14.11.2024 | 12:59
505
QORA ZULM QURBONI
Noyabr – kuzning so‘nggi nafaslari bilan qishning izg‘irin shamollari orasidagi jimjit oy. Shamol kuzning so‘nggi kuyini chaladi, quyosh endi yerni isitishni xohlamasdan odamlardan tobora uzoqlashib boradi. Balki, quyosh ham yaqinlashib kelayotgan qorong‘i kunlar, begunoh insonlar o‘limi va bo‘lajak inqilobni sezgandir. Shunday kunlarning birida namanganlik kosib xonadonida yangi tug‘ilgan chaqaloq yig‘isi eshitiladi.

1912-yil 13-noyabr Namanganning Tanhogo‘r mahallasida o‘zbekning bo‘lajak iste’dodli shoiri, tarjimon va dramaturgi Usmon Nosir dunyoga keldi. Otasi Mamatxo‘ja davr qiyinchiligi, ochlik va xastalikdan 1916-yil vafot etdi. Shoir keyinchalik ana shu vaqtlarni xotirlab:
Otam o‘ldi, men sarson bo‘ldim,
Shum yetim deb so‘kdilar meni.
Ajab kunlarga mubtalo bo‘ldim,
Ko‘chalarga quvdilar meni…
– deya yozadi. Otasidan yetim qolgan bola onasi bilan boylarning uyida xizmat qiladi. Usmon Nosirning onasi Xolambibi keyinchalik Nosir hoji degan rus tilini biladigan, tijoratchi bilan oila quradi va 1921-yil ular Qo‘qonga ko‘chib o‘tadi. Shu tariqa shoir Qo‘qonning ulkan tarixga ega bo‘lgan adabiy muhitiga kirib keladi.
Hayotining “poshsho” davrida bolalar bilan o‘ynashi, zavqlanishi kerak bo‘lgan bola o‘gay otaning doimiy kaltaklari va haqoratlari qurshovida qoladi. Og‘ir jazolardan biri haqida shoirning do‘sti Temur Fattoh o‘z xotiralarida aytib o‘tgan. Bir kuni Xolambibi uyda bo‘lmagan vaqtda, hoji yosh Usmonni holdan toyguncha urib, qo‘lini orqasiga bog‘lab, oyog‘idan quduqqa osib qo‘yadi. Kutilmaganda kelib qolgan mahalladoshlaridan biri uni quduqdan qutqarib oladi. Shundan so‘ng, “Yangi hayot” maktabida o‘qiyotgan bolani onasi “Dor-ul shafaqa” – yetim bolalar yotib o‘qiydigan maktabga berishga majbur bo‘ladi. Zulmkor otadan ozod bo‘lgan Usmon endi she’riyatga butun vujudi bilan sho‘ng‘iydi. Abdulahad Qahhorov rahbari bo‘lgan “Sanoyi nafisa” to‘garagiga a’zo bo‘ladi va she’r mashq qila boshlaydi.
1927-yilda Qo‘qon shahar xotin-qizlar muxbirlari slyoti munosabati bilan “Bizning ko‘zgu” devoriy gazetasi chiqariladi. Unga maktab o‘quvchilari maqola, she’r, ocherklar berishadi. Ular orasida Usmon Nosirning “Haqiqat qalami” nomli ilk she’ri ham bor edi. Keyinchalik Muxtorxon domla tashabbusi bilan bu she’r “Yangi yo‘l” jurnalining 8-sonida qayta nashr etiladi.
Haqiqatni yozasan
Borliqni sen kezasan,
– deya muxbirlarni olqishlab yozgan shoirni, afsuski provardida, qalam ahli himoya qilmaydi.
Usmon Nosir 1929-yil to‘qqiz yillik maktabning birinchi bitiruvchilari bo‘lganligi uchun Moskva va Leningradga ekskursiyaga boradi. Sayohat xotiralari keyinchalik uning she’rlarida aks etadi.
Shuningdek, u Moskva Kinematografiya davlat instituti va Samarqand pedagogika akademiyasiga o‘qishga kiradi, ammo sog‘lig‘i va xulqidagi muammolar sabab, bu ikki oliy ta’lim dargohidagi tahsil oxiriga yetmaydi.
Shoir Sobir Abdulla xotiralariga qaraganda, Usmon Nosir Amin Umariy bilan Qo‘qon mumtoz adabiyotini o‘rganadi. Temur Fattoh esa ular 1926-yilda nashr etilgan Sergey Yeseninning to‘rt jildlik asarlarini sevib o‘qishganini aytadi. Shoirning “Monolog” she’rida Dezdemona, Otello qahramonlari, Shekspir nomlari keltiriladi. Demak, yosh Usmon Nosir sharq va g‘arb adabiyotidan xabardor bo‘lib, ularning mohiyati, yig‘indisini o‘z she’rlarida jamlagan.
Usmon Nosirning ilk to‘plami “Quyosh bilan suhbat” bo‘lib, 1932-yilda nashr etilgan. Umumiy hisobda shoirning beshta kitob, to‘rtta drama va uchta dostoni bor. Shuningdek, “Yurak”, “Monolog”, “Yo‘lchi”, “Nil va Rim” she’rlari uning tug‘ma iste’dod ekanligini isbotlaydi.
Usmon Nosirning Rohatxon ismli singlisiga uylangan ijodkor O‘tkir Rashid “Usmon Nosir haqida” nomli maqolasida shoirga quyidagidek ta’rif beradi: “Uning 1927-yildan 1932-yilgacha bo‘lgan ijodida publitsistika, voqealarga publitsistik munosabat, publitsistik pafos va ritorika ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun uning she’rlari shior va chaqiriq bo‘lib yangradi. Bu xususiyat Usmon ijodining zamon talabiga hozirjavobligini ko‘rsatdi… Shoirning mana shu dastlabki davr ijodida tematik aktuallik va rang-baranglik ustun bo‘lsa-da, bu yillar badiiy mahorat va ijodiy mustaqillik yo‘lida izlanish davri edi.”
Usmon Nosir mohir mutarjim ham edi. U 1937-yil rus shoiri A.S.Pushkin vafotining yuz yilligi munosabati bilan uning “Bog‘chasaroy fontani” asarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Shoirning jiyani Nodira Rashidovaning so‘zlariga ko‘ra, 1937-yil Moskvada Pushkinga bag‘ishlangan plenum bo‘lib o‘tadi. Unda o‘zbek yozuvchi va ijodkorlari ham qatnashadi. Ular orasida Usmon Nosir ham bo‘lgan. SSSR Yozuvchilar uyushmasi raisi Bezimenskiy ma’ruza qilayotganida Pushkin nemis ijodkori Gyotening she’rlarini tarjima qilgani haqida so‘z yuritib, o‘sha tarjimadan misollar keltiradi. Lekin misralar Gyotening emas, Shillerniki edi. Shunda Usmon Nosir bu “Shillerning misralari!” deya minbarga chiqadi va uning dostonini yoddan o‘qib beradi. Bezimenskiy unga hayrat bilan boqib, “Hamma ko‘rib qo‘ysin! Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi!” deydi, shundan so‘ng Moskva muxbirlari Usmon Nosir haqida maqolalar yozdi.
Shuningdek, u M.Y.Lermontovning “Demon” (“Iblis”), va “Egmont” tragediyasini ham o‘zbek tiliga tarjima qiladi. XX asrning 30-yillarida O‘zbekiston radio qo‘mitasi rahbari Qurbon Beregin “Egmont” asarini o‘zbek tilida qo‘yilishi shart degan fikrga keladi va uni tarjima qilishni Usmon Nosirga topshiradi. Lekin 1937-yil avgust oylarida Usmon Nosir hibsga olingani sabab bu tragediyani o‘zbek tiliga o‘girgan odam sir tutiladi. Naim Karimov izlanishlari natijasida o‘tmishning bizdan yashirgan maxfiy ma’lumoti oshkor bo‘ldi.
1937-yil 27-yanvar kechasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi soyuzida 25 yoshli Usmon Nosir ijodining o‘n yilligi munosabati bilan ijodiy kecha o‘tkaziladi. Oybek: “Usmon Nosir – ulug‘ shoir. Uning 25 yilligini nishonlasa arziydi. Ehtimol, hali unga haykal qo‘yarmiz. U o‘zbeklarning Lermontovi”, deya shoir ijodiga yuksak baho bergan.
1937-yilning qaqshatqich qatag‘on siyosati O‘zbekistonga ham kirib keladi. Bu siyosat birinchi galda adabiyot ustunlari Cho‘lpon, Fitrat, shuningdek, Usmon Nosirga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bu vaqtda Usmon Nosir endi 25 yoshga kirgan, hali oila ham qurmagan, yosh va navqiron edi. 1937-yil 12-iyulda Usmon Nosir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligidan o‘chiriladi. 13-iyul kuni esa NKVD xodimlari tomonidan qamoqqa olinadi. Shoir qalami o‘tkir, ma’rifatparvar, muxlislarining doim e’tibor va e’tirof markazida bo‘lgan, shuning uchun ham ba’zi hasadgo‘ylar uni “millatchi”likda ayblab ariza va ko‘rsatma bergan.
Davrning qiyinchiligi, NKVD xodimlarining tergov jarayoni qanday bo‘lgani hammaga ma’lum. Qamoqqa olingan shaxs u yerdan qaytib chiqolmaydi, aybi bo‘lmasa NKVD xodimlari tomonidan soxta ayblovlar uyushtirilar edi. Usmon Nosirga 1938-yil 5 oktabrda o‘tkazilgan sud “millatchi”, “Pushkin asarlarining saviyasini tushirish uchun tarjimani qasddan buzgan”, “ruslarga qarshi xunrezli niyati bor” degan ayblovlar qo‘yib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qiladi.
Shoir adolat nimaligini bilmaydigan zamondan haqiqatni izlaydi. Qamoqda bo‘lgan vaqtida Stalinga jinoiy ishi qayta tekshirilishini so‘rab xat yozadi. Doimiy harakatlar besamar ketmaydi. 1944-yil 15-dekabrda Harbiy prokratura Usmon Nosirning ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmni bekor qiladi. Afsuski, oqlov tizimi ancha kechikdi. Negaki, Usmon Nosir 1944-yil 9-mart, payshanba kuni yurak zaifligi va o‘pka silidan vafot etgan edi. Bu dunyoga bulbul bo‘lib kelgan, qalb tori endigina tarang tortila boshlagan iste’dodli shoir – qora zulmning, qora tuhmat va qora hasadning qurboni bo‘ldi.
Shoir xotirasini abadiylashtirish uchun Abubakir Rajabiy birinchilardan bo‘lib 1969-yilda shoirning ikki jildlik “Tanlangan asarlar”ini nashr etgan. Nodira Rashidova va Naim Karimov esa u haqida kitob, maqolalar yozishgan.
Xulosa o‘rnida Abdulla Oripovning shoir haqidagi fikrini keltiramiz: “Usmon Nosir ulug‘ va abadiy she’riyatning diydasidan oqib ulgurmagan shabnamdir, u hali qahqahaga aylanmay lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassumdir”.
Zebo RAHMATULLA qizi,
O‘zJOKU talabasi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
60
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
585
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
582



