Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.12.2025 | 15:39

img1773

O‘ZBЕGIMNING SO‘Z ZARGARI

Xalqimizning ardoqli shoiri Erkin Vohidov inson qalbini, tili va dilini teran bilgichi bo‘lgan ulug‘ ijodkordir. Chin shoirlik – yuksak martaba, komillik darajasiga yetishmak, demak. Uning yuksak she’riyati qalblarni zavqlantiradi, ruhni yuksaltirib, tasavvurlarni ravshan qiladi. Bu she’rlarda surur va dard, zavq va iztirob, safo va jafo uyg‘unlashadi.

Ruhi baland, qalbi toshqin, bilimi daryo insonning inja tuyg‘ulari aks etadi bu she’rlarda. Bu tuyg‘uni, she’r kayfiyati va iztirobini anglaydigan, donishmand el orasidan “so‘z durlari”ni saralab topgan shoir shunday ifodalaydi:

El – ustozim, men esa – tolib,
So‘z durlarin termoqdir ishim.
Odamlarning o‘zidan olib,
Odamlarga bermoqdir ishim.

Kutilmagan lutf va latiflik, tub o‘zakdan inja ma’no chiqarish, o‘zaro ohangdosh so‘zlardan betakror satrlar tuzish Erkin Vohidov adabiy merosining yetakchi fazilatlaridan biri sanaladi.

To tirikdirki tabiat,
To quyosh sochgayki nur,
Uch egiz bordir tushuncha,
Uch bu so‘z yondosh bo‘lur:
Mohir-u mehr-u mahorat,
Olim-u ilm-u amal,
Oshiq-u ishq-u mashaqqat,
Shoir-u she’r-u shuur.

Bir o‘zak masdardan bir nechta so‘zlar­ning yasalishi flektiv oilaga mansub tillarning bosh xususiyatidir. O‘zbek tilining lug‘at boyligi tarkibiga kirgan arabiy so‘zlarda shunday hodisa kuzatiladi. Ilm va olim, oshiq va ishq, shoir va she’r bitta o‘zak hosilalaridir. O‘zbek adabiy tilida ularning o‘zaro yaqinligiga ko‘p ham e’tibor berilmaydi. So‘zlar aro poetik qarinaga – badiiy yaqinlikka, ohang-ritm va rangga shoirlar diqqat qaratadi.

Shoirlar odamlar orasidan so‘z izlaydi va bu so‘zlarni tiriltiradi. Erkin Vohidov nazdida: “Xalq tilining toza bulog‘iga yuragini ochib qo‘ymagan ijodkorning ko‘lmakka aylanib qolishi tabiiy”dir.

Yana muhim bir jihat shuki, shoirlar kamalakdan – olamning turfa ranglari jilosidan zavq oladi. Ranglar shoirlarga ilhom beradi. Shoirlargina “rang so‘zining ranginligi” haqida yozadi. Kerak bo‘lsa, savol tashlab, sizni imtihon ham qiladi: “Xo‘sh, guli ra’noning rangi qanday?” – Bir tomoni qizil, bir tomoni sariq. “Yana bir savol. Yonib turgan olovda nechta rang bor?” – Yonib turgan olovda qizil, yashil sariq ranglar uyg‘unligi bor. Oshiq ohining alangasi – “shu’layi ohi” qizil, sariq, yashil ekanini shoirgina anglab yetadi.

Shu tobda buyuk Alisher Navoiyning mashhur g‘azallaridan biri xayolingizdan o‘tgan bo‘lsa, ne ajab:

Xil’atin to aylamish
jonon qizil, sorig‘, yashil,
Shu’layi ohim chiqar har yon qizil,
sorig‘, yashil.

Erkin Vohidov “So‘z latofati” kitobida hazrat Navoiyning ushbu matlasini zukko she’rshunos sifatida shunday sharhlaydi: “Ohim alangasi qizil, sariq, yashil bo‘lib yonsa, buning boisi jononim qizil, sariq, yashil rangli liboslar kiygandir”. “Rang” – forscha, “lavn” (ko‘pligi “alvon”) – arabcha, turkiyda esa “tus” bo‘ladi. “Navoiy asarlari lug‘ati”da “rang” so‘zining beshta ma’nosi berilgan. Mumtoz lug‘atlarda “rang” so‘zining o‘ttiz bir ma’nosi izohlangan. Bitta so‘zni anglatish uchun shuncha kitobni faqatgina so‘zdan zavq topadigan, so‘zga mehr-u muhabbatli zarshunos, so‘z zargarigina, Erkin Vohidovdek fidoyi, zukko so‘zshunosgina varaqlab o‘qiydi. Shu bois, shoir haqli ravishda milliy til bilimdonlari safidan o‘rin oladi.

Erkin Vohidovning ba’zi she’riy misralari qat-qatida she’riyatga, shoirga, ijod psixologiyasiga doir qarashlarini nazmiy uslubda bayon qiladi. Bu asarlarda shoirning birorta adabiyotshunos olim­dan kam bo‘lmagan bilimga ega ekani ko‘rinadi:

She’rning sozi – to‘rt satr,
To‘rt ajoyib – zo‘r satr.
Shoir odam o‘zini
To‘rt satrda ko‘rsatur.

Nazariy kitoblar, adabiy-tanqidiy maqo­la­larda “lirik qahramon” degan atamaga duch kelamiz. Bu ta’bir kimgadir tushunarli, kimdir anglashga qiynaladi. Shoir uni ayni sarlavhali bir she’rida nazmiy yo‘sinda talqin qilib aytadiki:

Yetar, nechun ta’rif-u tavsif,
Biz ikkimiz aslida bir jon.
Faqat olim meni muallif,
Seni atar lirik qahramon.

Muammo shu zaylda shoirona lutf bilan “hal qilinadi”. Holbuki, ko‘plab bahs-munozara obyekti bo‘lgan “muallif va qahramon” hovlisining eshigi hali bu kunga dovur yopiq turibdi.

Erkin Vohidov she’rlariga xos barcha fazilatlarni so‘z bilan bayon qilib bo‘lmaydi. Shoir so‘z san’atkori sifatida so‘zlarni o‘ynatadi. Masalan, yurakning yurib turishi, ko‘ngilning ko‘nib-ko‘nmasligi haqida xayolga kelmaydigan tasvirlarni topadi:

Qariganda halovat kerak,
Arzir men ham tin olsam yengil.
Lekin bunga yurmaydi yurak,
Ko‘ngil, desam ko‘nmaydi ko‘ngil.

Bu kabi kichik bir she’rdagi so‘zlarning ma’no ko‘chimlari o‘quvchini zavqlantiradi.

O‘tgan asr o‘rtalarida mumtoz aruz vazni umrini o‘tab bo‘lgan “anjom” sifatida muzey eksponatlari qatoriga qo‘shilishiga bir bahya qoldi. Aslida, “aruz adabiyotning, umuman, san’atning hamma turlari kabi talant va mahorat, teran xayol va ehtiros talab qiladi”. Bu haqiqat Erkin Vohidovga ilhom berdi, aruzda yozganlari mumtoz vaznga qayta jon bag‘ishladi. Abdulla Oripov: “Erkin Vohidov aruzning tabarruk ostonasida posbon yanglig‘ paydo bo‘ldi”, deb bejiz yozmagan.

Shoirning “Yoshlik devoni” bilan aruz tomirlarida navqironlik qoni yugurdi. Shu orada shoir ikki vazn o‘rtasidagi bahslar haqida “Aruz va barmoq” degan she’r yozib, ular orasidagi “mojaro”ni bayon etdi. Har kim o‘zini maqtaydi. Xo‘sh, aslida kim zo‘r? Shoir yechimda aytadi:

“Men esam
O‘tmish-u kelajak aro
O‘rta yo‘lda qolgan bechoradurman.
Ular yuragimda
Qilsa mojaro,
Kelishtirmoq uchun ovoradurman”.

Shoir mumtoz an’ana yo‘lidan chekin­madi; barmoqda ham, aruzda ham go‘zal she’rlar, g‘azallar, muxammas-u dostonlar yozdi.

Aslida izoh va sharhlarda ba’zan she’r­ning tarovati, fayzi, ta’sir quvvati, kutil­magan badiiy qirralari, hatto ijod­korninig o‘zi ham o‘ylamagan ma’no qatlamlari ochiladi. Bunday saodatga erishish uchun adabiy tanqidchining ma’naviy-ruhiy olamida yuksak estetik ideallar jamlangan bo‘lishi lozim. Shunda yuraklar bir maromda dukillab uradi, shunda ikki kardiogrammada bir-biriga yaqin to‘lqinli chiziqlar suvrati paydo bo‘ladi. Chunki shoir o‘ziga qismatdosh insonga yuragini ochadi, aniqrog‘i, shoir­ning yurak dardi bilan yashay boshlagan o‘quvchigina uning sirli dardini anglaydi. Bunda qismatlar uyg‘unlashib, oradagi asrlar, yillar masofasi yo‘qoladi. Ma’naviy-ruhiy muloqot har ikki shaxsni dildosh va zamondosh insonlarga aylantiradi.

Mustaqillik davrida yozgan she’rlaridan birida Erkin Vohidov shunday yozgan edi:

Umrim agar bog‘ bo‘lsa, siz
Bog‘bonisiz, elim,
Tutdim, oling, o‘z bog‘ingiz
Sharbat, gulobidir…
Yoshing necha deb so‘rmangiz,
Yoron-u ahli dil,
Erkin Vatan yoshi mening
Yoshim hisobidir.

Erkin Vohidov el-yurtga, Vatanga o‘tkir so‘zi, she’ri, ovozi – butun vujudi bilan xizmat qildi. Bundan keyin ham shoirning she’rlari bashariyatga, she’riyat muhiblari qalbiga doimo zavq-shavq bag‘ishlashi, tabiiy. Dunyo xaritasida O‘zbekistondek beqiyos o‘lka bor ekan, uning boqiy umri asrlardan asrlarga o‘tib borar ekan, Erkin Vohidovdek tabarruk shoirlar ruhi har doim hur Vatanga hamroh bo‘ladi.

Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-dekabrdagi 52-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605