Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.11.2024 | 10:55

img744

KENGASHLI TO‘Y TARQAMAS. KENGASHLI TV-CHI?

Xalqimiz har neki ishga kirishsa, kengashib, bamaslahat qilishga odatlangan. Zotan, biz bu olamda, bu shahar yo mahallada faqat o‘zimizgina yashamaymiz. Birgina bizning tushunchamiz, aql-u shuurimiz yetganicha qilgan ishimiz, harakatimiz bu jamiyatga yo samara yo zarar keltirishi mumkin. Foydasidan zarari bisyor amallardan asrasin.

Ha, haytovur “demokratiya” degan so‘zni ustuvor qilib olishniyam bilamiz. Ha, bor bo‘lsin shu demokratiya. Ammo bu so‘zni yaratganlarning maqsadini oydinroq ko‘rinishda ochib ko‘rsak, buning ma’nosidan hammaning yashash tartibi sanalgan jamiyat qoidasiga moslik nazarda tutilganiyam anglashiladi. Har holda, jamiyatni ongdan mosuvo qilish yo‘q uning maqsadida…

“Oynai jahon”, ya’ni televideniyni ixtiro qilganlarga ming tasanno aytamiz va uning faoliyatini yuritayotganlarga Xudodan insof-u tavfiq so‘raymiz. Zero, shu vosita tilimizning ravonlashib chiqishiga, tushunchamizning, ongimizning bugun birovning uyidagi televizorlarni olib chiqib, namoyishkorona yakson qilib, undan foydalanganlarni kaltaklayotganlardan ko‘ra farqliroq bo‘lishiga munosib hissa qo‘shib kelyapti.

Bugun barchamiz ham shu ekran qarshisida kunimizning ma’lum qismini o‘tkazamiz. Yoshligimizning bir kundagi ikki, nari borsa uch soatinigina “oyinayi jahon” qarshisida o‘tkazib, qancha narsaga erishdig-u, bugungi yuzlab kanallarning kun bo‘yi ishlayotganini nazarda tutsak, qancha ta’sir qabul qilyapmiz? Buni tasavvur qilolasizmi?!

O‘ylab ko‘ring-a, birgina yurtimizning o‘zida qancha telekanallar betin ishlayapti. Ha, betin va ayni damda aksari betizgin ishlayapti… Shunisi eng katta muammo. Mayli, davlat televideniyelarining-ku bir yo‘rig‘i bor. Lekin xususiy deb nom qozongan va xususiylikni erkinlik, erkinlikni betizginlikka vaj qilib o‘z ishini “eplab” kelayotgan kanallarimizga “Hoy, nima qilyapsan?!” deydigan topilmay qoldiyov, nazarimda. Bu borada “misol uchun” deb bir boshidan sanab ketish mumkin. Lekin sanoqdan charchaysiz. Kunning istalgan vaqtida ekraningizni yoqing, sal bo‘lsa-da ong-u shuuri bor odamning ko‘nglini og‘ritadigan dasturlar to‘lib-toshganiga guvoh bo‘lasiz.

So‘zimiz boshida jamiyat so‘zini bekorga takror-takror ishlatmadik. Teledastur jamiyat ichida tarqaydi va unga bevosita ta’sir o‘tkazadi. U xohlaylik-xohlamaylik aholining turli qatlamida, ya’ni “vijir-vijirlabgina” so‘z o‘rganayotgan murg‘ak boladan tortib, keksayib vidosini aytayotgangayam aql o‘rgatuvchi vosita. Masalani ohanjamo ifodalarsiz o‘rtaga tashlay qolaylik: jamiyat asrlar davomida hayot sinovlaridan o‘tkazib qabul qilgan umummanfaatli qoidalarning teskarisini targ‘ib qilishga kimning haqqi bor? Kimning huquqi kafolatliki, ekranga chiqib davlat tilining oyog‘ini osmondan keltirib “so‘zamollik” qilishga? Nima haqqi borki, qaynota bilan kelinni sevishtirib, kelajakning betini qotirishga? Nima uchun o‘z haminqadar saviyasiga boshqalarni moslashtirishi kerak? Qo‘shiq ekan, serial ekan deb asrlar ortida yaratilgan va bugungi asl durdonalarimizning ham saviyasiga o‘zga yurt, o‘zga millatlar nazdida shubha paydo qilishga kimdir haqlimi?

Ekranlarimiz qarshisida o‘tirib qolgan qaysi xorijlik bizning asl darajamizni anglayapti ekan bu serial-u shoulardan. Ha, serial kerak, shousiyam bor bo‘lsin, mayli. Ammo… Nega serialning qolipini (ssenariy demayman) xorijning, xorij bo‘lgandayam bizga bir tukiyam o‘xshamaydigan g‘arbning “namuna”laridan olamiz? O‘z shou namunalarimiz yo‘qmidi?! Bor! Axir tadbirlarda karnay-surnay chalib jar solish, turli xalq o‘yinlari shou emasmidi?

To‘g‘ri, har bir telekanalning o‘z maqsadi bor. Ayniqsa, xususiylarining bosh maqsadi – mablag‘! Busiz shu telekanalning faoliyatiga ham nuqta qo‘yiladi. Ammo tanganing ikkinchi tomoniyam bor-ku? Ikkinchi tomonda jamiyat hayoti, insonlar ma’naviyati, xalqimiz qadriyati, yoshlar tarbiyasi turibdi.

“Xo‘sh, gapni aylantirib senzura amaliyotiga qaytishga taqayapmizmi?” Shunday savol tug‘iladi, albatta. Zotan, bu shubhaga asos yasab so‘zim avvalida tizginlashga ishora berib qo‘ydim. Bahslashishga tayyorman bu borada. Tizgin kerak. Betizginlik hech davrda hech bir jamiyatga, hech bir xalqqa, hech bir davlatga baraka keltirmagan. Bahsga asos bor. Bunday betizginlik ortidan jamiyat hamiyati, yurtdoshlar, millatdoshlar ma’naviy darajasi bus-butunligicha moliyaviy yutuq evaziga garovga qo‘yib yuboriladi. Buning uchun nafaqat bahslashish, balki bu negativ vaziyatga qarshi choralar taklif qilishga haqlimiz.

Shunday choralardan biri sifatida dastavvaliga barcha telekanallarda  Jamoatchilik Kengashi tuzish zaruriyati borligini qayd etgan bo‘lardik. Xoh u davlat telekanali bo‘lsin, xoh xususiy bo‘lsin (zotan, barchasining jamiyatga ta’siri bir xil) shu Kengash (u “kengash” deb ataladimi, boshqachami, ahamiyati yo‘q) talablarini bajarsin.

O‘rinli savollarga javob  Kengash nizomida aks etishi zarur. Ya’nikim, kengash serial yoki ko‘rsatuvning, hatto musiqaning shu janr, jamiyat qonunlari talablarini bajara olish darajasiga baho beradi, xolos. Shuning uchun Kengash a’zolari tarkibiga, shubhasiz, tanilgan va tan olingan kino mutaxassisi, yozuvchi yo shoir, aktyor, san’atkor va boshqa kasb  vakillari, jamoatchi faollar kiritilishi mumkin.

Bilmadim, balki har bir televideniyening o‘zida bunday vazifani bajaruvchi kengashmi yo boshqa bir tarkib bordir. Ular o‘z yo‘liga. Ichki sharoitdan kelib chiqib  ishlayverishsin. Ammo o‘z ichingdagi o‘z manfaating, xususan, moddiy manfaatlaring tizginida maqsaddan chekinishing naqd gap. Zotan, gap umummilliy manfaatlar haqida ketmoqda.

Chori LATIPOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img84

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img599

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img597