Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.12.2024 | 14:58

img632

OGʻIR QOGʻOZ ZARGARI

Chinakam ijodkor anchayin bir xatni ham qo‘l uchida yozmaydi. Yozolmaydi. Ijodiy vijdoni bunga yo‘l bermaydi. Qog‘ozga biror nima yozib-chizish lozim bo‘lganda uni hamisha astoydil, bor imkon, tajribasini ishga solib bajaradi. Har qancha tajribakor, har qancha ulkan iste’dod egasi bo‘lmasin, kor-u a’moli shu! Biladiki, ko‘nglining tarjimoni mana shu oq qog‘oz, uni ko‘ngil buyurmagan noshoyista so‘zlar bilan naridan-beri to‘ldirmoq – gunoh. Yozuv mashg‘uloti, ayniqsa, ijod ishi esa hamisha mashaqqattalab, negaki “hammasidan og‘iri – qog‘oz…” (Asqad Muxtor ta’biri).

Ustozning o‘zi-da so‘z mehnati – yozuvchilikka mudom ana shunday zo‘r mas’uliyat bilan yondashgan. Uning eng dastlabki ijodiy mashqlaridan boshlab so‘nggi mashhur “Tundaliklar”iga qadar o‘qib chiqqan odam bunga amin bo‘ladi; shunchaki o‘ynab, ermakka bitilgan satrni topolmaysiz. Muayyan davr taqozosi bilan yoki siyosiy injiqliklarni hisobga olib yozilgan bo‘lishi mumkin, biroq shular ham beorom yurak “teri”, tinimsiz mushohadalar zaminida dunyoga kelgan.

Esimda, yosh qaytib, xasta bo‘lib qolgan kezlarida ustoz bir gal “Mana, endi yozadigan zamon keldi, sizlar yozasizlar. Biznikining ko‘pi chiqit bo‘ldi-da”, degan edilar armon bilan.

Aslida shundaymi?

Asqad Muxtor kitoblarini bot-bot varaqlab turaman. “Tug‘ilish”, “Davr mening taqdirimda”, “Bo‘ronlarda bordek halovat”, “Chinor”, “Buxoroning jin ko‘chalari”, “Jar yoqasida chaqmoq”… Miqyos va teranlik, mahorat da’vosi emas, asl mahorat namunalari! Yaqinda “Amu” romanini yana qo‘lga oldim. O‘sha davr siyosiy mavzularida yozilgan, adib ijodida birmuncha kampisandroq hisoblangan shu asarni qayta o‘qib, hayratga tushdim: havas qilgulik til, tasvirlar, qahramonlarning rang-barangligi, xarakter bo‘rtiqligi, siyosiy-ijtimoiy muammolar zalvari! Men keyingi chog‘larda bunday mahorat bilan bitilgan asar o‘qimagan edim. Vaholanki, unga asos qilib olingan voqelikni o‘rganish uchun muallifning atayin Afg‘onistonga borib kelganidan bexabarman…

Yoki o‘tgan asr boshlaridagi ijtimoiy-tarixiy muhit tasviriga bag‘ishlangan “Buxoroning jinko‘chalari” asarini oling. O‘qigan odam uni qadim madinaning Labihovuz mahallasida tug‘ilib o‘sgan bir piri donish yozgan deya xayolga borishi mumkin.

Yodimda, bundan o‘n yillar muqaddam “Qoraqalpoq qissasi”ni mutolaa etganimda ham shunday taassurotda qolgan edim.

Bir qarashda bular – sotsrealizm asoslarida yozilgan asarlar. Xo‘sh, shunga ko‘ragina ularni chiqitga chiqarmoq insofdanmi? Yozuvchi, avvalambor, nimani yozgani uchun emas, qanday yozgani uchun javobgar. Shunisiga qarab uning ijodiga, asarlariga baho berilsa o‘rinli, adolatli bo‘ladi.

Yoki ustozning dramaturgiya sohasidagi “Samandar”, “Zar qadri”, “Tong bilan uchrashuv” asarlarini olib ko‘ring. Qahramonlari, voqelik, o‘rtaga qo‘yilgan muammolar muayyan davrga xos. Ammo xarakterlar talqini, fikrlar ko‘lami, xususan, “Zar qadri”dagi xalqona tilni qarang!

Ijod ishiga ana shunday mas’uliyat bilan yondashgan adib badiiy tarjimalarga ikkinchi darajali ish deb qaramog‘i mumkinmidi?

Asqad Muxtorning jahon dramaturgiyasidan qilgan tarjima asarlarini o‘qigan bir rusiyzabon olim ularni asliyatga solishtirib chiqib, “O‘zbek tilining tasviriy imkoniyatlari bu qadar zo‘rligini bilmagan ekanman, ayniqsa, fojeiy holatlarni ifodalashda rus tilidan chandon oshib tushadi-ya!” deb e’tirof etdi.

Holbuki, bu o‘rinda gap tilning qudrat-imkoniyatidagina bo‘lmay, tarjimonning mahoratiga, iqtidoriga, boringki, insofu vijdoniga ham bog‘liq.

Darvoqe, ustoz badiiy tarjima bilan muntazam shug‘ullanish barobari tarjima nazariyasini puxta egallagan o‘ziga xos olim ham edi. Qo‘limizda bundan oltmish yillar burun – 1957-yilda nashr etilgan ma’ruza matni. O‘rta Osiyo tarjimonlari anjumaniga atab rus tilida tayyorlangan ushbu ma’ruza “Rus tilidan o‘zbek tiliga badiiy tarjimaning ayrim masalalari” deb ataladi. Undagi ko‘p gaplar hamon dolzarbligini yo‘qotmagan. Qolaversa, ustozning tarjima san’atiga doir fikr-mulohazalari hanuz ilmiy maqolalarga ibratli iqtibos bo‘lib kelayotgani jamoatchilikka ma’lum.

Tavalludining 90 yilligi arafasida solih farzandi Eldor Muxtorov o‘z tashabbusi bilan adib tarjima asarlarini nashr ettirgan edi. Bir chekkasi – farzandlik burchi, albatta. Ammo buning shoyon savob, qutlug‘ ishligini minnatdorlik ila ta’kidlamoq biz, kitobxonlarning burchimizdir.

Ko‘rib turibmiz, goho hashar yo‘sinida ul-bul qoralab-qoralamay nomini “tarixga muhrlab” ketgan ayrim adabiy arboblarimizning uddaburon farzandlari otalarining tavallud ayyomlari arafasida turli davlat va jamoat tashkilotlarining, nashriyot-u tahririyatlarning yo‘l-yo‘lagini changitib yuboradi: “Paxanning yirik sanasi, maqola chiqarish kerak, kitob chiqarish kerak!” Ustoz Asqad Muxtorning ikki o‘g‘li bor, ikkalasi ham fan doktori, zukko professor. Adabiy jamoatchilik ularni eshitgan chiqar, ammo o‘zlarini ko‘pchilik ko‘rmagan bo‘lsa kerak – shunday tamkin, kamsuqum. Padari buzrukvorlarining 100 yillik yubileyiga hozirlik boshlangan kunlarda bu ikki aka-uka hech kimni bezovta qilmay, o‘rtaga mablag‘ tashlab, kutubxonalarga beg‘araz tarqatish maqsadida adibning ikki jildli saylanmasini nashr ettirganiga nima deysiz! Biz, ustozni ko‘rgan, u donishmand, olijanob zotdan ta’lim olib, mehridan bahramand bo‘lgan avlod bu holga aslo ajablanmaymiz. Lekin ana shunday tanti otaga munosib hurmatli olimlarning farzandlik himmatidan mutaassir va minnatdor bo‘lgan holda aytamizki, Asqad Muxtor o‘zbek adabiyotining cho‘ng ustunlaridan sanalmish benazir adib, o‘z ta’biri bilan aytganda, mangulikka daxldor siymo! Xalqimiz ezgulik jabhasida beminnat xizmat qilgan bunday farzandlarini ardoqlashni biladi.

Erkin A’ZAM,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600