21.12.2024 | 16:21
681
O‘TMISHGA OCHILGAN VAQT QOPQASI
Ma’lumot o‘rnida: mash’um qatag‘on yillari O‘zbekiston prokuratura tizimida o‘rtacha to‘qsonta ish o‘rni (shtat) bo‘lgan. Tabiiyki, bu xodimlar orasida sobiq imperiya markazidan biron ishni eplolmay “urilib-surilib” (balki jinoyatini bekitish uchun qochib) kelgan qalang‘i-qasang‘i “mutaxassislar” ham bor edi. Ular tizimdagi o‘zbeklarga doimo ola qarashgan. 1937-38-yillardagi “qirg‘inbarot”ga ham, asosan, mahalliy millat vakillari duchor qilingan. Arxiv hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha yillari O‘zbekiston prokuratura tizimida ishlagan xodimlardan ikki yuz o‘n kishi qatag‘on qurboni bo‘lgan ekan.
Yaqinda “Jadid” gazetasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi qoshida 2022-yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan Qatag‘on qurboni bo‘lgan prokuratura xodimlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan muzeyda bo‘ldi. Eng zamonaviy andozalarda qayta ta’mirlanib, ish boshlagan muzey zallari tomoshasini boshlaganimizda, dastlab, bu yerda muzeychilik sohasining eng ilg‘or texnologiyasi joriy bo‘lganidan quvondik. Biroq bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi…

Buyuk ajdodlarimiz Amir Temur va keyingi xonlik zamonlaridagi qonun nazorati tarixidan hikoya qiluvchi bo‘limlarni aylanib, yurtimizda qonun va qonunchilik doimo ustuvor bo‘lganidan qoniqish tuydik. Qonun posbonlari doimo el-yurt manfaati uchun xizmat qilganini ko‘rsatadigan qadimiy jihozlar, ko‘rgazmali vositalar, xat-hujjatlar, o‘sha davr manzarasini aks ettiradigan rasmlar tomoshabinni nafaqat befarq qoldirmaydi, balki qonun amaliyoti borasida yaqqol tasavvur beradi.

Muzey zallarida Turkiston Muxtoriyati, Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi, Buxoro, Xorazm xalq sovet respublikalari, O‘zbekiston SSR va uning tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar kesimida qatag‘onga uchragan prokurorlar va ularning vatan ravnaqiga qo‘shgan hissasi namoyish etilib, har bir qism o‘sha davrga tegishli ashyolar, qimmatbaho eksponatlar bilan boyitilgan.

Prezidentimizning 2023-yil 31-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida bildirgan konseptual fikrlari va topshiriqlari ijrosi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida muzey binosining birinchi qavati va yerto‘lasida bir ming uch yuz metr kvadrat maydonda qatag‘on qurboni bo‘lgan soha xodimlari xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishlangan ikki mingdan ortiq tarixiy eksponat tomoshabinlar hukmiga ilk bor havola qilinmoqda.

Qatag‘on yillari deyilganda, ko‘pchilik, negadir faqat o‘ttizinchi yillarni eslaydi. Holbuki, sovet tizimining qatag‘on mashinasi hech qachon tinim bilmay ishlagan. Xususan, 40–50, 60–70, 80-yillarda ham yangidan yangi qatag‘on to‘lqinlari bostirib kelib, o‘zbek qonun posbonlari taqdirini yakson qilib o‘tgan edi.

O‘zbekiston rivoji uchun katta hissa qo‘shgan prokurorlar Abdurahim Yusufzoda, Bobooxun Salimov, Sultonqori Jumaniyozov, Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqov, Sa’dulla Po‘latxo‘jayevlarning taqdiri haqida hikoya qiluvchi stendlar, ular to‘qnash kelgan fojialar bilan bog‘liq video va sahnali ekspozitsiyalar mustamlaka davrining mash’um qiyofasini kishi ko‘z o‘ngida gavdalantiradi.
– Bugungi kunning muzeyi, albatta, raqamli bo‘lishi kerak, – deydi Bosh prokuraturaning Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Sultonov. – Biz ham yangi raqamli texnologiyalar, eng so‘nggi texnikalar, xususan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “Adolat hamisha g‘olib” nomli prokuratura sohasi tarixiga bag‘ishlangan mepping – shou tayyorladik. Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya kabi davlatlar tajribasini o‘rganib, surgundagilarning mehnat lagerlari va qahramonlar mulyajlarini yasab, taqdim etdik. Yana bir jihatga e’tibor qaratish kerak. Ba’zilarda prokuraturaning o‘zi jazolovchi organ emasmidi, degan savol tug‘iladi. Aytish lozimki, arxiv ma’lumotlarida millatimizga nisbatan qatag‘on bizga millatdosh bo‘lmagan xodimlar tomonidan tashkil etilgani hujjatlar bilan o‘z isbotini topgan. O‘zbek prokurorlar esa bir-ikki, uzog‘i uch-to‘rt yil ishlab, qatag‘onga uchrab ketgan. Biz har bir eksponatga prokuratura arxivi hujjatlarini biriktirganmiz.
Muzeyning o‘ttizinchi yillar qatag‘oniga tegishli bo‘limlariga o‘tganimizda ko‘pchilikning eti junjikib, badanini sovuq ter bosdi. Muzeyning bu bo‘lmalarida o‘sha mash’um qatag‘on kunlarining sovuq nafasini sezganday bo‘ldik. Ayniqsa, 1912-yilda qurilib, 1916-yilgi Jizzax qo‘zg‘oloni ishtirokchilari sudgacha hibsda saqlangan, xalq orasida Qizil armiyachilar turmasi nomi bilan mashhur bo‘lgan qamoqxonadan keltirilgan tarixiy eshik o‘tmishga ochilgan vaqt qopqasiday taassurot qoldiradi. Mahkumlarni otuv jarayoni mulyaj va rekvizitlar yordamida aks etgan bo‘lib, audio vositalar bilan boyitilgan.

Qolaversa, surgun qilingan huquqshunoslarning ayanchli taqdiri ko‘rsatilgan KarLAGdagi mehnat lageri, Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqovning Jizzax qo‘zg‘oloni ishtirokchilari ustidan bo‘lgan sudda ko‘rsatgan jasorati, o‘zbek zamonaviy huquqshunosligining asoschilaridan biri Muhammadjon Mo‘minov va uning rafiqasi Diloro Yusupovalarning tergov jarayonidagi uchrashuvi, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining mas’ul rahbarlaridan biri, keyinchalik, Oliy sud raisi bo‘lgan Sa’dulla Po‘latxo‘jayevning sudi ham zamonaviy audio-video vositalar bilan jonlantirilgan.

Zamonaviy muzeychilik vositalaridan keng va samarali foydalanilgani kishini o‘sha davr muhitiga olib kiradi va qatag‘onga uchragan prokuratura xodimlarining achchiq qismatini, mardonavor kurashini, ular boshdan kechirgan og‘ir kunlarni chuqurroq his etishga imkon beradi. Bu imkonni muzeyning nodir eksponatlaridan biri bo‘lgan “qora qarg‘a” nomi bilan mashhur tarixiy avtomobil yanada yaqqolroq namoyish etadi.

“Oyna” installyasiyasi esa qatag‘on yillaridagi jamiyat qiyofasini aks ettirgan. Umuman olganda, bu yerdagi har bir detal tarixning achchiq kunlaridan hikoya qiladi. Oyog‘ingiz ostidagi zax qamoqxona muhitini ifoda etadigan beton pol, boshingiz ustidagi temir panjara, uning tepasida nohaq qamalgan mahbuslar ruhini yanchib o‘tayotgan harbiy etiklar…

Muzeydan og‘ir taassurot bilan bilan tashqari chiqdik. Mustaqillik ne’mati o‘z-o‘zidan kelmagani, bu yo‘lda ne-ne ko‘ngil ko‘zi ochiq, fikri teran vatandoshlarimiz shirin jonini qurbon qilganini yana bir bor yurakdan o‘tkazdik. Vatan tarixiga daxldorlik tuyg‘usi qalbimizni qoplab, birdan angladikki, yurakni bugunning o‘tkinchi tashvishlaridan tarixiy og‘riq tozalar ekan.
Musulmon NAMOZ,
Shavkat DO‘STMUHAMMAD
Abdumannon MUHAMMAD olgan suratlar.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
593
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



