl qilingan. Aytgancha, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ilk bor ozar tiliga o‘girgan tarjimon ham Xolid Said edi.
Devonning turkcha tarjimalari orasida professor Basim Atalay tomonidan 1939–1941-yillarda tayyorlangan nashr qanday muhim o‘rin tutsa, filologiya fanlari doktori Solihqori Mutallibovning o‘zbek tiliga qilgan tarjimasi biz uchun shunday qadrlidir. Ushbu tarjima 1960–1963-yillarda “Fan” nashriyotida chop etilgan. Qo‘limizdagi kitob mana shu tarjimaga asoslangan. Uni O‘zFA akademigi Alibek Rustamov, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev nashrga tayyorlagan. Taniqli olimlar Hamidulla Dadaboyev mas’ul, Baxtiyor Isabekov ilmiy muharrirlik qilgan. Kitob avvalida yozilishicha, nashr turk, uyg‘ur va rus tillaridagi tarjimalar bilan solishtirilgan, izohlari to‘ldirilgan, tarjimadagi ayrim xatoliklar isloh qilingan, boshqa nashrlar bilan qiyoslangan.
Quyida tahlilga olinayotgan misollar devonning faqat birinchi jildiga oid ekanini aytib o‘tishim kerak. Chunki o‘zim hali shu jildni o‘qidim, ayni paytda ikkinchi jild mutolaasi davom etmoqda. Aytish joizki, devonni o‘qish, so‘ng uni uqish oson mashg‘ulot emas, kitobxondan jiddiy qunt va vaqt talab qiladi.
ENG AVVALO SO‘Z…
Devondagi har bir so‘z tirik, har birining joni bor, ularni his qilish, hatto ushlab ko‘rish mumkin. Bu so‘zlar ko‘hna davr odamlariga o‘xshaydi, birorta ortiqcha “qilig‘i”, jimjimasi yo‘q – barchasi oddiy, to‘g‘ri va rost xabarni beradi. Har bir so‘zning o‘z tasviri, qiyofasi bor. Qadim qiyofadagi so‘zni o‘zining ajdodi bo‘lmish bugungi so‘z bilan yonma-yon qo‘yib, ularni sinchiklab kuzatsangiz, ibtidoiy davrda hayvon terisini yopingan va bugungi kun urfi bo‘yicha po‘rim kiyingan ikki inson tasviri ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Xuddi kiyinish madaniyati tuslanib borgani singari insonning so‘zlari ham o‘zgarib borishini ko‘rish mumkin.
Masalan, devonda “qurun” so‘ziga “devor va shiplardagi tutun islari” deb izoh berilgan. Vaqt o‘tishi bilan oxirgi harf o‘zgargan, bu, albatta, biz hozir ishlatadigan “qurum” so‘zidir. Aynan “qurum” so‘zi esa boshqa bir o‘rinda keladi, Koshg‘ariy izohicha, uning ma’nosi “qoya”dir. Markaziy Osiyodagi eng baland tog‘ tizmalaridan biri Qoraqurum deb nom olgani ehtimol shundandir. Tarixda Chingizxon imperiyasi poytaxti bo‘lgan Qoraqurum shahri, fikrimizcha, bundan mustasno, u mo‘g‘ulcha “Xarxorum”ning turkiy talaffuzidir. Ha-ya, devonda “qurum”ga qo‘shimcha izoh ham bor: “yig‘ilgan ko‘p molga ham qurum deyiladi”.
Qadimgi “suchik” – “har bir shirin narsa”. Bu, bizdagi “chuchuk”dir. Xuddi shuningdek, “chazan” bora-bora “chayon”ga, “qag‘un” – “qovun”, “quzug‘” – “quduq”, “sag‘iz” – “saqich”, “qazg‘u” – “qayg‘u”, “qirag‘u” – “qirov”, “tumag‘u” – “tumov”, “targ‘aq” – “taroq”, “tamg‘aq” – “tomoq”, “uvut” – “uyat”, “sazrak” – “siyrak”, “quzurchuq” – “qo‘g‘irchoq”qa aylangan.
Devonga ko‘ra, “chatir” – bugungi “chodir”. U hozir faqat “o‘rgamchining chotiri” degan jumlada o‘z asliga yaqin qiyofani saqlab qolgan. Bugun bo‘g‘iz, halqumni hech kim devondagi kabi “bug‘az” demaydi. Lekin bir o‘rinda bu so‘z ham yashab kelmoqda: masalan, “Bering bo‘g‘ozi” kabi. Devonda “qug‘ush” va “quvuq” so‘zlari bor. “Qug‘ush” – “suv yo‘li, tarnov” hamda “quvuq” – “kavak”dir. O‘ylab ko‘ring, har ikki so‘z ham mazmunan, ham ohang jihatidan bugungi “quvur”ga qarindosh kelmayaptimi?
Bugun bir-biridan tez-tez “o‘pkalaydigan” kishilar ko‘p. Agar qadim ajdodlarimiz bir-biridan “o‘pkalasa”, bu “o‘pkasiga urdi” degan aniq zarbani ifodalagan, shu bois, ular bungacha bormagan, ya’ni “o‘pka” emas, “o‘pkilagan”. Devonda “tag‘ar” – “bug‘doy va boshqa narsalar solinadigan qop”dir, bugun bizda “tog‘ora” bor, lekin u qop emas, idishdir.
“Og” so‘zining ham tarixi qiziq. Devonda bu so‘z “aql va ziyraklik” deb izohlangan. Bu – bizning “ong”imizga yaqin-ku! “Shuning uchun yoshi ulug‘ va aqllilarga oga laqabi beriladi”, deya qo‘shimcha ma’lumot aytadi Koshg‘ariy. “Oga” bugungi “og‘a”mizning chin og‘asi emasmi? Boshqa bir o‘rinda: “oga so‘zi aslida Zulqarnayn zamonida Zulqarnayn bilan turklarning bitishuvidan oldin ularning oldingi qo‘shinlari orasidagi to‘qnashuvda yuzaga kelgan”, degan ta’rifni ham nazarda tutmoq lozim.
Qiziqarli so‘zlardan yana biri “tapuk”dir. Izohda unga “tepish, tepkilash” degan ma’no berilgan. Ko‘rinib turibdiki, bu so‘zning o‘zagi – “tap”. Endi, ayting-chi, bugun “to‘p tep” deyar bo‘lsak, qadimgi bir so‘zni ikki bora takrorlagan bo‘lmaymizmi – “to‘p” ham, “tep” ham “tap”ga borib tutashmayaptimi? Keyinroq “tobiq” degan so‘z ham keladi: “chavgon bilan uriladigan koptok, to‘p” deyilgan.
Kitobda “chanqa” so‘zi “bir xil tuzoq” deb izohlangan. Chanqovuz ham tuzoqqa o‘xshab ketgani uchun shu nomni olgan bo‘lishi mumkin. “Chipqan” degani, aslida – jilon jiyda. “Chipqon yarasi qizillikda jilon jiydaga o‘xshagani uchun shunday atalgan”, deydi Koshg‘ariy. “Bir yurtlik ikki kishiga yerdash deyiladi. Birodar, yaqinga qadash deyiladi; asli idish ma’nosidagi “qa”dir. Unga “dash” qo‘shilgach, bir idishdosh, bir qorindosh ma’nosini anglatadi”, deyiladi devonda.
Qadim so‘zlar va ularning izohlari bilan tanishar ekansiz, negadir, o‘sha ko‘hna qiyofadagi so‘z ko‘zingizga issiqroq ko‘rinadi, chunki u bosh So‘zga – o‘zining ilk va tub ma’nosiga juda-juda yaqindir.
BUGUN HAM QO‘LLASAK BO‘LADI
Ayni paytda Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish departamenti chet tillardan olingan bir qator so‘z va atamalarni o‘zbekchaga o‘girib, rasmiy muomalaga kiritayotganini olqishlash kerak. Devon sahifalarida bu masalada bizga yordami tegadigan, ya’ni bugun ham yaraydigan, nafaqat yarash, hatto biz uchun zarur bo‘lgan so‘zlar juda ko‘p.
Mana, masalan, turli idoralarda ishlaydiganlar, aksar rahbar huzuriga xat-hujjat olib kiradigan mas’ul shaxslar foydalanadigan, karton, charm va shu kabilardan yasalgan qalin jild yoki muqova bor, yana bir keng ommalashgan nomi – “papka”. Koshg‘ariy bobo – saroy ish yuritish tartiblarini juda yaxshi biladigan inson, bu borada aniq tavsiya beradi: “kusurga”, ya’ni ichiga “qog‘ozlar solinadigan muqova”.
Biz ko‘proq arab yoki forsiy tillaridan olib ishlatadigan so‘zlarning asl turkiychasi devonda mavjud. Quyida bunga bir qator misollar keltiramiz. Uy shiftini devon “tarus” deb taqdim qiladi. “Sizig‘” – “tishlar oralig‘i”, hozir bizda buning aniq atamasi yo‘q. “Bu so‘zni sizig‘dan sizitma – bu sirni tishlaring orasidan chiqarma”, deb misol keltiriladi asarda. Xolaning o‘g‘li ko‘p hududlarimizda “bo‘la”, ba’zi joylarda “jiyan” deyiladi. Aslida, “jiyan” xolaning emas, ammaning o‘g‘li. Demak, devon tavsiyasidan – “chiqan” atamasidan qo‘shimcha foydalanishimiz mumkin.
Ayni paytda, o‘zbek tilining faol so‘zlashuv nutqida “konus” so‘ziga tarjima yo‘q. Devonda “konus shaklidagi narsa” “qirma” deb ataladi. Yana bir o‘rinda ichimlik solinadigan, “konus shaklidagi tagi tor, og‘i keng idish, chog‘ir idishi” “sag‘ir” deyilishi ham aytiladi. “Sag‘ir”ning kelib chiqishi “solg‘ir”dan bo‘lsa, ehtimol. Mana, yomg‘irdan so‘ng chiqadigan “kamalak” uchun ham sof turkiy atama – “yel kokan”.
Devondan kelib chiqqan holda, xazina, turli mollar turadigan joyni – “tavarliq”, gardishni – “chig‘ri”, dasturxonni – “tavsi”, darvozani – “qapg‘a”, pashshani – “qudg‘u” yoki “kumicha”, qarzni – “bargu”, guvohni – “tanuq” va guvohlikni – “tanuqluq”, so‘z va gapga sinonim – “kalachu”, yuk ortish yoki minish mumkin bo‘lgan ulov, avtomobilni – “ko‘luk”, ertalabki ovqat, tamaddi, nonushtani – “tutg‘uch”, majburiy ish, jarimani – “rabyat” (bundagi “rab” o‘zagi rus tilidagi “qul, asir, banda” ma’nosidagi so‘z bilan aloqador emasmikan?), do‘st, o‘rtoqni – “sag‘dich”, ahmoq odamni “munduz”, odamlar orasidagi va’da, ahdni – “bichg‘as”, bir hovlida turuvchi qo‘shnini – “kirdash” (“kiruvchi” ma’nosida), loviyani – “burchaq”, har doim ishlatadigan matohimiz bo‘lmish dastro‘molni – “suvluq”, cho‘ntakni – “kunchuk”, g‘ovur-g‘uvurni – “kochrum” (“Bu – shaharning qishloq ahliga yoqmaydigan jihati”, degan qo‘shimcha izoh ham beriladi devonda), turkcha bilmaydigan kishini – “sumlim”, jimjiloq yonidagi, biz odatda uzuk taqiladigan yoki nomsiz ataydigan barmoqni – “jijamuq” (Koshg‘ariy ham “Buni kam odam biladi”, deb eskartib o‘tadi), bulbulni – “sanduvach”, sa’vani – “sundilach”, bedanani – “budursin”, baqlajonni – “butuga”, guruchni – “tuturqan” deb ishlatishimiz mumkin.
O‘z navbatida, “utug” (dazmol), “tavar” (jonli, jonsiz mol, tovar), “partu” (yaxtak, bir qavatli ustki to‘n, partuq), “kerpich” (g‘isht, Alisher Navoiy bobomizning “Lison ut-tayr” asarida kelgan eng ta’sirchan hikoya – Shayx San’on qissasida bunga zo‘r misol bor: “Kirpichi dard-u balo tufrog‘idin”), “nijdag‘” (qayroqtosh), “qaftan” (to‘n, ustki kiyim) kabi o‘z so‘zimiz bo‘lgan va qadimda tilimizda faol ishlatilgan atamalarni ham begona qilmasligimiz, maqsadga muvofiqdir.
HAR BIR SO‘ZDA BIR TARIX BOR
Har bir so‘z zamirida o‘sha so‘z sohibi bo‘lgan xalqning tarixi, urf-odat va an’analari aks etishi ham haqiqat. Devonda bunga ham misollar talay. Masalan, asarda yozilishicha: “qirg‘iz, yaboqu, qipchoq va boshqalar biror kishiga qasam ichirganda yoki undan biror narsaga va’da olganda, qilichni uning oldiga ko‘ndalang qo‘yib, “Bu ko‘k kirsun, qizil chiqsun”, deydilar. Ya’ni, va’da buzilsa, bu ko‘k kirsin, qizil chiqsin, ya’ni qonga belanib chiqsin. Bu, ahd buzilsa, temir seni o‘ldirsin, o‘ch olsin, demakdir. Chunki ular temirni hurmat qiladilar”.
“Sig‘ir” so‘zi devonda ikki ma’noda keladi. Biri, siz-u biz biladigan sigir. Ikkinchi ma’nosi “shohlarning bir qancha odamlar bilan qiladigan ovi”ga bog‘liq. An’anaga ko‘ra, “shoh bir qancha odamlarni o‘rmon va dashtlardan o‘z tomoniga ov hayvonlarini haydab kelishga yuboradi. Ular hayvonlarni to‘plab kelgach, shoh qiyinchiliksiz, bemalol ov qiladi”.
“Sufra”ning asl ma’nosi musofir uchun qilingan taom bo‘lsa ham, keyinchalik u taom yoziladigan teridan qilingan dasturxonga nisbatan qo‘llangan. Demak, musofir odamga e’tibor ko‘rsatish, uning oldiga atay taom – sufra tayyorlab chiqish avvaldan turkiy xalqlarda udum bo‘lgan. Yana yo‘lga, safarga otlangan tanish va yaqinlarga chiqarib beriladigan ovqat hadyasi ham bor, bu – “tuzg‘u”dir. O‘sha damlarda ma’lum sabab bilan ariq qazishga, to‘g‘on bo‘g‘ishga chiqmaganlardan qishloq oqsoqoli maxsus soliq olgani, bu soliq turining nomi “chatiba” bo‘lganini ham devondan bilib olamiz.
Ko‘pchilikka yaxshi ma’lum bo‘lgan “tegin” nomi aslida qul demakdir. “Alp Erto‘nganing bolalari… otalariga hurmat yuzasidan o‘zlarini kamsitib, “qulingiz falon qildi” deb, “qulingiz” o‘rnida “tegin” so‘zini ishlatar edilar. So‘ng bu so‘z ularga ot bo‘lib qoldi. Boshqa qullardan ajratish uchun bu so‘zning yoniga yana bir narsa qo‘shib ishlatiladi”, deyiladi devonda. Albatta, otaga hurmat azaldan qonimizda bo‘lgan. “Tegit – tegin so‘zining ko‘pligi, – deydi Koshg‘ariy. – (Lekin) Bu shakldagi ko‘plik qoidaga xilofdir”.
Uzoq davrlarda shoshilinch xabarni bir manzilga yetkazish uchun qanchalik zahmat chekilgani, eng muhimi, xabarni yetkazish usullari joriy etilganini ham devondagi birgina so‘z bizga anglatadi: “chufg‘a – shoshilinch choparning yo‘lda oladigan oti, ma’lum manzilga yetganda, uni qoldirib, boshqasini minadi”. Insoniyat qo‘limizdagi oddiy telefonning imkoniyatiga yetib kelguniga qadar qancha asrlar-u mashaqqatlarni bosib o‘tmagan deysiz.
Kitobda keltirilgan yana bir so‘z orqali ilgari erkak kishilar ham orqa sochini o‘stirib yurganini taxmin qilish mumkin. Erkaklarning orqaga osiltirib qo‘ygan sochi “salundi” deb atalgan. Bugun biz ishlatadigan, davlatimizning ramzlaridan bo‘lgan bayroq, tug‘ro so‘zlari ham avval janglarda ishlatilgan atamalardir. “Batraq – uchiga maxsus ipaklik osilgan yog‘ochki, askarning jangda o‘zini ko‘rsatgani belgisi” bo‘lsa, “tug‘ru – qilich, pichoq, xanjar dastalariga taqiladigan popuk”dir.
Xalqimizda ko‘hna zamonlardan buyon jamoatchilik ruhi ustuvor. Hozir ham ko‘plab qishloqlarda aholi yig‘ilib maslahatlashadigan joylar bor, odatda ko‘rinarli tepalik joylarda bo‘lgani uchun bu joylar “Maslahattepa” deb ataladi. Qadimda odamlarning xuddi shunday yig‘ilish joyi “tirnak” deb atalgan.
Bugun chovgon o‘yinini eshitmaganlar ham, eshitgan bo‘lsa-da, qanday o‘ynalishini bilmaydiganlar ko‘p. Eski zamonlarda bu o‘yin ko‘p o‘ynalganidan “tasal” degan so‘z xabar beradi: “Tasal – chovgan o‘yini maydonida chegarani belgilab chizilgan chiziq. Bu talas so‘zining ag‘darilganidir. Arabchada o‘tloq ma’nosida deyilishi ham shundaydir”. Mashhur adib Chingiz Aytmatov tug‘ilgan Qirg‘izistonning Talas vodiysi nomi esingizga tushdimi?
Hozir bu odat bormi-yo‘qmi, bilmayman, bolaligimizda qo‘shnilarnikiga yangi kelin kelar bo‘lsa, kelin mingan ulovning oldiga uzun arqon tortib chiqardik, nomi “baqan tutish” edi. Qachonki, kelinning yangalari bizga shirinlikmi, suvluq – ro‘molchami bersa, baqanni yo‘ldan olardik. Devonga ko‘ra, “baqan” – doira, halqa ekan. “Yerdan kavlab olinadigan metallardan yasalgan halqaga altun baqan – oltin halqa deyiladi”.
Jangda saflarni tuzatuvchi, dam olish vaqtida askar tartib-intizomini saqlovchi boshliq – “chavush”, dushmanning oldingi ayg‘oqchilarini qo‘lga olish uchun kechasi kezuvchi ayg‘oqchi – “tutg‘aq”, amirlarning mol boqadigan ko‘katzor maydoni, qurshalgan har bir narsaga ham – “qorig‘”, eshiklarni aylanib yuruvchi gadoy – “qarachi” deyilgan. “Chalma” so‘zi bugun ham bizga begona emas (hatto uning arxaik so‘zga aylanib ketmagani achinarli), devonga ko‘ra ham, bugun ham bu so‘zning ma’nosi “qo‘y, tuya va boshqa mollar qiyidan kesib olib, qishda yoqish uchun quritiladigan tezak”dir.
Onamning o‘zi tug‘ilgan qishloqqa borar bo‘lsa, “to‘rkunimga borib kelay”, degan gapi bor. Men buni voyaga yetguncha davrda yashagan “to‘rt kunlik yurt” ma’nosida tushunardim. Devonda bu so‘z “turkun” deb berilgan va “qavm, qabila yig‘ini joyi, ota-onaning uyi” degan izoh ham keltirilgan ekan. Yana misol ham aytilibdiki: “Qiz turkuna keldi – qiz otasining uyiga keldi”.
Ajdodlarimiz ovdami, jangdami, albatta, sopqondan unumli foydalangan. Ana endi, sopqonga solib otish uchun “loydan g‘o‘lak qilinib quritilgan, ho‘l holida ham otish mumkin bo‘lgan, yong‘oqdan kichik yumaloq kesak” – “kuvluk”dir. Ichiga uzum yoki mayiz solib tayyorlanadigan sutli ovqatni bilasizmi? O‘tmishda bunday taom bo‘lgan va u “bulduni” atalgan. Yana, “zontik” ham bizga begona bo‘lmagan, bobo-momolarimizning ham yomg‘irdan to‘sadigan, kigiz (devonda “kiziz”)dan tayyorlangan yopinchiqlari bo‘lgan, u “kaduk” deyilgan. Asarda Barsag‘on shahri xalqi “bug‘doy” so‘zini “budg‘oy” tarzida talaffuz qilishlari, birovning u shahar xalqi ekanini shu so‘z bilan sinab bilish odatlari bayon etilgan.
O‘LMAS MAQOLLAR – BOQIY HIKMATLAR
Asli, so‘zlar izohiga mo‘ljallangan devonda ko‘hna maqol va she’rlardan namunalar keltirilgani kitobning qadrini benihoya oshiradi. Bu maqol va she’rlarda o‘sha davr nafasi ufurib turadi. “Maqolda shunday kelgan”, deydi Koshg‘ariy bobo. Mana bu maqollarga e’tibor bering-a, qanday boqiy hikmatlar jo bo‘lgan ularda!
“So‘zning qisqasi uzunidan yaxshiroq”, “Qadam izi birov yurganini bildiradi”, “Tulki o‘z uyasiga qarab irillasa, qo‘tir bo‘ladi”, “Og‘iz yesa, ko‘z uyalar”, “Ho‘kizning oyog‘i bo‘lguncha, buzoqning boshi bo‘lgan yaxshiroq”, “Tirishqoqning labi yog‘liq”, “Idish og‘zi kichik bo‘lsa ham tiqini katta”, “Tog‘ arqon bilan egilmaydi, dengiz qayiq bilan bekilmaydi”, “Suv ichirmasga sut ber”, “Qishning ziyofati olovdir”, “Toshni chaynashga qodir bo‘lmagan kishi uni o‘pishi kerak”, “Ishtoni butun qanday xohlasa, shunday o‘tiradi”, “Kulni puflaguncha, cho‘g‘ni puflagan yaxshi”, “Baliq suvda, ko‘zi tashqarida”, “Xitoy xoqonining ipak gazmoli ko‘p, lekin o‘lchamay kesilmaydi”, “Qirg‘ovul oviga chiqsang, uydagi tovuqni unutma”, “Xalqda fitna ko‘paysa, aql ozayadi va to‘g‘ri yo‘lni topolmay qoladi”, “Shirin so‘z bilan odam shohlar kosasidan suv ichadi”.
Bu maqollar – bugungi tilga evrilganlari. Endi, bugungi tilimizga yaqin bo‘lgan maqollarni devon tilida o‘qib, so‘zning mazasini his qilib ko‘ring: “Taz keligi bo‘rkchiga” (Kalning borar joyi do‘ppifurush do‘konidir), “Ermaguga eshik art bolur” (Yalqovga eshik ostonasi ham dovondek ko‘rinadi), “Ot tesa ag‘iz kuymas” (O‘t degan bilan og‘iz kuymas), “Avchi necha al (hiyla, firib, aldamoq) bilsa, azig‘ ancha yol bilir” (Ovchi qancha ov hiylalarini bilsa, ayiq ham shuncha qochish yo‘llarini biladi)… “Sart azig‘i arig‘ bolsa yolda yer” maqoliga e’tibor qilaylik. Ya’ni, savdogarning oshi halol bo‘lsa, ko‘chada yeydi. “Sart” so‘zi haqida bahslar ham, millatga bog‘langan holatlar ham ko‘p, devonga ko‘ra, u “savdogar”dir.
Maqollarning mag‘zini chaqishda davom etamiz: “Uluq yag‘iri og‘ulqa qalir” (Ot kuragidagi yag‘ir bolalariga meros bo‘lib qoladi. Uluq – otning orqasi), “Ay tolun bolsa, eligin imlamas” (Oy to‘lin bo‘lsa, qo‘l bilan ko‘rsatilmaydi, chunki u har kimga aniq ko‘rinadi), “Emgak ekinda qalmas” (Mehnat bo‘sh ketmaydi), “Qul – yag‘i, it – bo‘ri” (Qul – dushman, fursat topsa, qochish payida bo‘ladi, it ham xonadon uchun bo‘ridir), “Qirq yilqa tegin bay chig‘ay tuzlanur” (Qirq yilgacha boy bilan kambag‘al tenglashadi), “Erdam bashi til” (Adabning boshi tildir. Ha, hamma zamonda shunday!), “Qara buliti yel achar, urunch bila el achar” (Qora bulutni shamol ochadi, hukumat eshigini pora ochadi. Afsuski, bu hikmat ham hamma zamonlarga xosdir).
Navbatdagi maqollar: “Bar – baqir, yoq – altun” (Bor narsa – mis, yo‘q – oltin (qadrli), “Qonaq bashi sazraki yig” (Tariq boshog‘ining siyragi yaxshi. Chunki doni kam bo‘lsa, don to‘la va yirik bo‘ladi. “Qonaq” – “tariq”), “Necha yimik bichak ersa oz sabin yanumas” (Pichoq qancha o‘tkir bo‘lsa ham, o‘z sopini yo‘nmaydi, kesmaydi), “Alp charikda, bilga tirikda” (Botir jangda, dono majlisda sinaladi), “Ot tutunsiz bolmas, yigit yazuqsiz bolmas” (O‘t tutunsiz bo‘lmas, yigit gunohsiz bo‘lmas), “Sabanda sandirish bolsa, ortugunda irtash bolmas” (Yer haydash vaqtida puxtalik bo‘lsa, xirmonda anglashilmovchilik bo‘lmaydi), “Qadash temish qoymaduq, qazin temish qoymish” (Qarindoshlarga og‘a-ini keldi, deyilsa, unga e’tibor berilmadi, qayin ona (ota) keldi, deyilgan edi, darrov unga qaradi. “Qazin” – qayin ma’nosida), “Katan kordi keragu yuzti” (Mehnatni ko‘rib, chodirini orqaladi. “Katan” – mehnat, qiyinchilik), “Xan ishi bolsa, qatun ishi qalir” (Xoqonning ishi bo‘lsa, xotin ishi qoldirilar. “Qatun” – Alp Erto‘nga qizlaridan tarqaganlarning nomi, maqomi), “Qarg‘a qarisin kim bilir, kishi alasin kim tapar” (Qarg‘aning qarisini kim biladi, kishining olasini kim topadi), “Qut balgusi bilig” (Baxt belgisi ilm va aqldir), “Tilin terguga tegir” (Shirin, yoqimli so‘z bilan kishi dasturxonga yetishadi. “Tergu” – dasturxon).
Yoshligidan tanish bo‘lgan yigit martaba topib ko‘tarilsa ham, yoshligida ko‘rib yurgan urug‘-aymoqlari orasida kichik ko‘rinishiga ishlatiladigan zo‘r maqol bor: “Evdagi buzag‘-u okuz bolmas” (Uyda o‘sgan buzoq hech vaqt ho‘kiz bo‘lmaydi). Yo‘l boshlovchilar haqida ikki maqol: “Qalin qulan chifg‘asiz bolmas” (Mollar podasi yo‘lboshchisiz bo‘lmas. “Chufg‘a” – yo‘l boshlovchi, rahbar) va yana bir variant: “Qalin qaz qulavuzsiz bolmas” (G‘oz to‘dalari yo‘lboshchisiz bo‘lmas. “Qulabuz” – yo‘lboshchi). Keyingi maqollar: “Yer basruqi tag‘, buzun basruqi beg” (Yer suyanchig‘i – tog‘, el suyanchig‘i – bek), “At taguzlugi ay bolmas” (Otning peshonasidagi oqligi oyning o‘rnini bosmaydi), “Sundilach ishi ermas ortugun tepmak” (Xirmon yanchmoq sa’vaning ishi emas), “Buldachi buzag‘-u okuz ara balguluk” (Ho‘kiz bo‘ladi deb gumon qilingan buzoq ho‘kizlar orasida yoshligidan ma’lum bo‘ladi).
Faqat ayrimlari hozir ham qo‘llanadigan, aksariyati o‘tmish qatlarida qolib ketayotgan qanday ajoyib maqollar bular!
“SHE’RDA SHUNDAY KELGAN”
Koshg‘ariy hazratlari biror so‘zga she’riy misol keltirar ekan, shunday eskartma beradi. Turkiy xalqlarning eng ko‘hna adabiyotidan bizga namunalar yetkazgani uchun ham muallifdan yana bir bor minnatdor bo‘lishimiz kerak.
Kitobda berilgan she’rlarning barchasi milliy adabiyotimizning ota yo‘li – barmoq vaznida bitilgan. Jumlalar bir qarashda sodda, ammo chuqurroq razm solsangiz, har birining zamirida katta mazmun mujassam ekanini anglab yetasiz. Mana bu satrlarga e’tibor bering:
Bardi eran qonuq qorub qutqa saqar,
Qaldi yavuz uyuq korub evni yiqar.
Ya’ni, “mehmonni davlat va baraka sanaydiganlar o‘lib ketdi, sahrolarda ko‘ringan qoralarni va manzillarni belgilash uchun qo‘yilgan toshlarni ko‘rib, odam deb o‘ylab, u kelib qo‘nib qolmasin, deb chodirini buzuvchilargina qoldi”. Qarang, mehmondo‘stlik azal-azaldan turkiy xalqlarimizning qonida bo‘lgan-da. Bu xislatini yo‘qotganlar o‘sha vaqtlarda ham qattiq malomatga qolgan.
Endi mana bu hikmatli so‘zlarni qarang:
Atsa ajun og‘rab oq,
Tag‘lar bashi kertilur.
Ya’ni, “agar zamon o‘q otsa, tog‘ boshlari ham kertilib ketadi”.
She’rlarning yana bir alohida ahamiyatli jihati – ularda qo‘llangan qofiyalarning nihoyatda to‘qligidir. Mana, masalan:
Tomlig‘ kalib qapsadi,
Qutlug‘ yayig‘ tapsadi,
Qarlab ajun yapsadi,
Et yin ushub armshur.
“Sovuq kelib qopladi. Qutlug‘ yozni haydadi. Qor dunyoni qoplab oldi. Kishining badani uvushib qaltiraydi”.
Aksariyati “a-a-a-b” tarzida, faqat ayrim hollardagina “a-b-a-b” shaklida keladigan har bir she’r qofiyalari e’tiborni tortmay qolmaydi.
QADIMGI ISMLAR
Devonning birinchi jildida erkaklar oti sifatida Buluch, Quluch, Qilichxon, Tutuq, Qumuq, Qaban, Qotan, Baklan, Chug‘lan, Budrach, Qatmish, Qutlug‘, Badruq, Bulg‘aq, Qulbaq, Tutush, Utar, Toqish, Tekish, Qalalduruq singari ismlar keltiriladi. Aksariyati “erlar ismi” degan izoh bilan cheklangan. Ba’zi so‘zlar bilan bog‘liq tarzda kelgan ismlarda ularning ma’nosi aytib o‘tiladi. Masalan: “Sag‘un – qarluq kattalarining laqabi. Turk tabiblarga ata sag‘un deyiladi”; “Bug‘ra – erkak tuya. Bug‘raxon ismi ham shundan olingandir”; “Chag‘ri – lochin. Chag‘ribek deyilgan odam ismi ham shundan”; “Qavshut – el va yurt tinchligi uchun ikki shoh orasidagi kelishuv, kelishish. Odamlarga Qavshut deb ism qo‘yishda ham shu ma’no bor”, “Baktur – erkaklar ismi. Asli, u Bagtur – doim o‘rningda tur, ko‘p yasha demakdir”; “Tog‘ril – yirtqich qushlardan biri. Bu mingta g‘ozni o‘ldirib, bittasinigina yeydi. Bu so‘z erkaklar ismi o‘rnida ham qo‘llanadi” va hokazo. Birinchi jildda ehtimol yagona keltirilgan ayollar ismi Kumushdir, u kumush so‘zining izohida kelgan. Yana bir o‘rinda “meros”, “esdalik” ma’nolaridagi Xumaru so‘z erkak va ayollar ismi sifatida ham ishlatilishi bayon etiladi.
BIZGA QADRDON NOMLAR
Devon nafaqat til tarixidan so‘zlaydi, ayni paytda o‘sha davr jug‘rofiyasi haqida tasavvur uyg‘otuvchi nodir ma’lumotlarni ham taqdim etadi. Bugungi kunda biz uchun qadrdon bo‘lgan joylar ta’rifi aks etgan sahifalar hech birimizni befarq qoldirmaydi, albatta. Masalan, “Toshkent Movarounnahrning eng qadimiy shaharlaridan biridir”, deya xabar beradi Koshg‘ariy. Bugungi poytaxtimiz o‘sha davrlarda ham qadimiy deb e’tirof etilgan ekan.
Yurtimiz gavhari – Farg‘ona haqidagi ta’rifni hayajonsiz o‘qib bo‘lmaydi: “Farg‘ona mevaga boy, tog‘lari ko‘p o‘lkadir. Uning cho‘ziq tog‘larida olma, uzum, pista, bodom va boshqa mevalar, turli xil xushbo‘y o‘simliklar, gullar, rayhonlar ko‘pdir. Xushhavo, sermevalikda tengi yo‘qdir. U juda keng, serqishloqdir. Bunday serqishloq o‘lka Movarounnahrda yo‘qdir. Odam ko‘pligidan, ekin va chorvaning mo‘lligidan qishloqlar kengayib, kattalashib ketgandir. Qishloqlarga borish uchun bir qo‘nib borish shartdir. U yerda yetishgan olimlar ko‘pdir. So‘nggi vaqtlarda Damashqda turib qolgan zo‘r olim, dongdor ustod Hojib binni Molik binni Erkin farg‘onalik olimlarning biridir (Mu’jamu-l-buldon. 6-jild. B.364)”. Afsuski, Koshg‘ariy e’tirof etayotgan farg‘onalik olim Hojib binni Molik binni Erkinni – mana shunday “zo‘r olim, dongdor ustod”ni bugun bilmaymiz, balki kam odam bilar, qaydam?
Albatta, qadim tariximizdan so‘ylovchi bu nodir asarni Samarqand ta’rifisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Devon ilovasida shunday deyiladi: “Samarqand shahri eng eski va eng obod shahar sifatida juda mashhurdir. U eng qadimgi arab manbalarida, fors tarixlarida keng izohlab berilgan. Batlimus va boshqa jug‘rofiya olimlari bu shaharning jug‘rofiy mavqeyini va uning xushhavoligi, ko‘rkam manzaralarga boyligi, sermevalik xususiyatlarini mukammal izohlagan edilar”. Mahmud Koshg‘ariy ma’lumotiga ko‘ra, “Samarqand eng eski shahardir. VII asrlardayoq bu shaharda xalq gavjum edi. Har xil kasb ahllari bor edi. X asrlarda sug‘doqlar Balasog‘unga shu yerdan ko‘chib bordilar. Uning asl nomi Samizkand – Katta shahar demakdir”. Mahmud Koshg‘ariyning alohida uqtirishicha, “bu shaharning turkiy xalqlar tomonidan bino qilinganiga, bu haqdagi boshqa xil qarashlar xato ekaniga shu nomning o‘zi dalildir”.
“Kand – o‘g‘uzlar va ular bilan yaqin turuvchilar tilida qishloq. Ko‘pchilik turklar nazdida shahardir. Shuning uchun Farg‘onani O‘zkand – “o‘z shahrimiz” deydilar. Samarqandni kattaligi uchun Samizkand – “semiz shahar” deydilar. Buni forslar Samarqand tarzida qo‘llaydilar”, deya eslatadi buyuk Koshg‘ariy.
“O‘G‘IL, MENDAN O‘GIT OL, FAZILAT TILA”
Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asari “zamonning eng sog‘lari kasal va eng burrolari soqov bo‘lgan” har vaqtda, jumladan, bugungi global zamonda ham barchamiz uchun juda dolzarbdir. Ayniqsa, hozir Yaratgan o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik “quyoshini turklar burjiga ko‘targan” bir vaqtda, turkiy xalqlar o‘zining qadim ildizlarini eslab, Koshg‘ariy ta’biricha, qadashlik aloqalarini tobora mustahkamlab borar ekan, bu bebaho asarga hamisha yuksak ehtiyoj sezamiz. Bir vaqtlar Koshg‘ariy: “Ot turkning qanotidir”, deb yozgan bo‘lsa, bugun turkiylarning qanoti – so‘zdir.
Shu bois, Koshg‘ariy bobo har qachonki: “O‘g‘il, mendan o‘git ol, fazilat tila”, deya chorlar ekan, tezda “falak qutb yulduzi atrofida aylanish qoidasi kabi” bu tabarruk kitobni qo‘lga olib o‘qish va uqish – “har bir aqlli kishiga loyiq va munosibdir”.
Ikrom ISKANDAR
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-dekabrdagi 50-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



