Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.10.2024 | 16:53

img349

OLIS VA YAQIN XOTIRALAR

Bundan 47 yil muqaddam, 9-sinfda o‘qib yurgan kezlarimda, Shahrisabzda adabiyot fani bo‘yicha olimpiadada ilk marta O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov bilan uchrashganman. Olimpiadaning oxirgi kunlarida Pirimqul aka mashhur olim Matyoqub Qo‘shjonov bilan birga Shahrisabzga keldi. O‘zbek adabiyotining bu ikki darg‘asi bilan bo‘lgan uchrashuv orzular osmonida uchib yurgan biz o‘quvchilarga qizg‘in hayajonlar bag‘ishlagan edi. Uchrashuvdan so‘ng adib ilg‘or o‘quvchilar bilan alohida gaplashdi. Ular orasida men ham bor edim. Pirimqul akaga ma’qul keldim shekilli, menga uy manzilini berib: “Menga xat yozib turing, she’rlaringizni yuboring”, dedi. Shunday katta yozuvchining bir o‘quvchi bolani sizlab gapirishi va muloqotga undashi meni hayron qoldirgan. Bu ­e’tiborning o‘zi uch-to‘rtta xom mashqlari havosida masrur yurgan g‘o‘rgina bola uchun katta bayram edi. So‘ng olimpiada tugab, o‘quvchilar uy-uyiga – kapa to‘yiga tarqalishdi.

Keyinroq… Surxondaryoning chekkadan-­chekka bir qishlog‘i Boymoqliga, “to‘g‘ri kelgan narsani she’r deb kuylab”, qog‘oz qoralab yurgan bir o‘smirga kimsan O‘zbe­kis­tonning ulkan adibi Pirimqul Qodirovdan bir necha marta xatlar borgan. Shunday mashhur yozuvchining bir maktab bolasi uchun vaqt ajratib xat yozishi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, mashqlariga fikr bildirishi katta gap edi. Bunday mehr va samimiyat har kimning ham haddi emas. Ba’zan men hozirgi yoshimda chekka bir qishloqdagi biror bo‘z bolaga shunday himmat va rag‘bat ko‘rsata olamanmi, deb o‘zimga savol berib ko‘raman va javobda ikkilanib qolaman. Bu xatlar menga qanot bergan. Ularni saqlab qololmaganimga mudom achinaman. Ular menga qadrdon edi. Garchi yillar shamoli xatlarni qaylargadir qushlarday uchirib ketgan bo‘lsa-da, ular qalbimga muhrlangan.

Menga Pirimqul akaning ko‘p yaxshilik­lari o‘tgan. Maktabni bitirgan yilim mamlakatning eng nufuzli jurnali “Gulis­ton”da she’rlarim chiqdi. Men “Guliston” jurnali­ning manzilini ham bilmas edim. Tahririyatga she’r yuborga­nim ham yo‘q edi. Bu men uchun kutilmagan hayajonli voqea bo‘ldi. U paytlar “Guliston”da chiqish degani katta yo‘l uchun fatvoday gap edi. Chunki bu jurnal­ning boshida asr donishmandi Asqad Muxtor turardi. Keyin bilsam, Pirimqul ­Qodi­rov Asqad Muxtorga mening mashqlarim­ni tavsiya qilgan ekan.

Toshkentga o‘qishga kelganimdan so‘ng Pirimqul akaning ko‘p gurunglarini olganman. Juda madaniyatli, bag‘rikeng, doimo fikri-zikri yozayotgan asari bilan band bo‘ladigan zahmatkash bir inson edi. Hamma narsani teran nigoh bilan kuzatardi. Bir kuni Pirimqul akaning Asqad Muxtorga qo‘shni uyida o‘tirganimizda, u kishi menga o‘sha kunlari yozayotgan yangi asarining qo‘lyozmasini ko‘rsatdi. Qo‘lyozmani ko‘zdan kechira turib, bir narsadan ajablanganman. Bir varaq oq qog‘ozda bor-yo‘g‘i 8 yo 9 qator yozuv yozilgan, har bir qator orasi 3-4 santi­metr ochiq qoldirilgan. Aslida qo‘lyozmada bir sahifaga 30 qatorgacha yozuvni sig‘dirsa bo‘ladi. Lekin bu qo‘lyozmaning hamma sahifalaridagi ochiq joylar dehqonning ekin ekilmay qolgan yeriday bo‘sh yotardi. Ko‘nglimdan “Pirimqul aka qog‘ozni rosa isrof qilar ekan-da”, degan o‘y o‘tdi. Kuzatuv­chan, farosatli odam emasmi, darrov dilimdagini fahmladi. “Men ataylab qator orasini ochiq qoldiraman, – dedi u qo‘lyozmaga qo‘li bilan ishora qilib. – Buning boisi yozganla­rim­ni keyin qayta ishlayotganda varaqdagi ochiq joylar menga juda asqotadi. Tahrirta­lab joylarini o‘zgartiraman, so‘zlar va jumlalar ustida ishlaganim­da qog‘ozda bo‘sh joy ko‘p kerak bo‘ladi. Shuning uchun shunday yoza­man. Ba’zida bir qo‘lyozmani o‘n martalab qayta ishlashga to‘g‘ri keladi”. So‘ng Pirimqul aka javondan eski bir qo‘lyozmasini olib ko‘rsatdi. Haqiqatan, butun boshli sahifada bir santimetr ham ochiq joy yo‘q edi. O‘chirilgan, chizilgan, qayta yozilgan, so‘zlar bo‘yab tashlangan, bosh­qa so‘zlar qo‘shilgan, xuddi asalari uyasiday millimetrlargacha hisobda. Men zahmatkash, fidoyi adibning qo‘lyozmasi bilan yuzma-yuz turardim. Bu men uchun ulug‘ musavvirning tasviriy asarini tomosha qilishday zavqli edi. Shunda men Pirimqul akaning qanday mehnat qilishi­ni his qilganman. Bir so‘z bilan aytganda, Mirtemir domla “nazm dehqoni” deb ta’rif­langaniday, Pirimqul aka nasr dehqoni edi.

Adiblarning qo‘lyozmalari ko‘p kechinma­larga guvohlik beradi. Ularning ishlash nizomini, ijodiy salohiyatini, so‘zga munosa­batini, badiiy didini, farosatini ko‘rsatib turadi. Qo‘lyozma insonning ichki qiyofasining oynasi kabidir. Lekin afsuski, biz qo‘l­yozmalar yo‘qoladigan asrda yashayapmiz. Keyingi asrda qo‘lyozmalar bo‘lmaydi. Hatto imzolar saqlanib qolishi ham dargumon. Bu esa bani basharning katta yo‘qotishlaridan yana biri bo‘lishi tayin.

Bir gal Pirimqul akaning uyiga borganimda, u kishini qattiq xafa holda ko‘rdim. Juda madaniyatli, vazmin, sabrli, har narsaga ma’rifat ko‘zi bilan qaraydigan bu donish adib odatda ranjini birovga sezdirmas edi. ­Uning teran nigohli katta-katta ko‘zlarini mung qoplagan. Hamma narsani ichiga yutadigan tog‘day og‘ir bu odam portlash oldida turardi. Uning atrofida kechayotgan suronlardan xabarim borligi uchun ne derimni bilmay turganimda, birdan o‘zi yorilib qoldi: “Men Boburni noto‘g‘ri ulug‘lagan emishman. U impe­rator, yovuz podsho emish. Men Boburni ideallashtirgan emishman. Podsholar haqida bunday asarlar yozish mumkin emas emish.”

O‘shanda “Yulduzli tunlar” romani ayov­siz tanqid-u ta’qibga uchragan, shaxsan Markazqo‘mning ideologiya kotibi g‘azab otiga minib olib, mamlakat bo‘ylab chang-to‘zon ko‘targan, qizil minbarlarda pishqirib Bobur Mirzoga qarshi qilich yalang‘ochlab chiqqan kunlar edi. Aslida Boburning bitta nigohi qarshisida yetti bukilib qoladigan bunday kimsalar besh yuz yil avval xoinlar xiyonati bilan vatandan ketishga majbur bo‘lgan bobomizning nomini endi kitoblardan, matbuot sahifalaridan, televizor ekranlaridan, yanayam aniqrog‘i, millat xotirasidan o‘chirishga bel bog‘lagan edi. O‘n yillik juda mashaqqatli mehnatning samarasi bo‘lgan “Yulduzli tunlar” romani bu siyosiy fitnaning markaziga tushib qolgandi.

Men o‘shanda Pirimqul akaning ahvolini tushunganman. U o‘zini haqoratlanganday, xo‘rlanganday his qilardi. Shunday katta xizmatni qilgan odam tuhmatga qolib o‘tirardi. Holbuki, Oybek domla “Navoiy” romani bilan Alisher Navoiy siymosini qanday porlatgan bo‘lsa, Pirimqul Qodirov “Yulduzli tunlar” romani bilan buyuk Bobur siymosini shunday porlatdi. Hukmron saltanat uchun bunday ulug‘ siymolarning ziyosi qaysidir xandaqlarda ko‘milib ketishi muhim edi. Lekin bu ta’qib-u tazyiqlar qanchalik xatarli bo‘lmasin, roman xalq qalbidan joy olib bo‘lgandi. Endi uni yo‘qotish o‘rtoq Boykenjayevning “aralash qabristoni”ni ochishday jo‘n emasdi. O‘sha vaqtlarda “Yulduzli tunlar” asariga qilingan zulmga nisbatan buyuk adib ­Chingiz Aytmatov o‘z munosabatini bildirib chiqdi va yozuvchi mehnatini himoya qildi.

Pirimqul Qodirov “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”, “Qora ko‘zlar”, “Olmos kamar” kabi romanlar, qator qissa va hikoyalar yozib milliy adabiyotimiz xazinasiga ulkan hissa qo‘shish bilan birga mustaqillikning dastlabki kunlaridan “Labbay” deb yurt xizmatini zimmasiga olgan fidoyi adiblardan biridir. U Oliy Majlisda mamlakat kelajagiga daxl­dor muhim qonunlarning qabul qilinishida, O‘zbekiston bayrog‘i loyihasini ishlashda, Konstitutsiya, davlat tili bilan bog‘liq masalalar va boshqa jarayonlarda faol qatnashgan. Pirimqul Qodirovning ijtimoiy faolligining o‘zi alohida o‘rganilishi lozim bo‘lgan mavzu.

Pirimqul Qodirov haqida gap ketganda, o‘zim ishtirokchi bo‘lgan yana bir voqea borki, uni aytib o‘tishni qarzim deb bilaman. Bu voqea Pirimqul akaning inson sifatidagi yorqin jihatini, samimiyati va mehr-oqibatini namoyon qiladi.

Toshkentga oilam bilan endigina ko‘chib kelgan paytimiz edi. Bir farzandimiz bor. Turar joyimizning tayini yo‘q. Adashgan qushlarday u shoxdan bu shoxga uchib-qo‘nib yurgan kezlarimiz. Endi ishga kirgan vaqtlarim. O‘sha davrning 100 so‘mcha maoshi oyning yarmidan o‘tmay, ado bo‘ladi. Dekabrning oxirlari edi. Devori suvoq qilinmagan, derazasining bir ko‘ziga oyna qo‘yilgan bo‘lsa, bir ko‘ziga karton qog‘oz qoqilgan, kuni temir pechkaga qolgan, bitmagan uyda yashaymiz. Buyog‘i yangi yil bayramiga juda yaqin qolgan. Hamma uylarda bayram tayyorgarligi avjida. Shunday kunlarning birida Pirimqul aka meni uyiga chaqirdi. U yoq-bu yoqdan gurunglashga­ni­mizdan so‘ng, u kishi menga chek yozib berdi. “Navoiy-30”ga borib, omonat kassaga uchraysiz, shu chekni ko‘rsatasiz?” Men Pirimqul akaga “Yo‘q, qo‘ying aka”, deganday savol alomati bilan qarab turardim. U kishi buni ham darrov sezdi. “Bu sizlarga, kelinga, o‘g‘lingizga bizdan bayram sovg‘asi. Yangi yilni yaxshilab kutib olinglar”, dedi. Men o‘sha kuni “Navoiy-30”dagi omonat kassadan 120 so‘m pul oldim. So‘ng to‘g‘ri Markaziy univermag­ga borib, 67 so‘mga ko‘kimtir rangdagi, nimchali kostyum-shim sotib oldim. Bu kos­tyum-shimni “Pirimqul akam obergan kostyum”, deb maqtanib, uzoq vaqt kiyib yurdim. Qolgan pulga bara­kali bozor qilib, oilam bilan yangi yilni kutib olganmiz. Bu bayram oilamiz hayotidagi ajoyib bayramlardan biri bo‘lgan.

Eshqobil SHUKUR,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596