01.08.2025 | 12:21
794
“O‘ZBEKISTON – OHANRABOLI YURT”
Hindistondagi Javoharla’l Neru universiteti professori, turkolog Axlok Ahmad Axan bilan suhbat

– Hurmatli professor, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ilm-fan sohasida ham ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Sizning misolingizda olsak, so‘nggi yillarda yurtimizga tashrifingiz soni ortib bormoqda. Bu quvonarli hol, albatta. Sizni O‘zbekiston, o‘zbek xalqi tarixini o‘rganishga nima ilhomlantirgan?
– O‘zbekistonga tez-tez kelishimga ikki sabab bor. Birinchidan, kamina Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ma’naviy merosi hamda Markaziy Osiyo va Hindiston yarimoroli o‘rtasidagi ko‘p ming yillik madaniy-tarixiy aloqalar ustida izlanishlar olib boraman.
Masalan, buddizm Hindistondan bu yergacha yetib kelgan bo‘lsa, keyinroq islom dini aynan Markaziy Osiyo orqali bizning diyorlarda yoyilgan. Shuningdek, bugun bizning yurtimizdagi millionlab odamlar boburiylar davrida yoyilgan naqshbandiya tariqatida bo‘lib, ular o‘zlari ixlos qiladigan pirlarni dunyoga keltirgan diyor bilan ruhiy bog‘liqlikni his qiladi.
O‘tmishda Buxoro, Samarqand va Xorazm intellektual inqiloblar markazi sifatida butun jahonda muhim o‘rin tutgan. Dunyo taraqqiyotidagi madaniy va ma’naviy evrilishlar aynan shu yerlarda boshlangan. Markaziy Osiyoni tanish uchun mana shu evrilishlar tarixini chuqurroq o‘rganish kerak.
Buni qarangki, Hindistonda tug‘ilgan mutafakkir shoirlar Amir Xusrav Dehlaviy va Mirzo Abdulqodir Bedilning kelib chiqishi Shahrisabzga taqaladi. Shuningdek, Xorazm vohasidan yetishib chiqqan ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniy birinchilardan bo‘lib Hindistonni ilmiy jihatdan o‘rgangan va izlanishlari asosida mukammal asar yozgan. XIII asrda Sulton Muhammadshoh ibn G‘iyosiddin To‘g‘luqshoh davrida Dehliga ketib, betakror ijodi bilan “faxri zamon” rutbasiga erishgan Badriddin Chochiy qoldirgan go‘zal adabiyot namunalari ham ikki xalqqa yetadigan ma’naviy xazinadir.
Aytmoqchimanki, til, adabiyot, falsafa, ilm-fan Hindiston va Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekistonni qadimdan bir-biri bilan bog‘lab kelgan. Men kabi ikki xalq tarixi va madaniyatini o‘rganadigan olimlar uchun O‘zbekiston shu bois ham ohanraboli o‘lka bo‘lib qolishi, shubhasiz.
Ikkinchidan, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz, Toshkent va Farg‘ona vodiysi haqida hind adabiyoti orqali ko‘plab manbalarni bolaligimdan eshitib, o‘qib ulg‘ayganman va ular qalbimda ajib tuyg‘ular uyg‘otgan. Bu tuyg‘ular keyinchalik ilmiy qiziqishlarim bilan uyg‘unlashib ketdi. 2019-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida dars berdim. O‘zbekistonlik olimlar bilan do‘stlashdim. Ilmiy faoliyatim va qadrdonlik hissi bois oyog‘im O‘zbekistondan uzilmaydi. Hind, fors, urdu adabiyotining buyuk shoiri Mirzo G‘olib o‘zini “samarqandlik” deb atagani kabi men ham o‘zimni qisman o‘zbekistonlikman deb hisoblayman.
– O‘zbekiston va Hindistonni asrlardan beri bog‘lab turuvchi yana bir mumtoz rishta – har ikki millat tarixida yorqin iz qoldirgan Zahiriddin Muhammad Bobur siymosidir. Siz Bobur hayoti va ijodini chuqur o‘rgangan xorijlik olim sifatida uning hind tamadduniga qo‘shgan hissasini qanday baholaysiz?
– Hind taraqqiyotini Bobur va boburiylarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi va buni tan olmaslikka haqqimiz yo‘q! Hindistonning qaysi go‘shasiga borar ekansiz, boburiylarning tarixiy izlariga duch kelasiz. Yirik Jome masjidi, muhtasham Qizil qasr, Humoyun maqbarasi, Qutb minor – barchasi shu sulola vakillari tomonidan bunyod etilgan diqqatga sazovor maskanlardir. Ayniqsa, Shoh Jahon qurdirgan afsonaviy Tojmahal Hindiston bo‘ynidagi muqaddas tumor bo‘lib qoldi.
Bizning mamlakatda yer-suv tizimi ushbu sulola tomonidan izga solingan va bu hozirgi kunga qadar ham amalda. Shuningdek, Hindistonda ma’muriyat tizimi ham aslida o‘sha davrlarda shakllangan. Fors, urdu, hind, gujarat, marati, bengal tillarining dialektdan adabiyotga aylanishi ham ular hukmronligi davriga to‘g‘ri keladi.
Qolaversa, “Boburnoma” hind madaniyati va taraqqiyot davrini o‘rganishda Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asaridan keyingi ikkinchi eng muhim manba hisoblanadi.
Bobur Mirzo urf-odatlarimiz, madaniyat va hayot tarzimizni juda diqqat bilan kuzatgan va bu haqda “Boburnoma”da jonli, aniq va chuqur bayon etgan. Bu kitobda safarnoma elementlari bor, lekin u to‘liq safarnoma ham emas. “Boburnoma” xalqlarimiz uchun eng yaxshi memuar ensiklopediyadir. U dunyo adabiyotining bebaho klassik asarlaridan biri. Men hind va o‘zbek xalqi “Boburnoma”ni o‘qishi shart deb o‘ylayman.
Albatta, Bobur kabi ulug‘ mutafakkir qadam qo‘ygan yerlarda ma’rifat, ma’naviyat va madaniyatning chuqur izlari bo‘lishi tabiiy. Uning Hindiston taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi esa abadulabad e’tirof etilajakdir.
– Hindiston Prezidenti qarorgohida Bobur Mirzo xotirasiga bog‘ tashkil etilgani va uning eshiklari har yili fevral-aprel oylarida xalq uchun ochiq turishini eshitgan edik. Shu haqda gapirib bersangiz.
– Xuddi shunday. Bog‘ning tarhini yaratishda “Bobur bog‘lari” arxitekturasiga tayanilgan. Bog‘ning ochilish marosimi juda katta bayramga aylanib ketgan edi. Tomosha qilishga Hindistonning barcha shtatlaridan nihoyatda ko‘p odam keldi. Mazkur bog‘ har yili mohir bog‘bonlar, landshaft ustalari tomonidan millionlab anvoyi gullar, manzarali daraxtlar bilan zamonaviy dizayn va o‘ziga xos uslubda yasatiladi.
Faqat bir og‘riqli joyi bor, inglizlar Hindistonning tarixiy hujjatlariga boburiylarni mo‘g‘ullar deb kiritib ketishgani bois, bu bog‘ yaqin-yaqingacha “Mo‘g‘ullar bog‘i” deb atalgan.
– Javoharla’l Neru nomidagi universitet Hindistondagi eng yetakchi oliy o‘quv yurti hisoblanadi. U yerda hind yoshlarining o‘zbek tilini mukammal o‘rganayotgani bizni xursand qildi…
– Ha, biz o‘zbek tili o‘quv kursini qayta ochdik. Unda faqat universitet talabalari emas, boshqa o‘quv yurtlaridan ham yigit-qizlar kelib o‘qishadi. Qirq yilcha avval bunday kurs bo‘lgan, lekin keyinchalik negadir yopilgan. Universitetimizda fors tili professori bor, u o‘zbek tilidan ham dars beradi. O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi xodimlari tashkiliy masalalarda bizga yordam berishadi. O‘zbekistondagi bir qancha universitetlar bilan hamkorlik memorandumlari imzoladik. Albatta, bu talabalarimizga faqat muloqot uchungina emas, balki umumadabiy merosimizni o‘rganish va uni tadqiq qilish uchun ham kerak. Salohiyatli o‘zbek ustozlarni taklif qilyapmiz. Shu masalada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov qabuliga ham kirdim. U kishi bizga o‘qituvchi ajratishda yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu esa talabalarimizga O‘zbekiston tarixi, jamiyati, madaniyati, iqtisodiyoti va buguni haqida to‘liq axborotga ega bo‘lish imkonini yaratadi.
– Faoliyatingiz va dunyo olimlari bilan munosabatlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.
– 24 yildan buyon Javoharla’l Neru universitetida ishlayman. Bundan tashqari, bir muddat Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ham faoliyat olib bordim. Oksford, Kembrij, Prinston universitetlarida ma’ruza o‘qiyman. Yana Pokistondagi bir oliy o‘quv yurti bilan ham shartnomaviy darslarim bor. Yaqinda Prinston universitetining katta loyihasida ishtirok etdim.
Umuman, bir qancha xalqaro ilmiy-adabiy loyihalarda qatnashib kelyapman. Ellikdan ortiq fan nomzodlari va magistrantlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qildim. She’rlar, tarjimalar, ilmiy maqolalar, adabiy qo‘llanmalardan iborat o‘ttizga yaqin kitobim nashr etilgan. Ko‘plab adabiy va madaniy assotsiatsiyalarga a’zo bo‘ldim. Hindistonda fors tili o‘qituvchilari uyushmasining ilmiy kotibi, forsiy shoirlar uyushmasi rahbariman.
Tarjima bilan ham shug‘ullanaman. Yaqinda o‘zbek adibasi Shahodat Isaxonovaning hikoyalar to‘plamini urdu tiliga o‘girdim. O‘zbek adabiyotining eng yaxshi namunalarini hind xalqiga taqdim etish niyatim bor. Maqsadim – adabiy aloqalar rivojiga hissa qo‘shish. O‘ylaymanki, bizning zamonaviy hind adabiyoti namunalari ham o‘zbek tiliga tarjima qilinadi.
– Facebook tarmog‘idagi sahifangizda e’lon qilingan she’rlaringizni o‘qidim. She’riyatga qiziqishingiz qachon boshlangan? Siz uchun she’riyat nima?
– She’r – bu hodisa. Shuningdek, u bir inson tuyg‘ularining tabiiy va ijodiy ifodasidir. Bu birgina holat yoki kechinma bilan cheklanmaydi. Chunki inson butun umr bir holatda yashamaydi. Shoirning ichki dunyosidagi kayfiyat uning she’riyatida aks etadi. Tug‘ma shoirlarga she’r ilohiy ilhom bilan keladi.
O‘zim klassik she’riyatni yaxshi ko‘raman. Lekin ma’lum bir yo‘nalishga yopishib olish fikridan uzoqman. Urdu va fors mumtoz shoirlarining deyarli barchasini o‘qiganman. Boshqa tillardagi, xususan hind, ingliz, shuningdek, o‘zbek she’riyatini ham sevib mutolaa qilaman.
– So‘nggi paytlarda havaskor tarjimonlar ko‘payib ketdi. Ular tomonidan turli tillarga qilinayotgan tarjimalarning saviyasi ancha bahsli. Bunday holatlar she’riyatning saviyasiga putur yetkazmaydimi? Olim sifatida siz bunga qanday qaraysiz?
– Yaxshi savol. Darhaqiqat, she’r boshqa tilga o‘girilmaydi. Chunki u ko‘zyoshiga o‘xshaydi. Ko‘zyoshi muayyan hissiy holat natijasida paydo bo‘ladi. Ba’zan qayg‘udan, ba’zan shodlikdan. Laboratoriyada kimyoviy usulda sun’iy ko‘z yoshi yasashingiz mumkin, ammo u haqiqiy bo‘lmaydi. She’riyat ham shunday. U mantiq va hissiyot ifodasi. Faqat bir kishigina uni yarata oladi – u ham bo‘lsa shoirning o‘zi. She’rning mazmuniga chuqur kirib, uni yana she’riy usulda qayta yaratish va balki shunga yaqinlashishgina mumkin. Aks holda, she’r o‘girilmaydi.
O‘zim shunday fikrda bo‘lsam-da, arab tilidan hazrat Ali, Hasan ibn Sobit, Ibn Arabiy; forschadan Mavlono Rumiy, Sa’diy, Hofiz Sheroziy, Amir Xusrav, Bedil kabi mumtoz shoirlarning asarlarini tarjima qilganman. Bu juda qiyin ish. Men she’rni o‘qiyotgan paytimda uning ruhiga kira olsamgina tarjimasiga qo‘l uraman.
Tarjimadan maqsad – ommalashtirish. Agar she’r hatto tarjima qilingan holatda ham o‘quvchi kayfiyatiga ta’sir qila olsa, demak, u haqiqiy she’r.
She’r tarjimasi nafaqat so‘z, balki ruhiyat tarjimasi hamdir. Ya’ni, uning zamiridagi tuyg‘u, ritm, ifodalar ham qayta yaratilishi lozim. Tarjima qilingan she’r bir tanadan boshqa tanaga ko‘chirib o‘tkazilgan yurakka o‘xshaydi. Bir tildan ikkinchi tilga o‘tayotganida u urib turishdan to‘xtab qolmasligi kerak. Tarjimon bunga erishsagina, murodi hosil bo‘ladi.
Adabiy tarjima – yuraklar orasidagi ko‘prik. Asar muallifi bilan hamkorlik qilar ekansiz, uning tuyg‘ulariga xiyonat qilmasligingiz kerak. Bu juda nozik jarayon. Ayniqsa, turkiy tillarning o‘ziga xos tembri va musiqiy elementi bor. Tarjimon ularni saqlab qolishga harakat qilishi kerak. Har bir she’rga yondashuv turlicha, chunki har bir muallifning uslubi va fikrlash tarzi o‘ziga xos.
– To‘rtinchi sanoat inqilobi hosilasi sifatida e’tirof etilayotgan sun’iy intellekt har bir sohani qamrab olayotgani kishini o‘ylantiradi. Bugun unga buyruq berib, she’r yozdirish, surat chizdirish ham mumkin. Sizningcha, bu ketishda kelajakda ijodkor va olimlarning holi nima kechadi?
– Sun’iy intellekt qanchalik rivojlanmasin, inson tafakkuri bilan tenglasholmaydi. Chunki uning o‘zi o‘sha tafakkur mahsulidir.
Ha, sun’iy intellekt she’r yozadi, surat chizadi, tarjima qiladi, maqola tayyorlay oladi. Lekin u bajargan ishlar, baribir, o‘rtamiyona darajada bo‘ladi. Ayniqsa, ijodiy ishni san’atkorona yarata olmaydi. Bir necha asr oldin minglab shoir bo‘lgandir balki. Ular ham ehtimol o‘z doirasida yaxshigina tanilgan bo‘lishi mumkin. Lekin bizgacha bir necha nafarigina yetib keldi. Daholar yashab qoldi, o‘lmadi, qolganlari yitib ketdi. Shunday emasmi?
Insoniyat aql-zakovatiga, ijodiy mahsuliga talab hech qachon o‘lmaydi. Bu tomondan xavotir olishga o‘rin yo‘q, deb o‘ylayman. Lekin boshqa narsa bor. Sun’iy intellekt inson ongini egallab ola boshlagani rost. Bugun odamlar o‘zidan “uzoqda” yashayapti. Agar u o‘ziga, o‘zligiga qaytmas ekan, ijodiy qobiliyatidan ayriladi, ong, shuur tomonlama nogiron bo‘lib qoladi. Asl adabiyot, ilm, madaniyatga ehtiyoj hamisha bo‘ladi, ammo bu ehtiyojni qanoatlantiradigan ijodkor-u olim topilmay qolish xavfi bor.
– Hindistonda bir muddat yashab, xalqingizning madaniy obyektlarga chuqur ehtiromidan hayratlanganman. Hindlar muzey va tarixiy obidalarni tomosha qilish uchun puli va vaqtini ayamaydi. Shuningdek, hind to‘ylarida, mavqeyidan qat’i nazar, barchaning birdek milliy libos kiyishi ham meni hayron qoldirgan. Nima deb o‘ylaysiz, Hindiston uzoq yillik mustamlakalarda milliy o‘zlikka sadoqat hissini qanday saqlab qolgan?
– Ha, Hindiston o‘z urf-odatlariga sodiq mamlakat. Garchi yurtimizda yuzlab til, diniy e’tiqod, mazhablar, urf-odatlar, qabila, etnik guruhlar yashasa-da, biz qadriyatlarimizda sobitmiz. Aytganingizdek, xalqimiz o‘zining milliyatini mustamlakalardan omon olib chiqdi.
Aslida, qadriyatlar ildizlari shu qadar chuqur bo‘ladiki, uni sug‘urib tashlashning iloji yo‘q. Biroq bugun ko‘p millatlar o‘zligini unutib, g‘arb an’analarini qabul qilmoqda. Jumladan, Dehli hayotida ham Yevropaning ta’siri yo‘q emas. Maktablarimiz deyarli ingliz tiliga ixtisoslashib bormoqda. Hind yoshlari urdu, hind, panjobiy, tamil yoki bengal adabiyotini o‘qiy olmaydi. Xo‘sh, ular endi hind klassik asarlaridan bexabar qoladilarmi? Biz eski sanskrit va pali yozuvidan, buning ortidan esa ulkan adabiyotdan ayrildik hisob. Men bir hindistonlik o‘laroq, milliy intellektimizdan uzoqlashayotganimizdan tashvishlanaman.
Bunday yo‘qotishni Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham ko‘raman. Sizda ham qo‘lyozma asarlarning deyarli barchasi arab yozuvida, yangi avlod esa bu yozuvni bilmaydi. Shuning uchun kutubxonalarda saqlanayotgan noyob asarlar bilan aloqalar deyarli uzilmoqda.
Muzey va tarixiy obidalar, urf-odatlar, milliylikka ehtiromimiz esa hudud va aholi sonining kattaligi hamda hind xalqining san’atsevarligi bilan ham qisman bog‘liq, deb o‘ylayman. Millat muhabbatini yengishga qodir hech bir kuch yo‘q. Mustamlakachilar xalqqa ijtimoiy jihatdan bosim qilishi mumkin, lekin uning asliyatini yo‘q qila olmaydi.
– O‘zbek xalqining sizni eng mutaassir qiladigan jihatini ayta olasizmi?
– Albatta, mehmondo‘stligi. Men chet ellarga tez-tez safarga chiqaman va juda ko‘p do‘stlar orttirganman. Qachon borsam, ular hurmatimni joyiga qo‘yishadi. Lekin o‘zbekona mezbonlik dunyoda tengsizdir. O‘zbeklar mehmonini yer-u ko‘kka ishonmaydi. Boshqa hech bir yerda begona odamni bu qadar e’zozlashmaydi. Bu, menimcha, mahalliy madaniyat va islomiy tarbiya tufaylidir. Agar yo‘q demasangiz, o‘zim yozgan bir she’r bilan so‘zimni yakunlasam.
Go‘zal kulgi, nozli boqishlar,
Lol ayladi mayin so‘zlaring.
Ne edi u berilgan va’da,
Kelaman deb nechun kelmading?
Labing, ko‘zing, ruhing anbari,
Maftun etgan ko‘ydaman hamon.
Qo‘ng‘iroqsoch, qosh, kiprik – bari,
Hayotimni ayladi tamom.
Aqldan ozdirib husning-la meni,
Bir dalli qul kabi bandi aylading.
Ko‘ngil zanjiriga ozod qalbimni
Javobsiz muhabbat bilan boylading.
Muhayyo RUSTAM qizi suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



