Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.12.2024 | 11:51

img633

TARIX TILGA KIRGANDA

Qatag‘on yillarida yurt ozodligi, vatan ravnaqi uchun qattol tuzumning kundasiga bosh qo‘ygan ajdodlarimiz haqida ko‘p bong uramiz. Ammo ularning ko‘pchiligi to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega emasmiz. Zotan, sobiq tuzum bunga yo‘l bermasdi. Nihoyat, jadidlar qoldirgan boy ilmiy, adabiy merosni, shuningdek, qatag‘on qurbonlari hayotini o‘rganish imkoni tug‘ildi. Biz kabi olimlar arxiv hujjatlari bilan tanishib, ilmiy izlanishlar olib borishi uchun yetarli chora-tadbirlar ko‘rildi. Ana shundan keyin o‘zga yurtlardagi  maxfiy arxivlarda saqlanayotgan “qatlnoma”lar ham tilga kirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, SSSR Oliy sudining Harbiy kollegiyasi 1936-yil 1-oktyabridan 1938-yil 30-sentyabrigacha 3051 kishini otuvga, 5643 kishini 8–15 yillik qamoqqa hukm etgan. Bu raqamlar ortida qanchadan-qancha taqdirlar, orzular, kamolga yetgan chog‘da juvonmarg bo‘lgan iste’dod egalari va ularning yaqinlari to‘kkan achchiq ko‘z yoshlar, faryodlar borligini o‘ylash kishini chuqur qayg‘uga soladi.

1938-yil 4–10-oktyabr kunlari Toshkentda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishlari o‘tkazilgan. Bu yig‘ilishlarda 507 nafar o‘zbekistonlik otuvga hukm qilingan. Taassufki, hukm ijrosi oshig‘ich ijro etilgan – bir kun kechiktirilmagan. Qurbonlar esa aybi bor yoki yo‘qligini to‘la anglab-anglamay, yaqinlari bilan vidolashishga ulgurmay hayotdan ko‘z yumgan.

Mana, o‘sha “qoraxat”lardan biri – SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasi raisi, harbiy yurist G.Alekseyevning 1938-yil 4-oktyabrda O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari, Davlat xavfsizligi mayori Derenik Zaxarovich Apressyanga yo‘llagan rasmiy talabnomasi qo‘limizda… Unda 1938-yil 4-oktyabrda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan ismi nomma-nom keltirilgan 52 mahbus oliy jazoga – otuvga hukm etilgani yozilgan. Bu dahshatli hukmni ijro etish O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari D.Z.Apressyan zimmasiga yuklatilgan.

2012-yili “Sharq” nashriyotida chop etilgan “O‘zbekistonda sovetlarning qatag‘on siyosati va uning oqibatlari” kitobimizda 4-oktyabrda otuvga hukm etilgan Akbar Islomovich Islomov haqida mana bu ma’lumotlar keltiriladi:

“Islomov Akbar Islomovich, 1896-yili Qo‘qon shahrida duradgor ishchi oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, rus-tuzem maktabida, yangi usul maktabida ta’lim olgan. Birinchi jahon urushi tufayli moddiy ahvoli nochor bo‘lganligidan Qo‘qon shahridagi Obidjon Mahmudovning bosmaxonasiga ishga kiradi. “Sadoyi Farg‘ona” musulmon gazetasida, keyin 1917-yilning oxiriga qadar Belskiy bosmaxonasida rus va o‘zbek tilida harf teruvchi bo‘lib ishlaydi. 1916-yil Chor hukumatining mardikoroldi siyosatiga qarshi chiqqan, ana shu siyosatni fosh etuvchi murojaatlar yozib masjidlarda tarqatgan.

U Turkiston muxtoriyati hukumati ochgan yangi bosmaxonada ham harf teruvchi bo‘lgan. Qo‘qon voqealaridan keyin bosmaxona bo‘limida ishlab, musulmon ishchilar ittifoqiga kirib, unga raislik qiladi. 1918-yil avgustida bolsheviklar partiyasiga kirib, Turkiston ASSR Sovetlarining VI s’yezdida Markaziy Ijroiya Komiteti a’zoligiga saylanadi. 1918-1919-yillarda Toshkentda Ichki ishlar va Tashqi ishlar kollegiyasi a’zosi, 1919-yil yanvardan avgustgacha RSFSRning Buxoro amirligidagi doimiy vakilligi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. 1919-yil noyabrdan 1920-yil avgustgacha Turkiston Respublikasi Ichki ishlar xalq komissari o‘rinbosari bo‘lib xizmat qiladi.

1927–1929-yillari Moskvada O‘zbekistonning SSSRdagi doimiy vakili sifatida faoliyat olib borgan. 1929–1932-yillar mobaynida O‘zSSR plan komissiyasining raisi, O‘zSSR moliya xalq komissari lavozimlarida ishlagan. 1932-yili O‘zSSR Markaziy Ijroiya Komiteti tomonidan moliyaviy frontdagi faol ishlari hamda respublika xalq xo‘jaligini mustahkamlashdagi ishtiroki uchun “Qizil Bayroq” ordeni bilan taqdirlangan”.

1937-yil 21-iyunda to‘lg‘izilgan kadrlarni hisobga olish shaxsiy varaqasida xotini, bir o‘g‘li, bir qizi borligi, Toshkent shahrining Oqqo‘rg‘on ko‘chasi 5-uyda yashashi qayd etilgan.

Qahramonimiz haqida o‘z davrining yetuk arboblari Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqalar chin qalb so‘zlarini izhor etganlar. Keyinchalik majburiy ko‘rsatmalarga binoan quyidagicha ma’lumot ham keltiriladi:

“1933-yilning qishi va yozida Fayzulla Xo‘jayevning uyida markaziy tashkilot rahbariyatining qator kengashlari bo‘lgan. Ularda Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Mirkomil Mirsharopov, Akbar Islomov va Abdullajon Karimov ishtirok etgan. Bu kengashlarda aksilinqilobiy tashkilotlar ishini faollashtirish masalalari muhokama qilinardi. Shu davrdan, ayniqsa, 1935-yildan xalq xo‘jaligining barcha sohalarida va mafkuraviy frontda aksilinqilobiy zararkunandachilik ishlari keng avj oldirilgan. Eng avvalo, aksilinqilobiy ish eski millatchi xodimlarni saqlab qolish va respublikadagi sovet-partiya apparatida rahbarlik lavozimlarini egallab olish bo‘yicha harakat olib borilgan. Bu sohada tashkilotlarimiz tomonidan juda ko‘p ish qilishga erishildi va 1930-yilga kelib respublikaning deyarli barcha viloyatlari markazidagi rahbarlik lavozimlarida bizning tashkilotimiz a’zolari bo‘lgan”.

1937-yil 15-sentyabrdagi tergovda Qoraqalpog‘iston oblast partiya komiteti sobiq kotibi Davlat Rizayev (u 1937-yil avgustida qamoqqa olinib, shu yil 1-oktyabrda qamoqda vafot etgan), Akmal Ikromov rahbar bo‘lgan “Milliy istiqlol” tashkiloti a’zolaridan biri, O‘zSSR moliya xalq komissari, aksilinqilobchi, millatchi Akbar Islomov bo‘lganligi haqida guvohlik beradi.

“Milliy istiqlol”chi Abdulhamid Cho‘lpon 1937-yil 10-avgustdagi tergovda Akbar Islomovning bu tashkilotni har jihatdan qo‘llab-quvvatlagani xususida shunday yozgan:

“Men Moskvadan O‘zbekistonga kelish yo‘lida Akbar Islomov bilan birgalikda poyezdda kelardim. Akbar Islomov esa ungacha Kuybishevdan Moskvaga kelgan edi. Akbar Islomov men joylashgan vagonga kirib kelib, xususiy gaplarimizdan so‘ng meni kupesiga, keyin esa restoranga taklif etdi. Suhbatimiz chog‘ida Akbar Islomov mening Moskvada bo‘lganimda nimalar yozganim, O‘zbekistonga ketayotganim sababi va moddiy ahvolim hamda boshqa sohalarni qiziqib so‘radi.

Toshkent vokzalida Akbar Islomov menga pul berdi. O‘z mashinasida olib ketdi va zarur holatlarda menga yordam berishni va’da qildi. Toshkentga kelgach, men Akbar Islomovning xizmat xonasiga kirdim, chunki uning huzuriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish huquqim bor edi. U Fayzulla Xo‘jayev bilan uchrashuv tashkil etdi va moddiy yordam berdi (500 rublni F.Xo‘jayev orqali va 700 rublni A.Karimov orqali berdi)”.

Taniqli davlat arbobi 1937-yili 9-aprelda hibsga olingan Sa’dulla Tursunxo‘jayev ustidan 1937-yil 1-avgustda va 10-oktyabrdagi tergovlarda “Milliy ittihod”, keyinchalik “Milliy istiqlol” millatchi tashkilot rahbarlari tarkibida Akbar Islomovning bo‘lganligi qayd etilgan. Tergovdagi savollarga bergan javoblarida Akbar Islomov bilan birga Akmal Ikromovning uyiga borgani, u haqiqatan millatchi tashkilot “Milliy istiqlol” a’zosi ekanini tasdiqlagan.

1937-yil 5-avgust kuni O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Davlat xavfsizligi boshqarmasi 4-bo‘lim komendaturasi tomonidan Akbar Islomov hibsga olingan. Undan 36632-sonli “Nagan” revolveri, kichik kalibrli to‘pponcha, jami 16 turdagi shaxsiy buyumlar olib qo‘yiladi.

O‘zSSR NKVD va Davlat xavfsizligi katta leytenanti Tarasenko nomiga siyosiy mahbus Akbar Islomov ustidan 1937-yil 22-iyulda raport berilgan. Unda tungi tekshiruv vaqtida 54-kamerada mahbus Islomov qamoqxona devorlarini arabcha yozuvlar bilan tirnab tashlagani aniqlandi, deyiladi.

So‘nggi tergovda ayblanuvchi Akbar Islomovga tergovchining “Sizning ishingiz bo‘yicha tergov tugadi. Ko‘rsatmalarga qo‘shimchangiz bormi?” degan savoliga u quyidagicha javob qilgan:

“Men ko‘rsatmam bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman: Men Islomov Akbar partiyaga kirganimda ham, uning safida bo‘lganimda ham aksilinqilobiy tashkilotda bo‘lmaganman va aksilinqilobiy tashkilot mavjudligi to‘g‘risida bilmaganman. Moliya xalq komissarligi tizimida aksilinqilobiy tashkilotda bo‘lganligimni mutlaqo inkor etaman. Bayonnoma men tomonimdan o‘qildi. Og‘zimdan aytilgan gaplar to‘g‘ri”.

Ta’kidlash joizki, mahbus Akbar Islomov kamerada bo‘lganida unga nisbatan ko‘plab jismoniy, ruhiy azob berilib, alohida jazo kameralariga tashlangan. U qo‘shni kameralar bilan yo‘talish orqali aloqada bo‘lganlikda, mahbuslar orasida turma ichki tartibini doimiy buzganlikda, buzg‘unchilik ishlari olib borganlikda ayblangan. Shu sabab 10 kunlik muddatni jazo kamerasida o‘tagan.

SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1938-yil 4-oktyabrdagi sayyor yig‘ilishida Islomov Akbar Islomovich otuvga hukm qilinib, hukm o‘sha kunning o‘zida ijro etilgan.

2000-yillarga kelib, uzoq izlanishlardan so‘ng Akbar Islomovning Gruziyada oilasi yashagani, o‘g‘li borligi ma’lum bo‘ldi. Stalin vafotidan keyin qatag‘on qurbonlari “oqlanib”, reabilitatsiya qilindi, degan iddaolar yangray boshlagan. Biroq bu siyosat sovetlarga xos ko‘zbo‘yamachilik va ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas edi. Islomovning turmush o‘rtog‘i SSSR Bosh prokurori va boshqa vakolatli organlarga marhumning nomini oqlashni, adolatni tiklashni so‘rab qayta-qayta yo‘llagan murojaatlari e’tiborsiz qoldirilgan.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-dekabrdagi 51-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596