Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.09.2024 | 11:00

img513

O‘TMISH VA KELAJAK TUTASHGAN NUQTADA

Tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Ahmadali Asqarov bilan ilk suhbatimiz gazetamizning avvalgi sonlaridan birida e’lon qilingan edi. Unda Namangan viloyatidagi Uchtepa qadimiy yodgorligida olib borilayotgan ishlar, Haylam yodgorligi tarixi, uning topilishi haqida so‘z yuritilgandi. Muhtaram olimimiz bilan bu galgi muloqotimiz turkiy davlatlarning shonli tarixi hamda ayni paytda xorijlik arxeologlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqotlar mavzusidan boshlandi. 

– Hurmatli ustoz, siz arxeologiya sohasidagi xizmatlaringiz uchun TWESCO – Xalqaro Turk akademiyasining maxsus oltin medali bilan taqdirlangansiz. Xo‘sh, turkiy davlatlar arxeologlarining hamkorligi bugun qay darajada? Qadimda turkiylar ­yagona hududda yashaganlarmi? Hozir aniqla­nayot­gan topilmalar orasida bunga doir dalillar bormi?

– Muhtaram Prezidentimizning sa’y-­harakatlari tufayli turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari har jihatdan mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, turkiy davlatlar arxeologlari o‘rtasidagi hamkorlik ham faollashmoqda. Masalan, xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazish, kitob­lar chop etish ishlari shular sirasidandir. Ammo qo‘shma arxeo­logik ekspeditsiyalar tashkil etish masalasida iqtisodiy qiyinchiliklar borligini ta’kidlash joiz. Bu borada xitoylik arxeologlar tashabbusi bilan arxeologik izlanishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Janubi-g‘arbiy Xitoy uni­ver­siteti arxeologlari bilan O‘zbekis­ton, Toji­kis­ton, Qirg‘iziston arxeologlari ham­kor­­ligida Farg‘ona yo‘lagi bo‘yicha ilmiy ekspedit­siyalar tashkil etildi. 2023-yili ekspeditsiya Namangan viloyati hududida iz­la­nishlar olib bordi.

Qadimda turkiy davlatlar yagona hududda yashagan davrlar bo‘lganmi, degan savolga kelganda, aytish joizki, turkiy qabila va elatlarning ilk vatani Yevroosiyoning shimoliy dasht zonalari, ya’ni Qora dengizning shimoli-­sharqidan Chukotkagacha bo‘lgan dasht va tog‘li hududlar – Janubiy Sibir, Enasoy havzalari, Tog‘li Oltoy, Janubi-sharqiy Tyanshan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududlaridir.

Miloddan avvalgi ikkinchi ming yillik o‘rtalaridan ajdodlarimiz chorvasi uchun yaylovlar qidirib O‘rta Osiyo hududlariga kelgan. U davrlarda turkiy urug‘ va qabilalar yagona davlatga birlashmagan, urug‘chilik jamoalari tartibida sardorlar boshchiligida yashaganlar. Ularning jangovar suvoriylari Mesopotamiya, hatto Afrika qit’asiga qadar kirib borgan. Bu jarayonlar arxeologik materiallarda yaxshi kuzatiladi.

– Sobiq sovet davrida markaz va milliy res­publikalar arxeologlari hamkorligida bir qator izlanishlar olib borilgan. Mustaqillik yillarida bu an’analar qaysi davlatlar arxeologlari bilan namunali tarzda yo‘lga qo‘yildi?

– Mustaqillik yillarida mamlakatimizda hukm surgan tinchlik, barqarorlik sharoitida hamkorlik doirasi kengay­di. Rossiya, AQSh, Fransiya, Germaniya, ­Italiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Gretsiya, Polsha, Avstraliya kabi mamlakatlar arxeologlari bilan hamkorlikda mustaqil O‘zbekiston hududlarida arxeologik izlanishlar olib borildi. Ularning moliyaviy ko‘magida xizmat safarlari, stajirovkalar tashkil etildi. Arxeologiya ilmiy markazlari bilan ilmiy adabiyotlar almashinuvi avvalgidek davom ettirildi, xorijiy mamlakatlarda o‘tgan ilmiy anjumanlarda arxeologlarimiz o‘z ma’ruzalari bilan faol qatnashdilar.

Ammo bu davrda Markaziy Osiyodagi qo‘shni res­publikalar arxeologlarining o‘zaro hamkorlik ekspedit­siyalari tashkil etilmadi, soha olimlarining izlanish obyektlariga avvalgidek rasmiyatchiliksiz borib kelish va tanishish imkoniyatlari keskin cheklandi. Oqibatda qo‘shni davlatlar ziyolilari o‘rtasida madaniy meros talashish muammosi tug‘ildi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev turkiy davlatlar hamkorligi masalasiga katta e’tibor qaratib, mintaqamizda bu borada yuzaga kel­gan murakkab vaziyatni yumshatishga yo‘l ochdi. Umid qilamizki, qo‘shni davlatlar arxeologlari orasidagi hamkorlik an’analari kelgusida rivoj topadi va uning geografik doirasi yanada kengayadi.

– Siz Sopollitepa va Jarqo‘ton arxeologik yod­gorliklarining ochilishi va o‘rganilishi munosabati bilan Zardushtiylik dini bizning yurtimizda paydo bo‘lganini asoslab bergansiz. Qariyb bir yarim ming yillik davrni qamrab olgan tariximizni o‘zida mujas­sam etgan mazkur ta’limotning o‘rganilishi hozir qay ahvolda?

– Bronza davriga tegishli Sopollitepa va Jarqo‘ton arxeologik yodgorliklarini shogirdlarim bilan birga o‘rgandim. Hozir maydoni yuz gektardan kam bo‘lmagan Jarqo‘ton shahristonida izdoshlarim tadqiqot olib bormoqda. Jarqo‘tonda otashparastlik diniga doir monu­mental Quyosh ibodatxonasi topilgan. Keyingi ilmiy ishlarimda men uni ilk zardushtiylik ibodatxonasi sifatida talqin qildim. Chunki bu yerda zardushtiylikka xos to‘rt unsurning barchasi o‘z aksini topgan. Masalan, ibodatxona hududida altar-o‘choqlar, bosh otashkada (olov timsoli) va suvi totli muqaddas quduq (obi hayot timsoli) bor, tashqaridan kelgan ziyoratchilar ibodatxonaning ochiq hovlisida, otashkadaga topi­nishga borish yo‘liga maxsus toshlar yotqizilgan (ona tuproq timsoli). So‘nggi Jarqo‘ton bosqichidan boshlab yashash xona­lari yeri ostiga jamoa a’zolarini ko‘mish man etilib, aholi turar-joylaridan tashqarida daxmalar ochilgan. Maqsad aholi turar-joylarining havosini toza saqlash bo‘lgan.

Otashparastlarda marhumni yerga ko‘mmasdan, ostadonlarga solib dafn etish udumi shakllangan. Bu Sopollitepa va Jarqo‘tonda o‘z aksini topgan. Mitti os­ta­­donlarni yasash boshlangan. Bu dalillarning barchasi zardushtiylikning ilk davridan guvohlik beradi. To‘g‘ri, bronza davrini Zardusht shaxsi bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Chunki Zardusht miloddan avvalgi VII asr­ning ikkinchi yarmi va VI asrning birinchi yarmida yasha­gan tarixiy shaxsdir. U o‘z davrining buyuk faylasufi va islohotchisi, buyuk islohotchilik xizmatlari uchun mazdaizm dini uning nomi bilan zardushtiylik dini deb ham atalgan.

Bu dinning ilohi Axura Mazda sanalgan, mazdaizm ta’limoti rivojida Zardushtning xizmati katta bo‘lgan. “Avesto” va unga hamohang “Rigveda” kitoblarida o‘z aksini topgan ta’limot Yevropa va rus sharqshunoslari tomonidan yaxshi o‘rganilgan. Ularning rahbarligi va ilmiy asarlari ruhida tarbiyalangan o‘zbek olimlari anchagina. Jumladan, avestoshunos professor Mirsodiq Is’hoqov va uning shogirdlari mazdaizm ta’limotini tadqiq qilishda davom etmoqdalar. Is’hoqov “Avesto” tili va unga yaqin qadimgi so‘g‘d tilini amalda biladiganlar Rossiya va Yevropada ham sanoqli qolgan. Bu masala hozir dolzarb muammodir.

– Sopollitepa va Jarqo‘tondan topilgan ipak, paxta va boshqa hunarmandlik mahsulotlari, bog‘dorchilik izlari o‘sha davr hayotini tasavvur qilishga yordam beradimi?

– Albatta. Janubiy O‘zbekistonda (Surxondaryo viloyati) Sopollitepa yodgorligi madaniy qatlamlaridan paxta chigiti topilgani qadimgi Sharqda O‘zbekis­ton hududlari Hindiston va Misrdagi kabi paxtachilik madaniyati markazlaridan biri bo‘lganini, Sopollitepadagi qabrlarda tabiiy ipak matodan tikilgan kiyim parchalari, shuningdek, tut daraxtidan yasalgan taroq, tut bargi bilan ipak qurti boqilganiga doir dalillarning uchrashi bronza davrida ipakchilik xo‘jaligi rivoj topganidan darak beradi. Shuningdek, jiyda, bodom, uzum, anjir urug‘lari uchrashi esa bog‘dorchilik madaniyati yuksak darajada rivojlanganining isbotidir. Bug‘doy, arpa, tariq, no‘xat kabi boshoqli o‘simlik donlari o‘sha vaqtda madaniylashtirilgan, lekin bizgacha kuyib, qora­yib ketgan holda yetib kelgan.   

Bularning barchasi hech bir mubolag‘asiz, o‘sha davr­dagi iqtisodiy xo‘jalik hayotini tasavvur qilishga yordam beradi. Chunki O‘zbekiston hududida bronza davrida sug‘orma dehqonchilik madaniyati taraqqiy etgan, miloddan avvalgi ikkinchi ming yillik boshlarida esa paxta ekilgan, ipak qurti boqilgan, bog‘dorchilik va sug‘orma dehqonchilik madaniyati rivojlangan.

– Ko‘pchilik otashparastlik, mazdayasniylik, zar­dush­tiylik va majusiylik singari tushunchalarni ara­lash­tirib yuboradi. Ularning farqi nimada?

– Aslida otashparastlik, mazdayasniylik va majusiylik tushunchalarini zamirida zardushtiylikning diniy-falsafiy asoslari yotadi. Otashparastlik – quyosh­ga, nurga, olovga sig‘inish demakdir. Uning ­tarixiy ildizlari juda qadimgi zamonlarga borib taqaladi. Arxeo­logiya topilmalari, qadimgi yozma manba hisob­langan “Avesto” va uning tarixiy lingvis­tik tahliliga ko‘ra, zardushtiylik Markaziy Osiyo, Eron, Afg‘oniston, Ozarbayjon hamda Yaqin va O‘rta Sharqning bir necha mamlakatlarida keng tarqalgan. Zardusht buyuk faylasuf sifatida qabilaviy dinlar jamiyat rivojiga jiddiy to‘siq bo‘layotganini chuqur anglab yetgan. Zardusht ta’limoticha, yorug‘ olamni yaratgan bosh iloh Axura Mazdadir. Nur, Quyosh esa uning samodagi o‘g‘li deb targ‘ib qilinadi. Zardusht – qadimgi pahlaviy tilida “Magupta”, ya’ni Axura Mazdaning yerdagi olovga sig‘inuvchi bandalarining diniy mubodi degan ma’noni anglatadi. Pahlaviy tilidagi manbalarda Islomga qadar qad ko‘targan qadimgi shahar xarobalari va mudofaa devorlari bilan o‘ralgan qal’alar otashparastlar yashagan makon sifatida talqin etiladi. Bu makon va manzillarni olimlar arab tilida “majus”, majusiylar yashagan manzillar deb ataganlar. “Avesto”da Axura Mazda oliy xudo hisoblangani uchun mazdaizm yoki mazdayasniylik dini deb ham atalgan. Demak, otashparastlik, mazdayasniylik, majusiylik turli nomlarda bir dinning turlicha atalishidir.

“Avesto” zamirida jamiyat yaxshilik va yomonlik, yorug‘lik va zulmat, hayot va o‘lim o‘rtasidagi kurashdan iborat, degan ta’limot yotadi. Odamdagi hamma yaxshiliklar Axura Mazda, yomonliklar esa Axrimanda ifodalanadi. Bu kurash abadiy davom etadi. “Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” tamoyili Axura Mazda ta’limoti­ning asosi. Agar odamlar shu ta’limot asosida yashasa­lar, ya’ni dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va bog‘dorchilik rivojlanib, jamiyatda mo‘l-ko‘lchilik bo‘lsa, Axura Mazda bundan mamnun, Axriman g‘amga botadi. Qurg‘oqchilik bo‘lib qahatchilik boshlansa, Axriman shod-xurram bo‘ladi.

Zardushtiylik talabiga ko‘ra, har bir inson Tang­rining yakka-yu yagonaligini e’tirof etishi, xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, ilm o‘rganishi, turli kasblarni egallashi, chorvachilik, dehqonchilik, hunarmandchilik va bog‘dor­chilik bilan shug‘ullanishi, kanal qazishi, ekin maydonlarini yovvoyi o‘tlardan muntazam tozalashi, yangi ekinbop yerlarni ochishi lozim. Shunda Axriman azoblanadi.

Zardushtiylik falsafasida marhumlarning jasadini tuproqqa ko‘mish yoki kuydirish taqiqlanadi. Bu din jonning o‘lmasligini, uning abadiyligini tan oladi, jannat va do‘zaxni e’tirof etadi.

Eron va O‘rta Osiyoda Islom dini hukmron dinga aylangach, ba’zi zardushtiylar Hindistonning Dehli va Gujarot viloyatlariga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan. Hozirgi kunda Eronning Yazd va Gilon viloyatlarida 100 mingdan ortiq, Hindistonning Maharashtra va Gujarot shtatlarida 115 mingdan ziyod zardushtiylar istiqomat qiladi. 

– Turizmni rivojlantirishda arxeologiyaning o‘rni beqiyos. Masalan, Qoraqalpog‘iston hududidagi qadimiy qal’alar bo‘ylab sayohat yo‘nalishlarini ochish mumkinmi? Bu borada respub­likamizda qan­day loyiha­larni taklif qilgan bo‘lardingiz?

– Men savolingizni Qadimgi Xorazm hududidagi qal’alar bo‘ylab sayohat yo‘nalishlari, deb o‘zgartirgan bo‘lar edim. Bu tarixiylik jihatidan to‘g‘ridir. Men Xorazmda bir necha bor bo‘lib, ilmiy anjumanlarda faol qatnashgan va Qadimgi Xorazm tarixiy muammolari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qigan bo‘lsam-da, bu noyob “Arxeologik qo‘riqxona”da dala tadqiqotlari bilan bevo­sita shug‘ullanmaganman. Shunga qaramay, turistik sayohat yo‘nalishlari “Qadimgi Xorazmda shaharsoz­lik madaniyatining shakllanishi va rivoj­lanishi”, “Qadimgi Xorazm – zardushtiylar vatani” kabi mavzularda tuzi­lishi, buning uchun esa, qal’alararo yo‘l xaritasini ishlab chiqish, har bir yo‘nalish bo‘yicha tarixiy haqiqat­ni xalq rivoyatlari bilan bog‘lagan holda, marshrutning aniq nuqtalarini belgilab, sayyohlarga mo‘ljallangan ilmiy-ommabop ma’ruzalar chop ettirish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Chunki ko‘pchilik yosh gidlar tarix bo‘yicha bilimi chala bo‘lgani bois cho‘pchak to‘qishdan nariga o‘ta olmaydi. Men bunga bir necha bor guvoh bo‘ldim.

– Termizdagi Arxeologiya muzeyi har qanday sayyohni hayratda qoldiradi. Boshqa viloyatlarda ham shunday muzey ochish uchun o‘sha hududlarda topilgan eksponatlar yetarlimi?

– Boshqa viloyatlarda, ayniqsa, Qoraqalpog‘istonda arxeologiya muzeyi ochish uchun eksponatlar yetarli darajada. Men buni hech ikkilanmay ayta olaman. Biroq bunday muzeyni ochish uchun jahon talablariga javob beradigan bino barpo etish lozim. Hududlar ma’muriyati mobodo arxeologik muzey tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berilsa, uning o‘ziga xosligiga e’ti­bor qaratmasdan, bo‘sh turgan bironta binoni ajratishi mumkin. Shu bois yurtimizdagi mavjud muzeylar­ning aksariyati arxeologiya muzeyi talablariga javob bermaydi. Hatto, siz ibrat namunasi qilib ko‘rsatgan Termiz arxeologiya muzeyi binosi ham. U yerda eks­ponatlar namoyishi ko‘ngildagiday, ammo muzeyning ortida katta saqlash inshooti bo‘lishi lozim. Uning maydoni eksponat zallari maydonidan ikki-uch barobar katta va keng bo‘lmasa, topilmalar qutilarda ochilmay yotaveradi.

Bunday muzeylar yirik arxeologik yodgorliklar qoshida qurilmog‘i darkor. U yerda esa, doimiy hara­katdagi mavsumiy ilmiy ekspeditsiya ishlab turmog‘i maqsadga muvofiq. Bunday yondashuv Namangan va Buxoro viloyatlari hududlaridagi Axsikent va Poykent shahar xarobalari qoshida yo‘lga qo‘yilmoqda. Toshkent viloyati­ning Nurafshon shahri hududida joylashgan Ulkanto‘ytepa, ya’ni Qadimgi Novqatda shunday muzey tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir. Viloyatda nafaqat, Arxeologiya, hatto Tarix muzeyi ham yo‘q. Arxeologik muzeylarni tashkil etish uchun mutasaddi davlat tashkiloti hisoblangan Madaniy meros agentligiga malakali mutaxassislarni ishga jalb qilish lozim. 

– Yangi O‘zbekistonning kelajagi yoshlar qo‘lida ekaniga shubha yo‘q. Siz hayotingizning dastlabki 35 yilini ilm-fanga, arxeologik izlanishlarga, keyingi 30 yilini esa yoshlar tarbiyasiga, ular qal­bida tarixiy tafakkurni shakllantirishga bag‘ishla­dingiz. O‘gitlaringizdan bahramand bo‘lganlar siz­ni katta ehtirom bilan ustoz, deb tilga oladilar. Bu­ning boisi nimada?

– Halollik, poklik, xolislik, o‘z burchimga, kasbimga bor vujudim bilan berilib ishlash, qaysi davr bo‘lishiga qaramay, Vatanga, uning madaniy merosini ko‘z qorachig‘idek saqlash, har jabhada oldingi saflarda bo‘lish mening turmush tarzimga aylangan. Bu fazilatlarni ota-onam hamda ustozlarim, mashhur akademiklar Yahyo Gʻulomov va Ibrohim Mo‘minovdan, o‘z davrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lgan jasoratli olim Habib Abdullayevdan, arxeologik izlanishlar metodikasi va sirlarini o‘rganishimda ilmiy rahbarlik qilgan professor Mixail Gryaznovdan o‘rgandim. Ular mening ishga munosabatimni qadrladilar, haqiqat yo‘lidagi kurashda ortimda ulkan chinor bo‘lib turib berdilar.

Hayotim davomida bu sifatlarni shogirdlarim, izdosh­larim qalbiga singdirishga intilib yashadim. Kunim ular­ning ilmiy maqolalari, dissertatsiyalarini o‘qish, taqriz yozish, samimiy maslahat berish bilan o‘tadi. 

Kompyuterdan foydalanishni 1995-yilda o‘rgangan­man. Shundan beri ilmiy ishlarimni, fikr-muloha­za­larim bayonini boshqalarga tezroq yetkazishga intilaman. Bu esa mening shogirdparvar, hozirjavob bo‘lishimda asqotadi. Agar biror kun turli sabablarga ko‘ra ish bilan band bo‘lmasam, ta’bim xira bo‘lib, nimanidir yo‘qotganday yuraman. 

Yangi O‘zbekistonimizning ilm-fani ravnaqi yo‘lida xizmat qilishni umrining mazmuni deb biladigan, ilmda qat’iyatli shogirdlarim yetarli. Ular orasida Temur Shirinov, Shopo‘lat Shaydullayev, Boqijon Matboboyev, Nasriddin Nazarov, Nigora Egamberdiyeva, Alisher Sobirov singari fan doktorlari, professorlar bor.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Humoyun AKBAROV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605