05.09.2024 | 12:57
1564
XALQ DARDINI KUYLAGAN AVAZ
Avaz O‘tar asarlarida jadidlik g‘oyalari aks etgan va u doimiy ravishda Xorazm jadidlarini qo‘llab-quvvatlagan. Shoir 1884-yilda Xivada tug‘ilgan. Avazning otasi Polvonniyoz Gadoniyoz o‘g‘lining ajdodlari, xususan, otasi xon saroyida O‘tar lavozimida faoliyat ko‘rsatgan va o‘z davrining mashhur ijodkorlaridan Ogahiy, Komil Xorazmiy, Bayoniylar bilan do‘st tutingan. Shu bois Avazda ham bolaligidan ilmga, adabiyotga havas ruhi erta uyg‘onadi…
Til, hurriyat haqidagi asarlari bilan adabiyotda o‘ziga xos o‘rin egallagan Avaz sulola nomidagi O‘tar so‘zini o‘ziga taxallus qilib tanlagan. Tarixdan ma’lumki, O‘tar Xiva xonlarining xos sartaroshi bo‘lib, hukmdor va shahzodalarning soch-soqolini olgan, o‘g‘il bolalarni sunnat qilgan hamda shu faoliyati uchun xazinadan maosh olgan.
Avaz, dastlab, Xivadagi eski maktabda, keyin esa Madaminxon madrasasida tahsil oladi. Otasi va uning ijodkor do‘stlari ta’sirida Avaz madrasada o‘qib yurgan davridayoq Sharq adabiyoti mumtoz vakillaridan Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Alisher Navoiyning ijodiga ixlos qo‘yib, ular bilan yaqindan tanishdi va she’rlar yoza boshladi. XX asr boshlariga kelib Avaz O‘tar xalq o‘rtasida tanilgan, she’rlari sozanda va xonandalar tomonidan kuyga solinib qo‘shiq bo‘la boshlagan edi.
Shoirning ustozlari Bayoniy, Tabibiy, zamondoshi Jumaniyoz Xivaqiy, do‘sti Hasanmurod Qori-Laffasiy va boshqalar uning iste’dodiga yuksak baho berishgan. Natijada Avaz O‘tar haqida bu xildagi ta’riflar Xiva xoni Muhammad Rahim soniy – Feruzxonga ham yetib boradi. Xon Avazni saroyga chaqirtirib, Tabibiyga shogird qilib topshiradi. Tabibiy juda ko‘p ilm ahliga g‘amxo‘rlik qilganidek, Avazga ham axloq va she’riyat bobida ko‘p narsa o‘rgatadi. Shuning uchun shoir turli davrlarda yozilgan she’rlarida Tabibiyni o‘ziga ustoz bilib, zo‘r hurmat bilan tilga oladi.
Ne g‘am emdi, Avaz, nazm ilmida bo‘lsang Tabibiydek,
Ki derlar, ko‘rgan el nazmingni ustodishta sallamno.
Afsuski, Avaz kamolotga yetgan bir paytda sil kasaliga chalinadi va davolanish uchun Kavkazga (1905–1906) boradi. U Kavkazga borayotib Bokuda biroz muddat bo‘ladi. Bokuda shoir Ozarbayjon jadid maktablari bilan tanishadi. Xususan, Tohirzoda Sobir singari shoirlar bilan uchrashib, do‘stlashadi. Ular bilan keyin ham ijodiy aloqada bo‘ladi. Sulton Majid Gʻanizoda tomonidan tashkil etilgan maktablar faoliyatini o‘rganadi. Safarali Valibeyov (1861–1902)ning “Vatan tili”, “Usuli jadid”, “Lisoniy forsiy” nomli asarlari va “Xazinayi axbor” nomli ikki jildlik qomusiy lug‘atini, shuningdek, Rossiya, Kavkaz va Qrimda nashr etiladigan gazeta-jurnallarni ham Xorazmga olib keladi.
Kavkaz safari Avaz O‘tar ijodida alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. U safar davomida Kavkaz xalqlari hayoti, madaniyati, adabiyoti bilan yaqindan tanishdi. Ozarbayjon xalqining ilm-fan, madaniyat yangiliklari bilan qiziqdi. U Xorazmdalik paytida ham rus, ozarbayjon, tatar tillarida chiqadigan gazetalarni muntazam ravishda kuzatib borgan. Toshkent, Farg‘ona va Samarqandda chop etilgan matbuot nashrlarida yozgan g‘azallaridan ba’zilarini chop ettiradi. Farzandini bosh vazir Islomxo‘ja tomonidan tashkil etilgan Xivadagi jadid maktabiga o‘qishga beradi.
Shoir ijodi juda ham rang-barang bo‘lib, qamrovi nihoyatda keng edi. U g‘azal, muxammas, mustazod, musamman, murabba’, mulamma’, tarje’band, soqiynoma, ruboiy, qit’a, fard kabi mumtoz adabiyot janrlarida ijod qildi. Avaz O‘tar 1919-yili 35 yoshda vafot etgan bo‘lsa-da, undan boy ijodiy meros qoldi. U hayotlik vaqtidayoq she’rlarini to‘plab devon tartib qildi va ularni “Saodat ul-iqbol” (“Baxtli iqbol”) deb nomladi. Shoir tuzgan devonlarini 1908-yilda xattot mulla Boltaniyoz Qurbonniyoz o‘g‘liga berib ko‘chirtirgan. Shoirning bu devonlari O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Uning g‘azallari Xivada litografiya usulida ham o‘zi hayot vaqtidayoq chop etilgan edi. Avaz O‘tar ijodidan namunalar Xorazmda ko‘chirilgan turli xil bayoz va tazkiralardan ham munosib o‘rin oldi. Shoirning asarlari “Oyina”, “Vaqt”, “Mullo Nasriddin” kabi o‘z davridagi vaqtli matbuot sahifalarida chop etilgan. Avaz O‘tarning Fuzuliy, Munis, Ogahiy, Komil, Feruz va boshqa shoirlarning g‘azallariga bog‘langan taxmislari ham mavjud.
Shoir Ozarbayjon adabiyotining buyuk siymosi Muhammad Fuzuliyning hur muhabbat va shaxs erkinligi masalasiga bag‘ishlangan “Yozmishlar” radifli g‘azaliga go‘zal muxammas bog‘laydi. Muxammasda shoir insonlarning baxtli bo‘lishi ijtimoiy tuzum bilan ham mustahkam bog‘liq degan xulosaga keladi.
Avaz O‘tarning hajviy asarlarida esa mustamlakachi va mahalliy amaldorlar, boylik orttirish yo‘lida aldamchilik, riyokorlik qiluvchi boylar, sudxo‘rlar va shularga o‘xshash razil shaxslarning qilmishlari fosh etilib, hajv qilingan.
Shoir ijtimoiy ruhdagi she’rlarida o‘zining ozodlik, baxtli hayot haqidagi qarashlarini bayon qilgan. “Hurriyat”, “Sipohiylarga”, “Xalq”, “Topar ekan qachon?” “Fidoyi xalqim”, “Ulamolarga” kabi qator asarlarida Avaz O‘tarning yorqin kelajak xususidagi fikrlari o‘z aksini topgan.
Avaz O‘tar ijtimoiy she’riyati zamirida zulm va zo‘ravonlik hisobiga to‘plangan boyliklarga nafrat, ikki tomonlama zulm ostida qolgan mehnatkash xalq hayotiga achinish tuyg‘usi yotadi. Shoir o‘sha jamiyatda yashab turgan kishilar o‘rtasidagi tafovutlarni, qarama-qarshiliklarni ro‘y-rost ochib tashlaydi.
Tarixdan ma’lumki, Rossiya imperiyasining birinchi jahon urushiga qo‘shilishi, mustamlaka xonlikdagi vaziyatni og‘ir ahvolga keltirdi. Natijada mehnatkash xalq ahvoli battar og‘irlashdi, soliqlarning ko‘pligidan xalqning tinkasi quridi. Avaz O‘tar qiyin ahvolga tushib qolgan xalq hayotini ko‘rib qattiq achinadi:
Yo‘q jahon mulkida bizdek ojiz-u bechora xalq,
Zulm tig‘i birla bo‘lg‘an bag‘ri yuz ming pora xalq…
Ey, Avaz, bo‘lmas, shuningdek, barho ovora xalq.
Avaz O‘tar og‘ir kasal bo‘lgani bois shu davrdagi jadidlarning siyosiy kurashlariga qo‘shilmagan. Biroq u ma’nan jadidlarni qo‘llab-quvvatlab, “Maktab”, “Til”, “Xalq” nomli she’rlar yozgan. Ayniqsa, 1917-yil aprelda Bobooxun Salimov, Husayinbek Matmurodovning “Idorayi marshrutiya” – parlament tuzishini erkinlik yo‘lidagi qadamlardan, deb bildi va “Hurriyat” nomli she’r yaratdi.
Siyosat mahv bo‘ldi, yashasun olamda hurriyat,
Bori el ittifoq ila jahonni aylasun jannat…
Xiva shahrida ma’rifatparvar, jadidlik g‘oyalarini kuylagan Avaz O‘tarning uy-muzeyi tashkil etilgan va haykali, byusti o‘rnatilgan. U haqda Erkin Samandarning “Erk sadosi” dostoni, Ahmad Bobojonning “Gʻazal fojiasi” dramasi, Sa’dulla Siyoyevning “Avaz” nomli romani yaratilgan. N.Qobulov, V.Mo‘minova, Ibrohim Haqqul tomonidan “Avaz va uning adabiy muhiti” nomli monografiya, Nurmuhammad Qobulovning ikki jildlik “Xorazm adabiy muhiti” to‘plamida ham Avaz O‘tarning hayoti va ijodi yoritib o‘tilgan. Ma’rifatparvar shoir hayoti va ijodi bo‘yicha filologiya, pedagogika yo‘nalishlarida bir nechta dissertatsiyalar himoya qilingan. Biroq tarix fanida hali Avaz O‘tarning hayoti, faoliyati to‘liq tadqiq qilinmagan.
Umid BEKMUHAMMAD,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



