28.11.2024 | 13:35
343
VAQT BARAKASI
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil Shukur bilan suhbat

– Suhbatni kundalik turmushimizda uchraydigan holatlar haqidagi savoldan boshlasam. Ko‘pincha yosh avlod vakillariga aytilgan “o‘zbek tilida yoz, o‘z ona tilingda so‘zla” degan chaqiriqlarga duch kelamiz. Ammo qiziqsangiz, aynan o‘sha va’zxonlarning aksariyati bolasini ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarga bermagan, oilada ham o‘zaro muloqot tili o‘zbekcha emas. Ommaga o‘rnak bo‘lgulik ilm-fan va madaniyat sohasi vakillarining jamoatchilik oldida zarur bo‘lmagan paytlarda ham fikrini rus tilida ifodalashga urinishiga ham ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
– Avvalo tilga hurmat elga hurmat bo‘ladi. O‘z tilini hurmat qilgan odam, vatanini hurmat qiladi, elini hurmat qiladi.
Masalan, mana shu nuqtayi nazardan kelib qarasak, siz aytgan misol juda xunuk holatda aslida. O‘zbek tiliga bepisandlik bilan qarab, “Ha, gapimni bir amallab, yumaloq yostiqdek qilib yetkazib bersam bo‘ldi-da”, degan qarash xalqqa, millatga nisbatan juda hurmatsizlikdir. O‘zbekistonda yashab turib o‘zbek tilini bilmaslik uyat sanaladi. Shu yurtni, shu tuproqni hurmat qilish kerak.
Men doim ikkita qatlam bilan gaplashishni yaxshi ko‘raman. Bittasi keksalar, bittasi yoshlar qatlami. Jamiyatdagi muhitni belgilaydigan ikkita qutb ular.
Bir narsani unutmasligimiz kerak. O‘zbek tilining ahvoli qanday bo‘lsa, xalq tafakkurining ahvoli ham shunday bo‘ladi. Bu xuddi tarozining ikki pallasiga o‘xshaydi. Til degani aslida tafakkurning shox tomiri.
– Ustoz, bir ijodiy uchrashuvda “Tezlikning orqasidan quvib ko‘p narsalarga ulgurmayapmiz. O‘zligimizdan uzoqlashib ketyapmiz” degansiz. Vaqtning barakasi nimaga bog‘liq, deb o‘ylaysiz?
– Vaqt haqiqatdan tezlashib ketdi. Men buni “Omochdan kosmik kemagacha” degan maqolamda ham aytdim. Odamzod omochdan traktorgacha kamida olti-yetti ming yil yurdiyov, balki undan ham ko‘pdir. Lekin traktordan samolyotgacha yurgan bo‘lsa, deylik oltmish yil yurdi. Balki undan ham kamroqdir. Shu ma’noda qarasangiz, tezlik xitobi juda zo‘r. Havas qiladigan darajada. Insonning aqliga, uning kuchiga, moʻjizalariga boqib hayratga tushasiz. Lekin bir tomondan bu tezlik ma’lum ma’noda inson qalbining xotirjamligini yo‘qotib qo‘yyapti. Bir o‘ylab ko‘ring, odam nima uchun moddiy boylik to‘playdi, pul yig‘adi? Nima uchun karyera qiladi? Aslida bularning hammasi bir narsa – xotirjamlik uchun. Ammo bu yoqda million-million dollar puli bo‘lsa-yu, ko‘ngli notinch bo‘lsa uning kuni qursin. Hozir shunday vaziyat bo‘lyaptiki xotirjamlik yo‘qolib qolyapti. Betoqatlik juda avjiga chiqqan. Dunyo bo‘yicha tarqagan kasalliklarning bittasi shu deyman. Bunday qarasangiz sharoitlar juda zo‘r. Deylik XX asrda olti oyda boradigan joyiga hozir olti soatda yetib boradi inson. Bu sharoit degani. Lekin olti oyda borgan odamdan ko‘ra olti soatda borgan kishi notinchroq. Biz istagan xotirjamlik aslida odamning ichki ma’rifati, ichki madaniyati, qalbidagi tuyg‘ulari bilan bog‘liq ekan. Tolstoy aytganidek, taraqqiyot qilish kerak. Lekin bu insonning tuyg‘ularini boy berish evaziga bo‘lmasligi lozim. Taraqqiyot insonning aqli bilan birgalikda uning tuyg‘ulariniyam himoya qiladigan, parvarish qiladigan bo‘lmog‘i darkor. Shu ma’noda, qachonki bizda tuyg‘ular g‘ariblashsa yuqorida ta’kidlaganimdek, betoqatlik boshlanadi. Asl adabiyot Mahmud Koshg‘ariy zamonida qanaqa vazifani o‘tagan bo‘lsa, XXI asrda ham shuni bajaradi. Oradan yana ikki ming yil o‘tsa-da, asl adabiyotning vazifasi o‘zgarmaydi. U inson qalbini himoya qilishda davom etaveradi.
Qalb tarbiyasi degan narsa bor. Qalbni tarbiyalash adabiyotning juda katta vazifasi. Qalb tarbiyalanadimi? Insonda hamma narsa tarbiyalanadi. Masalan, bitta narsaga e’tibor qilaman. Abdulla Qodiriyning kitobini olib shunday o‘qiyapsiz. Yoki bolangiz o‘qiyapti. Bolangiz-ku bolangiz, o‘zingiz tarbiyalanasiz o‘sha paytda. Sizga hech qachon Abdulla Qodiriy nuqib turib o‘rgataman demaydi. O‘z-o‘zidan, tabiiylik bilan tarbiyalaydi. Sahifama-sahifa qalbingizni, fikringizni tafakkuringizni, didingizni tarbiyalab boradi. Shuning uchun ham bu masalada kitoblarning qadri muhim. Yaqinda Ozod Sharafiddinovning bir gapini o‘qib, qoyil qoldim. Bolalar aynib ketyapti, yoshlar yomon bo‘lib ketyapti, deyapmiz. Zamon yomon bo‘lib ketyapti, nima qilishimiz kerak boshqa. Buni arzon va juda oson yo‘li bor. Hamma bolalarni kitobxon qilish kerak. Kitob o‘qishni o‘rgating boshqa ortiqcha xarajatlarning ham keragi bo‘lmay qoladi. Kitob o‘qiydigan bola u boshqacha bo‘ladi. Shuning uchun biz adabiyotning vazifasini har qanday vaziyatda ham esdan chiqarmasligimiz kerak.
– Mahmud Sa’diy shunday yozgan ekan: “Eshqobilning xususiyati shundaki, kam gapirib, haqiqiy ish qiladi. Shuning uchun uning “Boboso‘z izidan” kitobi madaniyatimizda sezilarli voqea bo‘ldi deb hisoblashga arziydi”. Shu kitobning yaratilish tarixi haqida so‘zlab bersangiz.
– “Boboso‘z izidan” kitobi – mening armonim. Men bu kitob ustida 20 yildan ortiq ishladim. Lekin chiqishi 2018-yildan boshlandi. Juda ko‘pchilikdan yaxshi fikrlar eshitdim. Ona tilimizdagi ko‘p so‘zlar unutilib, iste’moldan chiqayotgani ijodkor sifatida menga qattiq ta’sir qilgan o‘shanda. Bu so‘zlar ona tilimizning xazinasidir. Bizning vazifamiz – ona tili xazinasini saqlashdir. Va uni xuddi omonatdek ertangi avlodlarga topshirish, o‘z navbatida ular ham buni omonat anglamog‘i zarur.
Boshqa tillardan so‘zlar kirib kelaveradi. O‘n metr qalinlikdagi beton to‘siq qilganingizda ham uni qaytarolmaysiz. Bu tabiiy jarayon. Lekin baribir o‘ylab ko‘rish kerak. Hozir kirib kelayotgan har qanday so‘zning qo‘liga “pasport berib”, ruschasiga aytganda “propiska” berib, uni to‘rga o‘tkazavermaslik kerak-da. O‘zimizning tilda kirib kelayotgan shu so‘zning biror muqobili bormi? Shuni ifodalaydigan o‘z so‘zimiz bormi? Shuni o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Agar bo‘lsa, o‘z so‘zimizni qabul qilamiz. Hozirgacha “Boboso‘z izidan” kitobida 500 ta so‘z o‘rganildi. Undan tashqari, yon daftardagi yozuvlar bor. “So‘zlar guvohligida” degan bo‘limlar bor. U yerda boshqa so‘zlar haqida ham gap ketadi.
Shu ishni boshlaganimdan xursandman, to‘g‘risi. Chekka qishloqlardan minnatdorlik ruhida yozilgan xatlar oldim. Turkmaniston, Tojikiston bilan chegara tomonlarda istiqomat qiluvchi insonlardan maktublar keldi. Demak, yurtdoshlarimizda so‘ziga o‘z mulkidek, o‘zining xazinasidek qarash hisi haliyam bor ekan. “Boboso‘z izidan” kitobini takomillashtirish ustida ishlayapman. Ba’zida bitta so‘zning asl ildizini topib shunday zavqlanamanki, buni so‘z ustida ishlagan odamgina his qiloladi. Uning zavqi bo‘lak. Nasib, Xudo qodir qilganicha, bu ishni davom ettiraman.
– Jadidlik harakati millat tafakkurida misli ko‘rilmagan ulkan to‘lqinni vujudga keltirgan, shunday emasmi?
– Albatta, ularning hammasi o‘ziga xos bo‘lgan. Har bir soha vakillari o‘z yo‘nalishida jadidona harakatni amalga oshirgan. Men o‘zim Abdulla Qodiriyni juda yaxshi ko‘rib o‘qiyman. Eh, yurak titrab ketadi-da bular haqida gapirganda. Qatag‘on millatimiz uchun juda katta yo‘qotish bo‘lgan. Bir o‘ylangda, ularning eng kattalari 45, 46 yoshda edi. Xalqimizga o‘sha paytlar Xudo bergan ekan-da… Menda Abdulla Qodiriyning oxirgi surati bor. Shu suratga tik qaray olmaysiz. Qarashga jur’atingiz yetmaydi-da.
Buni men so‘z bilan ifodalab berolmayman. Shubhasiz, bularning barchasi o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Agar ular qatag‘on qirg‘iniga uchramaganida hozir o‘zbek xalqi ilm-fan, madaniyat, iqtisod, umuman barcha sohalarda boshqacha taraqqiyot bosqichida bo‘lardi. Ko‘rdingizmi, millat rivojida shaxslarning o‘rni ne chog‘lik ahamiyatli. Bugun endi muhimi yoshlarimiz ularni yaxshi bilmog‘i lozim.
Hozir mamlakatimizda jadidlar merosini o‘rganish va uni targ‘ib qilishga davlat siyosati miqyosida juda katta e’tibor qaratilayotir. Jadidlarni yoshlarimiz bilishi kerak. Mana shunda bizning qaddimiz ko‘tariladi. Bolalarimiz ulug‘larimizni bilishi har jihatdan maqsadga muvofiqdir. Jadidlarning yagona maqsadi Vatanni, millatni ko‘tarish bo‘lgan. Ular butun hayotini shu yo‘lga tikkan. Buni yoshlarimiz bilishlari shart. Bizning ma’naviy pirlarimiz bular. Donolarning shunday gapi bor: “Har bir pirdan bittadan so‘z yod biling. Agar bu qo‘lingizdan kelmasa ularning ismlarini yodda saqlang. Shubhasiz, baraka topasiz”. Xuddi shunday Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Behbudiy, Fitrat bu – butun bir katta avlod. Oldingdan oqqan suvni qadri yo‘q, deyishadi. Lekin bular hozir ham daryodek oqib turibdi. Boshqa joyga ko‘za ko‘tarib yugurib yurmay, o‘zimizning zilol buloqlar suvidan ichaylik. Mana shular daryosidan bahramand bo‘laylik. Ana shunda intilganimiz, izlaganimiz – moddiy va ma’naviy barakaga erishajakmiz.
– Suhbatlashish taklifini qabul qilganingiz va mazmunli fikrlaringiz uchun tashakkur.
Zarnigor BAXTIYOR qizi suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 22-noyabrdagi 48-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



