Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.05.2024 | 19:50

img9171

“SHUM BOLA”NING JOZIBASI

“Shum bola” asari Gʻafur Gʻulom ijodi­ning nasrdagi yuksak cho‘qqisi hisoblanadi. Qissaning fazilatlari juda ko‘p. Aynan shu asarida adibning cho‘ng badiiy mahorati yaqqol ko‘rinadi. Muhimi, “Shum bola” o‘zbek adabiyoti tarixidagi mingdan ortiq qissalar orasida o‘z poetik qimmati bilan hamon birinchilar qatorida turibdi. Bu asarni o‘qigan borki, Gʻafur Gʻulomning ibrat maktabidan sa­boq olishi tabiiy.

-1-

Gʻafur Gʻulomning xos shogirdlaridan biri Erkin Vohidov aytadiki:  

“El ustozim, men esam – tolib!

So‘z durlarin termoqdir ishim.

Odamlarning o‘zidan olib,

Odamlarga bermoqdir ishim”.

Xalqdan olib xalqqa berish Gʻafur Gʻulomga ham xos edi. Xalq orasida keng tarqalgan ta’birlardan biri shuki, kimdir meh­mon bo‘lib yoki safardan keladigan bo‘lsa, “haligina qovog‘im uchib turgan edi” ta’biri qo‘llanadi. Shum bola uyidan qochib, ammasining uyiga borganida unga “Kel-a, bo‘yingdan girgitton bo‘lib ketay, seni qaysi shamol uchirdi, akam tirilib keldimi, haligina qovog‘im uchib turgan edi” deydi, pochchasi ham “necha kundan buyon ko‘zim uchib, yo‘lpashsha aylanib yurgan edi…”, deya Shum bolani mam­nu­niyat bilan qarshi olishadi. Ko‘z-qovog‘i uchsa, odamlar orasida yaxshi yoki yomon nimadir sodir bo‘lishiga tegishli irim bor. Holbuki, buning inson hayotiga, kimningdir kelish-ketishiga aloqasi yo‘q. Ammo Shum bolani ammasi bilan pochchasi xush kayfiyat bilan, kelganidan xursandligini bildirish uchun ko‘zi, qovog‘i uchganini aytadi. “O‘ng qabog‘im uchdi-ya, chap qabog‘im uchdi-ya”, degan shaklda xalq orasida qo‘shiqlar ham bor. Ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripovning umri oxirida xalqona uslubda yozgan sog‘inch tuyg‘ulari jamlangan she’rlaridan biri ham “O‘ng qovog‘im uchdi-yo” deb nomlanadi…

Gʻafur Gʻulom xalq hayotini, xalq og‘­za­ki ijodi namunalarini, mumtoz Sharq adabiyoti durdonalarini puxta bilar edi. Faxriddin Ali Sayfiyning fors tilida bitilgan ixcham, qiziqarli hikoyat va rivoyatlar, mashhur shaxslar hayotiga doir lutflar jamlangan “Latofatnoma” asarida “Tani boshqa dard bilmas” sarlavhasi ostida qiziq bir voqea bayon qilinadi. Rivoyat mazmuniga ko‘ra, bir badavlat kishi yo‘lda och qolgan badaviy hamqishlog‘ini uchratib qolib, un­dan hol-ahvol so‘raydi. Badaviy boshida yaxshi xabarlardan so‘zlaydi. Ammo zodagon tanishi xurjunidagi yeguliklarini o‘zi yeb, unga e’tibor bermagach, badaviy qorin to‘ydirish ilinjida quvlik yo‘liga o‘tadi. Boyvachcha yaxna go‘sht chaynab, suya­gini daydi itga uloqtirgan paytda ularning o‘rtasida qiziq suhbat bo‘lib o‘tadi.

Darhaqiqat, boyvachcha yo‘lovchi bilan badaviyning mazkur suhbati Gʻafur Gʻulom asaridagi “innankeyin-chi” – Sariboy bilan Shum bola o‘rtasidagi kulminatsion diolog mazmuniga qaysidir ma’noda yaqin keladi. “Latofatnoma”dagi rivoyatda kuchuk, tuya, yo‘lovchining xotini, o‘g‘li bilan uyg‘un ketma-ketlik bor. “Shum bola”da boyning dandon sopli pichog‘i, tozi it va to‘riq qashqa otining o‘lishi, qo‘rg‘onchaga o‘t ketishi, Bo‘riboyvachchaning o‘lishi – bu hodisalar­ni qiyoslash va adib suv ichgan buloqlar xususida mulohaza yuritish ham mumkin.

Darhaqiqat, Gʻafur Gʻulom xalq orasida tarqalgan bunday latifanamo rivoyatlarni juda yaxshi bilar edi. Taniqli munaqqid Ozod Sharafiddinov fikriga ko‘ra: “U nafaqat mohir latifago‘y edi, balki o‘zi ham qanchadan qancha yangi latifalarni to‘qib chiqarar, keyin ular Nasriddin afandi haqidagi hikoyalar tarzida keng tarqalardi”.

“Shum bola” qissasidagi rivoyatga o‘xshash voqealardan ayrimlari xalq ichidan olingan bo‘lsa, ko‘plari Gʻafur Gʻulomning o‘z to‘qimalari, improvizatsiyalari ekaniga shubha yo‘q, albatta.

-2-

“Shum bola” qissasining bosh qahramoni gohida “qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan” ertaknamo manzillardan o‘tadi. Qissada xalq og‘zaki ijodi­ning turli janrlari, jumladan, maqollardan ham namunalar keladi. “Semizlikni qo‘y ko‘tarar”, “Bir tovuqqa ham don kerak, ham suv kerak”, “Maslahatli to‘n tor kelmas”, “Sheriklik oshni it ichmas”, “El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi”, “Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi” kabilar fikrimizga misol bo‘ladi. Maqollar qissaning turli epizodlari­da har xil vaziyatlarda turli qahramonlar tilidan aytiladi. Ayniqsa, har gapga “Yaxshi buzoq ikki onani emibdi” kabi bir maqol qo‘shadigan Hoji bobo musofirlik nima ekanini yaxshi biladi; shu bois Shum bolaga “Kishi musofir bo‘lmaguncha, musul­mon bo‘lmaydi”, deya o‘git beradi.  

Takyaxonadagi shubhali voqealar girdobida qolgan Shum bola: “Gunohing bo‘lmay turib, shubha ostida yashashdan ortiq azob yo‘q”, degan hayo­tiy tajribadan o‘tgan hikmatni aytadi. Har bir zamonga mos keladigan va aslo inkor qilib bo‘lmaydigan dahshatli haqiqat bu. Kimki gunoh­siz, hech bir aybi bo‘lmagani holda shubhali shaxs deya gumonlanib oylar, yillar davomida tinch-osoyishta istiqomati­ga izn beril­masdan uyining tevaragida hamisha xufiya­lar izg‘ib yurganini bilsa, tabiiyki, hech baloni, ayniqsa, o‘zining mutlaqo aybsiz va aslo gunohsiz ekanini tariqcha isbotlay olmay, sarson-sargardon bo‘lsa, ming bora tabiiyki, eng katta azob-iztiroblarni boshidan kechiradi. “Gunohing bo‘lmay turib shubha ostida yashashdan ortiq azob yo‘q” – bu nafaqat Shum bolaning, balki Gʻafur Gʻulomning ham shaxsiy dardidek tuyuladi odamga. O‘z tegrasidagi ijtimoiy adolatsizliklarni ko‘rib, kichik bir doirada yozg‘iradi: “Armonlarim, has­ratlarim ichimda buloq bo‘lib qaynab yotibdi, lekin ming afsuski, buloqning ko‘ziga qoziq qoqilgan” (F.Abdullayevning Gʻ.Gʻulom haqidagi xotiralaridan). Haqiqatni aytishning yo‘llari, usullari ko‘p. Faqat haqiqatning rangini bilish kerak, faqat haqiqatning yukini sezish kerak, faqat haqiqatning ko‘ziga tik boqish kerak. Mustabid tuzum, g‘ayriodil jamiyat to‘g‘ri, haqgo‘y, pokiza odamlarni hech qachon sig‘ishtirmadi, tinchini bermadi. Ularni azoblarga, tuhmatlarga, sinovlarga, xufiya­larga duch qildi. 

– 3 –

Badiiy asar tarkibida keladigan kitoblar muayyan poetik vazifa bajaradi; asardagi obrazlarga bog‘lanib, ularning bilim darajasi va dunyoqarashini ko‘rsatadi. Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasi tarkibida bir necha marta Qur’oni karim tilga olinadi. “Haftiyak” – Qur’onning yettidan bir qismi eslanadi. Shum bolaga Qo‘rg‘ontagida Hasanboy domla “Ustodi avval” kitobidan o‘qitib, savodini chiqaradi.

Ko‘kterakdagi bozorni ta’rif-tavsif qila turib: “Bay-bay, bunday bozor “Qissas ul-anbiyo”da ham, “Huriliqo” degan kitobda ham yozilmagan, hech qayerda – tarix­da yo‘q”, deya kitoblar nomiga murojaat etadi.

Tanishgan odamlar ko‘pincha o‘zaro kitoblardan, bilim va savoddan so‘z ochadi­lar. Hoji bobo Shum bolani novvoyxonada uchratib ergashtirib ketar ekan, undan o‘qigan kitoblari haqida so‘raydi. “So‘fi Olloyor”ning yarmisida qochganman” deydi. Qissa hoshiyasida bu jumlaga “Eski maktabda savod chiqqandan so‘ng o‘qitiladigan kitob. Kattaqo‘rg‘onlik So‘fi Olloyor degan shoir asari (XVII asr)” degan izoh yoziladi. Hoji bobo Shum bolaning javobiga munosabat bildirib, so‘z o‘yini bilan aytadiki: “Bay-bay, gapning ayni qizg‘in joyida qochgan ekansan. “Jahannam”dan qochgan ekansan-da, a, bolam?

– Ha, shunaqa.

Chol “So‘fi Olloyor” kitobining “Ja­hannam qasidasi”ni kuylay boshladi…”

“Sabotul-ojizin” kitobidan olib o‘qilayot­gan bu parcha Hoji boboning savodi, darajasi, dunyoqarashidan darak beradi. Shuningdek, Hoji boboning takyaxonasidagi mijozlar “Jangnomai Abu Muslimi sohibqiron” kitobini o‘qishadi. “Axloqi Muhsiniy” esa bozordagi Ko‘sa voiz tilidan o‘z shajarasi munosabati bilan tilga olinadi. Badiiy asarlar tarkibidagi kitoblar, asarlar tarixiy davr muhitidagi kitobxonlikni anglatishga yordam beradi.

Kitobdan odam bahra olishi lozim. Kitob insonning ma’naviyatini yuksaltirishi, hayotiga mazmun bag‘ishlashi kerak. Aks holda odamning to‘rt oyoqli jonivordan farqi qolmaydi. Shuning uchun asarning bir o‘rnida Shum bola foydasiz ishga nisbatan “kitob ortilgan eshakday bebahra qolavera­manmi”, deb o‘xshatib yozg‘iradi.

– 4 –

Gʻafur Gʻulom – shoir. Nasrda ham unga she’r begona emas. Shuning uchun “Shum bola” asari matnini she’riy parchalar bilan ziynatlaydi, muzayyan qiladi. Zero, qissa Gʻafur Gʻulomning liroepik tafakkuri mahsuli o‘laroq maydonga kelgandek taassurot qoldiradi. “Shum bola”da shiddat va o‘ziga xos mahzun, yumoris­tik ichki ohang bor. O‘ndan ortiq nazm parchalari berilgan qissa she’riy asardek o‘qiladi.

“Daryolarning ul yuzida

Uylaringiz-a, yor-yor.

Oqarishib ko‘rinadi

Bo‘ylaringiz-a, yor-yor”.

Bunday she’rlarning aksariyati xalq og‘zaki ijodiga tegishli. Ayrim o‘rinlarda­gi qo‘shiqlar qalandarlarning “Yo ollo do‘st, yo ollo. Haq do‘st, yo ollo” kabi zikr­laridan iborat. Shuningdek, zarur epizod­larda mumtoz adabiyotdan, deylik, So‘fi Olloyor­ning “Sabot ul-ojizin” kitobidan:

“Jahannam uzra bir ko‘prik erur, oh,

O‘shal ko‘prik Sirot otliq guzargoh.

Qilichdan tez erur, qildin ingichka,

Pushaymonlar o‘shal kun tushgay ichka”, –

degan parcha olinadi.

Qissaning oxiriga kelib, qish kirib, ilk qor yog‘ishi munosabati bilan Shum bola qorxat yozadi. “Qorxat bu turur:

Qorni yog‘dirgan xudoyimning o‘zi,

Xat borib tegsin, kiyim-boshning so‘zi.

Hoji bobo, bilasiz, egnimda yo‘q,

O‘z pulimga olgali qo‘ynimda yo‘q…”

Tabiiyki, “yetim shogird iltijosi” va ilhomiga Gʻafur Gʻulomning o‘zi kotiblik qiladi. Shum bola taqdim etgan she’rning muhokamasi ham qiziq: “Yetti marta Haj ato etsin Xudo”ni eshitganda ko‘ziga yosh oldi. “Yetim shogirdingiz” degan imzoga kelganda iyib ketdi”. Hoji bobo unga: “Buni sen yozdingmi, bachchag‘ar, tab’i naz­ming ham bor ekan-ku…”, deydi hayrat va mamnuniyat bilan. Shum bolaga qora duxoba qalpoq sovg‘a qiladi. Zero, gapga nihoyatda chechan Shum bolaning she’riy qobiliyatiga, “Qorxat”i – “tab’i nazmi”ga birov shubha qilmaydi.

Shum bolaning shumligi tutib yozgan “qorxat”ida beozor va hazilga moyil milliy qadriyatlardan biri o‘z aksini topgan, deb hisoblash o‘rinli. Qolaversa, to‘qqiz yoshida otasidan, o‘n beshida onasidan ajralgan Gʻafur Gʻulom yuragida yetimlik iztiroblari bor:

“Yetimlik nimadir –

Bizlardan so‘ra.

O‘ninchi yillarning

Sargardonligi;

Isitma aralash

Qo‘rqinch tush kabi

Xayol ko‘zgusidan

O‘chmaydi sira.

Men yetim o‘tganman,

Oh, u yetimlik…”.

Oradan yillar o‘tgan bo‘lsa ham, bu azob-uqubatlar shoirning “xayol ko‘zgu­sidan” aslo o‘chgan emas.

– 5 –

Gʻafur Gʻulom o‘z qahramonlarini ma­hallasi, tevarak-atrofidan topadi. Shum bola xarakteriga o‘z tabiatidagi qitmirona-yumoristik beg‘ubor kayfiyatini yuqtiradi. Qissadagi Hoji bobo xarakteri xusu­sida adibning shunday e’tirofi bor: “Hoji boboga marhum dadamning ko‘p qiziq xislatlarini, so‘zlarini shundoqqina yozib qo‘ya qoldim. Dadam ham ko‘chada yurganlarida hassalarining uchi bilan yo‘ldagi qog‘ozlarni titib ko‘rardilar, non tushib qolgan bo‘lsa, olib o‘pardilar, ko‘zlariga surtib, keyin devor kovagigami, baland­roq joygami qo‘yardilar. Hoji bobo ham shuna­qa qiladi” (Said Ahmad xotiralaridan). Shum bolaning boshida tuxum chaqilishi hodisasining ham biografik asoslari bor. Nazarimda, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasini muallif e’tiroflari, arxividagi manbalar, maktublar, zamondoshlarining xotiralari negizida biografik metod asosida bemalol o‘rganish mumkin.

Qissaning umrboqiylik sirlari, jozibasi, yashovchanligi, o‘quvchilarini o‘ziga ohanrabodek tortib turish quvvati – bular ko‘plab mulohaza va muhokamaga munosib, albatta.

Gʻafur Gʻulom qissasida anglash lozim bo‘lgan “ezopona til” ham mavjud. “Shum bola” faqat kulgi, piching yoki Shum bolaning sarguzashtlari bayoni uchungina yozilgan emas. Darhaqiqat, Shum bola obrazi Gʻafur Gʻulomga o‘z hayot falsafasi, davr taloto‘plari, katta-kichik odamlar qiyofasi, inson tabiatidagi evrilish­lar, rost va yolg‘on, olim va johil – shu toifadagi bir dunyo tushunchalarini badiiy talqin etish imkonini beradi. Ijodkor xayolida voqelik g‘ujg‘on yuradi; dardi bo‘ladi. Yo‘sinini, usulini, bayon tizimini topolmay qiynalishi mumkin. Shum bola obrazi – Gʻafur Gʻulomning baxtli topildig‘i. Qolaversa, Shum bola o‘z holini, ko‘rgan-kechiriganlarini o‘zi so‘zlaydi. Qissaning estetik qiymatini belgilashda voqelikning bunday bayoniga urg‘u berish ham muhim, albatta.

Bahodir KARIM

“Jadid” gazetasi 2024-yil 10-may 20-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img80

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img596

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img594