23.09.2024 | 15:29
542
BOG‘ISTONGA AYLANAYOTGAN YURT
Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “Yashil makon” dasturi doirasida atrof-muhit obodligi, manzarali ko‘chatlar o‘tqazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Asrlar davomida sinalgan, mahalliy sharoitga mos bo‘lgan tut, gujum, eman, yong‘oq, qayrag‘och, jiyda, tol va shunga o‘xshash mevali va manzarali daraxtlarni ko‘paytirish va har bir xonadonda ko‘chat ekishni rag‘batlantirishga urg‘u berilayotgani bu ishga har bir fuqaro shaxsan mas’ul ekanini anglatadi.

O‘TMISHDAN IBRAT
Qadimdan ota-bobolarimiz mevazor bog‘lar tashkil etish va ko‘rimli ko‘chatlar o‘tqazish masalasiga jiddiy e’tibor berishgan. Chunki meva-cheva tirikchilik manbayi hisoblansa, manzarali ko‘chatlar ko‘zni quvontirish uchun parvarishlangan.
Amir Temur tabiatni avaylab-asrash, yer va suvdan samarali foydalanish, cho‘l-biyobonlarni obodonlashtirish borasida juda ko‘p sa’y-harakat qilgan. Bu haqida “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “…Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqolar, hammomlar qurishni, musofir yo‘lovchilar uchun yo‘l ustida rabotlar bino qilishni, daryolar ustida ko‘priklar qurishni buyurdim. Qayerdaki bir daraxt qo‘porilsa, o‘rniga o‘n daraxt o‘tqazishni buyurdim…”
O‘sha davrda Sohibqironning farmoyishiga ko‘ra Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida sug‘orish tarmoqlari chiqarilib, ekin maydonlari kengaytirildi. Samarqand, Toshkent, Buxoro, Shahrisabz, Kesh va Farg‘onada irrigatsiya-sug‘orish kanallari ishga tushirildi. Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryo ustida ko‘priklar qurildi. Markaziy Osiyo hududida ilk bora zax suvlarni qochirish maqsadida zaxkashlar qazildi. Jumladan, Buxoro vohasining bir necha tumanlaridan o‘tuvchi Amir Temur zaxkashi o‘sha paytlarda ishga tushirilgan. Bunday ulkan bunyodkorlik ishlari boshqa hududlarda ham davom ettirildi. Tarixchi Hofiz Abro‘ning yozishicha, Amir Temur Xurosondagi Murg‘ob vodiysida obodonchilik va dehqonchilik ishlarining nochor ahvolda ekanligini ko‘rib, daryodan bosh oluvchi 20 ta kanal qazdirib, suv chiqarib dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga asos soladi. Qorabog‘da 42 km masofada kanal qazdiradi, Ozarbayjonning Mug‘on shahrida 12 ta bog‘ barpo etadi.
Amir Temur davrida betakror bog‘lar yaratilgan va ularga o‘ziga xos nomlar qo‘yilgan. Bular tarixchilar, shoirlar, sayyohlar asarlarida, o‘rta asrlar rassomlari miniatyuralari tasvirlarida aks ettirilgan. Movarounnahrning Samarqand, Toshkent, Buxoro, Shahrisabz kabi shaharlarida biri-biridan go‘zal bog‘lar bunyod etilgan. Mazkur bog‘lar qadimiy an’analarga ko‘ra ikki xil ko‘rinishda, ya’ni tabiiy xushmanzara bog‘lar va geometrik shakldan tashkil topgan tartibli bog‘lardan iborat bo‘lgan. Bu bog‘larning obod bo‘lishi, gurkirab yashnashi uchun so‘zsiz, birinchi navbatda suv masalasi oqilona hal qilingan. Tabiiy manzarali bog‘larning bir qismida dam olish uchun saroy va ayvonlar qurilgan, hovuzlar qazilib, favvoralar o‘rnatilgan. Bu turdagi bog‘larning o‘simlik va hayvonot dunyosi nihoyatda boy bo‘lgan.
Amir Temur Movarounnahr hududidagi shaharlarning obodonchiligiga, jumladan, Toshkent shahriga ham alohida e’tibor qaratgani tarixdan ma’lum. Shahar atroflari dehqonchilik qilinadigan obod hudud sanalib, muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan makonlardan biri, moʻtadil iqlimi, sersuvligi bilan ajralib turgan. Toshkentni suv bilan ta’minlashda Sirdaryoning irmog‘i Chirchiq daryosi muhim ahamiyat kasb etgan. Bu daryodan Bo‘zsuv, Salor, Anhor, Kaykovus, Qorasuv kanallari bosh olib, atrofida shaharlar bunyod etilgan. Bu yerda dehqonchilik, jumladan, bog‘dorchilik taraqqiy etgan. Ayniqsa, shahar Amir Temur davrida ravnaq topib, hududi yanada kengaygan. “Bog‘iston”, “Bog‘i chinor”, “Bog‘i shamol”, “Bog‘ ko‘cha”, “Olmazor”, “Bodomzor”, “O‘rikzor”, “Terakzor”, “Qatortol” kabi bog‘ nomlari shu davrlarda shakllangan. Bu bog‘larni suv bilan ta’minlashda Darxonariq, Bo‘zariq, Zaxariq, Labzak arig‘i, Jonariq kabilar muhim rol o‘ynagan.
Samarqand shahrining sohibqiron Amir Temur davridagi ulug‘vorligini tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida juda aniq ifodalab bergan. Shuningdek, tarixchi ibn Arabshoh “Amir Temur tarixi” nomli asarida: “Temur Samarqandning atroflari va etaklarida bir necha qasaba (shahar)lar bunyod qilib, ularni buyuk shaharlar Misr, Damashq, Bag‘dod, Sultoniya, Sheroz kabi azim va poytaxt shaharlar nomi bilan atadi”, deb yozgan edi.
Rui Gonsales de Klavixo Movarounnahrdagi Samarqand, Buxoro, Shosh, Kesh, Shahrisabz va boshqa shaharlarda oqar suvlar, o‘tloqlar, bog‘-rog‘lar, ekinzorlar gavjum ekanini yozgan.
Amir Temur barpo etgan bog‘larda mevali daraxtlardan tashqari chinor, tol, terak, tut, gujum va boshqa manzarali og‘ochlar o‘tqazilgan. Sohibqironning bog‘lar barpo etish an’anasi temuriyzodalar Shohruh mirzo, Ulug‘bek mirzo, Sulton Husayn mirzo, Bobur mirzo tomonidan davom ettirilgan.
TARIXIY AN’ANALARIMIZ
Qadimdan yurtimizda ko‘chat o‘tqazish va uni parvarish qilish muqaddas ish sanalgan. “Boqiy Buxoro” monumentida chol va nabiraning daraxt ko‘chati o‘tqazish holati tasvirlangani bejiz emas. Axir, hayot insonning tabiat bilan hamohangligidan boshlanadi-da aslida.
Isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: atrof-muhit sofligi va ekologiyani avaylab-asrash hammaning ishi. Axir biz umrguzaronlik qilayotgan muhitning toza havosi uchun o‘zimizdan boshqa yana kim ham qayg‘urishi mumkin. Qadimda farzand tug‘ilishi bilanoq kelgusida o‘sib voyaga yetsa, o‘ziga imorat qurib olsin deb kamida 21 dona daraxt ekishgan ekan.
Yaqinda Mustaqillik bayrami oldidan Buxorodagi Labi hovuz majmuasi Nodir Devonbegi madrasasida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mening diqqatimni madrasa hovlisidagi balxi tut beixtiyor o‘ziga tortdi. O‘ylanib qoldim. Ehtimol, bu tut shu bino qad rostlaganida ekilgandir. Qadim Buxoroning har bir masjid va madrasasi, imoratlari va dala shiyponlari oldida asosan balxi tut o‘tqazilgan. Barglarining rangiga boqsangiz, ko‘z yashnaydi. Yashil emas, to‘q va pishiq rangidan odam to‘yadi. Qaddi-qomati ham tik bo‘lib, bo‘yi chamasi 20–25 metrni tashkil etadi. Uning ostiga qo‘yilgan so‘rida soya-salqin va toza havoda o‘tirib, maza qilib dam oldik, suhbatlashdik. Tut daraxti 150–200 kilogramgacha sifatli meva ham beradi. Aytishlaricha, urush yillarida tut mevasi non o‘rnini bosgan ekan. Tutning yana bir xususiyati kech kuzda sovuq urishi bilan barglarini birdan to‘kadi va ular yig‘ishtirib olinsa, chorvaga yaxshigina ozuqa bo‘ladi.
Havoni toza saqlash, ekologik muhitni avaylab-asrashda uning o‘rni benihoya katta. Qadimdan tut daraxti qadrli sanalgan. U juda uzoq umr ko‘radi. Tanasi nihoyatda baquvvat bo‘lib, yog‘ochidan turli buyumlar yasaladi.
Tut daraxtining ildiz tizimi juda rivojlangani bois, u qadimdan imoratlarning oldiga ekilgani ham bejiz emas. Avvalo, ular o‘z shoxlari bilan shu atrof-muhitda mikroiqlim hosil qilib, soya-salqinlik beradi. Shuningdek, yer osti suvlarining bug‘lanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yer sho‘rlanishining oldini oladi. Imoratlarni zax bosishidan saqlaydi. Qadimdan dala maydonlari chetiga ekilgan balxi tutlar ekinni garmsel urishidan saqlab qolgan.
BUXORONING YASHIL QALQONI
Buxoro paxtachiligining yirik seleksioner olimi Avxat Batalov viloyat hokimi nomiga o‘tgan asrning 50–60-yillarida Buxoro viloyatining shahar va tumanlari markaziga asosan shumtol (yasen) daraxti o‘tqazilgani, biroq endilikda ularni pala-partish kesib tashlash holatlari kuzatilayotgani va bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirib, xat kiritganidan xabarim bor. Bu daraxt xalqimiz orasida hozir ham “o‘ris daraxt” deb nomlanadi. To‘g‘risi, bu daraxt Buxoroning iqlim sharoitida u qadar baravj o‘smasa-da, iqlimimizga nihoyatda chidamli ekanligini kuzatish mumkin. Bu daraxtni seleksioner olim “Buxoroning yashil qalqoni” deb atagan edi. Hozirgi kunda hatto shu daraxt ham juda kamayib ketdi, shuningdek, yangidan biror yerda o‘tqazilayotgani ham yo‘q.
Manzarali daraxt sifatida nina bargli daraxtlarni ko‘p ekamiz. Ammo kasallik tarqatuvchi hasharotlar doimiy yashil bo‘lib o‘suvchi daraxtlarni xush ko‘rgani natijasida bu og‘ochlar ko‘p kasalliklarga chalinmoqda.
Xo‘sh, nega keyingi yillarda manzarali daraxt sifatida nina bargli daraxtlar o‘tqaziladigan bo‘ldi? Aslida, manzarali daraxtlar, jumladan, archa, qora archa, qarag‘ay va qora qarag‘ay tabiatan uzoq yil yashaydigan daraxt sanalsa-da, ammo bizning iqlimimizda juda tez qarib qolayotganini kuzatish mumkin. Qarag‘ay bizning sharoitda 15–20 yil o‘tmay eskirib, pastki shoxlari qurib qolayotgani, shuningdek, harorat -15 darajadan tushib ketganida sovuq urishi holati kuzatilmoqda. Qora archa esa haddan tashqari ko‘p kasallikka chalinayotgani oqibatida qurib qolayotganini ko‘rish mumkin. Lekin shunga qaramay, keyingi yillarda o‘rmon xo‘jaliklari va obodonlashtirish bo‘limlari asosan nina bargli daraxtlarni yetishtirishga ixtisoslashtirildi.
HOSILA
Xoja Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga kirib, chinni gujumlarga bir boqing: qanchalar ajoyib va so‘lim manzara! Nega shunaqa daraxtlarni yo‘l bo‘ylarida o‘tqazish, ularning ko‘chatlarini yetkazishni ko‘paytirish mumkin emas. Bu masalada Toshkent shahrida juda katta tajriba bor.
Toshkentda 1966-yilgi zilziladan keyin qayta qurish olib borilayotgan paytda, markaziy maydonning Favvoralar xiyoboni yonida bir dona eman daraxti bo‘lib, shu joyning me’moriy yechimi nuqtayi nazaridan uni olib tashlash lozim bo‘lib qolgan. Masala Respublikaning birinchi rahbari darajasigacha ko‘tarilibdi. Sharof Rashidov “Bu nihoyatda jiddiy masala, o‘zim borib ko‘rib, fikrimni aytaman”, debdi va ertasi kuni tong saharda maydonga yetib kelibdi. Qarasaki, bir necha yuz yoshli eman daraxti barq urib o‘sib turgan ekan. Shunda birinchi rahbar hech bir ikkilanishsiz, eman daraxtini saqlab qolish haqida ko‘rsatma bergan ekan. O‘sha daraxt hali-hamon yashnab turganini ko‘rib, Sharof otaning uzoqni ko‘ra bilishiga tan beraman. Har bir daraxtga xuddi shunday ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishimiz lozim emasmi?!
Fikrimcha, yo‘l bo‘ylariga kamishlov, kam suv talab qiladigan, uzoq yillar o‘sadigan, turli xil kasalliklarga chidamli, mahalliy hududning iqlim sharoitiga mos daraxtlarni o‘tqazish lozim. Yo‘l va ariq bo‘ylarida eman, terak, chinni gujum, tol, kashtan, tut, yapon sakurasi va shunga o‘xshash manzarali daraxtlarni ko‘paytirish maqsadimizga muvofiq keladi.
Eng muhimi, boshlangan xayrli tashabbusni har birimiz munosib davom ettirishimiz, bu zamin va tabiat bizga omonat ekanini unutmasligimiz kerak.
Muhammadqosim OLIMOV,
Kasaba uyushmalari Buxoro viloyati kengashi raisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 30-avgustdagi 36-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
602
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



