Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.08.2025 | 15:00

img3508

O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asaridan iqtiboslar

Ushbu kitob muallifning sinchkov kuzatuvlan, o’y-kechinmalari, armonlari, istehzoli va tabassumli xulosalari asosida dunyo yuziini ko’rgan bo’lib, unda falsafiy fikrlar bilan birga Vatanimiz boshiga tushgan og’ir kulfat – “o’zbek ishi”, “paxta ishi” degan qatag’on yillari tog’risidagi ma’lumotlar go’zal lavhalarda tasvirlangan.

Telbalarga ta’zim qiling! Yuzta donishmand aytolmagan haqiqatni bitta telba aytadi!

Darvin ta’limoti noto‘g‘ri. Odam maymundan emas, maymun odamdan tarqagan. Oyog‘i yerdan uzilmaganlar odam bo‘lib qolgan. Oyog‘i yerdan uzilganlar esa maymun bo‘lib daraxtga chiqib ketgan… Bu jarayon hamon davom etmoqda…

Dunyoda eng aqlli jonivor – baliq! Birinchidan, soqov. Ikkinchidan, muttasil dumini likillatadi!

Kiyik och qolmaslik uchun ko‘kat yeydi. Ammo bir-birini o‘ldirmaydi. Sher och qolmaslik uchun kiyikni yeydi. Ammo bir-birini o‘ldirmaydi. Odam ko‘katni ham yeydi. Kiyikni ham yeydi. Ko‘ngil xushi uchun sherni ham o‘ldiradi… Keyin… urush qilib, bir-birining boshini yeydi…

Hamma narsani bilaman, deydigan odam hech nimani bilmaydi!

Yaxshigayam, yomongayam birdek yaxshi ko‘rinishga urinadigan odam eng xavfli odamdir!

Ayol qalbi teskari magnitga o‘xshaydi: yaqinlashsang – uzoqlashadi, uzoqlashsang – yaqinlashadi.

Umrbod ortingdan ergashib yuradigan yoqimli dushman – nafs!

Ayol go‘dak isini birinchi farzandi tug‘ilganidayoq his etadi. Erkak esa go‘dak isi nimaligini nevarali bo‘lganidan keyin anglaydi. Biz – erkaklar doim kechikib yuramiz…

“Pul – makruh narsa, odamni buzadi!“ Kambag‘al shunday deb, o‘zini yupatadi va bora-bora qashshoqqa aylanadi. Boyvachcha shunday deb, o‘zgalarni yupatadi va bora-bora boy otaga aylanadi.

Kulishni bilmaydigan odam – baxtsiz odam. Yig’lashni bilmaydigan odam ikki hissa baxtsiz!

Bolaligida qush uyasini buzishga odatlangan odam katta bo‘lganida birovning oilasini bemalol buza oladi.

Ayol sizni juda qattiq sevsa, hushyor bo‘ling. Otashin muhabbat – rashkka, rashk – shubhaga, shubha – xudbinlikka, xudbinlik – dushmanlikka aylanishi mumkin.

Maqtanchoqlik qarilikning birinchi belgisidir.

Odam uchta narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sog‘lik. Tinchlik.

Insoniyat orol emas, qit’a bo’lib yashashni o‘rgansa, ko‘p balolarning oldi olingan bo’lardi.

Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga aylanishi uchun ming yil kamlik qiladi. Do‘stlik ham shunga o‘xshaydi.

Odam qancha ko‘p qiziqsa, shuncha ko‘p o‘qiydi. Qancha ko‘p o‘qisa, shuncha ko‘p biladi. Qancha ko‘p bilsa, yashashi shuncha qiyin bo‘ladi.

Biz hammamiz – yolg‘onchilarmiz. Ayting, qaysi biringiz aqalli biron marta go‘dakka yolg’on gapirmaganman, deya olasiz? Go‘dakni aldash esa eng katta yolg‘ondir!

Quyosh buloq suviga ham, mag‘zavaga ham baravar nur sochaveradi. Yer chuchmo‘mani ham, chaqirtikanakni ham baravar o‘stiraveradi.

…Ota-onaga bolaning yaxshi-yomoni yo‘q…

Bir narsani hech tushunmayman: kitob o‘qiydiganlarda pul yo‘q. Puli ko‘plar kitob o‘qimaydi…

Afrika qabilalaridan birida jinoyat qilgan odamni sazoyi qilish, qamab qo‘yish, qatl etish degan gaplar yo‘q ekan. Tanho o‘zini qabiladan haydab yuborisharkan, xolos… Aslida, odam uchun yolg‘izlik eng oliy jazodir!

Hatto bulbul ham bola ochganidan keyin sayrashni bas qilib, polaponlariga yemish tashiydi.

Uncha-buncha narsaga hayron qolmaydigan odamdan Olim chiqadi. Hamma narsaga hayratlanadigan odamdan Shoir chiqadi!

Ko‘ngli – paxtasidek oppoq. Fe’li – paxtasidek yumshoq. Mehri – paxtasidek qaynoq… Faqat bitta aybi bor: “paxta qo‘yish”ni bilmaydi!

Ilk muhabbat bahor osmonidagi bulutga o‘xshaydi. Oppoq. Pokiza. Shaffof… Na qo‘lingiz bilan tutasiz. Na ortidan yugurib yetasiz… Shamol uni qayoqqa olib ketishini ham bilmaysiz… Birinchi muhabbat ko‘pincha natijasiz tugashi, balki, shundandir…

Aql bilan mansabga erishish mumkin. Mansab bilan aqlga erishib bo‘lmaydi.

Rostgo‘y odamning bitta ojizligi bo‘ladi: uni aldash oson.

Do‘st degani daraxt yaprog‘iga o‘xshaydi. Bahor chog‘i – behisob. Kuz kelganda – sanoqli. Yoshlik chog‘i – behisob. Keksayganda – sanoqli…

Mehrga bemehrlik bilan javob berish insonning abadiy kasalligidir.

Ayol – shunday jumboqlar kitobiki, hali hech kim uni oxirigacha o‘qiy olgan emas.

Aql – shunday xazinaki, qancha ko‘p ishlatsangiz, shuncha to‘lishib boraveradi.

Har qanday donolikning cheki bo‘ladi. Nodonlik esa chegara bilmaydi. Dunyoda donolardan ko‘ra nodonlar ko‘pligi shundan bo‘lsa kerak.

Bolalikda dunyo keng-u, kiyim tor. Keksayganda kiyim keng-u, dunyo tor…

Bola tug‘dirganlarning hammasi ham Ota bo‘lavermaydi. Bola tug‘ganlarning hammasi ham Ona bo‘lavermaydi. Bolaning hammasi ham Farzand bo‘lavermaydi…

Odamlar chindan ko‘ra yolg‘onga tezroq ishonadi. Bu dunyoning o‘zida rostdan ko‘ra yolg‘on ko‘proq bo‘lsa, nima qilsin…

Mustaqillik berilmaydi. Mustaqillik olinadi!

Ona tilini unutmoq – o‘z onasini unutmoq bilan teng!

Adolat bitta bo‘ladi, deyish – go‘llikdir. Adolatning qiyofasi ming xil bo‘lishi mumkin. Bu – unga kim qarashiga, qayoqdan qarashiga, qay niyatda qarashiga bog‘liq.

Dunyoda eng bebaho, ammo hamisha benazir tarqatiladigan xazina bor. Bu – Ona mehri!

Hadeb “Erim kam pul topadi, erim kam pul topadi”, deb noliyvermang. Erkak kishi qancha ko‘p pul topsa, xotini shuncha ko‘payadi!

Yigirma yoshdagi oshiq-ma’shuqlikdan yetmish yoshdagi mehr-oqibatgacha yetib borgan er-xotin sabr-qanoat farishtalaridir.

Dunyoda mukammal narsa yo‘q. Hatto Muhabbat deb atalmish oliy tuyg‘uda ham adolatsizlik bor. Kim qattiqroq sevsa, o‘sha ko‘proq iztirob chekadi.

Hayotingizda sevinchdan ko‘ra o‘kinch ko‘proq bo‘lsa, ajablanmang. Odam bolasi yig‘lab tug’iladi. Kulishni esa ancha keyin o‘rganadi…

Dunyoda Onaga qiyoslash mumkin bo‘lgan ikkita narsa bor. Ona tili, Ona Vatan.

Varrak harchand havolangani bilan qush bo‘lolmaydi: ipi birovning qo‘lida…

Johillik qo‘rqinchli emas. Johilning oqilga aql o‘rgatishi qo‘rqinchli.

Odamlar qiziq. Ikki erkak mushtlashayotgan bo‘lsa, ajratib qo‘yadi-da, ikki ayol yulishayotgan bo‘lsa, zavqlanib tomosha qiladi… “Kamyob” narsa “tomoshabop” tuyulsa kerak-da…

Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak!

Iztirob chekib yozilgan asar rohat qilib o‘qiladi.

Talantsiz yozuvchi tovuqqa o‘xshaydi! Yong‘oqdek tuxum tug‘adi-da, qaqog‘lab olamni buzadi!

Dunyoda senga chin dildan ixlos qo‘ygan, asaringni bag‘riga bosib o‘qiydigan bitta kitobxon bo‘lsa, shu birgina kitobxon uchun ijod qilsang arziydi!

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596