29.01.2025 | 17:50
774
JADIDLAR UYG‘OTGAN JAMIYAT
“Туркестанский курьер” gazetasining 1913-yil avgust sonlaridan birida chop qilingan suhbatda “Endilikda xonlik butun kuchini mamlakat ichki taraqqiyotiga qaratmog‘i lozim. Birinchi navbatda ma’rifatga, so‘ngra savdo-sanoatga. Xivani Osiyoning qoloq davlatlari qatoridan chiqarish vaqti keldi. Xalq erkin nafas olmog‘i kerak!” degan jumlalar bor. Gazeta muxbiri bilan suhbatda shu fikrlarni aytgan inson – xonlikning bosh vaziri Islomxo‘jaga maqolani o‘qish, afsuski, nasib etmaydi. U o‘sha yilning 9-avgustida yollanma qotillar tomonidan o‘ldiriladi.

Xorazm jadidlik harakatining yetakchilaridan biri bo‘lgan Islomxo‘ja xalqni ilm-ma’rifatga oshno etish borasida faqat so‘zda emas, amalda ham harakat qilgan zot edi. Vaqtli nashrlarda bosh vazirning jadid maktablari ochish uchun yuz ming rubl ehson qilgani haqida xabar bosilgan. Aynan jadidlar tashabbusi va mablag‘lari hisobidan xonlikda 1905–1917-yillarda 8 ta jadid maktabi ochilib, ularda 260 nafar yoshlar ta’lim olishgan. Natijada, jadidlar uyg‘otgan jamiyatda xonlik tuzumini tubdan isloh qilishga bel bog‘lagan “Yosh xivaliklar” firqasi dunyoga kelgan.
Ma’rifatparvar jadidlar ta’siriga tushgan birinchi o‘zbek suratchisi va kinooperatori Xudoybergan Devonov ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni foto va kinoxronikalarida tarixga muhrlagan.
Xonlikda yigirma yil (1904–1924-yillar) qizg‘in faoliyat yuritgan jadidlar o‘zlaridan yaxshi nom, eng asosiysi, avlodlarga saboq va matonatni meros qoldirishdi.
Yurtimizda jadidlik harakatiga shu kun nuqtayi nazaridan baho berish amaliyoti ketayotgan hozirgi davrda bir asr ilgari yashagan, el-yurt zehniyatini uyg‘otish uchun boshlarini kundaga qo‘ygan tabarruk insonlar hayoti, faoliyati haqida ilmiy izlanishlar olib bormoq, kitoblar chop qilmoq g‘oyat muhimdir. Shu ma’noda yaqinda poytaxtdagi “Adad Plyus” nashriyotida chop qilingan “Xorazmda jadidlik: siyosat, adabiyot, san’at va ma’rifatda” nomli kitobni yosh avlodni o‘tmishimizdan boxabar qilish yo‘lidagi katta qadamlardan biri deb hisoblash mumkin.
Kitob yetti bobdan iborat. “Jadidlik nima?”, “Xorazmlik jadidlar”, “O‘lka taraqqiyoti va rivojlanishining fidoyilari”, “Jadidlik va yoshlar” kabi boblarda nafaqat jadidlar hayoti va faoliyati haqida ma’lumot beriladi, balki o‘sha davrda amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar arxiv hujjatlarini “gapirtirgan” holda izchil bayon qilinadi.
1924-yil avgust oyida Toshkent va boshqa shaharlarga o‘qish uchun Amudaryo orqali kemada ketayotgan bir guruh yoshlar jismonan mahv qilinadi. O‘z vaqtida bu qonli voqeadan sovet hokimiyati targ‘ibot quroli sifatida foydalanib, tomonlarni bir-biriga qarshi qo‘ygan. Ularni “ma’rifat qurbonlari” deb atab, nomlari abadiylashtirilgan, qanchadan qancha asarlar yozilgan. Qo‘limizdagi kitobda esa mualliflar alohida bobda ushbu qonli voqeani ta’sirli hikoya qilish asnosida tarixiy haqiqatga hozirgi kun nuqtayi nazaridan qarashni unutishmagan. Bu voqea aslida yoshlarni ilm olishga da’vat qilgan jadidlar qarashlarining davomi sifatida ko‘rsatilgan.
Mazkur kitob taniqli jurnalist Sharqiya Eshchonova, ma’rifatparvar ziyoli Rahimboy Qurbonov, o‘lkashunos Baxtiyor Quryozov va jonkuyar tashkilotchi Sardorbek Polvonovlarning mashaqqatli mehnatlari samarasidir. Undan o‘sha davr ruhi, qiyofasini aks ettiruvchi yuzdan ortiq suratlar ham joy olgan. Bu esa tarixiy shaxslar, joylar va o‘sha zamon muhiti haqida kengroq tasavvur qilishga imkon berishi shubhasiz.
Yaqinda Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markaziga yo‘lim tushdi. Ikkinchi qavatga ko‘tarilayotib o‘ychan qiyofadagi yosh yigitga duch keldim. Yoshlarning mutolaa uchun kutubxonalarga qatnashi quvontirdi. Uning kimligi va nimalarni o‘qiyotgani bilan qiziqdim. Urganch davlat universiteti talabasi bo‘lgan yigit hayajonlangancha fikrlarini bildirdi: “Ikki kunki, bu yerga o‘qishdan bo‘sh vaqtimda qatnab “Xorazmda jadidlik…” kitobini o‘qiyapman. Atigi bir asr ilgari bo‘lib o‘tgan, bizlar bexabar qanchadan-qancha voqeliklar bor ekan. Bizlar bilgan-bilmagan tarixiy shaxslarni ayting!”
Garchi besh yuz nusxada chop qilingan bo‘lsa-da, allaqachon barcha axborot-resurs markazlariga tarqatilib, ko‘p sonli o‘quvchilar ixtiyoriga havola qilingan kitobga “Oq yo‘l” tilamoq, fidoyi mualliflariga minnatdorlik aytmoq burchimizdir.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
110
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
142
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
333



