Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.01.2025 | 14:29

img733

TUPROQ – TIRIK JON

Xalqimiz yerga birni berib, o‘nni kutishga odatlangan. Saxovatli ona zamin tirik jonga rizq ulashish uchun o‘zining bor kuch-quvvatini sarflaydi. Biz uning ne’matlaridan bahramand bo‘lamiz-u, lekin ko‘pincha yerni quvvatlantirish, ya’ni tuproq tarkibini mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan boyitish zarurligini unutib qo‘yamiz. Aslida, eng bebaho boyligimiz bo‘lgan yerni sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash har bir insonning burchi. Unga faqatgina tirikchilik va daromad manbayi sifatida munosabatda bo‘lish jaholatdan o‘zga narsa emas. “Yerni boqsang, yer seni boqadi” degan maqol ham bejiz aytilmagan.

O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakulteti tuproqshunoslik kafedrasi mudiri, biologiya fanlari doktori, professor Zafarjon Jabborov bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

– Ochig‘ini aytish kerak, barchamizning hayotimiz, tirikligimiz tuproq bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa-da, u haqda ko‘p narsani bilmaymiz. Shuning uchun suhbatimiz avvalida tuproqshunoslik fanining mohiyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

– Gapingizda jon bor. O‘zim guvoh bo‘lganman, ayrimlar hatto, bu fanni geologiya yoki arxeologiya fanlari bilan adashtiradi. Holbuki, inson hayoti tuproqshunoslik ilmi bilan chambarchas bog‘liq. Biologiya fanlari qatoriga kiradigan tuproqshunoslik tiriklik bilan bog‘liq bo‘lgan fan hisoblanadi.

Tuproq – bu tirik jondir. Bu gapim mubolag‘a emas. O‘zingiz tasavvur qiling, bir gramm sog‘lom tuproq tarkibida 25 milliard adadgacha mikroorganizmlar yashaydi! Xo‘sh, bu moʻjiza emasmi? Ana shu va mitti mavjudotlar tuproqqa jon bag‘ishlab, uning bag‘rida turfa nabotot namunalari barq urib o‘sishiga yordam beradi. Tuproq yer yuzidagi hayot bardavomligini ta’minlovchi asosiy unsurdir. Muqaddas kitoblarda insonning o‘zi ham  tuproqdan yaratilgani aytiladi. Zamonaviy ilm-fan ham buni allaqachon isbotlagan. 

Ushbu fan tuproqning paydo bo‘lishi, shakllanishi, o‘zgarishi, o‘ziga xos xususiyatlari hamda uning bag‘rida o‘simliklar yetishtirish singari xilma-xil masalalarni o‘rganadi.

– Ma’lumki, 2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. O‘ylashimcha, bu hol tuproqshunoslik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan olim va mutaxassislarga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Chunki atrof-muhitning asosini, avvalo, tuproq tashkil qilishi sir emas. 

– Prezidentimizning mazkur tashabbusi tuproqshunoslik sohasi vakillarini ham quvontirdi. Chindan ham, atrof-muhitni asrash, avvalo, tuproqni muhofaza qilishdan boshlanadi. Demak, joriy yilda bizning kafedramizda ishlar har qachongidan tig‘iz bo‘ladi. Hamkasblarimiz bilan birgalikda bu borada bir qator aniq maqsadlarni belgilab olganmiz. Ayni paytda Innovatsion rivojlanish agentligi granti asosida Orol dengizining qurigan hududidagi tuproq va gruntlarning sho‘rlanganlik holatini o‘rganish, ularning fizik, kimyoviy va biologik xossalariga ko‘ra o‘simliklar ekish hududlarini guruhlashning ilmiy asosini yaratish bo‘yicha uch yillik fundamental loyiha ustida ish olib boryapmiz. Shu kunlarda Orol dengizining qurigan qismida qanday o‘simlikni qaysi vaqtda ekish zarurligini o‘rganmoqdamiz. Shu orqali u yerdagi tuproq xossalarini tadqiq etish orqali yashil hududlarni kengaytirishga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.

Ma’lumki, Orol dengizining qurishi mintaqamizdagi eng yirik ekologik muammo hisoblanadi.

Uning o‘rnida paydo bo‘lgan 5,2 million gektar sho‘rxok maydonning 3 million gektardan ortiqrog‘i O‘zbekistonga tegishli. Lekin bu joylar ayrimlar o‘ylaganidek giyoh bitmas “o‘lik hudud” emas. So‘nggi yillarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar shundan dalolat. Biz ana shu yerlarning tuproq xossalarini ilmiy asosda atroflicha o‘rganib, o‘simliklar ekib ko‘kartirish mumkin bo‘lgan barcha hududlarni belgilab olishimiz lozim.

Shu bilan birga, kafedramizning olima ayollari Toshkent shahridagi maishiy chiqindixonalar atrofining ekologik holatni o‘rganish va bu hududlarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish ustida ham tadqiqot olib borishmoqda. Qolaversa, biz organik chiqindilardan laboratoriya sharoitida o‘g‘it, ya’ni bioko‘mir olish va uni sho‘rlangan hamda kimyoviy ifloslangan yerlarda qo‘llash orqali tuproq tarkibini yaxshilash borasida ham maqsadli tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yganmiz.

– So‘nggi vaqtlarda xazonni yoqishdan ko‘ra, o‘g‘it sifatida foydalanish afzalroq ekani haqida ko‘p gapirilsa-da, lekin hammayam bunga amal qilmayapti. Xo‘sh, mutaxassis sifatida bu holga qanday qaraysiz?

– Tuproqshunos olim sifatida aytishim mumkinki, xazonga o‘t qo‘yish – yerga nisbatan o‘ta shafqatsizlikdir. Bu holat ekologiyaga katta zarar keltirishidan tashqari, tuproqning muayyan qismini butunlay kuydirib, jonsiz massaga aylantiradi. Uning o‘zini qayta tiklab olishi uchun yillar talab etiladi. Odamlarga rizq-ro‘z berayotgan saxovatli ona zaminni e’zozlab, uning quvvatini oshirish o‘rniga o‘ylab-netib o‘tirmasdan o‘t qo‘yish… Bu ham yetmaganday, “bag‘ri kuygan” sho‘rlik tuproqqa takroriy ekinlar ekib, undan yana hosil kutish… Bu ishlarni aql bilan tushunish qiyin.

Xazon va xas-hashak tuproq uchun koni foyda ekaniga hech qanday shubha yo‘q. Chunki daraxt bargi organik moddalarning manbayi hisoblanadi. Ularni shunchaki yoqib yuborish yoki chiqindi poligoniga olib borib tashlash – toza ichimlik suvini oqizib isrof qilishdek gap. Aksincha, bunday bebaho tabiiy resursdan unumli foydalanish kerak. Xazonni tuproqqa aralashtirish esa eng sodda va xarajatsiz yechim hisoblanadi. Bunday xazonlar o‘rtacha ikki-uch yilda chirib, yer uchun nihoyatda foydali bo‘lgan gumus organik moddasiga aylanadi. Bugun yurtimiz tuprog‘iga aynan mana shu modda yetishmayapti.   

Xazondan yanada samaraliroq foydalanish mumkin. Masalan, maxsus usul asosida uni biochar organik o‘g‘itiga yoki chuvalchanglar yordamida biogumusga aylantirish mumkin. Shu o‘rinda xazonga shunchaki keraksiz chiqindi sifatida qarash oqibatida juda katta iqtisodiy zarar ko‘rilayotganini ham unutmaslik lozim.

Yaqinda yurtimizda ilk bor amalga oshirilgan o‘n ikki xil organik va maishiy chiqindilardan tabiiy o‘g‘it tayyorlash bo‘yicha tajribalarimiz juda yaxshi natijalar berdi. Avvalo, ana shunday o‘g‘it bilan oziqlantirilgan tuproqning unumdorligi oshganiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, bunday maydonlarda sho‘rlangan tuproqlar harakati sezilarli darajada cheklangani va og‘ir metallarning tuproqqa salbiy ta’siri kamaygani kuzatildi. Ta’kidlash kerakki, bu o‘g‘it ko‘pchilik keraksiz deb hisoblaydigan maishiy chiqindidan olinyapti. Aslida, falon so‘mga sun’iy o‘g‘it sotib olish shart emas, qalovini topib, bor imkoniyatlardan unumli foydalanish kerak, xolos.

Tabiat – o‘ziga o‘zi tabib. Saxovatli zamin insoniyatga xilma-xil noz-ne’matlarni yetkazib berar ekan, o‘zi ularning oddiygina chiqindisiga ham qanoat qiladi. Faqat biz uni yerga qaytarib berishimiz kerak. Aslida organik tarkibga ega har qanday chiqindini foydali o‘g‘itga aylantirish mumkin.

– Ayting-chi, bugun yurtimizda tuproqshunos mutaxassislarga talab qay darajada? Ushbu soha bo‘yicha ta’lim olgan yosh mutaxassislar ertaga ish topishda qiyinchilikka duch kelmaydimi?

– Hozir kafedramizda agrokimyo va tuproqshunoslik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar o‘qitilyapti. Ular universitetni tamomlagach, ishlab chiqarish, pedagogika, ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishadi. Raqamlar asosida gapiradigan bo‘lsam, bakalavriat bosqichi bitiruvchilarining 40 foizi magistraturaga hujjat topshiradi, 5 foizi xorijda o‘qishga qiziqish bildirmoqda. Ularning yarmidan ko‘prog‘i esa shu yo‘nalishdagi tashkilotlarga ishga kiradi. Masalan, fermer xo‘jaliklarida, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida, agrokimyo stansiyalarida, viloyatlardagi qishloq xo‘jaligi boshqarmalarida faoliyat ko‘rsatishlari mumkin. Quvonarli jihati, so‘nggi uch-to‘rt yil davomida talabalarimiz o‘rtasida ilmiy tadqiqot ishlariga rag‘bat va qiziqish sezilarli darajada kuchaydi. Aksariyat bitiruvchilarimiz shu sohada ko‘proq ilmiy ish qilishga intilyapti.

Xullas, O‘zbekistonda tuproqshunoslik sohasi bo‘yicha ish o‘rinlari yetarli, ayniqsa, yangi tashkil qilinayotgan xususiy laboratoriyalar va klasterlarda ushbu soha kadrlariga ehtiyoj yuqori hisoblanadi.

– Ba’zi xorijiy davlatlarda poliz ekinlariga ular yetishtirilgan tuproqning tarkibiga qarab narx qo‘yilar ekan. Aniqrog‘i, tabiiy o‘g‘itlar bilan oziqlantirilgan mahsulotlar qimmatroq baholanadi… Xo‘sh, biz iste’mol qilayotgan mahsulotlar yetishtirilayotgan tuproq tarkibi nazorat qilinadimi? 

– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tuproqning o‘rni katta, ya’ni hamma yerda ham urug‘ unavermaydi. Yerga nimadir ekishdan avval uning tarkibini o‘rganish kerak. Yurtimiz tuprog‘i boshqa davlatlarinikidan keskin farq qiladi. Bizning tuproqlarning buferlik xossasi kuchli, ya’ni yerga qadalgan urug‘ yot moddalarga nisbatan juda ta’sirchan bo‘lib, ularni tez o‘zlashtirish qobiliyatiga ega. Bugungi kunda yurtimiz tuprog‘ida gumusning kamayib, sho‘rlanish darajasining ortib borayotgani eng katta muammo hisoblanadi.

Ochig‘i, yurtimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekologik jihatdan ancha toza hisoblansa-da, hosildorlik darajasi uncha yuqori emas. Chunki gumus va oziq unsurlarining kamayganligi, zarur mikroelementlar yetishmasligi hosilning miqdori va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zan odamlarning tarvuz yoki pomidor yeb kasal bo‘lgani qulog‘imizga chalinadi. Ko‘pincha bunga ularning tarkibidagi kimyoviy dorilarni sabab qilib ko‘rsatishadi. Aslida esa, bunga o‘sha mahsulotlarning pishib yetilmasdan, tarkibidagi nitratlar to‘liq o‘zlashmasdan turib uzib olingani sabab bo‘lishi ham mumkin. Yaxshi pishgan hosil hech qachon insonni kasal qilmaydi.

To‘g‘ri, ko‘pchilik dehqonlar yerga ozmi-ko‘pmi ishlov berib, mahalliy va kimyoviy o‘g‘itlar bilan oziqlantiradi. Lekin muammo shundaki, ularning miqdori yetarli emas! Qolaversa, yerga ozuqa berishning vaqtini ham ilmiy izlanishlar yordamida aniqlash lozim. Masalan, tuproqqa har yili fosfor va kaliyli o‘g‘it solavermasdan, foydali mikroorganizmlarning imkoniyatlaridan ham unumli foydalanish hamda biologik o‘g‘itlar miqdorini ko‘paytirish lozim. Olimlarimiz ushbu yo‘nalishda ham samarali ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.

Ta’bir joiz bo‘lsa, bizning tuproq ham xalqimizga o‘xshagan “xokisor”, “mehnatkash”. Bu sharofatli zaminda bir yilda ikki-uch marta bemalol hosil olish mumkin. O‘zbekiston zamini yuz million aholini ham bemalol boqa oladi. Faqat buning uchun ilmiy izlanishlarni ko‘paytirib, yerning unumdorligini oshirish lozim.

– Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson vujudiga zararli mikroplastmassalar havo, suv va oziq-ovqatlar orqali kiradi. Ba’zi olimlar esa, tuproqqa tushgan plastik parchasi poliz mahsulotlari tarkibiga o‘tib, inson organizmiga kirishi mumkin, degan taxminni ilgari surishmoqda. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

– Hozir bir martalik plastik idishlar ko‘payib bormoqda. Tabiiyki, ularning kattagina qismi bevosita va bilvosita tuproqqa zarar yetkazmoqda. Bunday materiallar nafaqat inson salomatligiga, balki tabiatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tuproqqa aralashgan plastik modda uning fizik xossasini buzib, namlik o‘tishi, havo aylanishi va kislorodga to‘yinish jarayonini izdan chiqaradi. Bu bilan ham qanoatlanmasdan, yer ostida yashovchi mikroorganizmlar va o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir qiladi. Shuni ham unutmaslik kerakki, bir martalik yelim idishlar tuproqda to‘rt yuz yilgacha parchalanmaydi.

Lekin bugun ayrim odamlarning sog‘lig‘iga xavf solayotgan mikroplastmassalar ularning vujudiga boshqa yo‘llar bilan kirib qolgani aniq. Shukrki, biz hozir iste’mol qilayotgan meva-sabzavotlar tarkibida bunday zararli unsurlar mavjud emas. Yuqorida aytganimizdek, so‘nggi yillarda keng ommalashgan yelim va plastik idishlarning to‘liq chirib, tuproq tarkibiga singib ketishi uchun bir necha asrlar kerak bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, bu muammodan ko‘z yumish yaramaydi. Olimlar ana shu xatarli materiallarni zararsizlantiradigan mikroorganizmlarni ham aniqlagan, lekin muammo shundaki, ular yer yuzidagi hamma tuproqda ham uchramaydi. Xullas, bu borada hali yana ko‘p izlanishlar olib borish talab qilinadi. 

– Siz rahbarlik qilayotgan kafedrada tuproqshunoslik, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan xorijiy hamkorliklar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Ilm va ta’limda xorij oliy ta’lim muassasalari yoxud chet ellik olimlar bilan aloqa o‘rnatmasdan, ular bilan tajriba almashmasdan turib biron yutuqqa erishish imkonsiz. Shu bois biz doimo chet ellik hamkasblarimiz bilan birgalikda ishlashga harakat qilamiz. Xususan, 2011–2019-yillarda Yevropadagi “Erasmus Mundus” fondi tomonidan moliyalashtirilgan ikkita yirik loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Akademik almashinuv doirasida 60 nafarga yaqin bakalavr, magistr, doktorant, tayanch doktorant va professor-o‘qituvchilarni ko‘hna qit’adagi yettita nufuzli oliy o‘quv yurtiga o‘qishga yubordik. Vakillarimiz xorijdagi zamonaviy laboratoriyalarda tuproqshunoslik bo‘yicha yangi usullarni o‘zlashtirib, ilmiy tadqiqotlar olib borishdi. 

Bunday samarali hamkorliklarni bugungi kunda ham davom ettirayapmiz. Har yili 5-6 nafar xorijlik taniqli olim onlayn yoki masofaviy shaklda talabalarimizga ma’ruzalar o‘qiydi. Ayni paytda Germaniya, Polsha, Slovakiya, Turkiya va Chexiya mutaxassislari bilan birgalikda “Iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligining moslashishi” mavzusidagi yirik loyihaga qo‘l urish taraddudidamiz. Fundamental loyihamizga Varshava universitetining biologik va kimyoviy tadqiqotlar instituti direktori, professor Malgorzata Suska-Malavska va ushbu markaz professori Boguslav Vilkomirskiyni ham rahbar sifatida jalb qilganmiz.

– Suhbatimiz oxirida tuproqshunoslik sohasidagi yutuq va kamchiliklar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Tuproqshunoslik sohasida shu vaqtgacha ko‘p tadqiqot olib borildi, ammo hali qilishimiz lozim bo‘lgan ishlar behisob. Biz, avvalo, ilmiy kadrlarni to‘g‘ri yo‘naltirishimiz zarur. Davlatimiz tomonidan sohani rivojlantirish uchun hamma sharoit yaratib berilgan. Hozir biz ilmiy kengashlar tuzish, xorijdan yoki o‘zimizdan yirik loyihalarga buyurtma olish imkoniyatiga egamiz.

Xo‘sh, bugun muammo nimada? Hozir yurtimiz tuprog‘ining 60 foizga yaqini sho‘rlangan. Iqlim o‘zgaryapti, yillik yog‘in miqdori kamayib, bug‘lanish ko‘payyapti, qurg‘oqchilik xavfi yuqori, tuproqning kimyoviy ifloslanishi, gumuslarning kamayishi va hokazo. Mana shunday sharoitda biz tuproqshunoslik ilmida kamida 20–30 yil oldinda yurishimiz, har qanday muammoga u chuqurlashib ketmasidan burun ilmiy yechim topishimiz lozim. Muxtasar aytganda, bugun bizning samarali ishlashimiz uchun barcha sharoit – zamonaviy jihozlangan xonalar, yirik mablag‘lar ajratilib, xorijiy aloqalar ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yilgan. Xullas, ishimizga to‘sqinlik qiladigan hech qanday muammo yo‘q, hamma gap – o‘zimizda! Biz  yurtimizda tuproqshunoslik ilmini yanada yuksaltirish yo‘lida tinimsiz izlanishimiz kerak.

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img75

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img591

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img589