Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.09.2024 | 10:49

img546

MUSAXO‘JA HAKIMOV — “KATTA TERROR” QURBONI

Musaxo‘ja Hakimov 1898-yili Buxoroda qozi oilasida tavallud topgan. Millati o‘zbek, dastlabki ta’limni o‘z davrining yirik ulamosi bo‘lgan otasidan olgan. Jadidlik maktabini tamomlab, Buxo­ro­dagi madrasaga o‘qishga qabul qilingan.

Qahramonimiz 1920-yil sentyabrda amirlik tugatilib, Buxoro xalq sovet respublikasi (BXSR) tashkil topgani­dan so‘ng yangi hukumat tomonidan ­Bu­xoro tumani qozisi lavozimiga tayinlangan. 1922-yil 18-avgustda 3-Butunbuxoro sovetlari qurultoyi qarori bilan BXSR adliya nozirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan.

O‘sha davrga oid manbalarda keltirilishicha, respublikada ayrim hukumat organlari­ning suiiste’molliklari ortishi yuz bergan. Buxoro xalq sovet respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining 1922-yil 21-noyabr­dagi maxsus qarori bilan BXSR Adliya nozirligi tarkibida yangi bo‘lim – “Muddaoyi umumiya”, ya’ni prokuratura bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Adliya noziri Abdurahim Yusufzoda bir vaqtning o‘zida bosh prokuror lavozimiga, uning o‘rinbosari Musaxo‘ja Hakimov esa prokuratura bo‘limining boshlig‘i etib tayinlangan.

BXSR hukumati tomonidan prokuratura bo‘limiga barcha davlat organlari va man­sab­dor shaxslar o‘z faoliyatini qonun doi­ra­sida amalga oshirishini, jinoyat ishi doirasida tergov organlari va ichki ishlar nozirligi faoliyatini kuzatib borishni, jazoni o‘tash muassasalari, hibsxonalarda belgilangan qonun-qoidalarga amal qilinishini nazorat qilish topshirilgan. Shuningdek, Ichki ishlar nozirligi bilan hamkorlikda mahbuslarga nisbatan jazo choralarini ko‘rish, amnistiya qoidalarini tayyorlash, uning to‘g‘ri qo‘llani­lishini ta’minlash, harbiy tribunallar faoliya­tidagi prokuratura nazorati vazifasini amalga oshirish, Butunbuxoro Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi, Xalq Nozirlar Kengashi, Mehnat qo‘mitasi va Adliya nozirligining qarorlari asosida tergov ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, prokura­tura bo‘limi tashkil etilganidan so‘ng uch oy davomida bo‘limga 67 ta ariza kelib tushgan. BXSRning turli viloyatlarida, shuning­dek, Eski Buxoro, Karki, Termiz shaharlarida prokuror, prokuror yordamchisi va kotib lavozimlari joriy etilgan. Shu bilan birga prokuratura organlari xodimlari sonini oshirish hamda ularning moddiy ta’minotini yaxshilash ishlari amalga oshirilgan.

Ayni vaqtda Adliya nozirligi tarafidan jazo o‘tash muassasalarining faoliyatini tartibga solish maqsadida 1923-yil 29-yanvarda “Jazo beruv shoʻbasi” tashkil etilgan.

Unga rahbarlik qilish ham Musaxo‘ja Hakimovga topshirilgan. Bu shoʻbaning asosiy vazifasi hibsxonada jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslarning axloq ishla­ri­ni tuzatish va hibsxonalarning umumiy faoliyati­ni tekshirib, muntazam ravishda nazorat olib borish, qiynoqlarga chek qo‘­yish­dan iborat edi.

Shoʻba rahbari bo‘lgan qahramonimiz tomonidan hibsdagi mahbuslarning ahvolini yaxshilash va ularni kasbga o‘rga­tish, ish bilan ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. 1923-yil 18-mayda Buxoro­dagi mahbus­lar uchun maxsus “Mashi­na­do‘zlik” tikuv maktabi va uning qoshida alohida tikuv korxonasi tashkil qilingan. Unda mehnat qiluvchi mahbuslarga maxsus maosh tayinlangan. Korxonaga davlat buyurtmalaridan tashqari aholiga xizmat ko‘rsatishga ham ruxsat berilib, narxlar bozordagiga nisbatan 25 foiz arzon etib belgilangan.

Musaxo‘ja Hakimovning tashabbusi bilan Adliya nozirligi qoshida ilk bor mutaxassis kadrlarni tayyorlashga qaratilgan qisqa muddatli yuridik o‘quv kurs­lari tashkil etilgan. “Buxoro axbori” gazetasining 1923-yil may sonida butun buxorolik iqtidorli yoshlar e’tiboriga quyidagi e’lon taqdim etilgan:

“Buxoro xalq sho‘rolar jumhuri­yati­da yasha­guvchi mehnatkash va deh­qon­larg‘a e’lon

Xalq adliya nazorati e’lon qiladurkim, jumhuriyat uchun odil qozilar va sho‘roviy hakamlar yetishtirmoq maqsadi bilan Xalq adliya nazorati huzurida uch oylik kurslar ochiladur. Kursg‘a quyida ko‘rsatilgan kishilar taklif etiladur:

1) Saylov huquqiga molik odamlar. 2) Yaxshi savodlik, ham o‘zbekcha yaxshi bilganlar. 3) Siyosiy savodlik va hukumatga xayrixoh bo‘lganlar. 4) Kurslarda o‘qub qozi bo‘lushg‘a istagan har kishi nomusliq bo‘lmoq bilan barobar, istagan yerga qozi bo‘lish va el o‘rtasida hurmatlik bo‘lishi shart tutuladur.

Tanbih: 1) Kursga kirgan kishilar o‘qub chiqg‘andan keyin adliya nazorati ­ishida bir yil xizmat qilishga burchlidurlar.

2) O‘qub chiqg‘andan keyin adliya xizmatidan bosh tortg‘an kishilardan qonun bo‘yicha o‘qig‘on muddatda uning uchun sarf qiling‘on aqchalar talab etiladur. 3) Kursg‘a o‘qushg‘a kirgan odamlar­ning maishatlari hukumat tarafidan ta’min qilinadur.

Kurs uchinchi mayda ochiladur. Kursg‘a kirishni istagan kishilar xalq adliya nazoratining tashkilot shoʻbasida o‘rtoq Qori Tojiga murojaat qilsunlar. Arizada quyidagi narsalar yozilg‘on bo‘lishi kerak:

1) O‘zining va otasining ismi; 2)Turg‘an joyi; 3) Yoshi; 4) Kasbi; 5) Qaysi ijtimoiy sinfdan ekanligi.”

Qozi oilasida voyaga yetgan, Jadidlik hara­katining faol qatnashchisi, 24 yoshi­da­yoq respublikaning prokuratura bo‘li­mi­ga rahbarlik qilib mamlakatda huquq­ni muhofaza qilish ishlarini mustah­kam­­la­nishi­ga katta hissa qo‘shgan Musa­xo‘ja Hakimov sovet hukumatining tazyiqi va bosimi ostida Buxoro hukumatini “yot ijtimoiy unsurlardan tozalash”, uning tarkibini “proletarlashtirish” bahonasi bilan ko‘plab jadidlar qatori 1923-yil 23-iyunda lavozimidan ozod qilingan. Biroq u BXSR Xalq Nozirlar Kengashi raisi Fayzulla Xo‘jayev­ning talabi bilan hukumat tarkibida qoldi­ri­lib, uning shaxsiy kotibi vazifasida o‘z meh­nat faoliyatini davom ettirgan.

Musaxo‘ja Hakimov O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilganidan so‘ng hukumat tomonidan Buxoro shahar kengashi­ning raisi lavozimiga tayin­langan. Biroq u 1925-yilda sovet hukumatining O‘zbekistondagi ulug‘ davlatchilik siyo­satiga, milliy kadrlarga nisbatan be­pisand muno­sa­batiga befarq bo‘lmagan hol­da respublikada Fayzulla Xo‘jayev va Inom­jon Xidiraliyev rahbarlik qilgan jadidlik hara­katiga mansub bo‘lgan “18”lar guruhiga qo‘shil­gan. Bu “qilmishi” uchun u 1926-yili sovet­lar tomonidan ko‘plab milliy kadrlar qatorida partiya safidan chiqarilgan.

Oradan vaqt o‘tib, 1930-yildagina par­tiya­ga qayta tiklangan. Musaxo‘ja Hakimov aynan shu yili Moskvadagi Kom­munistik aka­de­miyaga o‘qishga qabul qilinadi. U yerda 1933-yilga qadar tah­sil ko‘rgan. Moskva­dagi Millatlar ishi xalq komissarligi appa­rati xodimi, jadidlik hara­kati faoli Hoji Safo Jo‘raboyev bilan birga­likda Buxorodagi amirlik hukumati­ning ag‘darilishi va jadidlik harakatiga doir muzey yaratish masalasi bilan mashg‘ul bo‘lgan. Qahramonimiz 1933-yilda Toshkentga kel­gach, dastlab Dav­lat reja qo‘mitasining raisi o‘rinbosari, so‘ng 1937-yilga qadar “O‘zbekbirlashuv” raisi­ning o‘rinbosari lavo­zi­mi­da faoliyat olib boradi.

Sovet hokimiyati qatag‘on siyosati­ning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan “Katta ter­ror” yillarida faol jadid Musaxo‘ja Haki­mov­ga ham ko‘plab milliy rahbar kadrlar qatorida turli ayblovlar qo‘yiladi. U 1937-yil 4-avgustda NKVD xodimlari tomonidan Tosh­kent shahri, Xorazm ko‘chasi, 34-uyda hibsga olinadi.

1937-yil 13-avgustda NKVDning ichki qamoqxonasida Musaxo‘ja Hakimov tergov­chilar tomonidan so‘roq qilingan. Tergovda u sovet hukumati tomonidan unga nisbatan qo‘yilayotgan ayblarni inkor qilgan.

Tergovchilar o‘zining razil maqsadiga erisholmagach, Musaxo‘ja Hakimovga qarshi turli bosim va tazyiqlar o‘tkaza bosh­­lashadi. Uning 32 yoshli turmush o‘r­tog‘i Shamsiya Hakimovani ham hibsga oladi­lar. Oqibatda qahramonimiz 1937-yil 25-oktyabrdagi tergovda o‘zini sovet qa­tag‘on organlari oldida “fosh qilish”ga maj­bur bo‘lgan:

– Hibsga olinganingizdan buyon uzoq vaqt davomida siz O‘zbekistondagi aksil­­inqilobiy millatchi tashkilotga a’zo bo‘l­ganingizni rad etib keldingiz. Endi ko‘rsatma berishga rozimisiz yoki iqror bo‘lmaslikda davom etasizmi?

– Men tergov oldida aybimni inkor qi­lish befoyda ekanligini tushunib yetdim va ochiqchasiga hamda boricha ter­gov­­ga o‘zimning O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi Fayzulla Xo‘ja­yev boshchiligidagi aksilinqilobiy mil­lat­chi tashkilotiga 1923-yildan to hibs­ga olin­gu­nimga qadar, ya’ni 1937-yil avgust­gacha a’zo bo‘lganim haqida ko‘r­sat­ma ber­moq­chi­man…

Tergovchilar Musaxo‘ja Hakimovdan O‘zbe­kistondagi bir qancha xodimlar to­monidan sovet hukumatining adolatsiz qaror­­lariga qarshi tuzilgan “18”lar guruhi haqi­da so‘roqqa tortganda quyidagilarni ma’lum qilgan:

“Men bir faktni eslayman. “18”lar guruhi O‘zbekiston kompartiyasining 2-s’yezdida mag‘lub bo‘lgach, guruh a’zolarining bir qanchasi, xususan men ham partiya safidan chiqarildim. Men Fayzulla Xo‘jayevga o‘z ahvolimdan arz qilish uchun va yordam so‘rash uchun borganimda u menga quyida­gilarni aytdi: “Bizning yo‘limiz bir qancha o‘rtoqlarimizning sustligi tufayli rad etildi. O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi rahbariyatiga qarshi kurashni vaqtinchalik to‘xtatib turamiz va uni qayta boshlash uchun qulay fursat kutamiz”.

1938-yil 4-oktyabrda SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining ko‘chma majlisi o‘tka­zilib unda Musaxo‘ja Hakimovga nisbatan O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58, 63, 64, 67-moddalarida ko‘zda tutilgan ayblovlar qo‘yilib, otuvga hukm qilingan. Hukm o‘sha kuniyoq ijro etilgan.

Musaxo‘ja Hakimovning turmush o‘r­tog‘i Shamsiya Hakimova 1939-yil fev­ral­da hibsdan ozod qilingan. Ularning far­zandlaridan 10 yoshli qizi Mahtab, 8 yoshli o‘g‘li Hakim, 3 yoshli qizi Ro‘zi­xon otasi vafotidan so‘ng uzoq vaqt aziyat chekkan. O‘sha qiyin davr haqida qahramo­ni­miz­ning qizi Mahtab Hakimova 1987-yilda O‘zSSR hukumatiga otasining nomi­ni oqlash yuzasidan yozgan arizasida ba­taf­sil ma’lumot bergan:

“Toshkent shahri Kirov rayoni Mazuruk mahallasi 1-uyda yashovchi Usmo­nova (qizlik familiyasi Hakimova) Mahtab Musa­xo‘ja­yevnadan

ARIZA

Mening otam – M.Hakimov 1901-yilda (aslida 1898 – R.Sh.) tug‘ilgan. VKP(b) a’zosi (afsuski, nechanchi yildanligi haqida bilmayman). 1937-yili qatag‘on davrida hibsga olingan va 1938-yilda bizga noma’lum bo‘lgan jazoni o‘tash joyida vafot etgan. Biz o‘sha vaqtda Toshkentdagi Xorazm ko‘chasida yashar edik. Onam – Shamsiya Hakimova ham NKVD xodimlari tomonidan hibsga olingandi. Meni, ukamni va singlimni “xalq dushmani” oilasi sifatida Turkis­ton shahridagi yetimxonaga berib yuborishdi. Bizning barcha mol-mulkimiz musodara qilindi. Uyimiz tortib olindi. Qisqasi oilamiz mutlaqo vayron bo‘ldi.

Tez orada urush boshlandi va biz yo‘qo­tishlardan iborat og‘ir hamda beshaf­qat hayot yo‘lini bosib o‘tdik. 1958-yil SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi otam­ning ishi­ni qayta ko‘rib chiqdi va u jinoyat tarkibi aniqlanmagani tufayli reabilitatsiya qilindi.

Onam va ukam vafot etdi. Men yoshga doir nafaqaga chiqqan bo‘lsam ham butun umrim davomida mehnat qilib kelaman. Erim va uch nafar farzandim bor.

Otam o‘lganidan 50 yil o‘tganiga qara­mas­dan u qanday vafot etgani, qayerga ko‘milgani, qabri qayerdaligi, o‘lim oldidan aytgan so‘zlari va hokazolar haqida umu­man bilmayman. Men hozirgacha otam haqida biron nima yozgani qo‘rqqanman.

Yurtimizdagi demokratlashuvdan foy­dalangan holda Sizdan otam qanday, qachon va qayerda vafot etgani haqida ma’lumot berishingizni, bizning oilaviy fotosuratlarimiz, otamning alohida surat­la­rini qaytarib berishingizni hamda tegishli tashkilotlar orqali otamning xotirasini abadiy­lash­tirishga ko‘maklashishingizni so‘ray­man.

7-noyabr 1987-yil”.

Jadid Musaxo‘ja Hakimov 40 yillik qis­qa umri davomida adliya sohasi, xusu­san prokuratura idorasining tashkil topishi va rivojiga hissa qo‘shgan, mudhish qata­g‘onga qadar turli idoralarda millat manfaatini ko‘zlab samarali faoliyat olib borgan shaxs edi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
Azizbek MAHKAMOV,
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining xodimlari

“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583