Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.11.2024 | 16:38

img2475

G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasidan iqtiboslar

Yozuvchi bosh qahramon Qoravoy obrazi orqali XX asr boshlaridagi o‘zbek jamiyatining turli qatlamlari va hayot tarzini aks ettirgan. Sodda, qiziqarli va hazilomuz yozilgan asar ortida ta’magirlik, firibgarlik, sodda odamlarni cho‘v tushirish, jamiyatdagi ziddiyatlar, ijtimoiy adolatsizlik va boshqa illatlar tasvirlangan.

O‘sha yillarda Toshkentda shunaqa ham jinni ko‘p ediki, sanab sanog‘iga yetolmaysiz: Malla jinni, Karim jinni, Mayramxon, Xol parang jip-jinni, Tojixon. Juft kaptar, Olim jinni, Eshon oyi, Ovoz jinni va boshqalar… Har bir jinnining o‘ziga xosligi, tantiqligi, “shirin”ligi bor edi.

Kunlardan bir kun Tojixon jinni bitta ketmon dasta bilan o‘tgan-ketganni quvlab, urib, so‘kib: “Hammang bir tomonga yur, tarqalib yurma! Tartib kerak, intizom kerak”, deyar edi. Hech kim unga bas kelolmas edi. Shunda Olim jinni kelib qolib: – Hoy, hoy, nima deyapsan, jinni? — deb so‘rab qoldi. — Nimaga odamlar bir tomonga yurmasdan, har qayoqqa tarqalib yuradi? Nikolay poshsho zamonida tartib-intizom kerak, bir tomonga yursin-da! Bunga Olim jinni: “Ahmoqsan, Toji, ahmoqsan. Yer, axir, taroziga o‘xshagan narsa bo‘ladi, hamma bir tomonga yursa, yer barkashday bir yog‘ga og‘ib, hammamiz Qurdum daryoga g‘arq bo‘lib ketamiz-ku, — dedi.

Kalom-palomingni yig‘ishtirib qo‘y, qachondan buyon ichmaydigan bo‘lib qolding, — deb o‘shqirdi Sulton, — islovatda sarqitimizga mast bo‘lib yurar eding-ku.

— Kisavur bilan o‘g‘rining tavbasi tavba emas. Kisavurlikni ham uddasidan chiqqan qiladi.

Nonushta orasida domla o‘zini bizga tanishtirib ketdi: — Bizning aslimiz Buxoroyi sharifdan bo‘lar ekan. Hozir Toshkentning Pushtihammomida turamiz. Boboyi-bobokalonlarimiz juda zabardast eshonlar o‘tgan. Dadam rahmatlik ham “kuf” desalar suvni teskari oqizib, “suf” desalar ko‘rning ko‘zini ochib yuboradigan ulug‘ zot edilar. U kishiga ixlos qo‘ymagan odam kamdan kam edi. Ona tomonidan ham juda haqqa yetishgan odamlarmiz. O‘z onam hozir ham childirma bilan fol ochib, xipchin bilan savab, yangi sopol idishga tilsim yozib tandirga qo‘yib, oshiq-ma’shuqlarni bir-biriga issiq-sovuq qiladigan katta otindir.

To‘g‘ri, muzika yaxshi narsa, men qarshi emasman. Tinchlik vaqtda har qayerda eshitishim mumkin. Lekin o‘zingiz o‘ylang, birovni tandirga qamab, ustiga o‘tirib muzika chalsin, deb qaysi qonunda yozilgan ekan? Mumkinmi shu?

O‘zim sog‘-salomatman. Qo‘lim ixtiyorimda. Oyog‘im ra’yim bilan yuradi. Ko‘zim ixtiyorimda. Xunuk narsalarga istamasam qaramayman. Og‘zim, jag‘im, tishim jodidek, istagan xashakni qirqib chiqarishga yaraydi. Ammo badanda bir sarkash a’zo bor, u mening ixtiyorimdan tashqari, o‘zboshimcharoq. Unga mening hukmim o‘tmaydi. Bilmaganlar bilsin va ogoh bo‘lsinki, u a’zo kamdan kam kishilarga vafo qilgan — qorin.

Qo‘l qorin hukmi bilan ba’zida eng past kishilarga tama kapgiriday cho‘ziladi. Oyoq kutmagan joylarga olib boradi.

Ko‘kterakday shahri azimda boshimga teggan toshlarning soni ko‘zimdan og‘gan yoshlardan ko‘proq.

Aybim shuki, yoshligimdan odat bo‘lib qolgan, har zamon-har zamonda beixtiyor yolg‘on gapirib qo‘yaman.

— O‘rtancha qizingiz Adol opam dunyoga arziydigan bitta o‘g‘ilcha tug‘dilar.
— Iyya! — dedi boy ko‘zlarining shohsoqqasi chiqquday, — Adol opang hali erga chiqmagan-ku!
— Biz ham shunisiga hayronmiz-da, xo‘jayin. Xudo beraman desa, erga tegmasa ham berar ekan.

— Axir, boshida bay qilishgan edik-ku, aylanay xo‘jayin, har zamonda bir yolg‘on gapiraman, deb.
— Bu o‘sha yolg‘oningmi?
— Lekin hammasi emas edi.
— Agar hammasi bo‘lmasa, bugun yolg‘on qilsang, men xonavayron bo‘lar ekanman-da.

Bozor-o‘char degan joyda o‘zingni to‘daga urding, qutulding ketding-da! Kisavurlar ham to‘daga urib, qutulib ketadiku!

Bu yulduzni “Zuhro” deydilar, asli bir kambag‘al kishining qizi ekan. Ota-onasi o‘lgandan so‘ng, podsho bunga sovchi quydiribdi. Zuhro qiz: “O‘zimning sevganim bor, shunga tegaman”, debdi. Podshoh qizning sevganini toptirib dorga osibdi. Dorning yog‘ochi uzun, juda-juda baland ekan. Qiz kechasi kelib sevgan yigiti osilgan dor yog‘ochiga tirmashib chiqaveribdi, chiqaveribdi, boshiga yetibdi, undan u yog‘i osmonga bir qadam yo‘l ekan. “Bir kunmas-bir kun, yerda zo‘ravon podsholar yo‘qolsa qaytib tusharman”, debdi-yu, ko‘kka chiqib ketibdi. Ana o‘shandan buyon har kuni tongotarda ko‘kdan yerga mo‘ralab qo‘yarkan. Bu yulduz tong qidirganlarning manglayiga chiqadi, uxlab yotganlar buni ko‘rolmaydilar…

Mana, urush boshlanganiga ham bir yildan oshdi, shundan buyon hamma narsaning narxi oshib ketdi, shundan buyon poyabzalning ham narxi ko‘tarilib qoldi, shunaqa, bolam. Poshsholar tinch yashasa, xotini taloq bo‘ladiganday, oq poshshomizni aytaman-da, tinchgina yurt so‘rab, morjnini yeb, yomonlarni dorga osib, marjalar bilan aysh-ishrat qilib yotavermaydimi? Nimasi yetishmaydi, fuqarosi bo‘lsa xom go‘shtday itoatli, mirshabu poleskalar qilichday. “G‘us”, desa, tap-tayyor, har besh vaqt namozda eshonu ulamolar haqiga duo qilishib turibdi, pulga zoriqmaydi. Jumlayi boyu boyonlar maddada. Tag‘in nima kerak? Urush qilib, xaloyiqni qirib, kesakka hokim bo‘ladimi?

Hoji bobo, kitobdagi bir masalaga shubha qilib qoldik. Abu Muslimiy sohibqiron bilan Nasiri Sayyori Beor dashti Xurosonda jang qilganda ul janobning boshlarigaku, Nasiri Sayyor to‘qson olti ming botmonlik gurzigaron bilan urgan edi. Shunda ul janob tizzagacha yerga botgan edilarmi yoki belgachami? Bulturgi o‘qigan nusxamizda tizzagacha deyilgan edi. Bu yilgisida belgacha, deb yozilgan.
— Tizzagacha degani to‘g‘ri, — dedi Hoji bobo, — chunki qoidai pahlavonlik uch zarb bo‘ladi. Birinchi zarbda tizzagacha, ikkinchi zarbda belgacha, uchinchi zarbda yelkagacha. Nauzanbilloh, bir zarbda ul sakbachcha janobni bellarigacha yerga botirgan bo‘lsa, ikkinchi zarbda quloqlarigacha botirib, zo‘ravonlik Yaziyd bilan Marvoniharda qolar edi.

Har qachonki hindining puli bir lakdan oshsa, tillani qizdirib manglayiga bosadi-yu, qizil nishon qiladi.

— Nikolayu farang bir tomon, Germon degan bir tomon, toza urushayotgan emish. Germon degani oltita tomondan ko‘zi bor, qanotli bir toifa emish. Oq poshshoning bir talay shaharlarini yer bilan yakson qilgan emish. Ayniqsa, o‘rmalovchi bir to‘p chiqargan emish, bu to‘pi ajdar naslidan emish. Germonga faqat Abu Muslim, Qahramoni qotil, Xalifai Rumday sohibqironlar bas kelmasa, boshqasi bas kelolmas emish. Oq poshshoning askarlari o‘rtasidan ola chiqib: “Urushmaymiz, urushsa poshsho bilan vazirlar urushaversin”, deb turgan emish. Shu bebosh askarlarning boshida Masterovoy degan bir polvon turgan emish…

Siyosat to‘g‘risida borayotgan gap nima sababdandir to‘satdan parrandabozlikka aylanib ketar, kim qanday qilib to‘tini “ahmoq” deyishga o‘rgatganini, kim zag‘chani chakidaxo‘r qilganini, kim tovuqqa qichqirishni mashq berganini, olato‘g‘anoq og‘zidan tuxum qilishini so‘zlay boshlaydilar.

Boqqolning maymunidek kim ko‘ringanga ajuva bo‘lib yurma, pochtachining otidek har bir do‘konning oldida to‘xtab, ag‘rayma, qassoblikka kirib qolgan begona itdek ko‘ringan bilan yoqalashma. Hayitda qandolat bozoriga tushgan qishloqidek badnafs bo‘lma, ko‘ringan narsani olib yeya berma.

Giyohbonlar takyalarga ho‘l meva, sovuq suv, olicha, olhirot, ko‘ksulton, anor, sut, qatiqni sira yo‘latishmasdi. Bu mevalarning o‘zi u yoqda tursin, otini eshitganda seskanib ketishardi.

Boyvachchalar bilan bas o‘ynab bo‘ladimi? Nima qilsa hamki, kambag‘alni mayib qilish payidan.

Surnaychi-karnaychilarning oldida birinchi qatorda tomosha qilib turar edim. Shu tobda anor yegim keb qoldi. Qo‘ynimdagi anordan bittasini olib, yorig‘idan ikkiga ajratib, ikki qo‘lim bilan siqib, tom ishtaha bilan yeyishga tushdim. Sersuv qayanorning sharbatlari engagimdan tirkirab oqib ketmoqda. Nima uchundir karnay-surnayning ovozi avvalgidek shahdam emas, viqillab chiqar edi. Puflay berib lunji pufakdek shishib ketgan keksa ko‘sa surnaychi “g‘iyq” etib surnayni to‘xtatdi-da, yelkasidagi ro‘molni olib og‘zini, lunjini artdi.
— Hoy, qiztaloq bola! – dedi.
Kimni chaqirayotgan ekan, deb alanglab qaradim.
— Senga aytyapman, – dedi u meni ko‘rsatib, – davradan chiq, anoringni boshqa yoqda borib ye!
Men bilmas ekanman, karnaychi bilan surnaychining oldida anor, ko‘ksulton, olxo‘ri, tog‘olcha, suzma-qurt kabi nordon narsalarni yeb bo‘lmas ekan. Buni ko‘rgan karnaychi-surnaychilarning og‘zidan so‘lakayi oqib, puflay olmay qolar ekanlar.

Namoz jumaga azon aytilib qoldi. Odamlar katta xonaqohning sahnini va unga qo‘shilgan atrof maydonlarni shamaloqdek egallab, namozga tayyorlanib turibdilar.
Hamma imomga iqtido qilib “ollohu akbar” deyilishi bilan namozdan kechikibroq qolgan bir banda oldingi safga o‘tib keta turib o‘rtaroq safdagi bir tanishining kissasidan yarmidan ko‘pi chiqib, tushib ketay deb turgan bo‘z hamyoniga ko‘zi tushib qoladi. Shu hamyonni mehribonchilik bilan kissasiga ichkariroq solib quymoq uchun qo‘l uradi. Buni qatorda turgan yana bir musulmon ko‘rib qolib namozini buzib:
“Dod, musulmonlar, xonaqohga kisavur oraladi”, — deb baqiradi Shu haligi sho‘rlikning yoqasiga yopishib mushtlay boshlaydi. Machitdagi imom boshliq hamma musulmonlar ham namozlarini buzib, haligi parrixtani do‘pposlay ketadilar.
“Hoy, hoy, to‘xtang, o‘zi nima gap” , deganga quloq soladigan odam yo‘q. Hash-pash deguncha o‘laksa qilib, machitning sahniga olib chiqadilar, bu yerda ham ko‘ziga qon to‘lgan olomon sho‘rlikni ura ketadi, o‘ldirib xotirjam bo‘lgandan keyin:
— O‘zi nima gap, nima qildi, kim boshlab urdi, kim ushladi, kimning hamyoni, — degan gaplar chiqa boshlaydi.
Keyin hamyon egasi o‘rtaga chiqib:
— Birodarlar, bu mening do‘stim edi, o‘g‘ri odam emas edi. U menga mehribonlik qilmoqchi, osilib qolgan hamyonimni kissamga solib qo‘ymoqchi bo‘lgan edi, bechorada gunoh yo‘q edi, — degani bilan bo‘lar ish bo‘lgan, endi foydasiz edi.

Gunohing bo‘lmay turib shubha ostida yashashdan ortiq azob yo‘q.

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img100

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img136

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img329