Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.11.2024 | 14:03

img656

“OTAM POKIZA INSON EDI”

Ma’sud RASULIY:

Biz Samarqandda istiqomat qilar edik. 1937-yilning 2-oktyabr kuni xuddi kecha­gidek yodimda. Kutilmaganda darvozamiz qattiq taqilladi. Men otamga ergashib eshik­ni ochishga bordim. Hovliga qurollangan kishilar kirishdi. Biri harbiy kiyimda, yana ikki nafar askar. O‘shanda o‘n ikki yoshda edim. Otamning rangi bo‘zarib ketganini ko‘rib hayron bo‘ldim. Ular bizga uyni tintuv qilish haqidagi orderni ko‘rsatishdi. Tintuv roppa-rosa sakkiz soat davom etdi. Uydagi kutub­xona javonimizdagi har bir kitob varaqlab chiqildi. Ular orasida arabiy imlodagi sharq qo‘lyozmalari, “Akade­miya” nashriyoti­ning qimmatbaho jildlari, o‘sha payt­dagi, “ZIF” (“Земля и фабрика”) nashriyoti­ning arzon kitoblari ham bor edi.

Harbiy kiyimdagi odam besh-oltita kitob va bir dasta suratlarni ajratib oldi. Onamni ham olib ketmoqchi bo‘lishdi. Ammo onam farzand kutayotgani – homilador bo‘lgani uchun uyda qoldilar. Faqat hech qayerga ketmasligi haqida undan tilxat olishdi.

Tintuv paytida otam kitob o‘qib o‘tirganlari hali-hanuz ko‘z oldimda turibdi. O‘ylab qarasam, otam shu zaylda o‘zining mustahkam irodasini namoyon qilgan ekan. O‘qiyotgan kitobini yopib, oshxonaga o‘tib xotirjam ovqatlangan ham edi. Olib ketar mahali boshimga qo‘lini qo‘yib: “Tushkunlikka tushma, o‘g‘lim”, dedi qat’iyat bilan. Onamga qarab: “Bu ang­lashilmovchilik. Tekshiradi va men, albatta, qaytaman”, dedi. Bu otam og‘zidan men eshitgan oxirgi so‘zlar edi. Bu voqeadan ke­yin oradan yillar o‘tdi. Men umid va ilinj bilan eshik poyladim. Otam qaytib kelishi va eshigimiz taqillashini umid bilan kutdim. Ammo qismat imzosi o‘zgacha ekan…

Otam Ma’ruf Rasuliy 1900-yilda tug‘ilgan bo‘­lib, dastlab shahar masjidi qoshi­da­gi bosh­lang‘ich maktabda, keyin rus-tu­zem mak­tabi­da o‘qigan edi. 1918-yilda Samar­qand­da birinchi sovetlar maktabi ochilishiga bosh-qosh bo‘lgan edi. Unga ajoyib pedagog-novator Abduqodir Shakuriy mudir qilib tayinlanadi. Otam esa Shakuriyga yordamchi bo‘ladi. Otam ilk marta onamni shu ma’rifat dargohida uchratgan ekan.

Sovet maktabida qizlar paranjiga o‘ranib o‘qishardi. Dadamning kichik singlisi Muh­taram ammam ham shu yerda o‘qirdi. Shuningdek, onajonim Muharram Abdulla qizi va uning singlisi Muzaffara ham shu dargohda ta’lim olishadi. Muhtaram akasi bergan kitoblarni o‘qish uchun Muharramga eltib beradi. “O‘qib bo‘lingan” kitoblar iziga qaytadi. Orada borib kelayotgan kitoblar orasida ikki qalbning muhab­bat maktublari yashiringan bo‘ladi…

Otam juda yumshoq fe’lli, barchaga hur­mat va izzat bilan qarar edi. U bilan bir marta suhbatlashgan odam yana gaplashgisi kelar­di. 1917-yilda Buxoro amirining buyrug‘i bilan Sadriddin Ayniyga 75 darra uriladi. Adib jarohat­lar­dan dastlab Kogonda davolanadi. Keyin uni Samarqandning So‘fi Roziq mavzesida yashay­digan onamning otalari – Abdulla Abduxoliqov o‘z uyiga olib keladi. Bobomning kenja o‘g‘li G‘ani Abdullo shunday eslaydi: “Ayniy bilan uchrashuv bolalikdagi eng yorqin xotiralarim sirasiga kiradi. 1917-yilda Samarqanddagi So‘fi Roziq mavze­sidagi ko‘chadan fayton o‘tib borardi. Unda otam bilan Ayniy o‘tirgandi. Shu kundan boshlab adib bizning uyda yashay boshladi. Bir kuni mehmon yashaydigan xona derazasi ochiq ekan. Ayniy yarim yalang‘och holda orqasini derazaga qilib o‘tirgan ekan. Ko‘zim tushib qoldi, qonga bo‘yalgan darra izlari endi-endi bita boshlagan edi…

1918-1919-yillarda Samarqandda ko‘p­lab yoshlar to‘garaklari tashkil qilinadi. Otam Ma’ruf Rasuliy Eski shaharda ilg‘or yoshlar to‘garagini ochadi. Samarqand shahar veteranlar kengashi raisi Rahim Shokirbekov o‘z maqolasida otam haqida shunday yozgan edi: “Maktabga bu inson nomi berilishi juda quvonarli. U xalq ta’limi sohasiga ko‘p kuch sarfladi. 1925-yilning sentyabr oyida matbuot xodimlarining katta yig‘ilishi bo‘ldi. Yig‘ilishda juda ko‘p odam gapirdi. Ammo jurnalist Ma’ruf Rasuliyning nutqi nafaqat menda, barchada katta taas­surot qoldirdi”.

20-yillarda otam Samarqand xalq ta’limi bo‘limini boshqardi. “Maorif va o‘qituvchi” jur­na­lida qator maqolalari e’lon qilinadi. 1925-yil­dan “Zarafshon” gazetasiga muharrir bo‘ladi. Shuningdek, unga ilova tarzida “Mashrab” jur­nalini ham chiqarishadi.

Otam o‘sha paytlarda yosh jurnalistlarni tarbiyalash ishiga alohida e’tibor qaratadi. 1926–1928-yildarda otam O‘zbekiston Nar­kom­prosining siyosiy-ma’rifiy bo‘limi bosh­­lig‘i vazifasiga kirishadi. O‘sha paytlarda adabiyot va san’at sohasiga ham ushbu bo‘lim mas’ul edi. Shu bois otam yozuvchi, aktyor va san’atning boshqa soha xodimlariga ham rahbarlik qilardi. Qo‘lidan kelganicha ularga yordam berar, har jihatdan qo‘llab kuvvatlardi. Sadriddin Ayniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Botu, Ziyo Said, Komil Aliyev, Hamid Olimjon kabi elimizning taniqli ijodkorlari, shuningdek, Tojikistondan Mirzo Tursunzoda, Abdusalom Dehoti, Rahim Hoshim kabi adiblar uyimizga tez-tez kelishardi. Ular gohida tongga qadar suhbatlashib, bahslashib, ijodiy masalalarni hal qilishardi.

Yigirmanchi asrning boshlarida jadid­lar musulmon maktablarini isloh etib, yangi usul maktablarini tashkil qilishdi. Sinflarda dars jarayonida geografik xarita va globuslardan foydalanish boshlandi. Ayniqsa, o‘quvchilar yerda emas, balki maxsus partalarda o‘tirishlari chindan ham yangilik edi.

1972-yili uyimizga 30-yillarda qatag‘onga uchragan adabiyotshunos Vadud Mahmud keldi. Suhbati davomida o‘sha o‘ttizinchi yil­larda Cho‘lponning uyiga borganini aytdi. Shift­ga qarab, osig‘lik turgan xaltachaga ko‘zi tushibdi. Nima deb, so‘raganida Cho‘lpon e’lon qilinmagan she’rlarini yoqib, kulini xaltada saqlayotganini aytgan ekan.

O‘ttizinchi yillarda dastlab Samarqandda, so‘ngra Toshkentda “Alanga”, “Sharq”, “Yosh qalam”, “Mushtum”, “Mashrab”, “Yer yuzi”, “Maorif va o‘qituvchi”, “Qizil tikon”, “Uchqun” kabi jurnallar tashkil etildi.

Otam o‘zbek yoshlarining xorijga borib o‘qishiga ham ko‘maklashadi. U o‘ta kamtar va yumshoq fe’l-atvorligicha qoldi. Shuning uchun bo‘lsa kerak-ki, uni doimo zamondoshlari juda iliq so‘zlar bilan eslashar edi. Otamni bilgan zamondoshlarining “Ma’ruf Rasuliyni o‘sha davr haqiqiy ziyolilarining erta ochilgan guli deyish mumkin. U ajoyib notiq, adolatli va pokiza shaxs edi” deya xotirlashlarini eshitib, to‘g‘risi, faxrlanib yuraman. Otam qayerda va qanday lavozimda bo‘lmasin, halol va vijdon bilan chin ko‘ngildan ishladi.

Maqolani O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Muqaddas ABDUSAMATOVA nashrga tayyorladi.

Masʼud Maʼrufovich Rasuliy (1925-1996) – taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, milliy adabiyotlarning oʼzaro taʼsiriga oid koʼplab tadqiqotlar muallifi. Oʼzbekiston fanlar Аkademiyasi til va adabiyot institutida rus adabiyoti boʼlimiga oʼttiz yildan ziyod rahbarlik qilgan. Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi.

“Iqror” – uning memuar janrida yozgan yagona asari. Unda muallif totalitar tuzumda qatagʼon qilingan otasi va yaqin qarindoshlarining taqdirlari haqida hikoya qilgan.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img602

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600