11.11.2024 | 11:10
381
AHLI FAZL VA AHLI HUNARGA YUKSAK EHTIROM
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-oktyabr – 1-noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, yirik sanoat obyektlari, ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha tashkilotlari vakillari bilan muloqot qildi, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun turtki berdi. O‘zbekiston iqtisodini rivojlantirish, ishlab chiqarishning yangi tizimlarini yo‘lga qo‘yish va bu borada viloyat rahbarlari, mutasaddilari, mutaxassislari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarning yo‘l xaritasini belgilab berdi.

Prezidentimiz 2025-yilni viloyat kesimida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qildi. Bu nomlashda xalqimizga xos ma’lum bir ifoda orqali birdan ortiq ma’no anglatish mahorati mujassamdir. “Alisher Navoiy yili” birinchi navbatda buyuk mutafakkirning tafakkur mahsullari, ma’naviyat-ma’rifat tamoyillariga alohida e’tibor qaratishni nazarda tutadi. Ikkinchi jihatdan esa buyuk mutafakkirimiz nomi bilan yuritilgan viloyatga e’tibor qaratiladi, yil avvalida belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi viloyatning turli ishlab chiqarish sohalari va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi muvaffaqiyatini ta’minlaydi.
Respublikaning iqtisodiy rivojlangan viloyatida “Alisher Navoiy yili”ning joriy etilishi huquqiy-ma’naviy asoslarga ega. Alisher Navoiy hayoti davomida mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shgan, xalq farovonligi yo‘lida bir qator ishlarni amalga oshirgan. Xalq manfaati, mamlakat obodligi yo‘lida faoliyat olib borgan, boshqalarni ham shunga da’vat qilgan. Ijodkorning jamoat arbobi sifatida amalga oshirgan ishlari, avvalo, asarlarida, xotiralarida o‘z aksini topgan. Xususan, ijtimoiy-diniy amallar yuzasidan yo‘riqnoma qiymatiga ega bo‘lgan “Vaqfiya” asarida “Ilgimdan kelgancha zulm tig‘in ushotib, mazlum jarohatig‘a intihol malhamin qo‘ydim. Va ilgimdin kelmaganini ul hazrat arzig‘a yetkurdim”, deydi. Ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor bergani, mamlakat obodligi va xalq manfaatini ko‘zlab yo‘l tutgani ma’lum bo‘ladi: “Madrasa va xonaqoh orasidakim, tosh solibdurlar – qachon buzulurdek bo‘lsa, yildin yilg‘a marammat qilsunkim, musulmonlarg‘a o‘tar-borur dushvor bo‘lmag‘ay”.
Alisher Navoiy ilm, ijod ahliga rag‘bat ko‘rsatib, ularning tengsiz yaratiqlariga zamin yaratgan. Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiy shaxsiyatini ta’riflar ekan, “Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha, murabbiy va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay”, deb yozadi. Bobur bitiklaridan buyuk mutafakkirning ko‘plab xayriya ishlarini amalga oshirganini anglash mumkin: “Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvaffaq bo‘lmish bo‘lg‘ay”.
Alisher Navoiyning butun faoliyatida xalq manfaatini ustun qo‘ygani, mamlakat mulkini boyitishga xizmat qilgani ko‘p bora ta’kidlanadi. Xususan, Bobur shunday deydi: “Mirzodin nima olmas, balki yilda mirzog‘a kulliy mablag‘lar peshkash qilur edi”.
2025-yilning “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilinishi moddiy, iqtisodiy taraqqiyotning boy qadriyatlarga yo‘g‘rilgan ma’naviyat asosiga qurilishini ta’kidlashga xizmat qiladi.
Alisher Navoiy insonlar o‘rtasidagi samimiy munosabat masalasiga e’tibor qaratgan. Moddiy va ma’naviy sog‘lomlikni, saxiylikni, to‘g‘ri so‘zlikni, mehr-muruvvatli bo‘lishni targ‘ib qilgan:
Futuvvat barcha qilmakdur – demak yo‘q,
Muruvvat barcha bermakdur – yemak yo‘q.
Insoniy fazilatlarni ulug‘lagan. Tanqidni to‘g‘ri qabul qilish, tanqidchiga kamchiliklarni ko‘rsatuvchi oyna sifatida munosabatda bo‘lish lozimligini ta’kidlagan:
Kishi aybing desa dam urmag‘ilkim, ul erur ko‘zgu,
Chu ko‘zgu tiyra bo‘ldi – o‘zga aybing zohir aylarmu?
Alisher Navoiy xalqaro doiradagi munosabatlarning ham asosiy yo‘l-yo‘rig‘ini ko‘rsatib berdi. Bugungi kunda mutafakkirning Yaponiya sarhadlarida ezgulikka da’vat etib turgan:
“Olam ahli bilingizkim ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘ling bir-biringizgakim erur yorlig‘ ish”
degan hikmati dunyo miqyosidagi chaqiriqqa aylanishi zarur. Bu hikmatning anglanishi mamlakatlar, millatlar o‘rtasidagi ko‘plab nizolarga barham bergan bo‘lur edi…
Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “yashil makon” harakatini amalga oshirishga katta e’tibor berdi. Bugungi kunda dunyo shaharlarida ko‘chat o‘tkazish, daraxt ekish, ekologiyani tozalashga alohida diqqat qaratilmoqda. Alisher Navoiy o‘z davrida mamlakatni adolat bilan boshqarish g‘oyasini ilgari surgan. Xalq farovonligi, mamlakat obodligi yo‘lida faoliyat olib borishga da’vat qilgan:
Raiyat galav-u – sen sho‘bon,
Raiyat musmir-u – sen bog‘bon.
Bo‘rini dog‘i galadin dur qil,
Suv beribon bog‘ni ma’mur qil.
“Suv berib bog‘ni ma’mur, ya’ni obod qilish” hozirgi “yashil makon” harakatining mohiyatini tashkil etadi. Shoir xalq farovonligini, shuningdek, mamlakat obodonligini targ‘ib qilgan.
Alisher Navoiy o‘z qahramonlari orqali xalq manfaatini ustun qo‘yish, el-yurt koriga yarash g‘oyasini ilgari suradi. “Saddi Iskandariy”da ideal shoh timsolini yaratgan. Farhod timsolida tog‘-u toshlardan yo‘l ochish va suv keltirish tasvirlari orqali xalq, el-yurt manfaati yo‘lidagi mehnatga, mashaqqatlarni yengib o‘tishga chorlagan.
Alisher Navoiy “Tilga e’tibor – elga e’tibor” masalasini kun tartibiga qo‘ygan. Til millatning mavjudlik shartidir. Bugungi kunda taraqqiyoti kafolatlangan tillar, yo‘qolish arafasida turgan tillar, yo‘qolish ehtimoli mavjud tillar, yo‘qolib borayotgan tillarga ajratiladi. Dunyo tajribasidan kam aholi so‘zlashayotgan tillarning muhofaza qilinayotgani, til sohiblarining sa’y-harakatlari o‘laroq yashab kelayotgani ma’lum. Hatto faqat og‘zaki ko‘rinishda muloqot vositasi bo‘lib kelayotgan tillar ham mavjud. Alisher Navoiy til va elni bir butunlikda tavsifladi. Uning til, nutq, so‘z haqidagi qarashlari ma’naviyat taraqqiyoti uchun muhim qiymatga egadir. Shoir so‘z, uning mohiyati haqida aksariyat asarlarida to‘xtalib o‘tgan:
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilki guhari sharifroq yo‘q ondin.
So‘zni, ya’ni tilni tiriklik belgisi sifatida tavsiflagan: So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin… “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida so‘zni durga qiyoslagan: “…so‘z durredurkim, aning daryosi ko‘nguldur va ko‘ngul mazharedurkim, jami maoniyi juzv va kuldur (ya’ni “…so‘z bir dur bo‘lib, uning daryosi ko‘ngildir. Ko‘ngil shunday bir joy bo‘lib, so‘zning barcha – katta-kichik ma’nolari unda jam bo‘ladi”). Bu jumlada ko‘ngil so‘z vatani sifatida tasvirlangan, nutq mexanizmi, imkoniyatlari, nutqning shakllanish o‘rni, “idrok”, “ong” tushunchalarini ifoda etmoqda.
Buyuk mutafakkir g‘avvosni durning noyob xususiyatini namoyish qiluvchi va javharning qiymatini zohir qiluvchi sifatida keltiradi. Nutq so‘zlovchini ko‘ngildagi so‘z durini nutqqa olib kiruvchi va so‘zning qo‘llanish darajasini, qiymatini namoyon etuvchi sifatida ta’riflaydi: Andoqki, daryodin gavhar g‘avvos vositasi bila jilva namoyish qilur va aning qiymati javharig‘a ko‘ra zohir bo‘lur (“Bu shunga o‘xshaydiki, gavhar daryodan g‘avvos vositasi bilan chiqariladi, uning qiymati esa toshiga qarab belgilanadi”).
Til axborot berish bilan bir qatorda fikrni rivojlantirish omili hamdir. Alisher Navoiy:
Ki har ishni qildi odamizod,
Tafakkur birla qildi oni bunyod,
– deb yozadi hamda til va tafakkurni bir butunlikda talqin qiladi. Darhaqiqat, eng ilg‘or innovatsion g‘oyalar tafakkur orqali shakllanadi. Kashfiyot va ixtirolarning negizida yuksak darajada takomillashgan tafakkur yotadi. Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn”da “tez fahmlilik”, “yuksak idrok”, “samimiylik”, “poklik” kabilarni turkiy xalqlarga xos belgilar sifatida qayd etgan: “andoq ma’lum bo‘lurki, turk …tez fahmroq va baland idrokroq va xilqati sofroq va pokroq maxluq bo‘lubtur… Mazkur fazilatlarni shunchaki bayon qilib qolmasdan, uning mohiyatini ham yoritib o‘tadi. Yuqoridagi xos belgilarni turklarning sidqidil, sof, to‘g‘ri niyatlariga bog‘laydi: “…va bu hol turklarning sidq va safo va tuz niyatidin …zohir durur”. Ushbu satrlar buyuk mutafakkirlar vorislari bo‘lmish yoshlarimizning ham tafakkur imkoniyatlari kengligiga bir dalildir.
Prezidentimiz Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashriflarida yoshlarga alohida e’tibor qaratdilar. Ularning Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda alohida tirgak ekanliklarini ta’kidlab o‘tdilar. Hazrat Alisher Navoiyning asrlar osha aytgan fikrlari ham bugungi yoshlarning bunyodkorlik, yaratuvchanlik harakatlariga mos keladi:
Kim oy uza qo‘yg‘asen qadamni,
Kim lavhiga chekkasen raqamni.
Tashrif doirasida “Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusidagi tanlovning tashkil etilishi Navoiy hikmatlariga, o‘gitlariga, tafakkur mahsullariga murojaat qilish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Tanlovda ko‘pchilik g‘olib bo‘la olmaydi. Lekin shunisi ahamiyatliki, tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ko‘plab yurtdoshlarimiz Navoiy ijodini chuqur anglab yetish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tanlov ziyoli bo‘lmagan qatlamning ham Navoiy ijodiga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.
Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ning e’lon qilinishi shu ma’muriy hudud aholisining shoir ijodiga bo‘lgan yangicha yondashuvlariga asos bo‘ladi. Navoiy ijodiga bag‘ishlangan turli kechalar, tadbirlarning uyushtirilishi buyuk mutafakkir ma’rifatining keng qatlamdagi aholi shuuriga jo bo‘lishiga xizmat qiladi. “Alisher Navoiy yili” nafaqat buyuk mutafakkir nomi bilan yuritilayotgan viloyatda, balki butun respublika miqyosida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning keng ko‘lamda olib borilishini, yurtdoshlarimiz qalbiga asrlar osha o‘tib kelayotgan umrboqiy haqiqatlarning singishini ta’minlaydi. Qolaversa, viloyatning Alisher Navoiy ma’rifatini butun respublika va ayrim xorijiy mamlakatlar bo‘ylab keng yoyish ishlariga yetakchilik qilishini ham ifoda etadi.
Prezident tashrifi Navoiy viloyatida amalga oshiriladigan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari loyihasiga ham asos bo‘ldi. Aholi sayilgohlari, Navoiy davlat universiteti, ko‘p qavatli turar joylar, tadbirkorlik, ishbilarmonlik, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, kutubxona, hunarmandlik ustaxonalarini o‘zida jamlagan “Yangi Navoiy” shaharchasining bunyod etilayotgani respublikamizda yana bir ma’naviyat-ma’rifat o‘chog‘ining yaratilayotganini ko‘rsatadi.
Amfiteatr, sun’iy ko‘l va favvora, yopiq suzish havzasi, kutubxona, restoran, kafelar, bolalar o‘yin maydonchalari, yo‘l harakati mashg‘ulotlari maydonini o‘zida mujassam etgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining barpo etilishi serquyosh zamin manzarasi va havosidan bahramand bo‘lish imkonini beradi. Navoiy viloyatining transport vositalarida oltin qidirish va qazib olish jarayonlari yoritilgan maxsus sahnalarni aks ettiruvchi Dark Ride markazi nafaqat respublikamiz aholisi, balki xorijlik turistlar uchun ham qizg‘in sayohat maydoniga aylanadi.
Alisher Navoiy muzeyining tashkil qilinishi, ijod mahsullari manzarasi buyuk mutafakkir asarlari ta’sir doirasini yanada kengaytiradi. Shoir ijodini yangicha yondashuv asosida tadqiq etishga, ta’lim bosqichlarida o‘rganish metodologiyasini takomillashtirishga xizmat qiladi. Mavjud ta’lim muassasasi negizida tashkil etilgan Navoiy davlat universiteti hamda respublikaning taniqli navoiyshunos olimlari buyuk mutafakkir ijodiga oid ilmiy-pedagogik yo‘nalishdagi tadqiqotlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yadilar.
Bizning universitetimiz ham buyuk mutafakkir nomi bilan ataladi. Universitetimiz tashkil topgan sanadan buyon Alisher Navoiy ijodini yangi yo‘nalishda tadqiq etish, xorijiy tillarga tarjima qilish borasida ko‘plab yutuqlarga erishildi. Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifi asosida belgilangan chora-tadbirlar universitetimiz jamoasi oldiga ham mas’uliyat bilan amalga oshirish lozim bo‘lgan bir qator vazifalar qo‘ydi. Alisher Navoiy ijodini adabiyotshunoslik, matnshunoslik, tilshunoslik yo‘nalishda tadqiq etish, buyuk mutafakkir ijodini o‘rganish yuzasidan metodologik jamlanma, multimedia, kompyuter o‘yinlari, mobil ilovalar va elektron lug‘atlar yaratishda universitetimiz olimlari, taniqli navoiyshunoslari ishtirok etadilar.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev haqli ravishda qayd etganlaridek, “Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma’naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur”.
Universitetimiz olimlari Navoiy pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy va pedagogik faoliyat, ilmiy loyihalar, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish tizimida hamkorlik qilib keladi. Prezidentimiz tashrifi ushbu hamkorlikni yangi bosqichda, takomillashgan ko‘rinishda davom ettirishga zamin hozirladi.
Alisher Navoiy asarlari falsafiy mushohadalarga, purma’no so‘zlarga, chuqur mantiqiy xulosalarga boy bo‘lishi bilan bir qatorda sharq xalqlariga xos madaniy munosabatlar, urf-odat, an’analarni yoritishda ham muhim o‘rin tutadi.
Alisher Navoiy asarlari ko‘p yillardan beri o‘rganilib kelinmoqda. Hozirda olib borilayotgan tadqiqotlar buyuk mutafakkir ijodining yangi qirralarini kashf etmoqda, undagi ibratli fikrlarni, o‘tmishda aytilgan bugunning gaplarini ilg‘ab olishga yordam bermoqda.
Globallashuv davri, axborotning tezkor uzatilish ehtiyoji, texnik vositalar takomili, elektron manbalarning keng tarqalishi kitobga e’tiborning biroz susayishiga sabab bo‘lgandek. Ammo bugunning zukko avlodi texnik vositalar bilan bir qatorda kitob mutolaasiga ham jiddiy e’tibor berish lozimligini, ajdodlar tafakkur ziyosini amaliyotga tatbiq qilish ehtiyojini anglab yetmoqda. Buyuk ajdodlarimiz ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratganlar. Xususan, jadid ma’rifatparvarlari yoshlarni ma’naviyat asoslarini egallashga, bilim olishga da’vat etganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy ilmsizlikni qoralab, “Vatanda yashab turib bevatan qolish” halokatiga sabab bo‘lishini ta’kidlagan edi. Yangi O‘zbekiston qudrati ilm-ma’rifatli, ma’naviy jihatdan boy, axloqan to‘kis yoshlar bilan belgilanadi. Bunday yoshlarning safini kengaytirish, ularda kitobga, mumtoz madaniy merosga, milliy qadriyatlarga mehr-muhabbat uyg‘otish ziyolilarning, pedagoglarning mas’uliyatli burchidir. Hozirgi vaziyatda ta’lim-tarbiya tizimini muayyan maqsadga yo‘naltirilgan tarzda tashkil etish lozim, toki yoshlarimiz Navoiy dahosidan ibrat olsinlar, tafakkur qudratidan hayratlansinlar, tengsiz badiiyat namunalaridan bahramand bo‘lsinlar.
Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida shunday yozadi: “…umidim uldur va xayolimg‘a andoq kelurkim, so‘zum martabasi avjdin quyi inmagay va bu tartibim kavkabasi a’lo darajadin o‘zga yerni beganmagay”. Darhaqiqat, ulug‘ shoir, mutafakkir, mislsiz aql-idrok, tengsiz mahorat sohibi Alisher Navoiy so‘zlari “avjdin quyi inmagay”, daho ijodkor asarlarida aks etgan umrboqiy haqiqatlar “a’lo darajadin o‘zga yerni beganmagay.”
Shuhrat SIROJIDDINOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik
Zulxumor XOLMANOVA,
filologiya fanlari doktori, professor,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 8-noyabrdagi 46-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



