24.09.2024 | 15:52
243
TADQIQOTLARDA YANGI BOSQICH
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 31-avgust kuni poytaxtimizdagi Shahidlar xotirasi xiyobonida davlat, jamoat tashkilotlari vakillari va nuroniylar bilan birgalikda har yildagidek qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida qatnashdi. Xiyobondagi ramziy qabr yonida ularning ruhiga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilindi, tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni Vatan ozodligi, mustaqilligi yo‘lida qahramonona kurash olib borgan, mustabid chorizm, sovet mustamlakachiligi qurboni bo‘lgan, o‘zga yurtlarda surgun, qamoq azobini tortgan, qatag‘onning o‘tkir tig‘idan halok bo‘lganlar xotirasi eslab o‘tildi.

Ma’lumki, xalqimiz o‘sha davrlarda ko‘plab azob-uqubatlarni boshidan kechirdi. Uzoq davom etgan bunday sinovli yillarda millatning eng sara farzandlari, munavvarlari, jadidlarining hurlikka erishish, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega bo‘lish yo‘lida olib borgan mardonavor kurashlari tarixi hozirga qadar alohida va mukammal tarzda yoritib berilgani yo‘q.
Mustamlaka davrida yurtimizda juda ko‘plab din peshvolari – qorilar, imomlar, mudarrislar, ziyolilar va ularning izdoshlari, begona – “yot unsur”lar, burjua millatchisi, bosmachi, qo‘rboshi, lashkarboshi kabi turli soxta ayblovlar bilan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm etilgan, jismonan yo‘q qilingan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizning sha’ni-sharafi haqida achchiq, lekin bor haqiqatni aytish borasida tahsinga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘rinda Prezidentimizning quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinlidir: “Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Shu bois dunyodan o‘tgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olyapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etyapmiz. Ma’rifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari nashrga tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Mana, so‘nggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi”.
Tarixiy haqiqatni tiklash maqsadida qatag‘on qurbonlarining tabarruk ism-shariflarini ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobida qayd etish, shu majmuada barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga yozib qo‘yish ko‘rsatildi. Chet elda hamda yurtimizdagi qator arxivlarda saqlanayotgan katta ko‘lamli manbalar, hujjatlar, qo‘lyozmalar, foto hujjatlar, yozishmalar, mahbuslarga tegishli hujjatlar haligacha to‘liq o‘rganilmagani ta’kidlandi. Bu borada xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspedisiyalar tashkil etishni keng yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar belgilab berildi.
Yurtboshimizning ilm va ijod ahli uchun ko‘rsatayotgan ko‘magi boshqalar kabi menga va shogirdlarimga ham g‘ayrat-shijoat bag‘ishladi. Ayniqsa, har bir viloyatda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini barpo etish tashabbusi tufayli ana shunday mazlumlarning qismatiga yangi nuqtayi nazar bilan qarash boshlandi. O‘zbekistonda olib borilgan mudhish qatag‘on siyosatining fojiali oqibatlari va qatag‘on qurbonlari taqdirini tadqiq qilish, ularni nomma-nom aniqlash, xotirasini abadiylashtirishdek savobli tarixiy-ilmiy ishlarni bajarish kun tartibidagi muhim vazifalar qatoridan joy oldi.
Prezidentimizning 2024-yil 19-iyulda “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorida qayd etilganidek, “1937–1953-yillarda mustabid tuzum tomonidan xalqimizning 100 mingdan ziyod vakillari qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgan. Bu yurtdoshlarimizning 13 ming nafari otib tashlangan, minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunlarga jo‘natilgan. Ular orasida atoqli davlat va siyosat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, diniy ulamolar, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar va ularning oila a’zolari bo‘lgan.
Vatanimizning milliy istiqloli, xalqimiz ozodligi uchun kurashib, shu yo‘lda jonini fido etgan, siyosiy qatag‘on qurbonlari bo‘lgan ota-bobolarimizning hayoti va faoliyatini atroflicha o‘rganish va tadqiq etish, ularning nomlari va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keyingi yillarda yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2021–2024-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomlari oqlanganini alohida qayd etish lozim.
Ushbu jumlalarni o‘qigan har bir inson qatag‘onning dahshatli qamrovi nechog‘lik keng va qonli bo‘lganini yaqqol his qilishi shubhasiz, albatta. Shukrki, bugun ana shu tariximizning yopiq kunjaklariga ham adolat nurlari tushmoqda. Darhaqiqat, istiqlol davrining yoshlari mustaqillikdek ulug‘ ne’matga oson erishilmaganini, bu yo‘lda xalqimiz boshidan kechirgan mehnat-mashaqqatlarni chuqur anglamoqlari lozim.
Hozirgi murakkab va tahlikali davrda mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning noma’lum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtayi nazardan chuqur o‘rganish, inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, shu asosda butun xalq ommasi ongida Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini teran shakllantirish, ularni bugungi tinch, erkin hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalash juda muhim sanaladi.
Andijon davlat universiteti tuzulmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, muzey xodimlarining izlanishlari natijasida birinchilardan bo‘lib “Qatag‘on qurbonlari xotira kitobi. Andijon viloyati (1865–1991)” nomli ikki jildlik to‘plam chop etildi. Bu asarning nashriga tegishli moddiy sarf-xarajatlarni Andijon viloyati hokimligi o‘z zimmasiga oldi.
Mazkur kitoblarda o‘sha mash’um yillarda Andijon uyezdi, Andijon okrugi va Andijon oblasti bo‘yicha qatag‘on qilingan 4077 nafar yurtdoshimiz haqida ma’lumot keltirilgan. Aslida har ikki imperiya davrida Andijon viloyatidan qatag‘on qilinganlar soni ancha ko‘p bo‘lgan. Ularni nomma-nom aniqlash bo‘yicha tadqiqot-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda. Andijon viloyati sarhadlarida qatag‘on qurboni bo‘lganlar hayoti, faoliyati, fojiasini ochib beradigan raqamlar hozirgacha to‘liq emas. Bu borada hozirgacha nomlari noma’lum bo‘lgan insonlar haqidagi barcha manbalar ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



