18.09.2024 | 14:47
311
YER QA’RIDAGI XAZINA
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori Rahmatjon OXUNJONOV bilan suhbat
– Ma’lumki, eng qadimiy geologik kuzatuvlar Pifagor, Aristotel asarlarida uchraydi. Yurtimizdan yetishib chiqqan Beruniy, Ibn Sino singari ulug‘ allomalar ham qator minerallar va ma’danlarga ilmiy ta’rif berishgan. Ayting-chi, bugun o‘zbek geologiyasining dunyo ilm-fanidagi mavqeyi qay darajada, qanday xalqaro aloqalar o‘rnatilgan?

– O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi geologiya va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan institutlar doimo rivojlanishda bo‘lgan. Yurtimizdagi barcha yirik konlarda institutimiz olimlari ish olib borgan. Geologiya va fizika institutida 1960-yillarda asosiy yo‘nalish bo‘lmish petrologiyada qazilma boyliklarning hosil bo‘lishi va magmatizm bilan bog‘liqligi borasida g‘oyalar mavjud edi. Atoqli geolog olim Habib Abdullayev o‘sha g‘oyalarni birinchilardan bo‘lib ko‘targan va juda ko‘p yutuqlarga erishgan. U kishining ayni shu mavzuga oid nazariyalari jamlangan kitoblar dastlab ingliz va xitoy tilida chop etilib, keyinchalik boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Olimning ilmiy izlanishlariga asoslangan holda, Xitoyda ko‘pgina konlar kashf qilingan. Bundan tashqari, Habib Abdullayevning g‘oyasi ko‘plab yangi izlanishlarga yo‘l ochgani fanga ma’lum. Ustozimizning bugungi yosh olimlarga o‘rnak bo‘ladigan fazilati – birinchi galda o‘ziga va atrofdagilarga talabchanligi edi, deb hisoblayman. U kishi birorta ilmiy asarini jamoatchilik nazaridan o‘tkazmasdan chop ettirmas edi. Har bir mutaxassisning e’tirozi va tanqidiy fikrlarini og‘rinmay qabul qilar va risolasiga tuzatishlar kiritishga harakat qilardi.
– Konlarni o‘zlashtirish natijasida qazilmalarning o‘rni bo‘shab qoladi. Bu hol kelgusida vulqonlar otilishi, yer qatlamlarining buzilishi yoki zilzilalar yuz berishiga sabab bo‘lmaydimi?
– Qazib olingan moddaning tarkibi o‘sha hududdagi geologik sharoitda unchalik ko‘p bo‘lmaydi. Havoga ko‘tarilgan changlar va zaharli moddalar ekologiyaga zarar yetkazishi mumkin, lekin konlarning o‘zlashtirilishi yer qobig‘ining tuzilishi, yerning siljishi, qulashiga ta’sir qilmaydi.
Ma’danlarni qidirish jarayonida birinchi navbatda qaysi qazilma boyliklarining nechog‘li foydali ekanligini bilish juda muhim. Geologik va biokimyoviy yo‘nalishlar – yaxshi rivojlangan sohalar sanaladi. Har bitta yirik qazib olinayotgan konlarni avval tekshirib, undan qo‘shimcha yana qanday elementlar olinishi mumkinligini aniqlaymiz va bu borada o‘z takliflarimizni beramiz. Shu asosda mamlakatimizdagi Olmaliq va Xonjiza konlarida rivojlangan texnologiyalar yordamida qo‘shimcha elementlar ham olinmoqda.
– Foydali qazilmalarning hosil bo‘lishi asrlar davomida yuz beradimi yoki sun’iy ravishda jarayonni tezlatish ham mumkinmi?
– Sun’iy tarzda jarayonni tezlatish amaliyoti fan tarixida yangilik emas. Lekin bu seleksiya qimmatga tushadigan amaliyot hisoblanadi. Yaxshisi, mavjud konlarni tadqiq qilib, tejamkor usulda qimmatbaho rudalarni olgan ma’qulroq. O‘zimizdagi mavjud konlarni oladigan bo‘lsak, ularning eng “yoshi” 25–30 million yil avval hosil bo‘lgan. Ba’zilar muayyan bir konda faqatgina bir turdagi ma’dan yig‘indisi bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Aslida unday emas. Masalan, tabiat yaratgan ganjina bag‘rida dastlab oltin, keyin boshqa elementlar paydo bo‘lishi ham mumkin. Bir modda yuz ming yil avval hosil bo‘lgan bo‘lsa, keyingisi balki ellik ming yil o‘tgandan keyin qo‘shilgan bo‘lishi ehtimol. Umuman olganda, aksariyat konlardagi ma’danlar million yillar davomida tabiiy ravishda shakllanadi. Nega ular har xil vaqtda hosil bo‘lgani, bir konda turli metallar yig‘ilib qolgani sababini aniqlash esa olimlarning vazifasidir. Chunki olingan ilmiy xulosalarga asoslanib, yangidan yangi konlarni kashf etish mumkin.
– Foydali qazilmalar paydo bo‘lishiga qanday omillar ta’sir qiladi?
– Asosiy omil yer qobig‘ining tubida yoki bo‘lmasa “qozon”ning ichida yuz berayotgan magmatik jarayonlar hisoblanadi. Mana shu jarayonlar natijasida ona zamin qa’rida hosil bo‘lgan foydali unsurlar yer qobig‘ini va qatlamlarini eritib yuzaga chiqadi. O‘ta past darajali sovuq, energiya va unsurlardan foydali qazilmalar hosil bo‘ladi. Har bir qatlamning o‘z ixtisoslashuv jarayoni mavjud.
– Tabiiy resurslarga bo‘lgan talab kundan kunga oshib bormoqda. Ayting-chi, bugun Habib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutining vazifalari nimalardan iborat?
– Ochig‘ini aytish kerak, ilgari geologiya sanoati o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnologiya uskunalari yetishmas, hatto yurtimiz hududida ilmiy ekspeditsiya uyushtirishga ham moddiy imkoniyatlar yo‘q edi. Bir so‘z bilan aytganda, bizga o‘gay ko‘z bilan qaralar, natija talab qilinardi-yu, lekin imkon yaratib berilmasdi. Shukurki, keyingi yillarda hurmatli Prezidentimiz geologiya sohasini yuksaltirishga ham juda katta e’tibor qaratmoqdalar. Buni soha rivoji uchun ajratilayotgan mablag‘lar qiymatidan ham anglash mumkin. Ayniqsa, mavjud infratuzilmani yaxshilash, bu boradagi faoliyatni samarali tashkil etish borasida qabul qilinayotgan qator normativ hujjatlar ishimizni tizimli olib borish imkonini yaratmoqda. Jumladan, shu yil 24-may kuni “Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qolaversa, 9-iyul kuni davlatimiz rahbari geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan yaqindan tanishdi. Ushbu taqdimotda sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan qator vazifalar belgilab berildi.
Hozir bizning asosiy vazifamiz – mamlakatimiz hududidagi yer qobig‘i geologik tuzilishi va tarkibini o‘rganish bo‘yicha chuqur fundamental tadqiqotlar olib borish, yer qa’ri tuzilishini kompleks o‘rganish va shu asosda uch o‘lchovli geologik-geofizik modellarni tuzishdan iborat. Bundan tashqari, biz viloyatlarning resurs salohiyatini baholash hamda geokimyoviy, geofizik va mineralogik tadqiqotlarning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, geologik jarayonlarni kompyuterda modellashtirish, shuningdek, foydali qazilmalarni qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etishni ham maqsad qilganmiz.
Institutimizda foydali qazilma konlarini geologik tahlil etish, prognoz qilish va izlash usullarini takomillashtirishga, geologik va geofizik tadqiqotlar sohasida ilg‘or xorijiy texnologiyalarni aprobatsiya qilish va amaliyotda joriy etishga qaratilgan amaliy tadqiqotlar qilinmoqda.
Shuni ham aytib o‘tishim kerakki, geologiya va geofizika sohasida chet el ilmiy muassasalari va markazlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy konferensiyalar, seminarlar, qo‘shma tadqiqotlar, loyihalarni yo‘lga qo‘yish, xodimlarning malaka oshirishi va o‘qishini tashkil qilish bo‘yicha ham qator ishlar olib borilmoqda.
– Bilishimizcha, yaqinda “O‘zbekiston magmatik tog‘ jinslarining atlasi” nashr qilindi. Ana shu atlasning ahamiyati haqida ham to‘xtalsangiz.
– Mazkur atlas “Petrologiya laboratoriyasi” ilmiy xodimlari tomonidan chop etildi. Loyiha doirasida yetakchi turdagi magmatik tog‘ jinslarining petrografik xususiyatlari, tarkibi, hosil bo‘lish sharoitlari o‘rganilgan.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu atlas O‘zbekistonda birinchi marta uch tilda nashr etildi. Bu esa olib borayotgan ishlarimizning xalqaro miqyosdagi o‘rnini kengaytiradi.
“Mineralogiya laboratoriyasi” xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan yana bir loyiha “Magmatik, postmagmatik va metasomatik hosilalarda asosiy va yo‘ldosh ma’danli elementlarning tarqalish qonuniyatlari va uchrash shakllarini aniqlash hamda chuqurlik sari bashoratlash-qidiruv modelini yaratish (Nurota hududi endogen ma’danlashuv misolida)” deya nomlanadi. Olimlarimizning maqsadi Nurota tumani hududida ma’danlarning shakllanish qonuniyatlari va foydali komponentlarning uchrash shakllari, tog‘ jinslari va ma’danlardagi asosiy hamda yo‘ldosh elementlarning tarqalish xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
Institutimizda shu kabi 30 ga yaqin ilmiy-amaliy, fundamental loyihalar amalga oshirilmoqda. Kritik metallarni tadqiq qilish bo‘yicha ham yangi loyihalarni rejalashtiryapmiz. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, olib borilayotgan geologik qidiruv va baholash ishlari yurtimiz tabiiy resurslar zaxiralarini ko‘paytirish, mavjudlarini esa chuqurroq o‘rganishga qaratilgan.
– Respublikamiz hududida ko‘plab foydali qazilmalar mavjud ekani haqida qayta-qayta gapiramiz. Ammo nega ayrim turdagi xomashyolar hanuzgacha chetdan import qilinmoqda?
– Haqiqatan ham, jannatmonand yurtimizda Mendeleyev jadvalidagi barcha elementlar mavjud. Lekin bu yoppasiga qazib olish ishlarini boshlash kerakligini anglatmaydi. Garchi ehtiyojimiz bo‘lsa-da. Sababi, konni ishga tushirish bu – katta jarayon bo‘lib, chuqur izlanishlar, murakkab hisob-kitoblarni o‘z ichiga oladi. Bugunga qadar respublikamizdagi mavjud ma’danli maydonlarda dastlabki o‘rganish ishlari olib borilgan va tegishli ma’lumotlar shakllantirilgan. Zamonaviy texnologiyalarning keng qo‘llanilishi, xorijiy investorlar yordamida yangi asbob-uskunalarni keltirish, ularni qazib olishda tannarxni tushirishga olib keladi. Natijada 20–30 yil avval sanoat talabiga javob bermagan, qazib olish va qayta ishlash qimmatga tushgan konlar sekinlik bilan ishga tushirilmoqda. Misol sifatida Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan Surenota temir koni bundan bir necha yillar oldin to‘liq o‘rganilgan edi. O‘shanda zaxirasi nisbatan kamligi uchun uni kon sifatida o‘zlashtirish o‘zini oqlamaydi degan xulosaga kelingan. Ayni kunlarda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda yangi texnologiyalar asosida mazkur konda ruda qazib olish ishlari boshlandi. Natijada qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Bizda Surenota kabi zaxirasi kichik, noqulay geografik joylashuvga ega konlar juda ko‘p. Ularni ishga tushirish uchun zamonaviy usullar yordamida qayta o‘rganish, qo‘shimcha komponentlarni aniqlash, yondosh hududlarda geologik izlanishlar olib borish zarur. Institutimiz xodimlari ilmiy tadqiqotlar asosida ma’dan maydonlarining hosil bo‘lish sharoiti, tarqalish xususiyatlari hamda geologiyasini batafsil o‘rganishadi. Ilg‘or texnologiyalar tahlili natijasida olingan ma’lumotlar asosida har bir konning mahsuldorligi aniqlanadi.
– Ayni damda institutda qanday loyihalar amalga oshirilmoqda va dunyo miqyosida talab yuqori bo‘lgan qaysi elementlar bo‘yicha geologik qidiruv ishlari olib borilmoqda?
– Har bir laboratoriya o‘z yo‘nalishiga ega bo‘lib, belgilangan geologik topshiriq asosida ish olib boradi. Foydali komponentlarni ajratib olishning zamonaviy usullari joriy etilishi, asosiy foydali elementga yo‘ldosh sifatida keluvchi qo‘shimchalarni ham chuqur o‘rganishni talab etadi. Misol uchun, “Ma’dan hosil bo‘lish jarayonlari” laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan noyob yer elementlarini qidirish, ularning tarqalish qonuniyatlarini o‘rganish va zaxiralarini bashoratlash borasida “Sharqiy va Gʻarbiy O‘zbekiston uran ma’danli hamda flyuorit konlarining nodir va kamyob yer metallari istiqbollarini baholash maqsadida ma’dan formatsion tahlili” mavzusida geologik tadqiqotlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Namangan viloyatining Chodak, Chorkesar hududlaridan va Toshkent viloyatining ma’danli maydonlaridan 500 ga yaqin namunalar olib kelinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilmoqda. Bu o‘z navbatida, Sharqiy O‘zbekistondagi uran konlarining istiqbolli hududlarida nodir metallar va noyob yer elementlari ma’danlashuvining sanoat konsentratsiyasini aniqlash imkoniyatini tizimli o‘rganish va baholashga zamin yaratadi.
Olib borilayotgan ilmiy va amaliy izlanishlar mamalakatimiz foydali qazilmalar zaxirasini kengaytirishni, uning iqtisodiy salohiyatini oshirishni nazarda tutadi. Texnologiyalar kundan kunga rivojlanib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, noyob va kamyob elementlarga talabning oshishi bizning loyihalarimiz qiymatini va professional mas’uliyatimizni oshiradi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Kelgusidagi izlanishlar, ilmiy faoliyatingizga muvaffaqiyat tilaymiz.
Muyassar IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



