20.10.2024 | 16:18
1833
Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” asaridan iqtiboslar
Ushbu kitob ulug‘ bobokalonlarimizdan bo‘lgan alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy qalamlariga mansub nodir bir asardir. Muallif “Turkiston qayg‘usi” (1966–1973) nomli bu asarida xalqimiz qanday qilib bosqinchilarga qaram bo‘lib qolgani va dinni, Vatanni, millatni asrash kerakligi, mustaqillikni qo‘lga kiritish uchun nimalar qilmoq zarur ekanligi to‘g‘risida o‘sha mustabid sovet tuzumi davrida yetuk siyosiy arbob sifatida chuqur siyosiy-ijtimoiy mantiq asosida mukammal bayon etadi. Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan to XIX asr oxirigacha bo‘lgan davr ichida qurgan davlatlari, Amir Temur haqida, turkiy xalqlar etnografiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar ham bor.

Ulug‘ ruhlik, to‘liq aqllik kishilarning aytishlaricha, har odam o‘zida bor yaxshiliklaridan, undagi ilm-hunar fazilatlaridan boshqalarga foyda yetkudek, keyingilar ibrat olg‘udek bir asar yozib qoldirishi, albatta, unga lozimdir.
Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladilar.
O‘tmishdagi tarixini unitib, endigi tarixini tuymagan bir millat, qorong‘uda qolgan qo‘lida tayog‘i yo‘q ko‘r kishi kabi qayoqqa oyoq qo‘yishini bilmaganligidan dushman yetakchisi keynidan ketishga majbur bo‘ladi. Ochiq fikrli, sezgir Vatan o‘g‘illari tarixning qanday zarur ekanligini mening shu so‘zlarimdan ilhom olib, chuqur tushunishlari kerak. Yuqoridagi so‘zlardan ochiq ma’lum bo‘ldiki, ilm-hunardan orqada qolib, boshqalar oyoq ostida ezilgan musulmonlar Qur’on hukmini amalga oshi-rolmay, haqiqiy islomiyatdan bahra topmagan ekanlar. Yo‘q esa, Qur’on hukmlari, asosan, uch ishga to‘xtalmish:
- ittifoqlik;
- zamonaviy ilm-hunarni o‘rganib, har ishning sabablarini imkoniyat boricha to‘liqlash;
- dushman qarshisida o‘limdan qo‘rqmaslik.
Mana shu uch narsaga hayot olamida har kim ega bo‘lar ekan, o‘z Vatanlarini, butun insoniy huquqlarini bosqinchi dushmanlar hujumlaridan, albatta, saqlay oladilar.

Onggi ochilmagan, bilimsiz bir millat o‘z dushmanlari oldida qushxonaga haydalayotgan bir to‘p hayvondan hech qanday ayirmasi yo‘qdir. Insonning o‘ziga eng yaqin halokatlik dushmani ongsizlik, ilmsizlikdir.
Endi o‘tmishdagi ishlarimizdan o‘kinib o‘ltirish o‘rniga, ulardan ibrat olib, kelajagimiz uchun hozirlik ko‘rishimiz kerakdir. Chunki ikki Turkiston bolalari ikki ajdarho og‘ziga yutilish oldida turibdilar. Bundan qutulishning birdan bir chorasi esa zamonaviy ilm-fan bilan to‘liq qurollanib, buning ustiga milliy hislaridan ajralmay o‘z ona tillarini jon o‘rnida asrashlari lozimdir.
Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi bunday johiliyat botqog‘iga botdi? Buning bosh sababi dinni asosi bilan tushunmagan ilm-madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘ldilar. O‘zlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar.
O‘tgan ulug‘ faylasuflarning aytishlaricha hamda tarixiy tajribalarning ko‘rsatishicha, qaysi bir millat o‘z milliy davlatidan ajrab, uning hukumati yo‘qolar ekan, hukumat egasi bo‘lgan kelgindilar hisobiga yil sayin nasllari ozayib borib, eng so‘nggida butunlay yutilib ketishi tajribada ko‘rilmishdur.
Hozirgi madaniyat olamida millatning o‘z xuquqini saqlash sharafi uning qurol kuchigagina boglanmishdir. Shuning uchun to‘liq mudofaa kuchiga ega bo‘lmagan millatlar insoniy huquqlaridan butunlay ajrab, hayvonlar qatorida xo‘rlik bilan yashamoqqa majburdirlar.
Shuni bilishlari kerakki, madaniyat demak nimadan iborat bo‘lib, qanday bo‘lishi kerak. Mana bu so‘zning haqiqati bilan javobiga kim tushunar ekan, asl tuzuk madaniyatni ziyondosh, buzuq madaniyatdan ajrata oladi. Agar madaniyat deb ko‘rinishda obodon, haqiqatda harob, shu dinsizlar, odob-axloqsizlar madaniyatini aytadigan bo‘lsak, ulug xato qilgan bo‘lamiz. Chunki dunyodagi borliq narsalar inson turmushiga yordam yetkazish uchun yaratilmishdir. Buzuq madaniyatda esa, aksincha, insonlar ul narsalar uchun qurbon qilinadi. Madaniyat taraqqiyotining ilgari-keyin chiqara-yotgan butun yangiliklari inson hayotini yaxshilash uchun xizmat qilishi lozimdir. Hayot olamida eng ulug, oliy darajalik yaratilgan narsa shubhasiz shu insondir. Shuning uchun inson huquqlarini eng yuqori darajada saqlash haqiqiy madaniyatning ayrilmas bir tarmogidir.
Ma’lumdirki, dunyoda yashagan har bir kishining eng ayamlik, qizganib saqlaydigan besh narsasi bordir. Birinchi joni, keyingilari dini, moli, oilasi, ona Vatanidir. Mana bu besh narsani saqlash uchun onglik insonlar qanday jonbozlik qiladilar!

Madaniyat qayerda, qaysi millatda bo‘lsin, shu yuqorida aytilgan insoniyat haqlarini saqlash uchun hukumat qo‘lida adolat quroli bo‘lib turar ekan, ana shu chog‘dagina butun xalq haqiqiy madaniyatga erishib, tinchlik bilan rohatda turmush kechira oladilar.
Madaniyatning ilm, fazl, hunar, sanoatlarini insonlar hojatini chiqarish, ular foydasi uchun ishlatish emas, balki o‘zlarining ko‘rlarcha ushlab yopishgan buzuq yo‘llariga kirgizish quroli qiladilar. Mana bunday madaniyatga buzuqlar boshligi bir firqapalidlar ega bo‘lgach, bular qo‘lida butun xalq erk ixtiyoridan ajrab eng tubangi hayvonlar qatorida yashamoqqa majbur bo‘ladilar. Bu kabi madaniyatlar oqillar, faylasuflar oldida “Zollata, fosiqa madaniyat”, ya’ni “Ko‘rlar, adashganlar madaniyati” deb ataladi.
Hozirgi o‘qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo‘lmas ekanlar, ulardan bizga, ya’ni o‘z xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir.
Payg‘ambarimiz Muhammad alay-hissalom ummatlarini tubandagi uch narsadan bek saqlanishga buyurmishdir:
- Ojizlik,
- Qo‘rqoqlik,
- Dangasalik-ho‘rinlik.
Sharoiti bo‘la turib, o‘z haqqiga ega bo‘la olmagan kishini arabchada “ojiz” deyiladi. Kishi nima narsadan qo‘rqsa, shu narsa qo‘rquvchi boshiga balo bo‘lib, aning oldida maglubiyatga uchraydi. Ko‘rqoqlar ko‘p yaxshiliklardan quruq qoladilar. Dangasalik-ho‘rinlik – bu esa ishchanlikka qarshi bo‘lib, hayot olamida insonlar uchun eng ziyonlik yomon sifatlardandir. Shuning uchun payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Tani sog bekorchi, dangasa odamlardan Xudo bezor”, – dedilar.
Qayg‘ulik tunlar uzaydi, tong otar kun bormikin?
Biz qamaldik bu temir qo‘rg‘on ichida ingranib.
Bu zulm qo‘rg‘on qobig‘in sindirar kun bormikin?
Barcha olam yo‘llari ochiq erur bizga yopib.
Ey, xudo, haj yo‘li bizga ochilur kun bormikin?
Barcha olam ahli o‘z maqsadlarini toptilar.
O’zbekiston xalqiga 6u ish bo‘lar kun bormikin?
Ruslar bosti Vatanni, qopladi seldek kelib,
Bu falokatdin, xudoyo, qutilar kun bormikin?
Sog‘uniy, bag‘ring ezildi, bu Vatanning dardida
Kim bilur, bu dardima darmon topar kun bormikin?

Borlig‘im saqlay desang ilm hunardan qil yaroq!
Yo‘q esa olg‘ay boringni qilmay hech kim so‘roq.
Yer yuzi o‘zgardi ammo, o‘zgarishdan bizda yo‘q,
Sindi Turkiston elining boshida yuz ming tayoq.
Och ko‘zing Turon eli, zing‘irt bo‘lurmu qo‘ychibon,
Bormu bu yongliq bulon, payqab qara boshdin oyoq!
Har o‘g‘il voris bo‘lur qolgan otaning moliga,
Bo‘ldi Turkiston elining vorisi yuzsiz qaroq.
Mol egasidur qaroqchilar bu ajoyib ishga boq!
Baxt ochilmas ul kishilar, kim erurlar ilmsiz,
Ilmsizlar xor bo‘lur xohi qarodur, xohi oq.
Qaysu millat ustidin hokimlik etsa boshqalar,
Bu kabi xorlik hayotdin o‘lganidir yaxshiroq.
Ilmu iymon ikkisidin bahralik bo‘l ey o‘g‘il!
Bu ikkovlon birla olg‘aysan qo‘lingga shamchiroq.
Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chogda millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda o‘sib saqlangusidir. Agar bunday bo‘lmay balki, aksincha, o‘z ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chogda ko‘p uzoqlamayoq alvido aytib, o‘z tillaridan abadiy ajragan bo‘ladilar. Shundoq bo‘lib, o‘z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo‘qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug‘ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi.
Oqil odam har ishdan ibrat olur,
Qaysi hol ichra tursa foydalanur.
Odam bolasi har ishga chidayolsa ham, bekorchilikga chidayolmaydi.

Muhabbatdan ko‘ngullar nurg‘a to‘lg‘ay,
Sakkiz jannat oningdin hosil o‘lg‘ay.
Hayot olamida yashagan har qanday odam uning og‘ir yuklarini ko‘tarib, achchiq-chuchigini tatimasdan chorasi yo‘qdir.
Qadri yo‘q gavhar so‘zing olchoq kishilar oldida,
Durni taqsang na bilur, it og‘ziga tashla suyak.
Qo‘lg‘a kelmas ishlaring hargiz sharoit bo‘lmasa,
Qancha qilsang jon fidolik, foydasizdur ishlaring.
Bizning inqirozimizga eng birinchi sabablardan biri ittifoqsizligimiz bo‘ldi.
Och kishiga non yuzi yorning yuzidin yaxshiroq,
Chanqamish odamga suv hurining ko‘zidin yaxshiroq.
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



