10.04.2024 | 23:23
445
“NOMUS”DAGI NOMUSSIZLIK

Atrofimizdagi olam bizning qarashlarimiz, orzularimiz, intilishlarimiz, xulosalarimizga ta’sir ko‘rsatadi. Bunda, ayniqsa, jamiyatda birga yashayotgan, turli sohada faoliyat yuritayotgan kishilarning qarashlari, tutumlarining ta’siri katta. Keyingi vaqtlarda oynai jahon orqali uzatilayotgan ko‘rsatuvlarning, hatto reklamalarning odamlar ongiga ta’siri qanchalik kuchli bo‘layotganini ko‘rib turibmiz.
Bu borada televizion seriallar yetakchi mavqeni egallamoqda.
Seriallar ham, albatta, ularga ehtiyojlardan kelib chiqib paydo bo‘lgan, rivojlangan, mavzusini kengaytirgan. Seriallarning yaxshisi mazmunli kitob o‘rnini bosishi ham mumkin. Kitob o‘qimaydigan kishilarning katta qismi kino va seriallarga qiziqadi, ularni tomosha qiladi.
Serialning badiiy filmdan farqi bor, albatta. Filmlarda, sir emaski, voqealar rivoji qisqa davom etadi, voqea-hodisalar ma’lum vaqt ichida yoritiladi. Shunday ekan, tafsilotlarning hammasi ham aks etmaydi. Seriallar esa ko‘p qism va fasllarga bo‘linadi, voqealar eng mayda detallarigacha, kunma-kun yoritib boriladi. Serial avvalidan uning qachon tugashi va necha qismdan iboratligi noma’lum bo‘lgani sababli ularni kanda qilmay kuzatadigan muxlislari ko‘p.
Dunyo seriallari tarixiga nazar tashlasak, ular, asosan, o‘tgan asrning 50-yillarida AQSHda ommalashganini ko‘ramiz. Dastlab mashhur bo‘lgan seriallardan biri “Dunyo qanday aylanadi” filmi bo‘lgan. Eng uzoq davom etgan serial “Yo‘naltiruvchi yorug‘lik” 18262 qismdan iborat bo‘lgan va Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Amerikadagi televizion serial maktabi keyinroq Buyuk Britaniya, Argentina, Germaniya, Fransiya, Braziliya, Meksika va boshqa davlatlarga yoyilgan va rivojlangan.
Dunyoning turli mamlakatlarida xalqlarning seriallarga ehtiyoji bor. Bizning yurtimizda asrimiz boshlarida Meksika seriallari qiziqib tomosha qilingan bo‘lsa, bugungi kunda, ko‘rib turganimizdek, turk, koreys, xitoy seriallari ko‘proq qiziqtiradi. E’tibor bersak, seriallarini dunyoga taqdim etuvchi mamlakatlar hatto maishiy mavzulardagi filmlarda ham o‘z qadriyatlarini, tarixiy qahramonlarini ulug‘lashadi, vatanining, yurtdoshlarining yutuqlarini namoyish qilishadi. “Dengiz hukmdori” seriali qahramonini yaxshi biladigan, u kabi bo‘lishga intiladigan bolalar Amir Temurning qanday sharoitlarda sarkarda bo‘lganini bilmaydilar. Yoki tibbiyot ilmi asoschisi Ibn Sinoni bilmaydilar-u, koreya seriallari ta’sirida ulardagi tibbiyot tarixi va bugunini ilg‘or deb o‘ylaydilar.
Nega biz shu kabi seriallarga o‘z milliy-tarixiy seriallarimiz bilan javob berolmaymiz? Axir, kuchli mafkura ta’siriga tushib, milliy o‘zlikni yo‘qotmaslik va tariximizdan uzilib qolmaslik uchun eng katta kuch televideniyeda ekani ma’lum-ku.
Ajdodlarimizni bilmasligimizga, tariximiz bilan faxrlanmasligimizga bugungi kunda shu buyuk tarixni, ajdodlarning sha’nini ko‘rsatishga imkoni bo‘la turib, bu imkonni sovurayotgan, kassabop, o‘rtamiyona, yengil-yelpi, mulohazaga chorlamaydigan, mazmuni sayoz filmlar namoyish qilayotgan mutaxassislar sababchi emasmi? Tomoshabin qiziqishiga qarab ish tutish to‘g‘ridir, lekin saviyasiz tomoshabinga moslashish boshqa – chuqur fikrli, talabchan, mushohada yuritadigan e’tiborli tomoshabinlar saviyasiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Yurtimizda serial ishlab chiqarish o‘tgan asrning 70 – 80-yillarida boshlandi. Dastlabki seriallar sifatida 1977 – 1984-yillarda suratga olingan 17 qismli “Olovli yo‘llar” kinoromani, 1981-yil suratga olingan 20 qismli “Navoiy”, 1990-yilda 10 qismli “Bobur”, 1996-yilda 15 qismli “Mehrobdan chayon”, 1997-yilda 100 qismli “Charxpalak”, 1998-yilda 50 qismli “Ko‘ngil ko‘chalari” filmlarini eslash mumkin. Ochig‘ini aytganda, milliy tarixiy serial deganda shu filmlarga ishora qilamiz. To‘g‘ri, o‘tgan yigirma yil mobaynida xalqimizga o‘zbek kinorejissyorlari tomonidan suratga olingan “Tutash taqdirlar”, “Opa-singillar”, “Qaldirg‘ochlar yana qaytadi”, “Mehmonjonlardan aylanay”, “Umidingni so‘ndirma” kabi seriallar ham namoyish qilindi. Ammo ularda ham maishiy mavzu yetakchilik qiladi. “Serjantlar 1-2” kabi seriallar esa, ma’lum yo‘nalishda bo‘lsa-da, shuhrat qozonadigan darajada ishlanmagan.
Xitoy va koreys seriallarida mamlakat tarixi yuksak darajada ko‘rsatilishi bilan birga, filmni tomosha qilgan yosh avlod tasavvurida bosh qahramonlarga havas, ularga o‘xshashga urinish yoki farzandiga qahramonlar ismini qo‘yish holatlari ham kuzatiladiki, bu tomoshabinlar dunyoqarashiga serialning ta’siri jiddiyligini ko‘rsatadi. Yosh avlodga, umuman, xalqimizga o‘zligimiz, tariximiz, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino, Beruniy, Navoiy, Bobur, Najmiddin Kubro singari siymolar haqida filmlar yaratish o‘rniga qaynona-kelin, meros talashish kabi mayda mavzulardan chetga chiqa olmayapmiz.
To‘g‘ri, film yoki seriallarni oila davrasida jam bo‘lib ko‘rish mumkin, lekin bu bilan seriallarni oqlab bo‘lmaydi. Bu ularning vazifasiga kirmaydi. Seriallar milliy qadriyatlarni yoshlarga singdirishga, milliy g‘oyani mustahkamlashga ham xizmat qilishi kerak.
Bugungi kunda ayrim kinochilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlar shunchaki tadbirkorlik – biznesga aylanib qolgani sir emas. Seriallarni kuzatib boruvchilar, odatda, kitob o‘qishga moyil, davomli voqealarga qiziquvchan, sarguzashtlarni yoqtiradigan, kutilmagan hodisalarni kuzatishga ishtiyoqmand bo‘lishadi. Har bir yurtdoshimiz ham ish faoliyati, kundalik yumushlari, turmush tashvishlaridan ortib, kunda bir marta bo‘lsa-da, oynai jahon qarshisiga kelishi aniq. Biror film yoki serialni ko‘rib, hordiq olishni istaydi. Lekin bugun namoyish etilayotgan ba’zi serial va filmlardagi mazmunan bir xillik, sayozlik va savodsizlik kuzatuvchilarning ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘z muammolaridan chalg‘ish niyatidagi inson filmni tomosha qilayotganda voqealar ta’siriga tushish, ruhan ezilish, asabiylashish holatlariga tushishi ham bor gap. Chunki ularning barida deyarli bir xil muammolar: kelin va qaynonaning kelishmasligi, sevgi va muhabbat mojarolari, xiyonat kabi mojarolar tasvirlanadi.
Yaqinda namoyish qilingan “Nomus” seriali anonsini kuzatganimda, bu gal yaxshigina film ishlashibdi, deb o‘ylagandim. Ammo unday bo‘lib chiqmadi. Nom-u nomusning og‘riqli, insonning insonligini belgilaydigan eng muhim mezon ekaniga ishora qiladigan ushbu filmni biror-bir jihatiga ko‘ra oqlab bo‘lmaydi. Unda na sadoqat, na hayo, na halollik, na muhabbat tarannum etilgan. Qani bizning qadriyatlarimiz? Nega biz buzuqlik, maishiy tubanlikni tomoshabinga taqdim etayapmiz? Nega maishiy hayoti tuban odamlarni qahramon qilib olib chiqayapmiz? Nega odamlarning tuyg‘ulari bilan o‘ynashyapmiz?
“Nomus”da nomusidan ayrilib qolgan qizning boshqa bir oilaga kelin bo‘lib borishi, farzandining boshqa birovdan ekanligi, xullas, bu kabi voqealarni ko‘rib-kuzatib o‘tirishga toqat yetmaydi. Nima bo‘larkin, deb tomosha qilib turgan juda ko‘plab tomoshabinlarning ko‘nglida ham shunday e’tirozlar paydo bo‘lishi tabiiy.
Men odamlarimizni, ayniqsa, bolalarni bu kabi seriallardan qattiq qizg‘onaman. Yo seriallarga qat’iy talab qo‘yish kerak yoki ularni cheklash lozim. Boshqa yo‘l yo‘q.
Gulnora SHERMATOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi
2024-yil 26-yanvar 5-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



