05.11.2024 | 09:34
477
ULUGʻ MURABBIY
Bugun Vatan tarixiga haqqoniy nazar solish, yillar davomida xaspoʻshlangan voqeliklar-u ayanchli taqdirlar haqida roʻy-rost gapirish, tahlil va tadqiq etish imkoni berildi. Zero, Yangi Oʻzbekiston va uning bunyodkori ziyoli olimlarimiz va madaniyat arboblari, ijodkorlar oldiga aniq-tiniq vazifa qoʻydilar: uch ming yildan ortiq boy tariximizni bor boʻy-basti bilan bugungi va kelgusi avlod koʻz oldida gavdalantirib, faxr va iftixor tuygʻularini tarbiyat etmoq kun tartibiga chiqdi.

Bu ishonch va daldadan ruhlangan ijodkorlar moziyning ochilmagan qirralari, unutilgan shaxslarini tarix sahniga olib chiqishda yangicha sa’y-harakat boshladi. Tarixni ilmiy asosda oʻrganish, tadqiq qilish bevosita tarixchi olimlarimizning, ixtisoslashtirilgan ilmiy muassasalarning vazifasi ekanligi ravshan. Ammo, targʻibot borasida adabiyot va san’at, xususan kinematografiyaning ta’sirchanlik koʻlami ancha keng. Haqqoniy tarixni gavdalantirishda kino xalqchil vosita sifatida muhim oʻrin egallaydi.
Modomiki, oʻtmish xususida gap borar ekan, bir asrlik tarixga ega oʻzbek badiiy kinosi va unda yoritilgan tarixiy voqelik borasida qisqa boʻlsa-da toʻxtalishni lozim topdik.
Oʻtgan asrning qizil mafkurasi zaminimizdan yetishib chiqqan ulugʻ zotlarni biror yorugʻ kun koʻrmay adolat-u haqiqatdan mutloq mosuvo chorasiz gʻariblardek talqin etgan. Alisher Navoiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek haqidagi oʻsha davr mahsuli boʻlgan filmlar fikrimizga yorqin misol. Hamza haqidagi koʻp qismli filmni-ku, gapirmasa ham boʻladi.
Oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab Sovet hukumatini oʻrnatish uchun yeng shimarib maydonga tushgan yasama qahramonlar haqidagi choʻpchaklar oʻsha davr tomoshabinini hayratga solgani inkor etib boʻlmas haqiqatdir. Shu tariqa katta avlod kinochilari tili bilan aytganda, “Oʻzbekfilm” “Basmachfilm”ga aylandi. Shu sohaning yoshi bir joyga borib qolgan vakili tamshanib, Yusuf Yalangtoʻshni (“Osiyo ustida boʻron” filmi qahramoni) sogʻinganini, shunday filmlar yaratilmayotganidan nola qilganiga guvoh boʻldim. Oʻzbek kinosining yarim asrdan koʻproq tarjimayi holida bunday hodisalar, afsuski, koʻp uchraydi. Toʻgʻri, davr shunday boʻlsa, tuzum shunday boʻlsa, talab shunday boʻlsa, firqaning yoʻrigʻiga yurmagan ijodkor jisman va ma’nan yoʻq qilingan, qatagʻondan oʻlmay-netmay bir amallab oʻtganlar mudom qoʻrquvda yashagan boʻlsa, shoʻring qurgʻur kinochi nima qilsin?! Shunday kinoasarlar bilan bir qancha avlod ulgʻaydi. Bugun asl mohiyatni anglagan ziyolilar qatorida oqni qoradan ajrata olmayotgan “Inqilob chavandozlari”, “Qora konsulning halokati”, “Qoʻqon voqeasi”, “Yettinchi oʻq”ni sogʻinayotganlar talaygina. Shunga shuncha gʻavgʻomi, degan nuqtayi nazar bilan qarovchilar ham topiladi.
Kino sohasida ishlayotgan millatparvar ijodkorlar, koʻplab ziyolilar noilojlikdan pinhona oʻkinib yurganida muhtaram Prezidentimiz muhim tarixiy tashabbusni ilgari surdilar. 2024-yilning 16-may kuni Kinochilar saroyiga tashrif buyurib, Oʻzbekiston kino san’ati muzeyi bilan tanishdilar. Kinoijodkorlar bilan suhbatlashgan Prezidentimiz “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi yuzasidan mulohaza yuritdilar. “Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi boʻlsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak. “Tirik tarix” dasturi shonli oʻtmishimizni chuqur anglab shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qoʻyishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki boʻladi”, deya ta’kidlaganlari kinoijodkorlarni, shu jumladan barcha ziyolilarni toʻlqinlantirdi.
Oradan qisqa vaqt oʻtib, 5-iyun sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi tasdiqlandi va 54 ta tarixiy film ishlab chiqarilishi belgilandi.
Qarorda kinematografiya sohasini yangi bosqichga koʻtarish, milliy davlatchiligimizning uch ming yildan ziyod tarixini, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi filmlar turkumini ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi hamda ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari asosida 2024–2027-yillarga moʻljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturini tasdiqlash vazifasi yuklatilgan edi. Ushbu dastur orqali xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati, azaliy qadriyat va an’analari, ezgu orzu-intilishlarini chuqur ilmiy asoslarga tayanib, toʻlaqonli aks ettirish, Vatan ozodligi va ravnaqi yoʻlida kurash olib borgan buyuk sarkarda va davlat arboblarining murakkab hayoti va davlatchilik faoliyatini xolis va haqqoniy koʻrsatib berish, tariximizda yorqin iz qoldirgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, alloma va mutafakkirlar, shoir va adiblar, ma’rifatparvar jadid bobolarimiz, atoqli san’atkorlarning ilmiy-ijodiy merosi, ularning umumbashariy tamaddun rivojiga qoʻshgan munosib hissasini yuksak gʻoyaviy-badiiy saviyada namoyish etish kabi olijanob vazifalarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, qarorga muvofiq belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya hamda Filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashuvchi milliy kengash tuzildi. Milliy komissiya va milliy kengash qoʻshma majlisi bayonida 2024–2027-yillarga moʻljallangan “Tirik tarix” dasturidagi filmlarni ishlab chiqarish rejasi, dasturga kiritilgan filmlarni ishlab chiqarish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomi, Milliy komissiya va Milliy kengashning yangilangan tarkibi tasdiqlandi. Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti va Fanlar akademiyasi Tarix instituti bilan birgalikda “Tirik tarix” dasturiga kiritilgan filmlarni yuqori saviyada ishlab chiqarish maqsadida ijodiy guruhlar (rejissyor, ssenarist va boshqa ijodkorlar) uchun oʻquv kurslarini tashkil qilish vazifalari yuklatilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida yetuk adabiyotshunos va tarixchi olimlar ishtirokida joriy yilning 5-sentyabridan 12-sentyabriga qadar kinoijodkorlar uchun moʻljallangan “Maxsus adabiyot”, 18-sentyabrdan 26-sentyabrga qadar esa “Maxsus tarix” oʻquv kurslari tashkil qilindi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, dasturdan oʻrin olgan 18 ta film xalqaro hamkorlikda suratga olinishi rejalashtirilgan. Jumladan, yaponiyalik kinoijodkorlar bilan “Sakura ifori”, Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda esa “Taqdir ufqlari” filmi suratga olinishi kutilmoqda.
“Tirik tarix” dasturiga kiritilgan filmlarni ishlab chiqarish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq 2024-yil 10-oktyabrdan 10-noyabrga qadar 44 ta kinoloyiha uchun tanlov e’lon qilindi. Tanlov yakuniga yetgandan soʻng, gʻolib kinoloyihalar aniqlanib, nizomga muvofiq kinostudiyalar oʻrtasida “pitching” (sarmoyadorlarni topish uchun kinoloyihalar taqdimoti) oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Tarix ulugʻ murabbiy, deymiz. Oʻtmish sabogʻi xatolardan xulosa chiqarib, kelajakka sobit qadam tashlashga, ajdodlarga munosib boʻlishga oʻrgatadi.
Joʻrabek Roʻzmetov,
Kinematografiya agentligi boshqarma boshligʻi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



