Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.04.2024 | 20:10

img618

“TARAQQIY” YO‘LI

XX asrning boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidlik harakatiga hozirgi zamonda ham biz uchun o‘ziga xos ijtimoiy-ma’naviy yo‘l ko‘rsatuvchi bir yulduz sifatida qarash o‘rinlidir. Bu harakatga o‘sha davrning mashhur ziyolilari, mutafakkir arboblari bo‘lgan Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sadriddin Ayniy, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy va boshqalar bosh bo‘ldilar.

Dastlabiga maktab-maorif sohasida yangicha o‘qitish usuli, o‘quvchilarga diniy-islomiy fanlar bilan bir qatorda dunyoviy-zamonaviy bilimlar ham berilishi tarafdorlari bo‘lgan jadidlar ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida ham yangiliklarning amalga oshishi, taraqqiyot tarafdorlari bo‘lib maydonga chiqdilar… 1905-yilning o‘rtalariga kelib birinchi jadid nashrlari paydo bo‘ldi. Asrimiz boshida dunyoga kelgan taraqqiyparvar jadid matbuotining ilk nashri – 1906-yilning 14(27) iyunidan e’tiboran chiqa boshlagan “Taraqqiy” gazetasi edi. Muharriri o‘zining hur fikrlari va ijtimoiy adolatsizlikka qarshi harakatlari uchun Qozon shahridan Toshkentga badarg‘a qilingan tatar ziyolisi Ismoil Obidov bo‘lgan bu nashrga o‘sha davr matbuotining ilk tadqiqotchisi bo‘lgan Ziyo Said “Jadidlarning fikr tarqatg‘uvchisi, eng sevikli va to‘ng‘ich gazetasi” edi, deb baho bergandi. “Najot: Maslakda sabot, to‘g‘rilikda ijobat” gazeta shiori bo‘lib, buning ma’nosi najot, ya’ni ozodlikka erishish yo‘lini maslak – e’tiqodda mustahkam turish, to‘g‘rilikka amal qilish demakdir. Gazeta o‘z sahifalarida qoloqlik va jaholatga, zulm va zalolatga, shu jumladan, mustamlakachilik tartiblariga qar­shi kurash e’lon qildi. Ijtimoiy hayot masalalarini dadil ko‘tarib chiqqan bu nashr sahifalaridagi materiallarda tanqidiy ruh, fosh etish yo‘nalishi kuchli edi. Gazetaning birinchi sonida e’lon qilingan bosh maqolaga: “Biz – musulmonlarni hurriyatda haq­lari bormi? Yo‘q! Qarindoshlar, yuz marta yo‘q!” degan sarlavha berilib unda chor hukumatining xalqqa erkinliklar va’da qilgan Manifesti Turkis­ton xalqlariga hech qanday haq-huquq bermagani, hamon milliy va siyosiy zulm-istibdod hukm surib kelayotgani bayon qilinadi: “Hozirda ijtimoiy kalom, matbuot uchun berilgan hurriyatlar to‘­shak ustida, og‘ziga suv tomizilib turilgan og‘ir xastadek ekanini tilsiz va ko‘r tabiblar ham tasdiq eturlar. Bu kabi zaif va lanj hurriyatlarga xalqimiz hamon rozi bo‘lmay kurashib, tortishib… hurriyat, ya’ni ozodlik va shodlik bayramlarini umri boqi odamlarga ko‘rsaturlar”. Ko‘rinib turibdiki, bu o‘rinda ijtimoiy-haj­viy tanqidning keskin, za­harxanda uslubidan foy­dalanilgan.

Ijtimoiy hayotning ta­raqqiyot qonunlarini to‘g‘ri tushungan “Taraqqiy”chilar ja­miyatdagi jabr-zulmning har qanday ko‘rinishlarini dadillik bilan fosh etdi­lar. Gazetaning 17-­sonida bosilgan bosh maqolada chor hukumati mirshablarining haddan oshgan zulmlari, ular hatto ko‘chada o‘z ishi bilan yurgan odamlarni ham ushlab kaltaklashlari qahr-g‘azab bilan qoralanadi. “Ma’murlar” degan maqolada esa hukumat tomonidan tayinlangan amal­dorlarning adolat qilmasliklari, oddiy xalqni mensimasliklari tanqid qilinadi:

“Fuqaroning xizmati uchun tayin qilinmish bo‘lg‘onlari xotirlariga kelmak shuyla tursin, balki bilaks fuqaroni o‘zlari uchun xalq qilinmish jonivor hisob qilub, kibr-g‘urur ila butun dunyoni to‘ldirdilar”, deb ta’kidlanadi maqolada.

Gazeta xalq ommasining, oddiy odamlarning ko‘zlarini ochishga, dunyoni anglashga, o‘z haq-huquqlari uchun faol kurashishga, loqayd, mute’ bo‘lmaslikka chaqiradi: “Hamma xalq hurriyat uchun kurashib, jabr va zulmlardan ozod bo‘lay deb turg‘onda… Turkiston musulmonlari pristuf va hokimlarga qo‘l qovushtirib, sajda qilub, o‘z-o‘zlarin hurriyatdan bezg‘on kabi ko‘rsatub, obdan obro‘siz bo‘lib, yuzlarina qora tortilg‘andek bo‘ldi. Lekin xalqimizning jabr ila to‘kilgan qonlari mamlakatimizni bo‘yog‘on edi”. Gazetada bosilgan “Dunyo yig‘uvchilar va mehnat qiluvchilar to‘g‘risinda” maqolasida esa barcha moddiy va ma’naviy boyliklarni yaratuvchilar xalq ekani ta’kidlanadi.

“Taraqqiy” gazetasi o‘z materiallarida ozod­likka erishish yo‘lida ilm-ma’rifatning nihoyat­da zarurligini, faqat o‘qi­gan, dunyoviy bilimlarni egal­la­gan, o‘z­ligini tanigan millat­­gina o‘zining yorqin ke­lajagiga ega bo‘lishini uqtiradi. O‘zbek xalqining chi­nakam ziyoli, fidoyi far­­zandi Munavvar qori Abdu­rashidxon o‘g‘lining gaze­taning shu so­nida bosilgan “Bizning ja­holat – johili murak­kab” felye­tonida ana shu mavzu­da fikr yuritiladi.

“Ey vatandoshlar! Diqqat nazari ila boqing! – deb yozadi muallif. – Bir bolani maktabga bermoqdan maqsad… zarurati dunyomiz o‘lg‘on ilmi hisob, jug‘ro­fiya, tarix kabi ilm­larni o‘rgatmoqdir”. Mual­­lif maktab­larda o‘qitishda yangi nizomga o‘tish, avvalo mual­lim­lar­ning o‘zlari ham dunyoviy ilmlardan bahramand bo‘­lishlari xususida so‘z yuritadi. Buning aksi esa millatning taraqqiyot yo‘liga g‘ov bo‘luvchi jaholat ekanini achchiq ta’kidlaydi:

“Bu jaholat natijasidirki, o‘zimiz yerli musulmonlardan o‘ldigimiz holda musofir rus va yahudiylar eshigida mardikor va xizmatchi o‘ldik va bu jaholat xohishidirki, millat foydasi uchun jonini qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz bugun millatni yoddan chiqarib, iste’dod va g‘ayratlarini choyxona va pivoxonalarga sarf etmoqdadurlar”, deb afsus bilan maqolasini tugallaydi Munavvar qori.

Gazeta feodal qoloqlik, jaholat, diniy mutaassiblik kabi illatlarni tanqid qilar ekan, bunda hajviy publitsistikaning felyeton janridan ham keng foydalandi. Gazeta o‘z felyetonlarida taraqqiyotga to‘sqinlik qilib kelayotgan mutaas­sib “qadimchi”larni ham hajviy tanqid ostiga oldi. Shunday materiallardan birida eski “qadim­chi”larning yonini oluvchi “Turkiston viloyatining gazeti” hamda uning muharriri Ostroumovni ham ayamasdan tanqid qildi.

“Taraqqiy”ning muharriri va asosiy muallifi bo‘lgan I.Obidov qalamiga mansub hajviy ma­qola va felyetonlarda yuqorida aytganimizdek zaharxandali kinoya uslubi qo‘llanilgan bo‘lsa, o‘zbek jadid matbuotining atoqli namoyandasi Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘lining ushbu gazetada bosilgan felyetonlarida olingan mavzu­ga nisbatan ko‘proq achinish, kuyinish ruhini seza­miz.

Turgan gapki, “Taraqqiy”ning ijtimoiy dadil­ligi, uning sahifalaridagi hur fikrlar, felyeton va maqolalarning fosh qiluvchi achchiq tili chor hukumati va mahalliy qora kuchlarga yoqmadi va gazeta dastlabki sonidan boshlab hukumat ta’qibi ostida bo‘ldi, 19-sonidan so‘ng u yopib tashlandi va muharriri qamoqqa olindi. Ammo “Taraqqiy” boshlab bergan yo‘l – zulm va istibdodni fosh etish hamda bunda achchiq va haqqoniy so‘z – hajviy publitsistikadan keng foydalanish undan keyin birin-ketin dunyoni ko‘rgan “Xurshid”, “Shuhrat” va jadid matbuotining boshqa nashrlari tomonidan davom ettirildi.

Hozirgi kunga kelib esa mamlakatimizda yangi nashr – “Jadid” haftaligining dunyoga kelganiga ham jadidlar boshlagan ishning mantiqiy davomi sifatida qarash o‘rinlidir.

Mamlakatimizda “Taraqqiy” gazetasining birinchi soni chiqqan kun – 27-iyun O‘zbekiston Milliy matbuoti kuni – matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining bayrami sifatida nishonlanishi ham bizni quvontiradi.

Muxtor XUDOYQULOV, filologiya fanlari doktori, professor.

2024-yil 9-fevral 7-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600