24.09.2024 | 11:51
1707
ARMINIY VAMBERI O‘ZBEK DIYORI VA ALLOMALARI HAQIDA
Markaziy Osiyo mintaqasi, qadim Turon o‘lkasi dunyo ahlini, xususan, tarixchi olim va sayyohlarni azaldan o‘ziga maftun etib keladi.
Yurtimiz haqida Sharqu Gʻarb olimlari, shoir-u adiblari tomonidan ko‘plab asarlar bitilgan. Biroq ular orasida vengriyalik mashhur sharqshunos olim, tilshunos, sayyoh va yozuvchi Arminiy Vamberining mintaqamizga qilgan safariga oid xotiralari (“O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat”, “O‘rta Osiyo ocherklari”, “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” kitoblari) alohida ajralib turadi.

Arminiy Vamberi (1832–1913) bolaligidanoq yahudiy, venger, nemis va slovak tillarini yaxshi bilgan, keyinchalik lotin, yunon, fransuz, ingliz, italyan, rus, shved, ispan, o‘zbek, turk, arab va fors tillarini ham o‘rgangan.
Sharq tillariga bo‘lgan qiziqish Vamberida uzoq yurtlarga safar qilish orzusini uyg‘otadi. Shu bois u 1857-yili Istanbulga kelib, mahalliy turk zodagonlari hamda yevropalik diplomatlar o‘rtasida muallim va olim sifatida nom chiqargan.
Shu davrda unda O‘rta Osiyoga safar qilish istagi paydo bo‘ladi. Vamberi musulmoncha ism – hoji Rashid afandi nomi bilan 1863-64-yillarda mintaqamizda bo‘lib, sayohat taassurotlari asosida “O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat” kitobini yozadi.
Mazkur asarida muallif safari davomida o‘ziga hamrohlik qilgan Xorazm farzandi – qo‘ng‘irotlik mulla Is’hoq Ibrohim nomini bir necha marta tilga olgan. “Mulla Is’hoq mening sarguzashtlarimda muhim o‘rin tutadi va u hozir Peshtda yashamoqda”, deb yozadi u. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1836-yili Qo‘ng‘irotda tug‘ilgan mulla Is’hoq taniqli ulamo bo‘lib, Qur’oni Karimni, diniy va dunyoviy bilimlarni chuqur bilgan.
Ushbu vatandoshimiz Vamberining sayohati davomida uning yaqin do‘sti va yordamchisiga aylangan. Safar nihoyasida u bilan birga Vengriyaga ketib, shu yurtda muqim yashab qoladi. Venger tilini o‘rganib, Fanlar akademiyasining sharq qo‘lyozmalari bo‘limiga ishga kiradi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarini venger tiliga tarjima qilib, ularning targ‘iboti bilan shug‘ullanadi. Ayni vaqtda mashhur venger adibi Yanosh Aronning “Ajoyib suyg‘unning hikoyati” asarini eski o‘zbek tiliga o‘giradi.
Mulla Is’hoq 1892-yili Vengriyaning Velenje shahrida vafot etgan va shu shahar qabristonida musulmonchilik qoidalariga binoan hurmat-ehtirom bilan dafn etilgan.
Arminiy Vamberi xotiralarida muallifning o‘zbek diyori va xalqimizga, buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan alohida hurmati va ehtiromi sezilib turadi.
Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan qaydlarni o‘qib, bunga siz ham amin bo‘lishingiz mumkin.
TAHRIRIYAT
Samarqand-u Buxoro ta’rifida
Islom olamida yagona toza buloq kabi saqlanib kelayotgan O‘rta Osiyoni, Xiva, Buxoro va Samarqandning tabarruk ziyoratgohlarini ko‘rish azaliy orzuyim edi.
* * *
Samarqand Temurning poytaxti, o‘zining kengligi, ahamiyati va go‘zalligi bilan ulug‘ shaharlar darajasiga ko‘tarildi.
Shaharning kunchiqar tomonida “Dilkusho” saroyi bor, shaharga qaragan eshigiga “Darvozayi firuza” deb zarhal harflar bilan juda chiroyli qilib yozilgan. Bu saroyning keng, katta, osmon va yulduzli koshinlar bilan bezatilgan peshtoqi uzoqdan yaltirab turar edi.
* * *
Bog‘lar va haydaladigan yerlarga boy hudud bo‘ylab yarim soat yurgach, ko‘z oldimizda tepasida laylak uyalari bo‘lgan minoralarga boy Buxoroyi sharif namoyon bo‘ldi.
Buxoroni ziyorat qilgan kishilar shahardagi osori-atiqalarni ko‘rib hayratga tushadilar.
* * *
Buxoro kitob bozorida va kitobfurushlarning uylarida qimmatli ilm xazinasi mavjudki, bu Sharqni o‘rganuvchi yevropalik tarixchi, tilshunos va boshqa olimlar uchun o‘ta foydali manba bo‘lishi mumkin.
* * *
Buxoro bug‘doyi eng sifatli sanaladi, u uzun va ingichka qizil rangli don beradi. Bu bug‘doy unidan Buxoro shahrida shuhrat qozongan non yopishadi. Bu bug‘doy hamma yerda shirmoy nomi bilan shuhrat qozongan.
Xiva ta’rifida
Men avval Xivaning shunchalik chiroyliligini faqat qiyosdan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Yo‘q, yo‘q! Xiva atrofidagi baland minoralar, soya tashlab turgan kichik hovlilar, ko‘m-ko‘k yaylovlar va to‘kin-sochin bozorlar hozir ham, Yevropaning g‘oyat go‘zal shaharlarini ko‘rganimdan so‘ng ham men uchun chiroyli bo‘lib tuyulyapti…
Mevalari Eron va Turkiyadagina emas, butun Yevropadagilardan totli. Tengi yo‘q, ajabtovur qovunlari Pekingacha ma’lum. Aytishlaricha, Usmon saltanatining sultoni vaqti-vaqti bilan Urganch qovunlarini xushlab qolar ekan. Bu qovunlar Rossiyada ham yuqori baholanadi. Ularning shirinligi to‘g‘risida yevropaliklar hatto tasavvur ham qilolmaydi. Ular shu darajada shirin va xushbo‘yki, og‘izda eriydi. Agar ular non bilan tanovul qilinsa, bizga in’om etilgan eng yaxshi taom shu bo‘ladi.
Amudaryo haqida
Dunyoda Amudaryoga o‘xshashi yo‘q. Hatto mashhur Nil daryosi ham bunday emas. Aminmanki, men bilgan daryolar orasida suvi eng shirini Amudaryodir.
Chig‘atoy emas, turkiy til!
Yoxud bir “g‘alati mashhur” xususida
Ko‘pgina Yevropa olimlarining (ularga “Chig‘atoy tilidan qo‘llanma” asarimda men ham qo‘shilgan edim) fikrlari ikki karra xatodir.
Birinchidan, O‘rta Osiyo aholisi hech vaqt o‘z yurtini ham, o‘z tilini ham chig‘atoy deb atamagan. Bu nom Amudaryoning u tomoni – Eronda forslar tomonidan qo‘llanilgan. Bu o‘lkaning aholisi o‘z yurtini Turkiston, o‘z tilini turkiy til, deb atab kelgan.
Ikkinchidan, Chig‘atoy musulmonlar tomonidan nimaga erishgan bo‘lsa erishgan, lekin muhabbatga, hurmatga erishmagan.
Amir Temur haqida
Hirot va Halab olimlari bilan bahsga kirishib, o‘ziga o‘xshab fikrlamagan kishilarni mukofotlagan odamni qahri qattiq va yovvoyi deyish mumkinmi?! Bursadan Samarqandga yuk hayvonlariga butun boshli bir kutubxonani ortib, ko‘chirib keltirgan kishini qahri qattiq va yovvoyi deyish mumkinmi?!
Shuning uchun ham Temurni Chingiz bilan teng qo‘yuvchilar ikki karra xato qiladilar.
Mirzo Ulug‘bek fenomeni
Ulug‘bek Gʻarb dunyosida bir necha asr keyin ham nomi hurmat bilan tilga olinadigan temuriylar sulolasidan edi. U hukm surgan davr temuriylarning oltin davri sanaladi.
Alisher Navoiy dahosiga ehtirom
Navoiy noyob poetik daho namunasidir. U o‘zidan she’riyat, tarix, axloq va mantiqqa oid ko‘plab shoh asarlarni meros qilib qoldirdi.
Bu zot go‘zal bir siyosatdon ham edi. U mohir qo‘mondon, o‘tkir qalam sohibi sifatida shuhrat qozondi. Har kimga yordam ko‘rsatgani kabi, keyinchalik o‘zining turk tilidagi bitmas-tuganmas asarlari bilan hayot chog‘ida ham, vafotidan so‘ng ham buyuk hurmatga sazovor bo‘ldi.
Olamdan o‘tganiga uch yarim asr bo‘lsa-da, uning asarlari ozmi-ko‘pmi adabiyotdan xabardor har bir o‘zbekning xonadonida eng ulug‘ o‘rinda turadi.

Naziri yo‘q asar
Bobur Mirzo o‘z asari orqali (“Boburnoma” nazarda tutilmoqda – tahririyat) bizning ko‘z o‘ngimizda ham shoir, ham siyosatdon, ham faylasuf siymosida gavdalanadi.
Turkiy va forsiy xalqlarning adabiyotida o‘zida shunchalik teran va manfaatli fikrlarni oddiy, ravon tilda bayon etgan bunga o‘xshash boshqa bironta kitob yo‘q.
Xivalik mulla Is’hoq to‘g‘risida

Mulla Is’hoq halol, ochiqko‘ngil inson edi. Uning g‘arazdan yiroq, sof munosabati xavf-xatarga to‘la yo‘limda menga yolg‘iz dalda va suyanchiq bo‘ldi. Bilimga intilishi va menga yaqinligi yosh mullaga e’tiborimni oshirdi. Bu navqiron yigitdan yetuk bir kishi chiqishini his etganim zahoti men uni Xorazmda tashlab ketmaslikka, iloji bo‘lsa, o‘zim bilan Yevropaga olib ketishga qaror qildim. Birinchi tanishganimdayoq uning qalbi sofligini sezgan edim, bu masalada men hech qachon adashmaganman.
Mulla Is’hoq Vengriyada
Bir yildan so‘ng Angliyadan qaytib kelsam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, mullam venger libosida, sallaning o‘rnida – so‘nggi modadagi prichyoska. Venger tilini tez o‘rganib olgan. Mening mullamni hamma yoqtirib qolgan. Ikki yil avvalgi Xiva madrasasi mullasining bashang ko‘rinishini qarang.
U bizning Gʻarb madaniyatimizni quyidagi sabablarga ko‘ra sevadi: birinchi o‘rinda u jamiyatning yakka shaxslarga ko‘rsatadigan zulmning yo‘qligidan xursand. O‘rta Osiyoda inson hayoti yo‘llarda qaroqchilardan, shaharlarda hukmdorlarning doimiy noraso farmonlaridan muhofaza etilmagan. Ikkinchidan, yevropaliklar bahramand bo‘layotgan qulayliklar uni o‘ziga rom etadi. Uchinchidan, Yevropada din va millatning har xilligi sezilmas darajadadir.
Mulla Ishoq hozir Yevropa akademiyasi kutubxonasida katta qo‘lyozmalar sahifalarini o‘qiyapti, yunon va lotin adabiyotlaridan tashqari yana falsafa, dunyo va din tarixiga oid kitoblar bilan tanishyapti. Ilgari “Yevropa” so‘zini eshitgani gumon bo‘lgan bu inson hozir Yevropaning eng yetakchi gazetalaridagi maqolalarni mutolaa qilmoqda. Gʻarb mamlakatlaridagi turli siyosatlarni muhokama etyapti va sharqiy yarimshar bilan g‘arbiy yarimsharni ikkilanmasdan bir-biriga qiyoslayapti.
Xon bilan suhbat
Tarixchi Umid Bekmuhammadning “Vengriyada yashagan xorazmlik olim” ilmiy-ommabop risolasida yozilishicha, bir afg‘on yigit Xiva xoni Said Muhammadxon saroyi amaldorlaridan biriga Vamberining josus ekani haqida ma’lumot beradi. Xonning ayg‘oqchilari ham xorijlik hojining (Vamberi Xivaga turk musulmon – hoji Rashid afandi qiyofasida kelgan – tahririyat) faqat ziyoratgohlarni emas, balki hamma narsani kuzatayotgani to‘g‘risida xabar berishadi. Shu bois xon Vamberini sinab ko‘rishga ahd qiladi. U barcha a’yonlari oldida:
– Eshitdimki, siz dunyoviy ilmlar bilan ham shug‘ullanar, mubolag‘a uslubida maktublar ham bitar emishsiz. Qani, bizga namuna tarzida istanbulcha bir necha satr xat bitib bering-chi, – deydi.
Vamberi esa ko‘rpachaga o‘tirgan holda quyidagi satrlarni yozadi:
“Ey, kuch-qudratda benazir podshoh! Sening xonlik marhamatingga sazovor bo‘lmish kamina quling, “Jamiki xattotlar nodon bo‘ladir” degan arab maqoliga rioya etib, xattotlik ila kam mashg‘ul bo‘lg‘onman va mana endi “Shohlar ko‘ngliga yoqqan nuqson fazilat sanalur” degan fors maqoliga binoan senga atab shu satrlarni bitishga jazm etdim”.
Said Muhammadxonga bu ta’riflar ma’qul kelib, Vamberini dasturxonga chorlab suhbat quradi. Shu tariqa Vamberi jazodan omon qolib, hatto Xiva xonining ehtiromiga sazovor bo‘ladi.
Elmurod NISHONOV nashrga tayyorladi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



