Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.09.2024 | 19:24

img720

O‘ZBEKISTONDA TRANSPLANTOLOGIYA ISTIQBOLLARI

Dunyo bo‘yicha birinchi yurak transplantologi deb e’tirof etilgan Kristian Bernard “Hatto ko‘chirib o‘tkazilgan yurak ham sevishga qodir” deganida yuz karra haq edi. Janubiy afrikalik bu benazir shifokor bir insondan boshqa bir insonga jon baxsh etguvchi yuraknigina emas, hayotning davomiylik haqiqatini ham ko‘chirganini ich-ichidan his etgandir, ehtimol…

Ichki a’zolar transplantologiyasining tibbiyot sohasiga kirib kelganiga 112 yil to‘lgan bo‘lsa-da, bu sohada hamon yangidan yangi talqinlar ilgari surilmoqda. Ayniqsa, jigar, buyrak ko‘chirib o‘tkazish orqali ming-minglab bemorlar hayotga qaytayotganini hisobga olsak, bu ulkan tadqiqotlar ortida tiriklikka xizmat qila­yotgan umumbashariy taraqqiyot yuz berganini anglamoq mumkin.

Yigirma birinchi asrda mamlakatlar tibbiy sivilizatsiyasini belgilovchi mezonlardan biri transplantologiyadir. Yurtimizda ham tibbiyotga, xususan, mazkur sohaga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2017-yilda Vazirlar Mahkamasining “Inson organlari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi qaroriga aso­san jarroh­lik yo‘li bilan ichki a’zolarni ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berildi. Ayni paytda O‘zbekistonda uchta transplantatsiya markazi faoliyat olib boryapti. Akademik V.Vohidov nomidagi Res­publika ­ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining malakali shifokorlari soha rivojiga munosib hissa qo‘shishmoqda.

ILK BUYRAK KO‘CHIRILISHI

1972-yilning 14-sentyabrida ilk maro­­taba surunkali buyrak yetishmov­chi­li­gidan aziyat chekayotgan bemorga akademik O‘ktam Oripov tashabbusi bilan buyrak ko‘chirib o‘tkazilgan. Ammo o‘sha paytda dori-darmon­lar­ning yetish­movchiligi sababli bemorlar uzoq yashay olmagan. Transplanta­tsiya ishi muvaffaqiyatsiz yakun topgan bo‘lsa-da, O‘ktam Oripov bu boradagi ilmiy izlanishlarini iz­chil davom ettirib, sobiq Ittifoq davlatlari shifokorlari orasida nom qozonadi.

2017-yilga kelib akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisos­lashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot mar­kazi professori Fazliddin Bahriddinov yurtimizda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyo­tining ikkinchi to‘lqinini boshladi. Muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti o‘zbek shifokorlariga ishonch va kuch berdi. Tajribali xirurglar buyrak ko‘chirish amaliyo­tini o‘rganishga kirishdi. Ayni paytda klinikada yiliga 300 dan oshiq buyrak transplantatsiyasi o‘tkazil­moqda.

MALAKALI GURUHNING SHAKLLANISHI

Buyrak ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berilishi barobarida, hududlardagi jarroh­lik sohasida ishlayotgan shifokor­larda ham sohaga qiziqish uyg‘ondi. Albatta, xalqning salomatligi, ularni qiynayotgan kasalliklar va bu kasallik­larni bartaraf ­etish oq xalat kiygan har bir shifokor­ning zimmasidagi mas’uliyat hisoblanadi. Shu ma’noda, 2020-yilda samarqandlik bir guruh shifokorlar Toshkent shahrida buyrak transplantologiyasi bo‘yicha malaka oshiradi. Biroq pandemiya tufayli o‘qish jarayonlari bir yilga cho‘zilib ketadi.

2021-yil 11-iyulda Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida birinchi buyrak ko‘chirish operatsiyasi amalga oshirildi. 2022-yilda bu shifokorlar malaka oshirish uchun Rossiya va Turkiyaga yuborildi. Vatanga qaytgan samarqand­lik transplantologlar mus­taqil ravishda 10 nafar bemorga buyrak ko‘chirib o‘tkazadi. Bu yerda hozirga qadar buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan 82 nafar bemorga sog‘lom a’zo ko‘chirib o‘tkazilgan va ularning deyarli barchasi ijtimoiy faol hayotga qaytgan. Lekin hali viloyatda 160 nafarga yaqin bemor buyrak ko‘chirishga potensial muhtoj.

– Eslasam, hozir ham vahimaga tushaman, – deydi buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha birinchi jarrohlik ishi haqida hikoya qila boshlagan samarqandlik transplantolog, tibbiyot fanlari nomzodi Sherali Norqo‘ziyev. – Toshkentdan mutaxassislar kelgan. Asosiy ish ularning zimmasida. Lekin javobgarlik mening bo‘ynimda. Chunki bemor meniki… Nima bo‘lsa peshonamdan ko‘raman, degan tuyg‘u ko‘nglimdan o‘tgan o‘shanda. Ope­ratsiya olti soat davom etdi. Hammasi yaxshi o‘tdi, deb yengil nafas olganimda, bemordan qon keta boshladi. Hammamiz oyoqqa turdik. Qon to‘xtatilsa ham, vahimasi ketmadi. Boshqa ishlar orasida ham xayolim shu bemorimda bo‘ldi. Shunchalik diqqat bo‘lga­nimdan, vaqt allamahal bo‘lib ketganini, soat tungi uchga zang urganini ham bilmabman. Hamkasblarning: “Do‘xtir, juda charchadingiz, biroz dam oling. Hademay tong otadi”, degan gapi bilan o‘zimga kelganman. O‘sha bemor hozir kirakashlik qiladi. Uylanib, bola-chaqalik bo‘lib ketgan.

Shu kungacha amalga oshirgan ope­ratsiyalaringizning hammasi muvaf­faqiyatli yakunlanganmi, deb so‘ra­dingiz. Ha, deyarli barcha operatsiya jarayonlari juda yaxshi o‘tgan. Faqat operatsiya­dan keyin bizga bog‘liq bo‘l­magan holatlar sababli ba’zi bir bemorlarning holatida kutilmagan o‘zgarishlar yuz bergan. 

Jumladan, ikki nafar bemorim koronavirus, bir nafari tuberkulyoz, yana ikki nafari esa muolajaga jiddiy qaramagani, dorilarni vaqtida iste’mol qilmagani tufayli vafot etgan. Shu yerda bir narsani aytishim kerak: bizda aksariyat odamlar o‘z salomatligiga e’tiborsizlik bilan qaraydi. Mana shunday beparvo bemorlar shifokorga qiyinchilik tug‘diradi.

Buyrak transplantatsiyasidan vafot etgan bemorimning ahvoli o‘ta og‘ir edi. Buning ustiga, koronavirusga chalingandi. Qarindosh-urug‘lari vaziyatni tushu­nib turibdi. Lekin men vijdon azobida qoldim. Qayerda, qanday xato qildim, degan savol qiynayverdi. Shifokor bemori nobud bo‘lsa, hech kim hech nima demasa ham o‘zini ayblaydi. Yashab ketgan bemoring esingdan chiqib ketishi mumkin, lekin vafot etganini unutolmaysan. Xayoldan chiqarib bo‘lmaydi…

O‘rni kelganda aytish joiz, sohani rivojlantirish uchun bizga birinchi galda yaxshi transplantolog­larni tayyorlab beradigan alohida bir kafed­ra ­kerak. Chunki malakali kadrlar birlamchi masaladir. Mutaxassislarni yetishtirib, ularning intel­lek­tual salohiyatini kuchaytirishimiz, aholining tibbiy savodxonligini oshirishimiz zarur. Shu kungacha dunyo miqyosida tanadan sog‘lom a’zolarning to‘g‘ridan to‘g‘ri transplantatsiyasiga qonun yo‘l qo‘ymasdi. Endi asta-sekin ruxsat beril­yapti. Bizda ham qonunan ruxsat bor, albatta. Faqat o‘sha odam ichki a’zolari­ni boshqa birovga ko‘chirib o‘tkazish uchun tirik chog‘ida notarial vasiyat qilgan bo‘lishi kerak. Belorus­siya­da esa, aksincha, tana a’zolari transplantatsiya qilishga olinmasligi uchun vasiyat yozib qoldiriladi. Sababi, 98 foiz beloruslar o‘z organlarining boshqalarga o‘tkazilishiga xayrixoh.

Deylik, bir odam baxtsiz hodisa tufayli vafot etdi. Uning ichki a’zolari sog‘lom va ular bir qancha insonni hayotga qay­tarishi mumkin. Masalan, bitta jigarni ikki kishiga ko‘chirsa bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘pka, ko‘zning shohpardasi, oshqozonosti bezi va hokazo… ­A’zolar qaysi tanada bo‘lsa ham yashagani yaxshi emasmi? Mana shuni xalqqa to‘g‘ri tushuntirish kerakdir balki…

Umrining qirq yilini tibbiyotga ba­g‘ish­lagan jarroh qahramonimiz ­Sherali Norqo‘ziyevning masih qo‘llari millionlab o‘lik hujayralarni tiriltiryapti. U uzilib tushgan qo‘lni ulab, tiklay olgan shifokordir. Unga temir kesadigan elektr arrada ehtiyotsizlik qilib qo‘lini bilagidan ­kesib qo‘ygan ustani olib kelishadi. Cho‘rt uzilgan a’zoni joyiga ulab, to‘liq jonlantirish uchun baxtsiz hodisa ro‘y bergan daqiqadan bosh­lab olti soat ichida eng yuqori tezlikda harakat qilish lozim. Tomirlar va to‘qimalarni bir-biriga to‘g‘ri keltirish, ulash hazilakam ishmas. Yigitni olib kelishguncha uch soat vaqt o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramay, shifokor bor mahoratini ishga soladi. Qo‘lni bilakka mahkamlab tikib chiqadi…

– O‘sha yigit meni ko‘rgani kelib turadi uni har ko‘rganimda bir suyunaman. Birinchi bo‘lib o‘sha ulangan qo‘liga qarayman. Bemalol ishlatayotganini ko‘rib xotirjam tortaman, – deydi Sherali Norqo‘ziyev.

TANA A’ZOLARINING “ONG”I

Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanisha turib, bir surat diqqatimizni tortdi. Unda bir qo‘li peshonasiga qo‘shib bog‘lab qo‘yilgan bemorning holati aks etgan. Savol nazari bilan qarab turganimni ko‘rib, “Bu bemorning peshona terisi ku­yib qolgan. Kuygan joyi kesib olinib, bilakning yupqa ichki terisidan bir bo‘lak ko‘chirib o‘tkazilgan. Peshona terisi bilakdan olingan ulama terining begona emasligini sezib turishi uchun bemorning bilak qismi transplantatsiya obyektiga yaqin turishi kerak bo‘ladi. Inson tanasi agar o‘ziga ulangan tana bo‘lagi boshqa joydan kelganini “bilib qolsa”, uni qabul qilmaydi. Shuning uchun ham, buyrak ko‘chirib o‘tkazishda qarindosh bo‘lmagan begona odamdan buyrak olishning imkoni yo‘q”, deya izohladi angoxirurgiya markazi jarrohi Alisher Norqobilov.

Shuningdek, buyrak beruvchining qabul qiluvchi bilan o‘rtasidagi genotip moslikni juda chuqur aniqlash shart. Bu moslik hatto opa-singil, aka-ukalarda ham bo‘lmasligi mumkin. Masalan, donorning o‘zida qolgan buyragi yaxshi fao­liyat ko‘rsatyaptimi, yo‘qmi, buni nazoratga olish kerak. Bundan tashqari, buyrak qabul qilgan bemor hayoti ham xavf ostida bo‘ladi. Chunki organizm buyrakning begonaligini “sezsa”, o‘sha yangi ­a’zoga qarshi kurashadi. Agar jarayonda bu holat yuz beradigan bo‘lsa, ko‘chirib o‘tkazilgan buyrak faolligini yo‘qota bosh­laydi va buyrak qabul qiluv­chining hayotiga xavf soladi. Shuning uchun ham buyrak ko‘chirish amaliyoti murakkab operatsiya hisoblanadi.

BUYRAKNING BAHOSI QANCHA?

Bir qarashda g‘alati savol. To‘g‘rimi? Ammo buyrak ko‘chirib o‘tkazish narxi xorijiy davlatlarda eng kamida 15 ming dollar turadi. Mehmonxona va boshqa xarajatlari bilan 20 ming dollarga tushadi. O‘zbekiston sharoitida esa tekshiruv ishlariga atigi o‘rtacha 10-15 million so‘m sarflanadi. Buyrak ko‘chirish uchun klini­kaga yotqizilgan kunidan boshlab har bir bemor uchun davlat tomonidan 120 million so‘mgacha moddiy yordam ko‘rsatiladi. Ya’ni, “inson qad­ri har narsadan ulug‘” tamoyilidan kelib chiqib, shu xarajatlarning katta qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Hozirgi kunda ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlar­ning 70 foizgacha qismini 20 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Dunyoda har million kishining qirq nafari buyrak transplantatsiyasiga ehtiyojmand ekan.

BEMOR SHIFO ISTAB XORIJGA BORMASIN

O‘zbekistonda amaliyot boshlanguniga qadar yurtdoshlarimiz bu ope­ratsiya uchun Hindiston va boshqa mamlakatlarga borib kelishga majbur edi. Bu ularga bir necha barobar qimmatga tushardi.

Buyrak ko‘chirish operatsiyasi murakkab jarayon ekanini aytib o‘tdik. Bemor va donor uch oydan besh oygacha vaqt davomida operatsiyaga tayyorlab boriladi. Shuningdek, xorijda ham bu kasallikning laborator tekshiruvlari bizdagidan bir necha barobar qimmat. Qolaversa, chet elga borib, buyrak almashtirish uchun yo‘lkira xarajatlari va yana boshqa davlat klinikalarining “koyka” narxi ham qo‘shiladi. Xorijiy bemorlar uchun hamma mamlakatda ham tibbiy xizmatlar pullik. Boshiga dard tushgan odamning bir yurtdan boshqa yurtga qatnashi ham osonmas. Bemor bilan birga donor va albatta, bir nafar qarovchi borishi kerak. Buning ustiga chet elda til bilmaydigan bemorlarning aldanib, chuv tushishi ham bor…

MUAMMOLAR HAM YO‘Q EMAS

Ichki a’zolar transplantologiyasi mil­liy tibbiyotimiz uchun hali yangi soha hisob­lanadi. Malakali shifokorlarga ehtiyoj katta. Avvalo, soha mutaxassisligiga o‘qish jarayonlarini o‘zimizda tashkil ­etish ­kerak. Chet davlatga borib malaka oshirayotgan shifokor til bilsa ­yaxshi, bilmasa, tajribada o‘rganaveradi, lekin jarayonning eng nozik tomonlarini o‘zlashtirolmay qoladi. Yana malaka oshirish chog‘ida ketadigan mablag‘ masalalari ham bor.

Hozir butun dunyoda yurak va jigar ko‘chirib o‘tkazilyapti. Bu sohani rivoj­lantirishni qamrovli tashkil etish zarur. Ya’ni, tajribali va bilimli transplantolog guruhlarini tashkil qilish kerak. Guruh tarkibida anesteziolog, terapevt, psixiatr, hatto alohida hamshira bo‘lishi lozim.

Har bir viloyat klinikalarining, hechqursa, bittasida alohida bo‘lim, alohida shtat birliklari tashkillashtirish maqsadga muvofiq. Shifokorlar transplantolog degan alohida maqomga ega bo‘lishi kerak. 

Xo‘sh, bu maqom nimaga kerak? Oddiy xirurg bilan transplantolog-jarrohning farqi juda katta. Oddiy jarroh faoliyati davomida oladigan stressni bir foiz deb olsak, transplantolog­niki undan bir necha barobar ko‘pdir. Chunki transplantolog bir operatsiyada to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki odamning hayotiga javobgar bo‘ladi. Bir paytning o‘zida ikki ­bemor bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi.

GAP MALAKA VA TAJRIBADA

Transplantolog ko‘chiriladigan a’zo­ni qo‘li bilan ushlab ko‘rishi, ikki inson hayotida hal qiluvchi maqomda ekanini yurakdan his etishi zarur. Bemori bilan birga nafas olishni, ularning hayoti uchun qayg‘urishni bilishi shart.

Ta’bir joiz bo‘lsa, shifokor har bir bemori tuzalguniga qadar uning ­hayotiga ko‘chib o‘tishi kerak. Ayniqsa, jarrohlik amaliyotlari hissiyotlar, sezgilar bilan birga kechganida g‘oyat ahamiyatlidir.

Buyragi ishdan chiqqan bemor yillar davomida ham jismonan, ham ruhan charchaydi. Uning uyqusizlikdan chekkan azoblari, kamqonlik, buyrak ishlamasligi oqibatida peshob orqali butun organizmga tarqalgan zahar o‘z kuchini ko‘rsatgan bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi dia­liz yordamida yashayotgan bemorlardir. Dializ esa tabiiy modda almashinuvi o‘rnini bosolmaydi.

Aslida birgina giyohni qurimasin deb boshqa joyga ko‘chirishda, uni parvarish­lashda qancha savob bor. Ba’zilar tana a’zolari transplantatsiyasiga qarshi chiqar, balki. Ammo dunyoda yagona haqiqat bor, u ham bo‘lsa – inson qadri, uning salomatligi!

Zero, biz bugun “Davlat, jamiyat, inson” emas, “Inson, jamiyat, davlat” tamoyiliga asoslangan, ya’ni inson qadri birinchi o‘ringa ko‘tarilgan mamlakat fuqarosimiz. Bu buyrak transplantologiyasi uchun davlatimiz tomonidan har bir bemorga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikda ham o‘z aksini ko‘rsatyapti. Inson qismatiga doxil ezgulik­ning bahosida esa juda ulug‘ qiy­mat mujassam.

Muhayyo PIRNAFASOVA

“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-sentyabrdagi 37-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600