08.01.2025 | 15:00
1925
“TARAQQIY” GAZETASI
“O‘rta Osiyoning umr guzorligi gazetasi Taraqqiy”dan Turkiston ahlisining ixlos qaytgach, u chiqishdan to‘xtashga majbur bo‘ladi. Shundan keyin yuzaga kelgan vaziyatdan jadidlar ustalik bilan foydalanadilar. Xususan, Munavvarqori mazkur gazetaning myayyan zaxiralari zaminida mahalliy aholining manfaatlarini himoya qila oladigan davriy nashrga ega bo‘lish uchun qattiq harakat qiladi. Chunki, u I.Geyer chiqarayotgan “O‘rta Osiyoning umr guzorligi gazetasi Taraqqiy”ning tahririyatiga ishga joylashib olgandi. Uning gazeta tahririyatiga joylashishiga bir tasodif ko‘mak bergan.

I.Geyer gazetasini chiqarish harakati bilan yurganda, “Turkiston viloyatining gazeti”da ishlayotgan mulla Olim Abulqosimovdan mahalliy aholidan o‘zlariga sadoqatli bir ziyolini topib berishini so‘raydi. Mulla Olim unga Munavvarqorini tavsiya qiladi. Har holda, bu yerda mulla Olim ham, I.Geyer ham adashishgandi: Munavvarqori mustabidlarga sadoqatli gumashta emas, mahalliy aholining manfaatini himoya qiladigan el farzandi ekanligini payqamay qolishgandi. Shu tariqa, milliy gazeta tashkil etish yo‘lida Munavvarqorining sa’y-harakatlari tufayli mahalliy tilni yaxshi biladigan, ayni paytda rus tilida ham bemalol gaplasha oladigan qozonli Ismoil Obidiy (Izmail Eldinovich Gabidov) tashkil etilajak “Taraqqiy” gazetasiga muharrirlik qilish uchun taklif qilindi. Bu turkistonlik ziyolilar chiqargan ilk milliy gazeta edi.
Gazetaning har sahifasida ijtimoiy-siyosiy mavzuga oid bir necha maqolalar (bosh yoki tahririyat maqolasi ham bunga kiradi), “Felyatun” ruknida bironta material, muharrir nomiga yo‘llangan maktublar, xorijiy xabarlar, telegraf xabarlari, Toshken xabarlari, ichki xabarlardan tashkil topgan, 1- va oxirgi betlarida reklama va e’lonlar chop qilingan.

(Izoh: Asli “varaqa” ma’nosini anglatuvchi “feleton” so‘zining hajviy janrni bildiruvchi atamaga aylanish tarixi quyidagicha: Parijda nashr qilinadigan “Journal des Debats” gazetasi 1800-yili yoniga bir oz, pastki, “podval” tomoniga anchagina maydon qo‘shilib, xiyla katta hajmda chiqqan. Obunachilar orttirilgan bu “maydon” uchun qo‘shimcha pul to‘lashlari kerak edi. Pul to‘lashni istamagan mushtariylarga gazetaning pastki, ya’ni podval qismi qirqib olingan holda berilgan. Bu qism, ya’ni “feleton” (“varaqa”) mohiyatan ilovadek bo‘lib, qirqib olingan bo‘lagi “varaqa” tarzida alohida sotilgan. Unda dastlabki paytlari teatr taqrizlari, adabiy-badiiy materiallar, hajviy asarlar bosilgan. Gazetaning pastki, ya’ni podval qismida beriladigan materiallarga “feleton” qaydi qo‘yiladigan bo‘ladi. Keyinroq bu qismda, asosan, hajviy materiallar bosilgani uchun o‘tkir hajviy janrlardan biri shu nom bilan, ya’ni “feleton” deb atala boshlaydi Dastlabki o‘zbek gazetalarining etak qismida berilgan materiallar “feleton” qaydi bilan berilgan. Bora-bora hajviy materiallarga ham “kichkina felyatun”, “felyatun” degan qaydlar qo‘yila boshlaydi. Pirovardida bu so‘z “podval” ma’nosini yo‘qotib, mustaqil hajviy janr – “feleton”ni bildiradigan bo‘ladi).
“Taraqqiy” dastlabki sonlaridanoq mahalliy aholiga Rossiya imperiyasining mohiyatini, milliy zulm, mustabidlik nimaligini, erk ozodlik qanchalik buyuk ne’mat ekanligini anglatishga harakat qildi. Gazeta muharriri bilimdon va aqlli inson bo‘lganidan tahririyat ishini puxtalik bilan boshqarib bordi. Mustabidlarni “hurkitib yubormaslik” uchun gazeta 1-sonining oxirgi – to‘rtinchi sahifasida o‘z maslagini pardaliroq qilib bildiradi (an’anaga ko‘ra, “Maqsad va maslagimiz” sarlavhali maqola berilishi kerak edi. “Taraqqiy” mutasaddilari bunday sarlavha qo‘yishmaydi). “Gazetamiz “Taraqqiy” nominda o‘lub, – deb yoziladi tahririyat maqolasida, – bora-bora jismi ham ismiga muvofiq o‘lub millatimizni “keyin” qolmog‘ig‘a, jaholat va g‘aflati oliyda o‘lub, boshqa millatlardan kam darajada qolmog‘ig‘a aslo rozi emasmiz… binoan alayha (shunga ko‘ra), gazetamizning najotimizga, dunyo va oxiratda mas’ud o‘lmoqimizg‘a yolg‘uz ilm bobidur, demak birinchi vazifasidur”. Gazeta “zamonamiz foyda va istifoda zamondir”, “millat manfaatiga xizmat etmak zamon, tortkan mehnat, ko‘rgan zahmatlaridan qutuladurg‘on zamon bu zamon. Maqolada “har kim o‘z hissasin olib turg‘on muddatda og‘iz ochub qolaturg‘on zamon emas”ligiga ham ustalik bilan ishora qilib o‘tilgan.
Gazetaning mavzu doirasi xilma-xil bo‘lgan: millat nima uchun jaholat, qoloqlik botqog‘iga botib qolganligining sababini ko‘rsatish, shu orqali uni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, unga milliy zulm nimaligini anglatish, chor Rossiyasining mustabidlik siyosatini ochib tashlash, qudratli deb kelinayotgan imperiyaning zaif, ojiz joylari ham borligini ko‘rsatish… Bularning barchasini yagona bir g‘oya – milliy-ozodlik, mustaqillik g‘oyasi birlashtirib turardi.
Maktab va maorif mavzui. Darhaqiqat, gazeta ilk sonlaridanoq musulmonlarni jaholat botqog‘idan olib chiqishga da’vat etuvchi materiallar chop qiladi. Bu jihatdan Toshkent jadidlarining peshvosi Munavvarqorining “Bizning jaholat – jahli murakkab” sarlavhali (gazetaning 1- va 2-sonlari) maqolasi xarakterlidir. Unda “eski maktab” deb ataluvchi an’anaviy musulmon maktabidagi o‘qitish tizimi keskin tanqid qilinib, uni isloh etish taklifi ilgari suriladi. Ayni paytda, maqolada dars berish metodikasiga oid zamonaviy usullarni egallash masalasi ham qo‘yiladi. (Izoh: biron kishining nimanidir bilmasligi “jaholat”, ya’ni “bilmaslik” deyiladi. Agar kishi o‘sha narsani bilmasligini anglamasa, unda “jahli murakkab”, ya’ni ikki karra bilmaslik bo‘ladi).
Gazetaning 9- va 10-sonlarida mulla Zulfiqorning “Madrasalarg‘a oid” sarlavhali maqolasi e’lon qilingan bo‘lib, unda madrasalar islohini, aslida, ulamo va qozilar amalga oshirishi lozim edi, holbuki, ular bu ishni qilmaydilar. Qilmaydigina emas, balki unga tish-tirnog‘i bilan qarshi turadilar, shu bois ta’lim islohini fuqarolarning o‘zlari amalga oshirganlari durust, degan fikr ilgari suriladi.
Yangi usuldagi maktab o‘qituvchilari shogirdlarining jamoatchilik oldidagi imtihonini tashkil qilishgani to‘g‘risida Shokir Muxtorov gazetaning 9-sonida hikoya qiladi. Imtihon kutilgandan ham yaxshi o‘tgan. Muallif, ayni paytda, gazeta ham, bu bilan yangi usul maktablarini targ‘ib qilish vazifasini ado etgan. Ayniqsa, 11 yoshli o‘quvchining ota-onalar, jamoatchilik oldida so‘zlagan nutqi juda ta’sirli chiqqan. Bola o‘z nutqida yoshlarga bilim olishda ko‘mak berayotgan zotlarga chin dildan minnatdorchilik izhor etgach, deydi: “Ilm o‘rgatmoq shar’an farz bo‘lg‘on kabi aqlan ham g‘oyat teyishli narsadur. Emdi shundog‘ bo‘lsa, bolani eng avval otasi o‘qutmog‘i lozimdur. Otasi bo‘lmasa, qarindosh kabilarini o‘qitmoqlari lozim va lobuddur. Qarindoshlari bo‘lmasa, musulmonlarning har qaysilarig‘a lozimdurki, yordam qilib o‘qutmoqliklari. Bir musulmon bolasini o‘qumay nodon qolub dunyoda umrini xor va zalil o‘tquzub oxirat rohatlaridin mahrum qolmoqliklari butun musulmonlar uchun ko‘b zo‘r uyatdur va ham nihoyat darajada marhamatsizlikdur. Bas shunday bo‘lsa, siz aziz og‘alarimizdan g‘oyat tubanchlik ila o‘tunamiz, o‘qutuv xususinda mumkin qadar himmat va g‘ayratingizni(ng) balandroq qilmoqingizni”.

“Taraqqiy” ichki Rossiyada, xususan tatarlarda maktab va madrasa islohi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni ibrat tarzida ko‘rsatadi. Ayni paytda, yangi usuldagi maktab va madrasalarning dasturlarini bosadi, toki mahalliy aholi ulardan istifoda qilsin. (Tatar muallimlarining Pishpakda o‘tgan yig‘inida yangi usul maktablari uchun tuzulgan dasturni hamda Orenburgdagi Husayniya madrasasining zamonaviy o‘qitish dasturini gazeta shu maqsadda chop etgan).
Gazetaning 1906-yil 9-avgustda chiqqan 16-sonida “Umumiy o‘qituv” sarlavhali material e’lon qilingan. U mamlakat maorif ministri Rossiyadagi umumiy ta’lim yuzasidan Ministrlar majlisiga loyiha kiritishi munosabati bilan yozilgan. Loyihada rus tiliga katta imtiyoz berilganini gazeta qayd etadi. Ayni zamonda, u shunday talabni ham qo‘yadi: “…ta’limi ibtidoiy ona tilinda bo‘lmoq har bir vajhdan kerak va zarurdir, bo‘ldurmoqi mumkin ham. Muni(ng) talab qilarg‘a va so‘rarg‘a bizning komil huquqimiz bor… Mumkin bo‘lg‘on, haqqimiz bo‘lg‘on narsalarni bor quvatimiz bilan himoya etmoqlik kerak”.
Keltirilgan parchadan ko‘rinib turubdiki, gazeta musulmon qavmlarini bor imkoniyatlarni ishga solib o‘z haq-huquqlarini talab qilishga chaqiradi. Bunday jasoratli da’vat shu vaqtga qadar Turkistondagi gazetalarda deyarli uchramagan.
Ulamo va shariat peshvolarining tanqidi. “Taraqqiy” ilg‘or qarashli kishilarga, xususan yoshlarga to‘siq bo‘layotgan, o‘z rohat va farog‘atinigina (aslida, aysh-ishratini) o‘ylab, millat uchun jon kuydirmaydigan daqqi ulamo va shariat peshvolarini keskin tanqid ostiga oldi. Bu tanqidni Munavvarqorining “Bizni jaholat – jahli murakkab” maqolasi boshlab berdi. Unda jahil, ammo o‘zini bilimdon sanaguvchi (aniqrog‘i, o‘zining johilligini anglay olmaydigan) domla va mudarrislar misoli vositasida tanqid qilinadi. Mulla Zulfiqorning “Madrasalarg‘a oid” maqolasida qozilar aslida, maktab va madrasalar islohiga rahnamolik qilishlari darkor edi. Lekin ular bunday qilmaganliklari ustiga, gazeta qusurlarimizni yo‘qotish istagida “bir-ikki yo‘l tanbeh tariqa ila yozilg‘on uch-to‘rt kalima so‘zg‘a tuslari buzuldi, kayflari qochub bunlarga tahammul qilolmay (chidolmay) Allohdan qo‘rqmay va xalqdan uyalmay shahar hokimig‘a borib, “Taraqqiy” g‘azetasini(ng) yobturingiz, deb so‘zlamishlar”, deya ularning bu ishini “noinsoflik” deb ataydi.
Kattaqo‘rg‘onlik mulla Umar Ne’matulla degan kishining tahririyatga yo‘llagan maktubida Yangiqo‘rg‘on va Xitoy degan qishloqlarda shar’iy hukmlar bo‘zilib, noshar’iy odatlar, ishlar rivoj topayotgani, bunga qozi mulla Abulqosim mulla Ibrohim o‘g‘lining o‘z manfaatini o‘ylab yo‘l qo‘yib berayotgani yozilgan.
“Taraqqiy” johil va noinsof ulamolar, din peshvolarini tanqid qilgani holda, islom diniga nisbatan biror o‘rinda nojo‘ya fikr bildirmagan. Aksincha, islom dinining dunyo bo‘ylab yoyilayotganiga oid materiallarni sahifalarida muttasil berib borganini ko‘rish mumkin.

Gazetaning mavjud tuzumga, chor hukumatiga bo‘lgan munosabati. “Taraqqiy”ningbirinchi sonida “Toshkand, 14-iyun” sarlavhali bosh maqola bosilgan. Unda epigraf o‘rnida shunday satrlar o‘rin olgan: “Biz musulmonlarni hurriyatda haqlari bormu? Yo‘q! Qarindoshlar, yuz marotaba yo‘q!”. Muallif nega yo‘qligini izohlaydi. Qanchadan-qancha fidokor insonlar kurash yo‘liga kirib, so‘z, matbuot, jamiyatlar tuzish erkinligi va inson huquqlari daxlsizligi huquqi va’da qilingan manifestning podsho tomonidan imzolanishiga erishdilar. Bunda, afsuski, biz, musulmonlarning hissamiz deyarli yo‘q. Biz, tatarlar, o‘zbeklar misoli tayyorga ayyormiz. Shuni ta’kidlash kerakki: “…bu ikki yil ichinda ham tortishdi va kurashdi, musulmonlar uxlashdi. Demak, o‘tgan yillarda Peterburx, Moskvadagi kurashlar, jang-jadallar va hama mamlakatlarda ish tashlamoqlig‘lar; Dog‘iston, Lahiston (Polsha) va Bahri Boltiq qanor (taraf)larinda bo‘lg‘on harakat va tortishlar; tarixlarning har sahifalarinda hama millatlardan hurriyat uchun xizmat etuvchilar bo‘ldi”. Tan olish kerak, “Vatandosh va xalqlarimizning g‘ayur (g‘ayratli) bahodirlari maydonda ko‘krab (na’ra tortib), arslondek olishub, tortishib, hama xalq uchun aziz vujudlaridin kechub diniy, ilmiy, siyosiy ishlarimizni hurriyat yo‘lig‘a solub, nisfi (yarim) asrdan beri osilib, so‘yilib, tuqqan, o‘skan yerlaridan ayrilib, Sibirdek sovuq yerlarg‘a yuborilib, tog‘dek og‘ir mashaqqatlar yuklatilsalar ham, oxir shul ikki yil ichindagi chekkan mashaqqatlari bekorg‘a ketmay, uchlik nayzalarg‘a, o‘tkir qilichlarg‘a ko‘kraklarini berib, mamlakatimizning soy joylarin qonlari bilan to‘ldurub, Vatan uchun jonlarin qurbon qilg‘on muborak zotlar uchun yurak-bag‘irlarimizni fido qilsoq ham, joyig‘a yetkurmog‘imiz yo‘q!”
Muallif (Ismoil Obidiy)ning voqealarga ziyraklik bilan baho berganiga qoyil qolish mumkin. “Hozirda ijtimo’, kalom, matbuot uchun berilg‘on hurriyatlar to‘shak ustida og‘zig‘a suv tomizilib turgon og‘ir xastadek ekanini tilsiz va ko‘r tabiblar ham tasdiq eturlar»” U chor hukumatining makkarona siyosat yurgizishini biladi: butun nochorlikdan berilgan huquqlar ertaga, u kuch to‘plagach, yana qaytarib olinishi turgan gap. Buni esdan chiqarmaslik kerak. Biz mazlum-larning holi qanday? Biz “…bir yerda maktab ochub bolalarimizni o‘qutmoqchi bo‘lsoq, “direktur” hozir etub, bu ish hukumatg‘a xilof, muallimlar bu tariq ekan, deb muallimlarni uchurturub (Chor ma’murlari chiqargan qonunga binoan, mahalliy aholidan bo‘lmagan, mazkur joydan chiqmagan o‘qituvchilarning muallimlik qilishiga ruxsat etilmasdi.), madrasalarimizni pechatlatib, 2-3 tiyin masjid, madrasa vaqflarindan ham ayrilur edik. O‘zlari tilagancha qo‘y orasida bo‘ri yurgandek bizga dinimiz va Qur’oni sharifimizni haqorat etub, masjid-madrasalarimizning 3-4 tiyin vaqflaridin ayrilg‘onliqlarimiz yetmasa, butun dunyog‘a haqorat qildurub, missiunerskiy g‘azetalarda bosdurub nashr qilurlar erdi”.
Bu manzaralar milliy zulm ostida ezilayotgan mazlum xalqlarning ahvolini yaxshi ifodalaydi, mustabid chor hokimiyatining jabr va sitamlarini ochiq ko‘rsatadi. Bunaqasi hech ham bo‘lmagan. Shu paytgacha biron-bir gazeta mahalliy xalqqa o‘z ahvolini, milliy zulm dahshatlarini bu qadar ochiq tasvirlagan emas. Bu esa “Taraqqiy”ning jasoratidan dalolat berardi.
Gazetaning 10-sonidagi “Toshkand, 20-iyul” sarlavhali bosh maqolada esa, Rossiyadagi mavjud jamiyatning mohiyati yorqin ochib berilgan. Unda yozilishicha, birov ezilib mehnat qiladi, samarasini esa boshqa kishi ko‘radi. Birov bir parcha yerga, yotar joyga zor. Boshqaning esa qator-qator uylari, minglarcha tanob yerlari bor. Birinchisi mehnat qila-qila kasal bo‘lib, parvarishga zor bo‘ladi, ikkinchisi – uning mehnati samarasidan boy bo‘lgan odam – uni rahmsizlarcha och-yalang‘och holda haydab yuboradi. Uning boyligi, behisob pullar mehnat qila-qila kasallikka uchragan odamga o‘xshab manglarcha mehnatkashlarning kuchi orqali yuzaga keladi… shu tariqa gazeta o‘quvchiga ijtimoiy tengsizlikni anglatadi. Gazetaning yozishicha, bu holatda qutulish uchun urinilganda, puldor, mulkdor, ularni himoya qiluvchi hukumat to‘siq bo‘ladi. Natijada, bunday urinishlar samarasiz ketadi. Agar bu to‘siqlar bo‘lmaganda, urinuvchilar 16 soat ish kuni o‘rniga 8 soatlik ish kuniga erishar, quvvatdan qolganda, nafaqa oladigan bo‘lishardi, boylar va rajjola hukumat qo‘lida bo‘lgan yerlar xizmat qiluvchilar (mehnatkashlar)ga olib berilardi. U holda barcha ishlar mehnatkashlar foydasiga hal bo‘lgan bo‘lardi. Afsuski, g‘alaba boy va ularning hokimiyati tomonida. Ularning g‘alabasiga sabab qo‘l kuchi bilan kun qo‘ruvchilarning ijtimoiy kurash qoidasiga xilof ish qilishlaridir.
Bu holat chor Rossiyasidagi boy, pomeshchik va zavod-fabrika egalarining mehnatkashlarni ezishlari haqida muayyan tasavvur berdi. Gazeta monarxiyaga qarshi bo‘lgan har qanday harakatni jon-dili bilan yoritdi. Podsho hokimiyati tomonidan surgunga hukm qilingan 17 nafar soldatni hurriyatchilar qanday kuzatishganini, sotsial-demokratik (bolsheviklar) partiyasining a’zosi Morozovning hukumatga qarshi nutqini gazeta o‘z sahifalarida batafsil yozdi.
“Taraqqiy”ning navbatdagi maqolasi chor Rossiyasining arkoni davlatlari bo‘lmish ma’murlar (amaldorlar) to‘g‘risida yozilib, u gazetaning 16-sonida o‘rin olgan. Kishilik jamiyati mavjud ekan, deyiladi maqolada, ma’murlarga ehtiyoj seziladi. Ularning vazifalari o‘zlari mansub bo‘lgan jamiyat fuqarolariga xizmat qilish, ya’ni mamlakat holiga va umum ishiga nazar solmoq, qusurlarini tuzatmoqdan iborat. Aslida, shundaymi? Hozirgi mavjud jamiyatda ma’murlar boylar bilan birgalashib fuqaroning yeriga, mulkiga, o‘ziga xo‘jayinlik qiladi: “…hur bo‘lmish va hur xalq etilmish (yaratilgan) fuqaroni(ng) vaqtlarda asoratg‘a tushirdilar. Yer, mol va mulklari ma’murlarg‘a va boylarg‘a ketub bordi”. Ularning haddan tashqari ta’magirliklari fuqaroning kambag‘al va muhtojlikka tushib qolishlariga sabab bo‘ldi. “Jami axloqi fosida (buzuq axloq)ni bular nashr etdilar (tarqatdilar)… Zulm qilmoq, fuqaroning huquqini talamoq, ilm-fanga sad tortmoq, muxtalif millatlar orasig‘a adovat solmoq kabi “asbobi madaniyat” bulg‘on hunarlarg‘a ham mahorat kasb etiladi… Sulh va do‘stliq uzra yashamoqqa oncha ma’murlar yo‘l bermayurlar. Jam’iyatdan ba’zi bir zotlar mazkur marizlar (illatlar)g‘a iloj qilmoqqa kirishsalar ham, bu muqaddas ishga kirishmaklari ila barobar, jam’iyatning ko‘zindan g‘oyib bo‘lurlar… Bularni qilg‘on ishlarini mulohazag‘a olinsa, olarni vijdonsizlik, insoniyatsizlik ila hukm qilmoqg‘a, alarg‘a buyuroqrot… nomini bermoqqa majbur etadur”. Mana, maqolada ularga berilgan tavsif. Bu holda nima qilmoq kerak? Ma’murlarni fuqarolarning o‘zlari tayin etmoqlari, ya’ni o‘zlari saylamoqlari lozim. Shundagina ular ushbu tavsifdagi “hunarlar”ini ko‘rsatolmaydilar.
Gazetaning 17-sonidagi bosh maqola “Toshkand, 12-avgust” deb ataladi. Unda, umumiyroq qilib aytganda, insondek yashashni orzu qiluvchi fuqaro bilan hukumat orasidagi munosabatlar haqida so‘z boradi. Buni tezisnamo tarzida shunday ifodalash mumkin: XIX asrda boshimizga tushgan voqelarni qanday bayon qilsa bo‘ladi? Jaholati sababli kuchsiz qolgan millatlar ko‘rgan jabr-zulmlar dahshatli va fojiali edi. Hukumat odamlari qanchadan-qancha odamlarni sovuq qorga yotqizib, kaltakladilar. Begunoh ayollarning boshlariga bo‘g‘ov soldilar. Boylarga oz, kambag‘allarga chidam bo‘lmas soliqlar solindi. Milliy ayirma kuchaytirildi, milliy nizo “alanga”siga kerosin sepildi. Qanchadan-qancha yigitlar o‘z Vatanlaridan chetga haydalib, qurbon qilindi. Kuch boylar qo‘lida, fuqaro ularning quli edi. Soliq to‘lolmagan fuqarolarning mollari tortib olindi… XX asrga kelib odamlarda endi yaxshi bo‘lar, degan umid paydo bo‘ldi. Ayni paytda, ayrim zotlar harakati tufayli fuqaroning ko‘zi ochildi, u o‘z holini, o‘zligini anglab, mavjud hollarning islohini izlashga tushdi. Hurriyat, adolat talab qilib chiqdi. Butun millatlar bahamjihat harakat qilmaganliklari uchun fuqarolar mag‘lub bo‘ldilar. Istibdoddan qutulish uchun harakat talaygina fuqarolar byurokratlarning o‘qiga uchdilar. Bizning musulmonlar bu vaqtda nima qilishni? Ular qardoshlariga yordam berdilarmi? Yordam u yoqda tursin, qo‘rqib xonalariga kirib yotib oldilar. Musulmonlar fuqarolarga hurriyat, adolat olib bermoqchi bo‘lgan zotlarga yordam berolmadilar. Nega? Ularning hurricht va adolatga ehtiyojlari yo‘qmidi? Ehtiyojlari bor edi, bo‘lganda ham, uncha-muncha emas, ulkan edi. Negaki, istibdod bolalari ularning boshlariga ko‘proq yog‘ilmoqda. Biz, musulmonlar, ilm-fandan bahramand bo‘lmay, istibdod ostida to qiyomatgacha ezilib qolaveramizmi? Ilmiy va fanniy madrasalarni ta’sis etmasak, o‘zimiz ham istibdod ostida ezilib yo‘q bo‘lib ketamiz. Stolipin hurriyatchilarning boshiga qiyomat kunini solsa kerak. Bundan buyon hukumat ota va bolani ham bir-biridan ayiradi. Ey hurriyat va adolat, qachon kelasan? Byuroqratlar o‘rniga odamlar qachon o‘tiradi? Ko‘chadagi odamlarni “sen sotsialistsan”, deb nomuslarini to‘kadigan odamlar qachon yo‘qoladi? Hozirgi ahvolda norozilik tufayli hukumatga qarshiliklar tobora kuchaymoqda, zabastovkalar (ish tashlashlar) bunga yorqin misol. Yaponiya bilan bo‘lgan urushda ishga yaramagan to‘p-to‘fang, pulemyotlar qurolsiz xalqqa qarshi qaratilmoqda, politsiya ko‘paytirilmoqda. Xalq esa, istibdodning mahv etilmog‘ini umid qilyapti.

Bu maqolada yozilgan satrlar fuqarolarni ochiqdan-ochiq hurriyat, adolat, yaxshi hayot uchun kurashga chorlaydi. Eng muhimi, kolonial tuzumning naqadar dahshatli voqelik ekanini ochib beradi. Gazetaning 20-iyulda chiqqan 10-sonida bir material chop etilgan, muallifi kattaqo‘rg‘onlik Bahrombek Davlatboyev. Unda muallif yozadi: tush ko‘rdim, bir bog‘ ichida yuribman, o‘rtasida katta bir supasi bor, ustiga yaxshi paloslar solingan. Paloslarning ustiga zarhal kursilar qo‘yilgan. Kursilarda yaxshi kiyingan bir necha mo‘ysafidlar xursandchilik qilib o‘tirishibdi. Har qaysisining oldida bir xontaxtacha, ularning ustida laganlarda shu bog‘ning anvoi mevalari, shirinliklar, ular tanovul qilishib, bir-birlariga boqishib, hammalari bir bora supaning quyi tomoniga taajjub va nafrat bilan qarab qo‘yishadi. Men ham ular qarashgan tomonga boqdim. Quyida, yerda bir yigit o‘tiribdi, o‘zi xushsurat, kelishgan, lekin nihoyatda zaif va notavon, yuzi za’farondek sarg‘aygan, betobligidan badanida zarracha eti yo‘q, terisi ustuxoniga yopishgan. Nihoyatda eski kiyimlar kiygan. U o‘ziga mo‘ysafidlarning nafrat bilan qarashganini sezib, chorasizligidan har tomonga javdirab qarardi, nogahon ko‘zi menga tushib, o‘ziga biror manfaat keladigandek qarab qoldi. Oldiga borib so‘radi: “Siz janob kim bo‘lasiz, sizga nafrat bilan qaraganlar kimlar, bu bog‘ kimniki?” U ko‘zidan ashk nadomatlar oqizib, “Shu paytgacha qancha kishilar mening yonimdan o‘tganda ahvolimni ko‘rib, parvo qilmasdan, bog‘ni tomosha qilishda davom etardilar. Siz ham o‘shalarga o‘xshab ketaversangiz bo‘ladi” dedi. Men savolimni takrorladim. “agar javob bermasangiz, yoningizdan ketmayman”, dedim. Shunda u dedi: “Bunlar hamalari dunyo yuzindagi adyoni muxtalifa (turli idnlar), ya’ni yer yuzidagi dinlar va mazhablar va millatlardurlarkim, bularni dinparvar va millatdosh va mazhab do‘stlari bu tariqa xursandlik va qaviydastliklarg‘a (kuch-qudratga) yetkurdilar Har kim man bechorani zaif va notavon qo‘rub, hatto o‘ldurgan kursi javohurandudimni qo‘limdin zo‘rlik ilan tortib olib va ham ul sufani ustindin mani tushirib, yet ustinda, ya’ni bul xoki mazallat (xorlik tuprog‘i)ga o‘tquzdilar. Va bul bog‘ dunyodur. Bularni… olida tabaq ichinda turgon mevalar dunyo yuzindagi ilmlardurkim, mazkurlar na tariqa ul “ilm” degan mevalardin tanovul qilib, bahramand bo‘lub turadurlar. Va bul mevalar albatta necha martaba onlarni quvvatlik va tavonolik bo‘lmoqlarig‘a bois bo‘ladurlar… ul kuri javohirandudkim, ul mo‘ysafid odam oldida turubdur va aning ustinda ul odam bir necha varaq va kog‘azlarni qo‘yubdur, ushbu kursi manim kursimdur”. Men kursingizni olgan qaysi millat ahlidir, deb so‘radim. U aytdi: nasoro millatidan. Men o‘zingiz qaysi millatga taalluqlisiz, deb so‘radi. U men islom millatidanman, deb javob berdim. Men undan “Kimlar shu ahvolga tushishingizga sabab bo‘ldi?” deb so‘radim. U aytdi: “Birinchisi, musulmon olimlari, ikkinchisi, musulmon hukumatdorlari, uchinchisi, musulmon shayxlari, ya’ni tariqat jamoalari”. So‘ngaytgan har bir so‘zini sharhladi. Musulmon olimlari ilmlariga o‘zlari amal qilishmaydi. Mol-dunyo harom deyishadi-yu, nazar, haqqi Alloh deb xalqdan yig‘ilgan mol-dunyoni o‘zlari cho‘ntakka urishadi. Nafsi ammoralari tilagan ishni qilishadi. Madrasa vaqflarini yeyishadi, hujralarini olishib, ularni tolibi ilmlarga pullashadi. Bundan tushgan harom pullarni tag‘in bola-chaqasi bilan yeyishadi. Buning ustiga, ular “Mullalarning aytganini qil, qilganini qilma” degan maqollarni xalq orasida tarqatib, shariati nabiyni mazallatga urishadi. Bu bilan ular ilmning aholi orasidan ko‘tarilishiga, islomning obro‘sizlanishiga sabab bo‘ladilar. Shayton yo‘liga kirib, xaloyiqni to‘g‘ri yo‘ldan uradilar…
Shu tariqa, qolgan bandlarga ham javob berilgan. Bu ramzlar kimlarga ishora ekanini anglash qiyin emas. Bechora yigit – Turkiston ramzi. Nasoralar esa – mustabidlar. Yigitning musulmon olimlari, hukumatdorlari va musulmon shayxlari haqida bildirgan fikrlarining zamirida ham mavjud real voqelik yotadi. Gazeta Turkiston xalqlarining mustabidlik zanjiriga qanday tushib qolganliklarini aholiga shu tarzda timsollar, ramzlar yordamida ham tushuntiradi.
“Taraqqiy” gazetasi Davlat dumasi, uning vazifasi nimadan iborat ekanini oddiy kishilarga tushunarli qilib bayon etdi. Hukumatning vazirlari zimmasiga qo‘yiladigan talablar qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida bahs yuritib, ularni lavozimlariga Duma a’zolari tasdiqlashi kerak, degan dadil fikrlarni bildirdi. Gazeta “Kadetlar kimlar?” sarlavhali maqolasida ularning monarxiyani himoya qiluvchi hukumatparast partiya ekanini ochib tashladi. Oddiy xabarlarda ham mavjud tuzumga mamlakatning turli burchaklarida qanday kurash olib borilayotgani to‘g‘risida yo‘lini qilib so‘z yuritdi. Eng muhimi, xorijiy Sharq davlatlarida sodir bo‘lgan voqealar haqida yozilgan materiallarda ijobiy hodisalar haqida xabar qildi (“TVG” Sharq mamlakatlari, xususan musulmon davlatlaridan faqat salbiy, noxush xabarlarnigina bosar, Yevropa mamlakatlaridan esa nuqul ijobiy hodisalar to‘g‘risida yozardi). Gazetada bosilgan she’rlarda ham ijtimoiy ohang kuchli edi. Bularning barchasi “Taraqqiy”ni sevimli milliy gazetaga aylantirdi, xalq muharrirga bo‘lgan hurmatining ramzi sifatida unga “Ismoil Taraqqiy” degan masnad beradi. Shuni ham aytish kerakki, gazeta muharriri I.Obidiy so‘l eserlar partiyasiga mansub edi. Shunday bo‘lsa-da, uning jadidlar bilan hamkorligi ijobiy samaralar berdi. Chor ma’murlari, mahalliy ulamo va qozilar, mudarrislar “Taraqqiy”ning o‘zlariga katta xavf ekanini his qila boshlashdi. Ular “Taraqqiy”ni yo‘q qilish yo‘lida “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N.Ostroumov bilan topishdilar. Natijada, 1906-yilning 21-avgutida “Taraqqiy”ning muharririyatida politsiya tintuv o‘tkazib, tayyorlangan 20-son musodara qilindi va gazeta muharriri qamoqqa olindi. Shu tariqa, milliy matbuotimizning to‘ng‘ich gazetasi chiqishdan to‘xtatildi. Lekin u o‘zidan keyin paydo bo‘lgan ko‘pgina milliy gazetalarga yorqin yo‘l ochib ketdi.
Boybo‘ta DO‘STQORAYEV
“O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobidan
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



