27.12.2024 | 16:18
770
“JADIDLAR MEROSIGA MEHRIM O‘ZGACHA”
Yaponiyalik taniqli jadidshunos olim Hisao Komatsu bilan suhbat
– O‘zbek adabiy-ilmiy muhiti, xususan, jadid adabiyoti tadqiqotchilariga Hisao Komatsu ismi sharifi yaxshi tanish. Siz o‘tgan asrning 20-yillarida o‘lkamizda hukm surgan adabiy-madaniy muhit hamda vaqtli matbuot rivoji ustida jiddiy tadqiqotlar olib borgansiz.
Yaponiyada o‘zbek adabiyotining shunday kuyunchak tadqiqotchi va targ‘ibotchisi borligidan juda xursandmiz. Ayting-chi, siz o‘zbek tili va adabiyotini qachon o‘rgana boshlagansiz? Bizning adabiyotimizga mehr-muhabbatingiz sabablarini qanday izohlaysiz?

– Men haqimdagi samimiy fikrlaringizdan minnatdorman. Aslida, Yaponiyada o‘zbek madaniyati va ma’rifiy merosiga qiziqadigan olimlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Masalan, professor Eyje Mano “Boburnoma” asari bilan bog‘liq tadqiqotlari bilan yaxshi tanilgan.
O‘zimga kelsak, universitetda o‘qib yurgan paytlarimdayoq O‘rta Osiyo tarixini o‘rgana boshladim. Bizda avvaldan Yaponiyada Xitoy tarixi bo‘yicha juda yaxshi tadqiqotlar olib borilgani holda, O‘rta Osiyo tarixi, xususan, bu hududning XIX asrdan keyingi hayoti umuman o‘rganilmagan edi.
Bilasizki, XIX asrning ikkinchi yarmidan keyin chor Rusiyasi istilosi natijasida Turkiston o‘lkasi tarixida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Bu vaqtda musulmon ziyolilari nimalarni angladi va qanday sa’y-harakatlarga qo‘l urdi, degan savol paydo bo‘ldi menda. Shu bois avvaliga fransuz va rus tillarini o‘rganishga kirishdim.
1974-yilda universitetni bitirishda “Ahmad Donish va uning zamoni” mavzusida bitiruv dissertatsiyasini hozirladim. Aspiranturada turkiycha va usmonli turk tillarini o‘rganib, 1977-yilda Yosh buxoroliklar harakati to‘g‘risida dissertatsiya yoqladim. Abdurauf Fitrat faoliyatiga doir tadqiqotlarim ham o‘sha zamonlarda boshlangan edi. Afsuski, o‘sha davrda Yaponiyada bu mavzuda biron bir adabiy manbani topishning imkoni bo‘lmadi.
Shu sababdan professor Eduard Olvortdan iltimos qilib, Fitratning “Munozara” asari fotonusxasini qo‘lga kiritdim.
Doktoranturadan keyin 1978-1979-yillarda Turkiyada o‘qidim. Chunki sovetlar zamonida Toshkentga kelib, bu mavzuda izlanish olib borish aslo mumkin emas edi. Anqara universiteti til va tarix-geografiya fakultetida o‘qigan chog‘larimda kutubxonalardagi manbalar hamda Rusiya va O‘rta Osiyodan borgan muhojirlar yordamida bir qancha manbalar to‘pladim. O‘zbekcha matnlarni o‘sha zamonda o‘qishga kirishdim, to‘g‘risi, arab imlosiga asoslangan eski o‘zbek yozuvini o‘zim mustaqil ravishda o‘rgandim. Zotan, XX asr boshlaridagi Usmonli va o‘zbek yozuv tili orasida bir talay uyg‘unliklar bor edi.
Yaponiyaga qaytgach, turli universitetlarda Turkiston tarixiga doir izlanishlar olib bordim. Bu orada Fitratning “Munozara” asari, Buxoro va Qozon shaharlari orasidagi madaniy aloqalar, Qo‘qon xonligi bilan Usmonli turk davlati o‘rtasidagi diplomatik aloqalar, 1898-yilda yuz bergan Andijon qo‘zg‘oloni, Buxoro va Turkistonda jadidlik harakati kabi mavzularda qator maqolalar yozdim. 1996-yilda Fitratning hayoti va uning ma’rifatparvarlik qarashlariga bag‘ishlangan “Inqilobchi O‘rta Osiyo: bir jadidning qiyofasi” sarlavhali kitob nashr ettirdim. Inqilob tufayli tanglikka tushib qolgan vatandoshlariga yo‘l ko‘rsatishga chog‘langan turkistonlik ziyolilarning fikri va faoliyati e’tiborimizdan chetda qolmadi.
O‘sha kitobimni nashrga tayyorlashda sobiq sovetlar mamlakatida kechgan qayta qurish davrida sizlarning yurtingizda chop etilgan matbuot nashrlari va o‘zbek olimlarining yordami menga juda asqotdi. Chunki jadid adabiyoti o‘sha davrlardagi ijtimoiy holat va qarashlar tarixini o‘rganish borasida juda muhim manba sanaladi. Masalan, Abdulla Qodiriyning 1915-yilda “Sadoyi Turkiston” gazetasida chop etilgan “To‘y” she’rida o‘sha davrdagi ijtimoiy muammolar ochiq namoyon qilingan.
– Bugun Yaponiyada o‘zbek tili va adabiyotiga qiziqish qay darajada? Kunchiqar yurt kitobxonlari bizning adiblarimiz ijodidan xabardormi?
– Afsuski, yaponiyalik mutaxassis olimlarning o‘zbek tili va adabiyotiga qiziqishlari juda oz, deb o‘ylayman. Garchi “Boburnoma” asari va “Alpomish” dostonlari yapon tiliga tarjima qilingan bo‘lsa-da, bizda o‘zbek adabiyoti hali ochilmagan qo‘riq sanaladi. Sovetlar zamonidan, masalan, Chingiz Aytmatovning asarlari Yaponiyada ham tarjima qilinib, juda ko‘p nusxada nashr qilingan edi. Ammo o‘zbek adiblarining asarlari yaponchaga o‘girilmadi.
Bu sohada yo‘l ochish uchun jiddiy harakat qilmoq lozim. Men muhtaram do‘stlarim Aftondil Erkinov va Zaynobiddin Abdirashidovdan o‘zbek mumtoz adabiyoti va jadidlikka doir maqolalarni so‘rab olib, ularni ingliz tilidagi “Asian Reserach Trends” (“Osiyo tadqiqot yo‘nalishlari”) jurnalida chop etishga bosh-qosh bo‘ldim. Biz uchun bunday tanishtiruv xarakteridagi ishlar juda ham zarurdir. Ta’kidlash kerakki, 2012-yilda Tokiodagi Xorijiy tillar universitetida Yaponiyada birinchi marta O‘rta Osiyoga oid tadqiqotlarga yo‘naltirilgan maxsus bo‘lim ochildi. Kamina ancha vaqt ana shu dargohda ishladim. Bu maskanda rus va o‘zbek tillarini o‘rganish majburiy bo‘lib, har yili ikki yoki uch talabamiz Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga borib tahsil olar edi. Ana shu yoshlar orasidan kelgusida o‘zbek tili va adabiyotini bizning mamlakatga tanishtiradigan mutaxassislar yetishib chiqishiga umid qilaman.
– To‘g‘risi, o‘zbek o‘quvchilari orasida yapon adabiyotining muxlislari ko‘p. Siz bugungi yapon adabiyoti namoyandalaridan qaysi shoir va yozuvchilarning ijod namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni tavsiya etgan bo‘lar edingiz?
– Ko‘p sonli iste’dodlar orasidan birortasini tanlash ham juda qiyin ish. Shu o‘rinda men yapon kitobxonlarining sevimli adiblari bo‘lmish Sosoki Natsume (1867–1916) va Osamu Dazai (1909–1948) nomlarini tilga olmoqchiman. Xususan, Sosokining “Ko‘ngil”, “Men mushukman” romanlari, Dazaining “Zavolli umrim” qissasi hamda “Moyeris” hikoyasi o‘zbek kitobxonlariga ham manzur bo‘lishiga ishonchim komil. Shubhasiz, zamonaviy yozuvchilardan Haruki Murakami yaponiyalik eng yaxshi adiblar sirasiga kiradi.
– Bugungi o‘zbek adabiyotining miqyosi kengayib, dunyoga yuz tutayotgan bir davrda siz tanishgan qaysi o‘zbek shoir yoki yozuvchilarning asarlari yapon o‘quvchilariga ma’qul bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
– To‘g‘risi, zamonaviy o‘zbek adabiyotidan yetarlicha boxabar emasman. Biroq mening yaqin kelajakda Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriy asarlarini yapon tiliga tarjima qilish niyatim bor.

– Siz mashhur musulmon olimi va sayyohi Abdurashid Ibrohim faoliyati bo‘yicha jiddiy tadqiqotlar olib borgan olim sifatida o‘zbek gazetxonlariga qanday yangi ma’lumotlarni ayta olasiz? Uning kitoblarida yoki yapon tilida bosilgan asarlarida Turkistonga tegishli ma’lumotlar ham bormi?
– Otasi buxorolik sanalgan va chor Rusiyasi zamonida Sharqiy Sibiriyada dunyoga kelgan Abdurashid Ibrohim XIX asr so‘ngidan XX asr boshlarigacha Rusiya musulmonlarining siyosiy va ijtimoiy harakatlaridagi yo‘lboshchiligi bilan tanilgan musulmon ziyolilaridan edi. U 1908-1909-yillar orasida Yevroosiyo qit’asini kezib chiqqan mashhur sayyoh hamdir. “Olami islom: Yaponiyada intishori islomiyat” deb nomlangan sayohatnomasi esa adibning nomini abadiyatga muhrladi. Ayniqsa, uning Yaponiyaga qilgan safari maishiy jihatdan yaponlarning islom dunyosi bilan yaqindan tanishishiga yo‘l ochdi.
Buning natijasida Ibrohim afandi va panosiyochi yaponlar orasida yaqin do‘stlik aloqalari yuzaga keldi. U turli sabablar tufayli 1933-yilda Tokioga borib, shu yerda muqim yashab qoladi. Yaponiya aholisini islom diniga e’tiqod qiluvchi ko‘p xalqlarning adabiyoti va madaniyati bilan yaqindan tanishtirish borasida qator xayrli ishlarni amalga oshiradi. Ibrohim afandi Ikkinchi jahon urushi davri – 1944-yili Tokioda vafot etadi. U kishi men ishlaydigan universitet yaqinidagi Tama qabristoniga dafn qilingan. Umuman olganda, Ibrohim afandining faoliyati urushdan oldingi Yaponiyaning islom dini borasidagi siyosatini o‘rganishda ham juda muhim hisoblanadi.
Ibrohim afandining sayohatnomasi o‘zbek o‘quvchilari uchun ham juda qiziq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki mazkur asarda muallifning 1907-1908-yillarda Turkiston o‘lkasining Toshkent, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona vodiysi, Yettisuv, Olma ota, Semipalatinsk kabi shahar va hududlarida shaxsan o‘zi guvoh bo‘lgan voqealar bayon qilingan bob ham bor. Xususan, u chor Rusiyasi ma’muriyatining Turkistondagi boshqaruv usulini qattiq tanqid qilish bilan birga, mahalliy aholining ilmsiz va harakatsiz qolayotganini ham nadomat bilan qayd etadi. Biroq u Samarqandda tanishgan Mahmudxo‘ja Behbudiyni “o‘zbeklarning qahramoni” sifatida ehtirom bilan tilga oladi. Ibrohim afandi 1909-yili Tokioda shu mavzuda bir qancha nutqlar ham so‘zladi. Ana shu ma’ruzalarning ayrimlari yapon tiliga ham tarjima qilingan. Darvoqe, ushbu ma’ruza-maqola “Oh, Turkiston!” deb nomlanadi.
– O‘zbekistonga bu galgi safaringiz qanday kechdi?
– Juda sermazmun va samarali bo‘ldi. Kuni kecha “Jadid” gazetasi tahririyatida mehmon bo‘ldik. O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan shunday gazeta tashkil qilinganidan xursand bo‘ldim. Kinematografiya agentligida kino ustalari bilan jadid adiblariga bag‘ishlangan filmlar yaratish xususida fikr almashdik.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan “Jadidlik harakati: talqini va muammolari” mavzusidagi xalqaro anjumanda ham qatnashib, “Yaponiyada jadidshunoslik” degan mavzuda ma’lumotlar taqdim etdim. Shu kuni Behbudiy va uning “Oyina” jurnali bibliografiyasi, Fitrat va uning “Munozara” asari, shuningdek, 1922-yili ikkitagina soni bosilgan “Haqiqat” jurnali va boshqa manbalar xususida ma’ruza qildim. Darvoqe, kelgusi yil bahorda Tokioda aynan jadidlik harakatiga oid xalqaro ilmiy anjumanni Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlash niyatimiz bor.
– Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat.
Bahodir KARIMOV suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
105
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
616
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
612



