05.09.2024 | 10:15
392
OZAR QARDOSHLAR QUTLOVI
Professor Hamidulla Boltaboyevning 70 yoshi munosabati bilan
Badirxon AHMADLI,
filologiya fanlari doktori, professor
Agar o‘tmishdan ko‘r-ko‘rona voz kechib, ertangi kunga faqat bugunning nazari bilan qaralsa, uzoqqa borish dargumon. Umumturk kontekstida fikr yuritish va kelajakni shu yo‘nalishda qurish bizni dunyo xalqlari orasida yetakchi o‘ringa olib chiqishi mumkin. Bu ma’noda turk xalqlarining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va adabiy integratsiyalashuvi muhimdir. O‘z-o‘zidan ikkinchi masala o‘rtaga chiqadi: bir asr avval o‘rtaga qilich qo‘yib, ajratilgan turkiy xalqlarning birligini tiklash uchun olimlarning aniq yo‘l xaritasi bormi?! Turkiy ziyolilar imkon qadar keng fikr yuritmog‘i, tor, mahalliy qobiqlardan chiqmog‘i, o‘tmishda g‘oya sifatida ilgari surilgan, bugungi kunda dolzarbligi bilan oldimizda turgan “Tilda, fikrda, ishda birlik” formulasini hayotga tatbiq etmoqlari kerak. Shundagina kerakli ijtimoiy-siyosiy natijaga erishish mumkin.
O‘z vaqtida H.Zardabi, I.Gʻasprali, A.Huseynzoda, A.Ag‘ao‘g‘li, Z.Go‘yalp kabi olimlar tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan turk birligi bugun ham yangi qiyofalar bilan davom ettirilishi lozim. Bugungi kunda bunday g‘oyalarga ega odamlar kam va ular yangi turk integratsiyasida muhim ahamiyatga ega. Ana shunday kamyob olimlardan biri O‘zbekiston Milliy universiteti professori Hamidulla Boltaboyevdir. Jonkuyar jadidchi og‘amiz shu kunlarda yetmish yoshni qoralab boryapti. Yaqinda O‘zbekistonga tashrifim chog‘ida professor Hamidulla Boltaboyev turkiy xalqlar integratsiyasiga oid aniq konsepsiyaga ega ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Bu konsepsiya XX asr boshida turk ziyolilari tomonidan ilgari surilgan yo‘l xaritasiga katta hissa bo‘lib qo‘shilishiga ishonaman. Nafaqat konsepsiya sifatida, balki amaliy qadamlar qo‘yish orqali ham bu ish oldinga siljishi mumkin. Bugun O‘zbekistonda boshlangan yangi jadidlik harakatida uning o‘rni kam emas. 2021-yili ustozning Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida magistr va doktorantlar uchun “O‘zbek adabiyoti va adabiyot nazariyasi” mavzusida o‘tkazgan mahorat darsi o‘zbek-ozarbayjon filologiya fanini yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Domla boshqa turk xalqlari, jumladan, Turkiya bilan ilmiy integratsiyalashuv yo‘lida anjumanlar, mahorat saboqlari tashkil etishni eng yaxshi vosita deb bilayotir. O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan anjumanlar mavzulari mushtarak turkiy fikrni ifodalagani bois ishtirokchilar ham turkiy xalqlarni imkon qadar ko‘proq qamrab olmoqda. Olim faoliyatining ilk yo‘nalishi nazariy xarakterga ega va bu omil uning butun ijodini qamrab olgan. Ilk tadqiqotida u zamonaviy o‘zbek nasridagi uslub murojaatlarining nazariy ko‘rinishini taqdim etib, o‘zbek nasrini uslubiy jihatdan tahlil qiladi. 80-yillarda badiiy nasrni uslub jihatidan o‘rganish katta yangilik edi. Bu kabi izlanishlar Turkiya adabiyotida A.Hamdi Tanpinar, M.Kaya Bilgegil, Mehmet Kaplan, Berna Moran, Sharif Aktash kabi tadqiqotchilarning izlanishlarida alohida o‘rin tutgan. Bizda esa 80-yillarda bunday tadqiqotlar yo o‘tkazilmagan, yoki kam e’tibor qaratilgan. Bu borada qahramonimiz 70-yillarda o‘zbek nosirlari qalamiga mansub asarlarning uslubiy xususiyatlari va uning o‘quvchiga ta’sir etish mexanizmlarini tushuntirib berdi. Yangi uslublar haqida to‘xtalish esa sotsialistik realizmning mavjud usulidan voz kechishni anglatardi. O‘zbek nasrida ro‘y bergan ushbu adabiy voqea kelajakdagi yo‘nalishlarni belgilab berdi. Rus tanqidchilarining uslubga yo‘naltirilgan tadqiqotlariga o‘rin bergan tadqiqotchi milliy uslub atamasini va unga alohida ahamiyat berishni taklif qildi. “Milliy uslub” tushunchasiga o‘sha paytda yetarlicha ahamiyat berilmagani uni xavotirga soldi: “Sovet adabiyoti dunyosida har bir adabiyotning o‘ziga xosligi va mavjud uslub xususiyatlarini aniqlash, uni adekvat tarzda o‘rganishda kamchilik va nuqsonlar mavjuddir”. 20-30, 40-50-yillardan farqli o‘laroq badiiy uslub boshqa yo‘ldan ketishi kerakligini targ‘ib qildi. Tadqiqotchi bugungi adabiyotda o‘ziga xos nasriy uslub shakllanmoqda, degan fikrda edi. U metod iskanjasida qolgan uslubni qat’iyan qabul qilmay, sotsialistik realizm usuli o‘z uslublarini shakllantirishga imkon berishini oldindan bildi. Sotsialistik realizm istilohining kelib chiqishi, paydo bo‘lishi va rivojlanish yo‘nalishlariga e’tibor qaratgan Hamidulla Boltaboyev bu usulni qo‘llashdan ko‘plab ulug‘ adiblar jabr ko‘rgan, ba’zi yozuvchilar esa undan foydalanganlar, degan xulosani himoya qildi: “Sotsialist realizm deyilmish zanjir, XX asr o‘zbek nasrining tamal toshini qo‘ygan Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi buyuk adiblarni o‘z iskanjasiga oladi. Adabiyotimiz ulardan mahrum bo‘lgani kabi, 1930-1950-yillarning so‘nggida asar yaratgan eng yetakchi adiblarning ham ijod namunalarini-da oyog‘iga tushov bo‘ladi”. Ozarbayjon adabiyotida ham ayni jarayonlar kechganini inobatga olsak, tadqiqotchining 80-yillarning avvalida qilgan bu dadil xulosasini qadrlamaslik mumkin emas. O‘zbek adiblaridan Shukur Xolmirzayevning “So‘nggi bekat” romani haqida so‘z yuritgan tadqiqotchi yozuvchi uslubidagi go‘zalliklarni barcha tafsilotlari bilan ro‘y-rost ko‘rsatadi. Uslubni shakllantirishda yozuvchi tilining, xarakterining, tasvir xilma-xilligining ahamiyatiga urg‘u qaratganda, u tamomila haq edi. Hamidulla Boltaboyev tadqiqotlarining katta qismi XX asr avvalida sodir bo‘lgan umumturkiy jarayonlarga, bu jarayonlarda o‘zbek jadidlarining hayoti va ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan. O‘zbek adabiy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy tafakkurida vujudga kelgan jadidlik bir jarayon bo‘lib, harakat demakdir, bu novatorlar, ma’rifatparvarlar, yangilikshunoslar desa-da, bo‘lar (bularning barchasining zamiri aslida birlashishdir), ammo ularning eng yaxshisi o‘zbek tilida ifodalangan jadidlik, jadidizm termini bo‘lib, ulardan foydalanish yanada to‘g‘ridir. Shuningdek, tatar, boshqird, Turkiya turkchasida ham bu istilohdan foydalaniladi. Professor Hamidulla Boltaboyev bu borada jadidlarning ilmiy-adabiy merosiga katta ahamiyat berdi va shu tariqa turkiy dunyoning mavjudligini saqlab qolishga harakat qildi. Chunki turk dunyosi yangilanishdan, ta’limga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgandan so‘ng ozodlik hamda mustaqillik izlay boshladi. Ular hamisha oldinga qarab boqdi hamda umid quyoshining o‘zbek turkiylarining-da yuzida barq urajagiga ishondi, xalqni-da bunga ishontirdi. Jadidlarning esa eng atoqli namoyandalaridan biri jadid, maorifchi, shoir, davlat arbobi Abdurauf Fitrat (1886–1938) edi. Uning adabiy merosi sovet davrida nashrdan va tadqiqotdan chetda qolgani bois, Hamidulla Boltaboyevning ilk ishi uning asarlarini to‘plab, nashr ettirishdan iborat bo‘ldi. 1956-yili Fitratga nisbatan jinoiy ayblovlar olib tashlanganiga qaramay, uning asarlari haligacha oqlanmagani tadqiqotchini juda bezovta qildi. Undan “xalq dushmani” tamg‘asi olib tashlangan bo‘lsa-da, ijodi hali o‘zining munosib bahosini olmagan edi. Uning izlanishlari orqali Fitrat istiqlol g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi shoir, jadid, mutafakkir sifatida tanildi. 1990-yili “Yoshlik” jurnalida bu borada ilk marta “Noma’lum Fitrat” maqolasi bilan chiqish qildi. Shundan keyin Fitratning hayoti va ijodini qizg‘in tadqiq qilgan tadqiqotchi ilmiy jamoatchilik e’tiborini ham jadidlarga qaratdi. Bu tadqiqotlardan ma’lum bo‘ldiki, Fitrat XX asrning boshlarida Istanbulga ketib, u yerda she’r yoza boshlaydi. Olimning asarlari Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston va boshqa turkiy davlatlarning ilmiy nashrlarida chop etilgan. Jumladan, Ozarbayjon va Turkiyada olimni yaxshi tanishadi. Turkiyada “Nasr va uslub” (1992) va “Fitrat va jadidlik” (2019) asarlari nashr etilishi uning ilmiy tafakkuri O‘zbekiston sarhadlaridan-da oshganiga dalolatdir. Ushbu asarlar Turkiyaning ilmiy jamoatchiligi tomonidan o‘qilib, havolalar qilinadi. Aslida bizning Hamidulla Boltaboyev ijodiga nazar tashlashimizga shu ikki fundamental asar sababchi. Rossiya ilmiy nashrlarida ham uni yaxshi bilishadi va maqolalarini chop etishadi. “Sharq o‘rta asrlarida Markaziy Osiyo mutafakkirlarining estetik merosi” maqolasi “Академические тетради” kabi nufuzli jurnalda nashr etilgan. Hamidulla Boltaboyev bir qancha nufuzli ilm markazlarining a’zosi o‘laroq o‘z maslahatini berib kelayotir. Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti tomonidan u xorijlik “Yil olimi” nomiga loyiq ko‘rilgan. Rossiya Estetika va liberal san’atlar akademiyasining a’zosi hamdir. Professor Hamidulla Boltaboyevning qarshisida bugun juda katta vazifa turibdi: ya’ni o‘zbek xalqining yanada ma’rifatli bo‘lishiga, turkiy xalqlarning yanada yaqinlashishiga hissa qo‘shish. Buning uchun aniq bir konsepsiyaga ega bo‘lish talab etiladi. Uning ilmiy eruditsiyasi, ilmiy tajribasi, turkiy xalqlarning o‘tmishini bilgan turkiy shaxs sifatida bu tushunchani hayotga tatbiq etishga salohiyati yetarli. Bu missiya allaqachon boshlangan: O‘zbekistonda boshlangan zamonaviy jadidlik harakati yetakchilaridan, o‘zbek adabiyotshunosligining darg‘alaridan biri hisoblangan professor Hamidulla Boltaboyev umrining yetmishida turkiylik harakatiga o‘z hissasini munosib qo‘shmoqda. Biz-da bu yo‘lda unga zafarlar tilaymiz.
Bokuda nashr qilingan
“525-ci qazet”ning 2024-yil 7-iyun sonidan
Davronbek ORIPOV tarjimasi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



