14.10.2024 | 14:04
686
“YO‘LINGIZ OYDIN, SAFARINGIZ BEXATAR BO‘LSIN!”
…Hamon eslayman: hali istiqlolgacha bo‘lgan davrda Urganch shahrida ish bilan ushlanib qolsam, kechqurun qirq besh chaqirim yo‘l bosib, uyimga yetib olishim ming azob edi. Kechqurun majlisdan so‘ng tasodifiy ulovlarga minib, yarim tunda uyga yetib olgan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. U paytlari jamoat ulovlari shomdan so‘ng harakatini to‘xtatardi. Shahardagi “taksopark” atalmish korxonaga tegishli mashinalar esa kechqurun tumanlarga yurmasdi.

Hozir esa kecha-yu kunduz – yigirma to‘rt soat taksi xizmati sizga muntazir. Shahar-u qishloqlarning “pitak” atalmish joylari nihoyatda mashhur. Yana qo‘ng‘iroq qilsangiz istalgan paytda eshigingiz ostonasida kirakash mashina xizmatga shay turadi.
Bunga odamlarning daromadi oshgani, yurtimizda zamonaviy yengil mashinalar ko‘plab ishlab chiqarilayotgani zamin yaratdi. Axir o‘tgan asrning oxirlarida mamlakatimizda atigi to‘rt yuz ming yengil mashina bo‘lgan, xolos. Hozir ularning soni o‘nlab baravar oshgan.
Shaxsiy yengil mashinasida kirakashlik qilish orqali daromad topib, oila boqish “kasbi” paydo bo‘lganiga hali unchalik ko‘p vaqt bo‘lmadi. Boshlamada yangi tizimda qator to‘siqlar paydo bo‘ldi – transport boshqarmasi xodimlari muntazam nazorat tekshirishlari o‘tkazishib, yo‘lovchi tashish huquqini beruvchi litsenziyasiz kirakashlik qilayotgan odamlarni jarimaga tortishar, eng yomoni, “qonunsiz faoliyat” bilan uchinchi marta qo‘lga tushsa mashinasi davlat foydasiga musodara qilinardi.
Yoki chekka qishloqda yashovchi fuqaro shaxsiy yengil avtomashinasi bilan tuman markazidagi ularning “faoliyatini muvofiqlashtiruvchi” qandaydir MChJlarga a’zo bo‘lishi, har kuni ertalab o‘sha uyushmaga borishi, kunlik yo‘l varaqasini olishi va ma’lum miqdorda to‘lovni amalga oshirishi shart edi. Shundan so‘ng mijoz izlab ketardi. Yana mazkur uyushmalarning xizmat ko‘rsatish hududlari chegaralangan bo‘lib, kirakash bilmasdan o‘sha hududdan tashqariga chiqsa jarimaga tortilar, hatto litsenziyasi bekor bo‘lardi. “Daryotrans” otliq qandaydir tashkilot har oyda ma’lum yo‘nalishlarga tanlov e’lon qilar, unda g‘olib chiqqan MChJlar o‘zlariga a’zo kirakashlarni shu yo‘nalishlarga xizmatga qo‘yardi. Bundan kirakash istiqomat qilayotgan hudud bilan u xizmat ko‘rsatishi kerak bo‘lgan hudud oralig‘i hech kimni qiziqtirmasdi. Tekshirishlardan bezib ketgan kirakashlar majburan qo‘shni tumandagi shunday jamiyatlarga a’zo bo‘lishar, bu esa yo‘lkira haqiga sezilarli ta’sir ko‘rsatardi.
Kirakashlik tizimini jilovlagan bu usul uzoqqa bormadi – haydovchi-yu yo‘lovchilar noroziliklariga sabab bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan o‘z shaxsiy yengil avtomashinasida xizmat ko‘rsatayotgan fuqarolarga imtiyozlar va erkinliklar berilganiga uch yildan oshdi. Endi shaxsiy mashinasida yo‘lovchi tashish niyatida bo‘lgan fuqaro yil davomida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaricha pul to‘laydi va o‘zi istagan yo‘nalishda xizmat ko‘rsataveradi. Ular “o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar” toifasiga kiritilib, shu davr kirakashning ish stajiga qo‘shilishi belgilandi.
Yaqinda yurtimizda to‘rt yuz mingdan ko‘proq fuqaro xizmatning shu turi bilan mashg‘ulligi ochiqlandi. Agarda har oilada o‘rtacha besh kishi istiqomat qilishini aytsak, bugun yurtimizning salkam ikki million fuqarosi kirakashlik xizmatidan topilgan daromad hisobidan tirikchilik qilayotgani ma’lum bo‘ladi.
Bular – rasman ro‘yxatdan o‘tgan, xizmat ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega fuqarolar. Litsenziyasiz “xizmat ko‘rsatib” yurgan fuqarolar ham ozmas. Ayniqsa, bu holat xorij davlatlariga yo‘lovchi tashiyotgan kirakashlar orasida juda ko‘p. Afsuski, bugun boshqa sohalarga qaraganda ilgarilab ketgan ushbu tizim hali tartibga solinmagan. Bu, ayniqsa, kirakash va yo‘lovchi orasida manzilga eltib qo‘yish xizmati uchun to‘lanadigan yo‘l haqi masalasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Kirakashlarning “kelishib olib ketish” taklifi aksar hollarda yo‘lovchilar noroziligiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, bayram kunlari yo‘l haqi keskin oshib ketishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda bong uriladi.
Ma’lumki, har bir xizmatda “tannarx” degan tushuncha bor. Tannarx – xizmat ko‘rsatuvchining ketgan xarajatlari – yonilg‘i va vaqtdan kelib chiqib belgilanadi. Aytaylik, Xorazmdan poytaxtga qatnaydigan kirakashlar bir tomonga uch yuz ming so‘m atrofida yonilg‘i (metan gazida yuradigan mashina egalari) sarflashadi. Yana yo‘lda ovqatlanishi, mijoz kutib poytaxtda qolgan vaqti sarf-xarajatlari umumhisobda besh yuz ming so‘mni tashkil qiladi. Yo‘l haqi esa har yo‘lovchiga hozirda o‘rtacha 250 ming so‘m qilib belgilangan. (Bu yo‘lovchi poyezdning umumvagoni uchun patta narxi bilan teng).
Demak, to‘rt yo‘lovchi uchun bir million so‘m yo‘l haqi olgan kirakash o‘n besh soat ichida yarim million so‘m daromad topyapti. (Kirakashlarda “pochta xizmati” ham bor, ular bundan ham yaxshigina daromad topishadi).
Ammo, yaqin masofalarga qatnaydigan kirakashlar yo‘l haqini shaharlararo xizmat ko‘rsatayotgan hamkasblariga qaraganda ikki va hatto, uch hissa ko‘proq olishadi. Masalan, Urganchga kirakash mashinada ketsam ellik chaqirim masofaga 25 ming so‘m atrofida to‘layman. Shahar ichida uch chaqirimga bormoqchi bo‘lsam, kirakashlar 15 ming yo‘l haqi talab qilishadi. Yoki qishlog‘imizdan Hazoraspdagi mashhur bozorga qatnaydigan kirakashlar har bir yo‘lovchidan 15 ming so‘m olishadi. Oraliq masofa bor-yo‘g‘i 12 kilometr.
Masofalar oralig‘i, ketadigan sarf-xarajat, ya’ni tannarx orasida farq qanchalik katta ekanini ko‘ryapsizmi? Yo‘lovchi, ayniqsa, har kuni ishga qatnaydigan fuqarolar bundan tabiiy ravishda norozi bo‘lishadi-da!
Zamonaviy texnologiyalar bu tizimda xizmat ko‘rsatuvchi va yo‘lovchi mushkullarini osonlashtirishda katta yengilliklar yaratdi. Masalan, telegram ijtimoiy tarmog‘ida turli yo‘nalishlar bo‘yicha alohida muloqot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Guruhda bir kecha-kunduzda mingdan oshiq xabar yoziladi. Kirakashlar qaysi soatda yo‘lga chiqishi, mashina rusumi, yaratilgan sharoitlar haqida ma’lum qiladi. Shu tariqa yo‘lovchi va haydovchi muloqotga kirishib, manzil va yo‘lkira narxi kelishiladi.
Boshqa hududlarda ham xuddi shunday tizim allaqachon yaratilgan, mijozlar va xizmat ko‘rsatuvchilar yakdilligi yo‘lga qo‘yilgan. Axborot texnologiyalar taraqqiyoti rivojlangan davlatlarda xizmat ko‘rsatishning bu turi shu yo‘sin tartibga solinganiga ancha bo‘ldi. Ularda “pitak” deb atalgan kirakashlikning ibtidoiy ko‘rinishlari tarixga aylanib ulgurdi.
Xo‘sh, bizda bu tizim qachon qat’iy tartibga solinadi? Axir, bu har ikki tomon uchun ham manfaatli-ku! Yo‘lovchi uyida, yo‘l bo‘yida ulov kutib turmaydi, yana narxdan norozi bo‘lmaydi. Kirakashlar taksi xizmatiga ixtisoslashgan zamonaviy mobil ilovalar orqali muntazam mijozga, eng asosiysi, topgan daromadi hisobidan kelajakda nafaqaga chiqqanida tayinli pensiyaga ega bo‘ladi.
…Shular haqida o‘ylab yurganimda ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizda xuddi shu turdagi yangi “Fasten” atalmish kirakashlik kompaniyasi ish boshlagani haqida o‘qib qoldim. “Yandeks” yoniga raqobatchi bo‘lib “Fasten” qo‘shildi.
Nega “Yandeks”? Nega “Fasten”? Nimaga “Ravon yo‘l”, “Tezkor” yoki “Oq yo‘l” emas!
Ushbu tizimda xizmat ko‘rsatayotgan yengil mashinalarning aksari o‘zimizda ishlab chiqarilsa, xizmat ko‘rsatayotgan qorako‘zlar ham o‘zimiznikilar bo‘lgani holda nega atamalar xorijiy tilda bo‘lishi kerak?
To‘g‘ri, bu kompaniyalar hali bizda xizmatning shu turi endi tartibga solinayotgan vaqtda chetdan kirib kelishdi, xizmat sifati, nazorati bo‘yicha ibrat ko‘rsatishdi. Ammo-lekin, vaqt tezkor ilgarilab ketayotgan hozirgi davrda shunga o‘xshagan bir-ikki kompaniyaning tizimni monopoliyaga aylantirishi qanchalar to‘g‘ri? Nahotki o‘zimizning sarmoyadorlar milliy atamali shunday kompaniyalar tashkil qilishlari mumkin emas. Bu bilan tizimda chinakam raqobat paydo bo‘ladi. Raqobat esa xizmat sifati va narxiga keskin ta’sir ko‘rsatadi. Bozor siyosatining talabi ham shu!
…Poytaxtdan qaytish uchun Janubiy vokzalga kirakash mashina chaqiraman. Telefonimda “Ravon yo‘l” sizga xizmat qilishga tayyor! Besh daqiqada falon raqamli, falon rusumli mashina yetib boradi. Manzilgacha xizmat haqi 52 ming 500 so‘mni tashkil qiladi. Yo‘lingiz oydin, safaringiz bexatar bo‘lsin!” degan yozuv paydo bo‘ladi. Ancha yengil tortaman, shuurimda milliy g‘urur uyg‘onadi – “Ravon yo‘l”ni ilhaq kuta boshlayman…
Ushbu orzum qachon amalga osharkin?
Bir yo‘lovchi o‘laroq shu kunlarni orziqib kutyapman.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 11-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



