Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.09.2024 | 18:51

img1804

TARIXNING VAZIFASI NIMA?

Men taniqli adib Muhammad Alining “Jadid” gazetasining shu yil 9-avgust kungi sonida e’lon qilingan “Tariximizni teran bilaylik” sarlavhali maqolasini o‘qib, ancha o‘ylanib qoldim. Chindan ham, biz tariximizni yaxshi bilamizmi, undan zarur saboq olamizmi?
Avval maktab, so‘ng institutda ta’lim olgan chog‘larimni esladim. Arifmetika, ona tili, geografiya darslari qatori tarix fani va shunga yarasha darslik ham bo‘lar edi. Maktabda, institutda va undan keyin ham bir xil tarix. Umumiy tushunchalar. Bosqichma-bosqich, formatsiyalar – ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va sotsializm… Butun jahon tarixi shunday. Turgan-bitgani qolip. Bu – insoniyat tarixiga kommunistik nuqtai nazardan qarash mahsuli edi. O‘zbeklar tarixi ham shunday, birgina farqi – biz kapitalizmni ko‘rmay, feodalizmdan to‘g‘ri sotsializmga sakrab o‘tganmiz. Bu hodisa xalqimizning buyuk g‘alabasi, g‘ururlanishga arzirlik yutuq sifatida taqdim qilinar edi. Chunki kapitalizm – “yomon”, “o‘ta yomon”, “chirib borayotgan” jamiyat.


Sotsializm esa insoniyat rivojining cho‘qqisi bo‘lgan saodatli, farovon jamiyat sifatida talqin etilardi. Go‘yoki biz ana shu cho‘qqida edik. Faqat odamlar hayron edi, haqiqatan shundaymi? Balki jar yoqasidagi qoyada turgandirmiz, degan ichki shubha ham yo‘q emas edi. Buni ilg‘aganlarning ko‘pchiligi qatag‘on qilindi, surgun etildi.
Ikkinchi bir tushuncha bu – “xalq tarixning yaratuvchisidir” degan ertak. Isyonlar, jang­lar, inqiloblar, qirg‘inbarot kurashlar… Tarix shulardangina iborat. Insonlar, shaxslar va qahramonliklarning tarixi yo‘q edi. Faqat bir istisno: birgina millat bahodirlari va bolsheviklarning qahramonliklari tilga olinar va ular abadiylash­tirilgan edi.
Bizda, o‘zbeklarning tarixida alplar, qahramonlar yo‘q: Alp Er To‘nga, To‘maris, Spitamen, Mahmud Torobiy, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Madaminbek, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Munavvar qori, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromovlar faoliyati millat tarixiga kiritilmadi. Buni bizga ravo ko‘rishmadi.
Yana bizga “savodsiz”, “qoloq”, “davlat­chiligi yo‘q”, “o‘zini o‘zi eplolmaydigan ibtidoiy, tuzem xalq” degan yorliqlarni yopishti­rishdi. Hatto, o‘tgan asrning 70–80-yillarida o‘zimizda kamol topgan akademiklardan biri “Bu xalq qachonlardir ajdodlari yaratgan yuksak madaniyatga loyiq emas” degan safsatani duch kelgan joyda, hech ikkilanmay aytib yurdi. Millatimizni yerga urish shunchalik ham bo‘ladimi? Chunki bizning tariximiz hukmron mafkura nuqtai nazari­dan yozilgan edi-da. Bu mustamlakachilik siyosatining in’ikosi edi. U millatimizning ongi, shuuriga singdirib yuborildi. Oqibatda biz na haqqoniy tariximizni va na qahramonlarimizni bildik.
Yuz yildan ko‘proq vaqt davomida aksa­riyat kitoblarda soxta tarix yozildi. Esimda, 1994-1995-yillar edi, respublika Oliy Attes­tatsiya komissiyasining rahbari tarix sohasi bo‘yicha “fan nomzodi”, “fan doktori” ilmiy darajasi uchun yozilgan dissertatsiyalarning naq 97 foizi Chor Rossiyasi va sovetlar davri tarixi­ga bag‘ishlanganini afsus bilan qayd etgan edi. Ming yilliklar tarixi xalq xotirasidan uzoq­lashtirildi, o‘rniga so‘nggi 130 yillik soxta tarix singdirildi. Shu bois ko‘pchilik yurtdoshlarimiz tarix ilmidan ancha bexabar bo‘lib qoldi.
Xo‘sh, bugun shu soxta tarixdan saboq olib bo‘ladimi? Yo‘q, albatta.

Ochig‘i, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muham­mad Alining dard bilan yozgan “Tariximizni teran bilaylik” maqolasini katta hayajon bilan o‘qidim. Maqolada tilga olingan fikrlar qalbimni larzaga soldi.
Miloddan avvalgi II va milodiy III asrlarda dunyoga dovruq solgan Kushonlar saltanati bunyodkorlarini negadir o‘zimizning tarixchilar ham eroniy xalqlarga mansub, deb hukm chiqarishdi. Vaholanki, ular o‘zlarini turkiy hukmdorlar an’anasiga ko‘ra “yabg‘u”lar deb atashar edi.
Muhammad Alining yaxlit tariximizni temu­riy­lar, shayboniylar, ashtarxoniylar davri sifatida bo‘lib-bo‘lib o‘rganish shonli o‘tmishimizni, millatimizni kamsitishdan o‘zga narsa emas, degan fikriga to‘liq qo‘shilaman. Mening naza­rimda, yuqoridagi sulolalarning barchasi, qolaversa, miloddan avvalgi II ming yilliklar so‘ngida shakl­langan shahar-davlatlar, Avesto zamonida yuzaga kelgan Xvarayzem, Baxdi, Sug‘ud kabi davlatlardan tortib, to hozirgi davrdagi Yangi O‘zbekiston davlati ham o‘zbek davlatchiligi an’analarining yaxlit solnomasi hisob­lanadi. Yurtimiz hududida eng qadimgi davrlardan to hozirgacha ro‘y bergan voqea-hodisa­lar xalqimizning yagona tarixini tashkil qiladi.

Muhtaram adibimiz o‘z maqolasida tarixi­mizga, tilimizga munosabat bilan bog‘liq eng og‘riqli savolni o‘rtaga tashlagan. “Chig‘atoy” atamasi bilan bog‘liq holat – millat g‘ururiga tegishli masala. Ma’lumki, Chig‘atoy Chingiz­xon­ning ikkinchi o‘g‘li edi. Chingizxon 1219-yili Turon­zaminga bostirib kirganida Sulton Alouddin Muhammad Xorazmshoh boshqargan Xorazm saltanati Sharqdagi eng yirik, qudratli, rivojlangan davlatlaridan biri hisoblanar edi.
Ajdodlarimiz mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi ayovsiz jang qildi, mislsiz qahramonliklar ko‘rsatdi, lekin taqdir taqozosi bilan yovning qo‘li baland keldi. 1227-yili Chingizxon vafot etdi. Lekin u o‘limidan oldin mo‘g‘ullar an’anasiga ko‘ra, cheksiz poyonsiz saltanatini to‘rt o‘g‘li – Jo‘ji, Chig‘atoy, O‘qtoy va Tuluyga taqsimlab berdi. Chig‘atoyga Sharqiy Turkis­ton, Yettisuv, Movarounnahr, janubiy-sharqiy Xorazm va Amudaryoga tutash hududlar in’om etildi. Biz, o‘zbeklar uchun Chig‘atoy yurtimizni g‘orat qilgan, xarobaga aylantirgan, ajdodlari­mizni ayovsiz qirgan bosqinchidir.
Muhammad Ali Toshkent shahrining kindigida joylashgan Chig‘atoy nomidagi mahalla va tashkilotlarni tilga olib, shunday yozadi: “… nima uchun Chig‘atoyxon vafotidan buyon salkam sakkiz yuz yil vaqt o‘tsa ham uning nomi hali-hanuz O‘zbekiston toponimikasida mavjud? Joylar uning nomi bilan atalgan, uning nomidagi mahallalarda yashaymiz?..
O‘ylab ko‘raylik: Chig‘atoyga tariximizdagi qaysi xizmatlari uchun shundoq e’zoz-u hurmat ko‘rsatilishi kerak? Chingizxonning o‘g‘li ekani uchunmi?”
Bu savol xaqli ravishda tuman, shahar hokim­liklari va toponimik komissiya a’zola­riga qaratilishi lozim. Vaholanki, ushbu nom­lar­ning huquqiy tus olishi yaqin-yaqinda, musta­qilligimizning ilk yillarida yuz bergan.
Esimda bor, men o‘sha yillari Samarqand shahar toponomik komissiyasiga a’zo edim. Jarayonlar qizg‘in o‘tardi. Tarixiy nomlarning qayt­ganidan g‘ururlanar edik, baxtiyor bo‘lardik. Axir o‘shanda yuzlab, minglab begona nom va atamalardan xalos bo‘lgan edik-da.
Bundan-da achinarlisi, turkiy til, turkiy adabiyot Chig‘atoy tili va adabiyoti deb e’lon qilinishi bo‘ldi. Buni sovet olimlari, tarixchi va adabiyotchilari amalga oshirdi. Muhammad Ali bu jarayonni chuqur tahlil qilib berdi. Yurtimiz, xalqimiz, uning adabiyoti va tili “chig‘atoy” termini bilan atalishi bu – ­o‘zbek millatiga nisbatan bepisandlik, uni badnom qilishdan o‘zga narsa emas.
Hozir respublikamiz bo‘yicha toponomik komissiyalar ishini jonlantirib, qonun doi­rasi­dagi talab va takliflarni amaliyotga tatbiq qilish, milliy g‘ururimizni ko‘taradigan, tarbiyalaydigan haqqoniy tariximizni yaratishga jiddiy e’tibor qa­ratish zarur.
Bu borada shuni aytmoqchimanki, aql va mehnat ko‘magida har qanday jozibali yangi g‘oya, dasturni yaratish mumkin, lekin uni amaliyotga, hayotga tatbiq qilish o‘ta og‘ir, mashaqqatli ishdir. Buning uchun kuchli iroda va jur’at talab qilinadi.

Xo‘sh, tarix nima uchun kerak?
Nikkola Makiyevelli bundan olti yuz yil muqaddam o‘zining “Hukmdor” asarida shunday yozgan: “Bizning barcha xatti-harakatlarimizning ustozi tarix, deb aytishadi, ayniqsa, knyazlarning… Dunyo hamisha o‘xshash hissiyotdagi hukmdorlar va xizmatkorlardan iborat bo‘lgan”. Sohibqiron Amir Temur esa o‘zining “Tuzuk”larida “eshitishimcha”, “yana eshitganmanki”, “shuni ham eshitdimki”, “tajribamdan o‘tmishkim” iboralarini bot-bot ishlatgan. Bu – tarixga murojaat sifatida ibratlidir.
O‘tmishimizda shonli davrlar ko‘p bo‘lgan: miloddan avvalgi III-II ming yilliklarda shakllangan Qadimgi Sharq sivilizatsiyasining ajralmas qismi sifatida O‘zbekistonda ilk tamaddun (Turon, Oks sivilizatsiyasi deb ham ataladi) shakllandi. Dastlabki shaharlar, voha davlatchiliklari yuzaga keldi.
Miloddan avvalgi I, milodiy III asrlarda ajdodlarimiz ilk bora qudratli hokimiyat barpo etdilar: Kushonlar o‘sha paytda dunyoga egalik qilgan to‘rtta saltanatdan biri, ya’ni Rim, ­Parfiya va Xan davlatlari qatorida turar edi. ­Yanayam aniqrog‘i, Kushonlar iqtisod, madaniyat va san’at sohasida dunyoda peshqadam edi. IX–XI asrlarda dunyoda yuz bergan Birinchi Renessans ham aynan bizning yurtimizdan boshlangani bejiz emas. O‘shanda ajdodlarimiz jahon ilm-fanining yetakchilari bo‘lishgan.
XIV–XV asrlarda Amir Temur salta­nati dunyo tarixi rivoji yo‘nalishini yangi o‘zanga solib yubordi. Yurtimizda tijorat, bozor iqtiso­diyoti rivojlandi, Ikkinchi Renessans yuz berdi, alal oqibat uning ta’sirida Yevropada uyg‘onish davri boshlanib, zamonaviy ilm-u fan, kapitalistik munosabatlar shakllandi.
XX asr so‘ngi va XXI asr boshida xalqimiz­ning o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishi, Yangi O‘zbekistonning shiddat bilan rivojlanishi, Uchinchi Renessans poydevori qurilishi butun dunyoga ibrat bo‘lmoqda.
Biz mana shunday olamshumul yutuqlardan har qancha g‘ururlansak arziydi. Shonli ­tarix xalqimizga milliy g‘ururlanish hissini beradi. Bunday hissiyotni yoshlarimizga bog‘cha, maktab yoshidan singdirish lozim. Shuning uchun tariximizning ushbu davrlari chuqur, ko‘tarinki ruhda o‘qitilishi lozim. Buning uchun avvalo ­tarix darsliklari isloh qilinishi zarur.
Qahramonliklar tarixi biror joyda, na maktabda, na universitetda o‘qitilmaydi, ibrat qilinmaydi. Afrosiyob – Alp er To‘nga, To‘maris, Spitamen, Mahmud Torobiy, Temur Malik, Namoz botir, Dukchi Eshon va boshqa qahramonlarga biror bir xotira belgisi ham qo‘yilmagan. Darsliklarda ularning shaxsiy qahramonliklari tafsilotlari yo‘q. Va, hatto darsliklarda Amir Temur, Jaloliddin kabi ulug‘ ajdodlarimizning mislsiz qahramonlari haqida “kurashdi”, “g‘olib chiqdi” kabi umumiy axborot berish bilan kifoyalanilgan.
Maktablar yoshlarimizning ongi va qalbida aynan qahramonlik hissiyotlarini uyg‘otish va shu orqali el-yurt boshiga ish tushganda ko‘k­ragini qalqon qiladigan avlodni tarbiyalashi lozim. Men “Millat maktabda tug‘iladi” degan fikrni ko‘p gapirib yuraman. To‘g‘ri, bunga bog‘­chani ham qo‘shmoq lozim. Aynan shunday, universitetlarda ham, akademiyalarda ham emas. Buning uchun ana shu talabga javob beradigan tarix darsliklari, manbalar, mate­riallar yaratilmog‘i lozim. Manbalar yetishmasa badiiy asarlarga – hikoya, rivoyat, she’r va romanlarga murojaat qilmoq lozim.

She’riyat, adabiyot, ilm, madaniyat, san’at, sport, kashfiyotlar kabi ko‘pdan-ko‘p omillar milliy g‘ururni shakllantirishga xizmat qiladi. Yaqinda Parij Olimpiadasini butun sayyoramiz ahli katta qiziqish bilan tomosha qildi. O‘zbek sportchilari ushbu bahslarda chinakam ma’noda mo‘jiza ko‘rsatishdi. Ana shu olamshumul musobaqada o‘zbek qizi Diyora Keldiyorova g‘olib bo‘lib, ajib qahramonlik namoyish etdi. Bir lahzada milliardlab insonlar Diyoraning qaysi mamlakatdan ekanligini, qaysi millatning qizi ekanligini aniqlashga kirishib ketdi. Shu ma’noda, u O‘zbekistonni dunyoga tanitdi. Bir lahza millatimizni, butun turkiy dunyoni birlashtirdi, g‘ururini, or-nomusini yuksakliklarga ko‘tardi.
Agar o‘zbek ayollarining umumiy qiyofasini aniqlash lozim bo‘lsa, shunday tanlov o‘tkazilsa, men hech ikkilanmasdan Diyora qizimizni tanlagan bo‘lar edim. Chunki uning baxtiyor chehrasi allaqachon jahonda o‘zbek xotin-qiz­larining timsoliga aylanib ulgurdi.

Xulosa qilib aytganda, oqsoqol yozuvchimiz Muhammad Ali “chig‘atoy” atamasi haqida fikr yuritish asnosida bugun ko‘pchiligimizni o‘ylantirayotgan achchiq haqiqatlarni tilga oldi. Bu muammolardan xalos bo‘lish uchun hammamiz birgalikda bosh qotirishimiz lozim. Axir, xalqimizning or-nomusi va g‘ururini yuksakka ko‘tarish yurtimizdagi barcha ziyolilar – siyo­sat­chilar, tarixchilar, ijodkorlar, sportchilar, ­olim-u fozillarning yagona maqsadi hisoblanadi.
Illo, g‘ururi baland millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi!

Temur SHIRINOV,
tarix fanlari doktori, professor,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-sentyabrdagi 37-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596