30.12.2025 | 10:20
1552
HISOBOT QURBONI
1930-yillar qatag‘onining qonli tig‘iga duchor bo‘lgan insonlardan biri Abdukarim To‘xtaboyev edi. U 1898-yili Namangan viloyatining G‘alcha qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga keladi. Bolaligidanoq yer haydab, dehqonchilik hadisini olib ulg‘ayadi. Dastlab Namangan shahrida eski usuldagi Abdulahad Maxsum maktabida uch yil tahsil oladi. So‘ngra To‘raqo‘rg‘ondagi rus maktabida besh yil o‘qiydi. Navbatdagi bosqichda Namangan gimnaziyasida bir yil ta’lim oladi.

O‘sha yillarda Namanganda savdo-sotiq, qishloq xo‘jaligi, maorif sohalari kengayayotgan palla edi. Abdukarim ham bolsheviklar partiyasiga qabul qilinib, jamiyat ishlarida faolroq bo‘lishga intiladi. 1924-yildan Namangan tumani qishloq uyushmasi tizimida ishlay boshlaydi. Ammo ko‘p o‘tmay siyosiy muhit keskinlashib, manzaralar boshqacha tus oladi. Kechagina ishonch bildirilgan kadrlarga nisbatan shubha, gumon va ta’qiblar kuchayadi. Umumiy siyosiy tortishuvlar, asossiz ayblovlar ta’sirida Abdukarim To‘xtaboyev ham partiya safidan chetlatiladi.
1930-yillar o‘rtalariga kelib, Namanganda paxtachilik qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan biriga aylangan, bu sohaga malakali kadrlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan edi. Ana shu jarayonda Abdukarim To‘xtaboyev ham paxtachilik sohasida tajribali mutaxassis bo‘lish uchun turli o‘quv kurslarida malakasini oshiradi, paxta tayyorlash, hisob-kitob, tashkiliy ishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Namangan viloyatining Kosonsoy, Uychi kabi tumanlari va boshqa hududlarga yuborilib, paxta tayyorlash ishlariga rahbarlik qilish, joylardagi tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Bu davr mamlakat bo‘ylab qatag‘on siyosati avj olgan, inson taqdiri bir zumda hal bo‘lib ketadigan dahshatli yillarga to‘g‘ri kelgan edi. Abdukarim To‘xtaboyev ham shu zulmatli davrning navbatdagi qurboniga aylanadi. 1937-yil 14-oktyabr kuni u Namangan viloyati Uychi tumaniga qarashli Yakkatoy qishlog‘idagi paxta tayyorlash punktida xizmat vazifasini bajarayotgan paytda kutilmaganda hibsga olinadi. Uni qanday ayb va kimning ko‘rsatmasi bilan olib ketishgani haqida na o‘ziga, na oila a’zolariga hech qanday izoh berilmaydi. O‘shandan boshlab Abdukarim To‘xtaboyev uchun ham, uning oilasi uchun ham og‘ir sinovlar boshlanadi.
Xo‘sh, aslida uning aybi nima edi?
Ichki ishlar xalq komissarligi huzuridagi “Uchlik” bayonnomalarida Abdukarim To‘xtaboyev haqida “sobiq quloq”, “jadidlar harakati ishtirokchisi”, “Milliy ittihod”ning a’zosi”, “bosmachilar bilan aloqada bo‘lgan shaxs” kabi turli ayblovlar qayd etilgan. Tabiiyki, tergov jarayonlari tahdid-u bosimlar ostida olib boriladi. Uning “ayb”i asosan ziyolilar haqida shaxsiy fikrlar bildirgani, ba’zan Cho‘lpon, Fayzulla Xo‘jayev kabi insonlarning nomini tilga olgani, uyida “O‘tkan kunlar” romanini saqlagani edi.
Shu o‘rinda, o‘sha davr manzarasini yanada to‘liqroq tasavvur qilish uchun adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinovdan yaxlit holat chizgilarini keltirib o‘tsak: “Jazo organlari mahalliy xalqqa qarshi kurashda turli yo‘llardan keng foydalangan. Jumladan, ular qamoqqa olinganlarni jismoniy qiynoqlarga duchor qilish bilan birga ruhiy ezish, irodasini sindirish, insoniy g‘ururini kamsitish, izzat-nafsini tahqirlash yo‘lidan ham borgan. Bu maqsadlari yo‘lida hech narsadan qaytgan emaslar. Masalan, atoqli olim va adib Fitratni qamoqqa olishdan avval uning uyida tintuv o‘tkaziladi. Xo‘sh, tergovchilar uning uyidan Fitratning “jinoyat”iga aloqador nimalarni olib ketgan? Ayollarning shohi kostyumi, sherst yubka, erkaklarning jigarrang paltosi, to‘rtta qavilgan ko‘rpa, ikkita palos, bitta gilam, soat, javon, kerosin bilan yondiriladigan samovar, yumshoq stullar, bitta yozuv stoli, ikkita sandiq, patefon, musiqa asboblari, shaxmat, har xil likopchalar, laganlar, 13 ta pichoq, 16 ta sanchqi, 8 ta temir qoshiq, 22 ta yog‘och qoshiq, 82 ta har xil kitob va boshqalar. Bu buyumlarning “jinoyat ishi”ga nima daxli borligini ming o‘ylasangiz ham topa olmaysiz…”
1937-yil 16-noyabrda o‘tkazilgan so‘roqda qahramonimiz qayerlarda o‘qigani, kimlar bilan ishlagani haqida bayon qiladi, ammo bu ko‘rsatmalar ham uni qutqara olmaydi. “Uchlik” qarori bilan Abdukarim To‘xtaboyev 10 yil muddatga mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinadi. Bu qaror uning ishtirokisiz, sud va himoya huquqisiz chiqarilgan, uning taqdiri bir necha daqiqalarda hal qilingan-qo‘ygan.
Abdukarim To‘xtaboyevning qamoqqa olinishi oqibatida mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lmagan 8 kishi – ayoli va yetti nafar farzanddan iborat oila qarovsiz, qiyinchilik girdobida qoladi. Farzandlari maktabda o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Bu yoqda esa lager hayotining azob-uqubatlari Abdukarim To‘xtaboyevni butunlay ezardi. 1941-yil 1-may kuni u Yaroslavl viloyati Ribinsk shahrida joylashgan Volga-Moskva mehnat lageri mahbusi sifatida SSSR Ichki ishlar xalq komissarligiga shikoyat arizasi yo‘llaydi. Unda hibsga olinishi, tergovda ko‘rilgan zulmlar, tahdidlar, majburlab imzo qo‘ydirishlar haqida yozadi va shunday deydi: “Otamning butun o‘tmishi va mening o‘tmishimdan, ishonamanki, yaxshilikdan tashqari biron narsa topa olmaysiz”.
Shu tariqa u o‘zining hech qanday jinoyat sodir etmagani, otasi va oilasi butun umr halol mehnat bilan hayot kechirganini iztirob bilan yozadi. O‘shanda qahramonimiz hali 42 yoshda, yolg‘iz o‘zi boqib kelgan yetti nafar yosh farzandi otasiz qolgan… bu esa beshinchi marta yozayotgan arznomasi edi. Shunga qaramay, u nima aybi uchun qamalgani yuzasidan aslo tayinli javob ololmaydi.
Shunday, qatag‘on domiga tortish uchun insonning boy yo yo‘qsil, ziyoli yo ishchi bo‘lishi shart emas edi. Oddiy dehqon oilasidan chiqqan, umrini tirikchilik g‘amida andarmon, halol mehnat, bola-chaqasini boqish fikrida o‘tkazgan odam ham bir zumda “xalq dushmani”ga aylanib qolardi. Sovet qirg‘in mashinasi odam tanlamas, Stalinning maxsus qarori bilan respublikalar rahbarlariga qancha “xalq dushmani” topish va qatl etish rejasi belgilab berilgandiki, Abdukarim To‘xtaboyev ham aybini bilmay ketgan ana shunday ayanchli taqdir egalaridan biri edi.
Oradan yigirma yildan ortiq vaqt o‘tgach, 1958-yilda rasman oqlanib, unga qo‘yilgan barcha ayblovlar asossiz, tuhmat ekani tan olingan bo‘lsa-da, uning qayerda, qachon, qanday sharoitda hayotdan ko‘z yumgani, afsuski, noma’lum.
Abdukarim To‘xtaboyev taqdiri shu holicha yakka bir shaxs fojiasi emas, butun millat boshidan o‘tkazgan sinovlar in’ikosi, o‘rganilishga muhtoj ilmiy-ma’naviy saboqdir. Zotan, bu kabi taqdirlar bizga hurriyat, inson qadri, adolat tushunchalari qanchalar aziz va qimmatli ekanini mudom eslatib turadi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



