Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.02.2025 | 12:40

img1241

“SADOYI FARG‘ONA” GAZETASI

Farg‘ona viloyatida chiqqan ilk milliy gazetadir. Muharrir va noshiri – tog‘-kon mutaxassisligi bo‘yicha muhandis Obidjon Mahmudov (o‘z davrida laqabi Obid Chatoq bo‘lgan). Gazeta Qo‘qondagi O. Mahmudovning o‘z xususiy matbaasida bosilgan.

1-soni hijriy 1332-yilning 22 jimodulavvali, milodiy 1914-yilning 3-aprelida chop etilgan. Adadi 1500 – 1700 nusxa atrofida bo‘lgan. Uning maqsad va maslagi ilk sonida muharrir tomonidan quyidagicha belgilanadi: “G‘azetani nashrdan maqsadimiz albatta tijorat emas, balki xalqimizg‘a qo‘limizdan kelgan qadar xizmat etmakdir”. Ta’kidlash joizki, gazetada ishtirok etish ancha demokratik tamoyillar asosida belgilangan. “Arbobi qalam va ashofi irfon uchun, – deyiladi bosh maqolada, – g‘azetamizning sutunlari har zamon ochiq bo‘lub, maslakimiza muvofiq bo‘lg‘on har bir maktub darj o‘linajakdir… Dardimiz – bir, kasalimiz ham – bir, davo va darmonimiz ham birdur. Bas, andog‘ bo‘lsa, ey himmatlik birodarlar, chiqinglar maydong‘a, yozayluk, o‘quyluk! Chunki dardlarimizning davoi shofiysi yolg‘iz o‘qumoq va yozmoqdur”. “Sadoyi Farg‘ona”ning 1-sonida Ashurali Zohiriyning “So‘z boshi” sarlavhali maqolasi bosilgan bo‘lib, unda ham gazetaning vazifalari, tili kabi jihatlariga aniqlik kiritilgan. “Biz Rusiyadagi musulmonlar o‘rtasinda o‘rtoq (mushtarak) bir til bilan bormoq yo‘llari necha yillardan beri muzokara va mushovara qilinmoqda bo‘lsa ham, hozirg‘acha bir qarorg‘a kelingon yo‘qdir… Biz ham shul yo‘l bilan borib mahalliy shevada (o‘zbek tilida) shul g‘azetani chiqarmoqina azmi himmat etdik”. Muallif gazetani timsolli tarzda xom mevalarni pishirib, shirin-sharbat maza ato etuvchi oftobga, odamzodni yomon yo‘llardan qaytarishga da’vat etuvchi notiqqa, turli illat va kasalliklardan shifolovchi hakimi hoziqqa, “ulum va funundan, inson olamidan, hayvon olamidan, ilmi huquqdan, me’morlikdan, tayyorlik (qush, ya’ni uchish)dan ma’lumotlar berib, insoni komil” qiluvchi dorilfununga qiyoslaydi.

Obidjon Mahmudov gazetaning ikkinchi sonida “G‘azeta nadur va na uchun lozim” degan maqolani e’lon qilgan. Aftidan, u “Sadoyi Farg‘ona”ning 1-sonidagi “Maslak va maqsad” dasturiy xarakterdagi maqolasida matbuot to‘g‘risida bildirgan fikrlaridan qoniqmagan shekilli, uni yana to‘ldirgan. U gazetaga shunday ta’rif beradi: “G‘azeta butun dunyodagi madaniy millatlarning tirikchilik yo‘llari, olamdagi darajalari va ham olami insoniyat eng taraqqii taolosi (taraqqiysining eng yuqorisi) uchun lozim bo‘lg‘on sa’y va harakatlari to‘g‘risida bir-birlari birlan mudovalai afkor (maslahatlashmoq va kengashmoq) uchun lozim bo‘lg‘on bir vositadur”. Bunda u insonlarning turli masofalardan turib o‘zaro fikr almashishlari uchun matbuot vujudga keltiradigan imkoniyatni alohida ta’kidlagan.

Birinchi sonda muharririyat gazetani “mahalliy sheva (bir xalq tili)da chiqarmoq eng birinchi maqsadimiz bo‘lsa ham, bul birinchi numeramiz ul maqsadg‘a muvofiq suratda bo‘lub chiqmadi”, deya mushtariylardan uzr so‘ragan. Bu fakt muharririyatning avvalboshdanoq gazeta tiliga jiddiy e’tibor bilan qaraganidan dalolatdir.

“Sadoyi Farg‘ona”ning 3-sonida Ashurali Zohiriyning “Ona tili” sarlavhali maqolasi bosilgan bo‘lib, unda milliy tilning boyishi va ravnaq topishida matbuotning ahamiyatiga shunday baho berilgan: “… g‘azeta va jurnallarning dunyo ahvolidan va boshqa to‘g‘rilaridan xalqg‘a xabar berub turmog‘idan boshqa ulug‘ va ko‘zg‘a ko‘rinmaydurg‘on bir foydasi bo‘lurki, ul ona tilining kengaymog‘i va mukammallashmog‘idur”.

Gazeta til masalasiga bot-bot qaytib turgan. Jumladan, uning 118-sonida “Til bilmas” imzosi ostida “Til va imlo masalasig‘a javob” sarlavhali maqola bosilgan bo‘lib, unda mazkur mavzuda “Sadoyi Turkiston” gazetasida ko‘tarilgan munozaraga munosabat bildirilgan.

“Sadoyi Farg‘ona”ning 2-sonida “Ulamoi kirom hazratina ochiq maktub” e’lon qilingan bo‘lib, unda “G‘azeta bir idorai umumiydur, har kim xayolig‘a kelgon fikrini maydong‘a chiqarub yozmakg‘a haqi bor”ligini alohida uqtirib, muharririyat voqealarni, kishilarning fikrlarini berishda o‘zining xolis turishini ta’kidlagan. Muhimi shundaki, maqolada ulamolardan gazetada faol qatnashib turishlari so‘ralgan. Darvoqe, “Sadoyi Farg‘ona” sahifalarida boshqa milliy gazetalardagiga nisbatan ulamolar ko‘proq ishtirok qilganini ko‘rish mumkin. Bu, albatta, gazetaning umumiy ruhiga ta’sir qilmasdan qolmasdi.

XX asr boshlarida chiqqan barcha milliy gazetalar singari “Sadoyi Farg‘ona” ham maktab va madrasalar islohi masalasiga e’tibor berdi. Uning birinchi sonida Shokir Muxtorovning “Islohni nimadan boshlarg‘a?” sarlavhali maqolasi bosilgan. U anchagina munozaralarga sabab bo‘ldi. Muallifning yozishicha, har jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlarning tajribasi ko‘rsatadiki, ular shu darajaga ibtidoiy tarbiyani mukammal yo‘lga qo‘yganlari sababli erishganlar, shu bois ishni eng avvalo ibtidoiy maktablarni isloh qilishdan boshlash kerak. Uning fikricha, hozir madrasalarda o‘qish ijtimoiy turmush va milliy manfaatlardan shu darajada uzoqki, “…bizim ul zavolli ko‘hna madrasa shogirdida muxtafarning kulli moxrajisi, kofiyaning alif va lomi, taqzib va qozilarning birorta qaziyasindan boshqa hech shiy tobolmay, oning o‘z tarixi milliyadan o‘lan turkiy tiling odob va qavoidindan aslo xabari io‘q. Turkiy sarf va turkiy nahv deb gapursak, oning ishonguvsi ham kelmaydi. Turkiy tilining ham sarf va nahvisi bo‘lami, deb istib’od va taajjub etadir”. Dunyoviy bilimlardan hisob, jug‘rofiya va soiri ulum, riyoziya darslarini hatto mudarrislarning o‘zlari o‘qimaganlar. Shu bois madrasa shogirdlari dunyoviy bilim olish nuqtai nazaridan juda orqada qolganlar.

Sh.Muxtorovning maqolasidagi “kofiyaning alif va lomi” bilan bog‘liq timsolli o‘xshatish ulamolarning izzat-nafsiga tegib ketgandi. Unga darhol munosabat bildirish boshlandi. Gazetaning ikkinchi sonida “A. A.” (Ayn. Ayn.) imzosi bilan muharririyatga maktub yo‘llangan muallifning fikricha, keyingi paytlarda “…bir necha hamiyatlik zotlarni sa’y va g‘ayratlarini soyasida har mahallada desam xato bo‘lmaydir, usuli savtiya maktablari vujudg‘a keldi va bul yo‘q narsani bor bo‘lmog‘ig‘a tashakkur etmakdan boshqa so‘z yo‘qdur. Emdilikda madrasa, maktablarimiz bir oz islohg‘a muhtojdur”. Lekin hammasining o‘zagi mablag‘ga borib taqaladi. Eng avvalo shu masalani hal qilish kerak. “Mana bul to‘g‘rida madrasa bahslarini qo‘yub, boshqa keraklik lavozimota diqqat qilmak lozimdur”. Maktub muallifi maktab va maorifimizni quruq tanqid qilavermaylik, ularning mavjud bo‘lish shart-sharoitlari, imkoniyatlarini o‘rganaylik, degan mulohazani bildiradi.

Abdullabek Musobek hoji o‘g‘lining “Isloh ul-isloh” sarlavhali maqolasida u mazkur mavzuni davom ettirgan. U so‘zini Sh.Muxtorovga birmuncha ta’nadan boshlaydi. Biz o‘zimizni taraqqiyparvar hisoblaymiz, modomiki shunday ekan, ulumi kadima (ajdodlarimizdan qolgan ilmlar)ni inkor etmaylik. Chunki, avvalo, har birimiz musulmon bo‘lganimiz sababli “umuri shari’ag‘a mukallifmiz”, ikkinchidan, “taraqqiy… millatni ko‘nglini qoldurmaydurg‘on darajada xidmat qilmoq birla bo‘lur”. Bu degani, mavjud madrasalarni tanqid qilish deb, ularni yoppasiga yerga uraverish kerak emas, negaki hozircha ushbu madrasalarimizdan boshqa oliy tahsil oladigan muassasalarimiz yo‘q. Buning ustiga, alloma darajasiga ko‘tarilgan buyuk ajdoddarimiz barchasi ham madrasalardan chiqqan. Faqat hozir o‘qish va o‘qitishga munosabat, qaysi fanlarni o‘qitish masalasi, qay tarzda ta’lim berish usullari ancha o‘zgargan. Muhimi, qadimda mudarrislar to‘y, ziyofat, ta’ziya va hokazo deb darsni tashlab ketmaganlar. Agar vijdonan yondashilsa, hozir ham sarf, nahv, mantiq kalom, hikmat, fiqh, usuli ma’oniy, bayon, hadis, tafsir, faroiz, tavorix, jug‘rofiya va boshqa ulumi dunyoviya va uxraviyalar zarur va foydalidir.

Gazetaning 7-sonida Sh.Muxtorov mazkur maqolalarga “Mo fi isloh ul-isloh” sarlavhali javob yozgan. U “ulumi qadima”ni inkor etmoqchi emasman, kimki uni inkor etsa, men unga dushmanman, deydi. Faqat hozir dunyoviy ilmlar bo‘yicha asl manbalarni emas, hoshiyalarni o‘qitishga, eng mo‘’tabar va kerakli kitoblar o‘rniga “Rivoyati mutanoqaza”, “Jome’ ar-rumuz” kabilarni o‘qitishga qarshiman, deydi.

Har holda, ushbu munozara va munoqashalar jamoatchilikda ijtimoiy fikrning uyg‘onishiga, ziyolilarimiz, xususan ulamolarimizning o‘z faoliyatiga bir oz bo‘lsa-da, tanqidiy yondashishlariga sabab bo‘lgandi.

Namanganli mulla Dadamirzo qorining “Hozirgi eski va yangi maktablarimiz holidan” (20-son) maqolasida otalar farzandlarini maktablarga beradilar, lekin u yerdagi yomon sharoit, usulsiz o‘qitish holati bolani qochib ketishga majbur qiladi. Shu bois eski usuldagi maktablarda o‘qiganlarning o‘ndan to‘qqizi savodsiz bo‘lib qolyapti, deyilgan.

“Sadoyi Farg‘ona”ning 44- va 47-sonlarida Obidjonning “Usuli jadidni ixtiro qilub turub, yana boshqalardan shikoyat qilg‘uvchilarg‘a taajjub” sarlavhali maqolasi bosilgan bo‘lib, uning qisqacha mazmuni quyidagicha: maktab va madrasalarda ta’lim berish usulini ilgari ham isloh qilgan mujtahidlar bo‘lgan, usuli jadida endi o‘ylab topilgan narsa emas. Eski maktabni isloh qilishga qarshi turuvchilar bir oz mulohaza qilsinlar, hozirgi voqelik, ijtimoiy turmushning mohiyatiga yetmay, johilligi tufayli aziyat chekayotganlar bor. Bunga qaysi biri – usuli qadimmi yoki usuli jadid maktablari aybdormi?

Qo‘qonlik H. H. N. imzosi ostida (Hamza.) “Muallim afandilarimiza ulug‘ rajomiz” sarlavhali murojaat gazetaning 76-sonida e’lon qilingan. Muallif fikricha, turkistonlik musulmonlarning hayotda tuban va xor bo‘lib yashayotganliklariga zamonaviy bilimlardan, xususan ruscha o‘qishdan chetda qolayotganlari sabab bo‘lmoqda. Otalarga farzandingizni ruscha o‘qiting deyilsa, ular rus-tuzem yoki rus maktablarida o‘qiyotgan bolalarning sho‘xlik qilib bir-birlarini so‘kishganlarini dastak qilib, axloqi buziladi, degan bahonani keltirishadi. Bolalarga xos sho‘xlik dastak bo‘lmasligi kerak. Ijtimoiy hayotga ko‘z tashlash lozim. Kechagina boshida eski telpak, ustida yirtiq palto bilan kelgan armani yoki yahudiy bir-ikki yildan keyin qarabsizki, tijoratda omilkorlik bilan ish yuritib, po‘rim kiyingan, viveskali magazinning egasi. Sababi u rus tilida, ruslarning dorilfununida o‘qigan. Zamonaviy tijorat tartiblarini, yo‘llarini biladi. Maqola muallifi, ayni paytda, o‘qituvchilardan ham iltimos qiladi: rus-tuzem maktablarida o‘qiyotgan bolalarning odoblariga e’tibor bering, toki ularning sho‘xlik bilan so‘kishganlari otalar uchun bahona bo‘lmasin.

“Sadoyi Farg‘ona”ning 67-sonida “Ayn” imzoli shaxsning “O‘qumagonlikning nima zarari bor?” sarlavhali maqolasida xat-savodi yo‘q kishilarning qarindoshlariga oddiy maktub yozdirish uchun ovorai sarson bo‘lishlari misolida o‘qishning foydasi isbot qilinadi.

Hamzaning “Maktabi “dor ul-aytom”, yangi yetimlar maktabi” sarlavhali maqolasida esa (60-son), ota-onasi yo‘q, ko‘cha-ko‘yda qolgan bolalarni o‘qitish masalasi ko‘tarilgan.

Xullas, “Sadoyi Farg‘ona gazetasi ham maktab va maorif mavzusini ancha mufassal yoritdi. Ayni paytda, jaholatni, shuningdek, o‘z umrini tugatgan, zarar keltirayotgan rasm-rusum va bad’atlarni (ortiqcha sarf-xarajatlar bilan to‘ylar qilish, to‘ylarda juvonlarni o‘ynatib bazm uyushtirish, bedanabozlik, kaklikbozlik, xo‘roz urishtirish qartabozlik, qimor o‘ynash va h.k.) tugatish, ularga sarflanadigan mablag‘larni millat bolalarining o‘qishi uchun ishlatish kabi masalalarni keng yoritdi.

Gazetaning 4-sonida “T.A.” (Te. Ayn.) imzosi ostida “Zamoni keldi” sarlavhali maqola berilgan. Unda “Sadoyi Farg‘ona”ga turli mavzularda kimlar yozib turishlari kerakligi aytilarkan, “… diniy jihatlari ulamoi kirom hazratlarig‘a, ijtimoiy jihatlari adiblarimizg‘a, ziroat to‘g‘rilari tajriba ko‘rgon dehqonlarimizg‘a, tijorat ishlarimiz har xil muomalalar bilan panjalashgan savdogarlarimizg‘a” tegishli deyiladi.

Said Ahmad Vasliyning “Madaniyat” sarlavhali maqolalar turkumi “Sadoyi Farg‘ona”ning yetti sonida bosildi. Muallif “madaniyat” atamasi bilan madaniyatdan kengroq tushunchani, aniqrog‘i, tsivilizatsiyani nazarda tutgan. Insonlarning iqtisodiy-maishiy hayot, tijorat ishlari, dehqonchilik va shu kabi sohalardagi faoliyatini “madaniyat” degan tushunchadan kelib chiqib izohlaydi. Taassufki, uning bu boradagi tushunchalari o‘sha davrda Yevropa mamlakatlarida erishilgan saviyadan ancha past, jo‘nroq xususiyatga ega edi.

Darhaqiqat, Farg‘ona vodiysining asosiy xo‘jalik sohasi dehqonchilik, xususan paxtachilik, ipakchilik bo‘lgani uchun ushbu mavzular gazetada kengroq yoritildi. Shunisi borki, mazkur mavzularda milliy matbuotimizda ilk marta jurnalistik tekshiruv janriga murojaat qilindi.

Muhammad Odilning “Pilla kam tugilmog‘ining sababi” sarlavhali maqolasi “Sadoyi Farg‘ona”ning 1914-yil 4-may sonida e’lon qilingan. Unda pilla kam tutilayotganining asosiy sabablaridan biri tahlil etiladi. Muallif yozadi: ilgari qishdan chiqilgan hamon pilla tutilar edi. Yetti-sakkiz yildan beri tartib o‘zgardi. Bahor kelib “…erdan qor ko‘tarilishidan boshlab “pul” deb har kun jallob va komissiyani hovlisiga boramiz. Birmuncha pul uchun qozixat qilishub, qancha vaqt xatlarg‘a ovora bo‘lub, ul xatni tayyorlab, komissiya o‘zining firmasiga olib borub, notarius bilan o‘tkazub bermoqg‘a ovora bo‘lub, komissiyag‘a kafil bo‘lmoqg‘a va veksellarig‘a qo‘l qo‘ymoqlarig‘a ovora bo‘lub oladurg‘on yuz so‘m-ikki yuz so‘m pulimizni olib, bundog‘ havog‘a qarasak, ekin ekadigan vaqt o‘tub ketadurg‘on fursat bo‘lub qolub, shoshilub ekin ekmoqg‘a ovora bo‘lamiz”. Natijada, pilla tutishga vaqt kam qolgan. (Izoh: chor Rossiyasi davrida paxta jalloblari, firmalar mablag‘ga muhtoj dehqonlarga kelgusi yil hosili hisobidan qarz tarzida pul berib qo‘yib, shu yo‘l bilan paxtani ancha arzonga olishgan.)

Bu bilan ovoragarchiliklar tugamaydi. “Yanagi yilg‘a bo‘lsa, ish albatta yana ko‘bayadur. Charoki, bizlar olgan qarzimizni komissiyag‘a tobshuramiz, hujjatlarimiz qoladur, hujjat so‘rasak, “Xo‘jayin bermadi, yana pul beramiz, tursun, deb marhamat qildilar” degon javobni eshitib xotirjam bo‘lub: “Bu yil ilgariroq urug‘ olib pilla tutaylik” deb bola-chaqalar bilan maslahat qilib qurt tutmoqg‘a joylar boblab tursak, bahorda komissiyani firmasidan povestka (chaqiriq qog‘az) kelurki, “Faloniy pul to‘lamadi” yoki “chistachi o‘ldi”, yoki “paxtachi sindi, endi sizlar pillani bizga beringlar” degon mazmunda povestka qo‘lg‘a tekkondan povestkani ko‘tarub komissiya hovlisig‘a, mingboshi hovlisig‘a, firma konturig‘a qatnab ovora bo‘lurmiz. Bola-chaqa bo‘lsa, povestkani eshitub, asbobi ro‘zg‘oriyani yashurmoqg‘a ovora bo‘lub, yana pilla vaqti o‘tub ketib, pilla tutalmay qolamiz”.

Ashurali Zohiriyning “Pilla kam tutilmog‘ining sabablari” maqolasi gazetaning 1914-yil 11, 14 va 16-may sonlarida bosilgan. U Muhammad Odil ko‘targan muammoni davom etgiradi. Muallif pilla yetishtirmoq bilan bog‘liq muammolarni “taftish” qilganini aytib, natijalarini bayon etadi. Birinchi muammo bozorda pilla urug‘i sotib olishda yuzaga keladi: “… armani va boshqa insofsiz odamlarning o‘tkan yillarda sotolmay, andan qurt chiqmaydurg‘on qilib qurutub qo‘yub, yanadan bozorg‘a olib chiqgon urug‘larig‘a, yoki o‘shandog‘ urug‘ni aralashdurg‘on urug‘larg‘a uchrab, ming mashaqqat bilan topkan aqchasig‘a olgon urug‘i chiqmay, pilla tutishdan ko‘ngli sovub, balki qurt tutmoqg‘a tavba qilib yuborurlar ekan”. Bordi-yu, qurt boqib, pilla hosili oldi ham deylik. Qishloq ahli uni sotib bola-chaqasiga kiyim, ro‘zg‘orga u-bu olish uchun bozor (saroy)ga olib keladi. Unga kirayotganda bozor oqsoqoli qo‘ygan sarkorlar bir changaldan pilla olib qolishadi. Bozorga joylashgach, to oqsoqol ruxsat bermaguncha hech kim pilla sotolmaydi, xaridor ham ololmaydi. “Haqiqatan, olg‘uchi bul to‘g‘rig‘a shoshilmay, o‘zlari jo‘rttaga shundog‘ qiladurlar. Nechukki, bechora qishloqilar qancha zeriksalar, olg‘uchilarning so‘zig‘a o‘shancha kiradurg‘on bo‘lurlar”. Sotiladigan pilla bozorga kirib bo‘lgach, oqsoqol va sarkorlar tomonidan qo‘yilgan odamlar har bir sotuvchining pillasidan yana ikki qo‘l changalida yig‘ishtirib olishadi. Ularga “kamroq oling”, degan kishi so‘kishning tagida qoladi. Bozorga 10 – 15 xaridor kelgan bo‘lsa, ular oqsoqol bilan maslahatlashib o‘zlarini faqat besh-oltisigina oladigandek ko‘rsatishadi. Soat 12 – 13 ga borganda, oqsoqol sotishga ruxsat beradi. “Bechora qishloqilar zerikgon, qorni och qolgon, oftobda o‘lturub yuragi kuygon, ro‘baro‘sida xotun, o‘g‘li, qizi. “Pilla tezroq sotilsa sanbusa (somsa) olub yeyur edik, rastag‘a kirub kiyimlik oldurar edik, pillani sotish shundaqa qiyin bo‘ladurmu? Buning xaridori kam bo‘lub, bozori kasod bo‘ldi, shekillik”, deb telmurushub turgon holda, xaridorlar oralab, har birig‘a xaridor bo‘lub, o‘zlari ko‘ngillarida muqarrarlagon baholaridan oshmay, balki ondan ham kam tilab turadurlar”.

Bozorda arzonga sotgisi kelmagan dehqon kech kirganda pillasini uyiga olib ketolmay, bironta firmaga boradi. Ular hatto bozor narxidan ham kam baho qo‘yadilar (chunki bozordagi pilla bahosidan xabardor bo‘lib turishadi). Noiloj qolgan dehqon firma qo‘ygan narxda sotishga majbur bo‘ladi. Bu yerda dehqonni yana talash boshlanadi. Tarozida tortish paytida to‘kilgan pillalarni firma odami terib olib qo‘yadi; oxirida tortib berganiga yana pilla oladi; xullas, “…uyida 8 chaksa (chaksa 12 yarim qadoq) qilib olib kelgon pillasi 7 yarim chaksa yoki undan ham kamroq chiqib qolur. Pul berishda “bozor haqi” deb puldan ham olib qolurlar. Saroydan chiqishda ham yana 10 tiyin oladurlar”. Mana shu aldov va talonchilikni ko‘rgan dehqon “yanagi yilg‘a eson bo‘lsam, aslo qurt tutmasman”, deb qasam ichadi. (Izoh: 1 qadoq 344,4 tramm.)

Qishloq ahli ko‘proq qurt boqishi uchun maqola muallifi ana shu aldov va talashlarni yo‘qotishni, imkoni boricha quyidagi tartibni amalga oshirishni taklif qiladi: “ 1 nchi, pillag‘a ifak narxig‘a qarab baho qo‘yilsa, (hozirda ifak 70-75 so‘m bo‘lsa, pillaning chaksasi 7-7 so‘m 50 tiyin bo‘lmog‘i kerak); ikkinchi, bozor chiqimlari uchun pilladan olmay, aqcha olinsa; uchinchi, boshqa bozorlarg‘a (meva-cheva, sabzavot savdosi kabi) o‘xshagon qay vaqt olib kelsa, sotib keta beradurg‘on bo‘lsa, damlab o‘lturulmasa…” Bu takliflarni muallif “ulug‘lar”ning e’tiboriga havola qilgan.

Bu “taftish” – jurnalist surishtiruvi o‘sha davrdagi pilla yetishtiruvchilarning boshidan kechiradigan mashaqqatlari haqida yorqin tasavvur beradi.

Yosh qalamkash Cho‘lpon (Abdulhamid Sulaymon)ning “Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik” maqolasi ham mavzuning mohiyatiga kirish nuqtai nazaridan jurnalist surishtiruviga o‘xshaydi. Gazetaning 1914-yilgi 30-aprel sonida bosilgan birinchi qismi maktub shaklida. Unda Turkiston yerlari paxtadan mo‘l hosil olish uchun nihoyatda qulay bo‘lishiga qaramay, ko‘ngildagidek hosil olinmayotgani sababli dehqonlarimizning biri ikki bo‘lmayotgani, paxtachilikda texnikadan foydalanilmayotgani haqida so‘z yuritilib, muallif buning sababini o‘rganaylik, matbuotda yozaylik deya yoshlarga murojaat qiladi. Maktub muallifini hayratga tushirgan narsa: “…amriqoliklar ekin asboblari ishlatub, biz 10 kishi 10 kunda qilg‘on ishimizni onlar 2 kishi bilan 10 soatda qilmoqdadirlar. Onlarda o‘rish, chochish, chopish, terish, ekish – hammasi oson, olot (moshina) bilan tez tayyor bo‘ladir. Onlar o‘shal moshina bilan vaqtinda tez yig‘ushturub oladurlar. Biz bo‘lsak, yerimizni to‘plab tashiguncha yamg‘ur, qor yog‘ub qolsa, dalada tamom qoldiramiz”. Muallifning yozishicha, bunday mashinalar Rossiyada ham bor. Nega dehqonlarimiz mashinalardan foydalanmay, o‘zlarini mashaqqatga qo‘yadilar?

Oradan 7 kun o‘tgach, ushbu maktubning davomi maqola tarzida gazetaning 1914 yilgi 7 may sonida bosilgan. Muallif maktubi gazetada e’lon qilingach, qishloqlarga chiqib dehqonlar bilan gaplashdim, deb yozadi, ko‘z oldimda tasavvurimdan butunlay boshqacha manzara paydo bo‘ldi. Uni dehqonlarning hayratga solgan javobi mana shunday: “Paxta eksak g‘o‘zapoyasig‘acha, bug‘doy eksak samonig‘acha qarzimiz badalig‘a xo‘jayinlarimiz boylarg‘a olub borub beramiz. Yana ikkinchi ekinga (keyingi yil hosilidan) beradurg‘on bo‘lub boylardan pul olub qish ichi bola-chaqalarimiz ila ming mashaqqat va ming qiyinlik ila avqot (vaqt) o‘tkaramiz. Qish chiqqondan keyin bola-chaqalarimiz ila ishga tushamiz, bolalarimiz o‘qushdan qoladurlar, mardikor olsak, yana sarf ziyoda bo‘ladur, pul yo‘q. Noiloj, bolalarimizning maktabdan qolishiga rizo bo‘lub bo‘lsa ham, bolalarimizni dalaga olub chiqub qo‘sh haydash, g‘o‘za chopish, chigit tikish, shunga o‘xshash qiyin ishlarga qo‘yamiz, chigitga pul deb borsak, xo‘jayinlar so‘kub, har turlu haqoratlar ila yig‘in-terin vaqtida 100 so‘m qilub berishga 40– 50 so‘m pul beradurlar. Ikkinchi, oni olub chiqub bir kun ham qishloqda havlimizda saqlay olmaymiz. Yana bu ahvolni ustiga, birar to‘y-mo‘y bo‘lub qolsa, tamom och-yalang‘och, yer-suvlarimiz boylar qo‘linda, ko‘chalarda tilanchi-gado bo‘lub qolurmiz, qani munga chora?” Cho‘lpon dehqonlarning bu gapini eshitgan kishining “ko‘zlaridan tamom qonlik yoshlar to‘kmoqg‘a to‘g‘ri keladir”, deya xulosalaydi o‘z fikrini.

Mazkur matndan so‘ng muharririyat dehqonlarning bunday og‘ir ahvolini yengillatish uchun qishloqlarda mayda qarz beruvchi banklar tashkil etish taklifini o‘rtaga tashlaydi. Mayda qarz (melkiy kredit) nima ekanligini Cho‘lpon afandiga o‘xshagan yoshlar dehqonlarga tushuntirsinlar, deydi.                                                                 

Cho‘lpon maqolasining uchinchi qismi 1914-yil 30-mayda bosilgan. Muallif taraqqiyot davriga kelib eski maktablar talabga javob berolmay qolgach, bor ovozimiz bilan “Ilm kerak, o‘qumoq kerak!” deb qichqirdik, natija shu bo‘ldiki, hozir oz bo‘lsa-da, “usuli savtiya” maktablari ochildi. Endigi vazifa dehqonchilikni yaxshilash kerak. Zero, “…ziroat ishlarimiz tamom xarob! Xarob! Xarob!… Dehqonlar hammasi yoz-qish tinmay ishlab-ishlab boylarg‘a olub borub beradurlar. Boylar dehqonlarni qo‘llariga 5-6 pul berub “Bor, yo‘qol! Qishloqg‘a chiqub ishingni qil!” deb so‘kub yuborurlar…” Cho‘lpon maqolasining xotimasida “dehqonning peshona terini oqizub ishlagan paxtasining pulini qandog‘ joylarg‘a sarf bo‘lushini keyindan yozurman”, deb va’da bergan bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra buni amalga oshirolmagan. Maqolasida u qalamkash yoshlarga ziroat to‘g‘risida, dehqonlarimiz ahvoli to‘g‘risida yozaylik, deya xitob qiladi.

“Sadoyi Farg‘ona”dagi talaygina materiallar Turkiston yerlarining serhosilligini, kimki tadbirkorlik, mohirlik bilan ish yuritsa, albatta, boyib ketishi mumkinligini anglatishga bag‘ishlangan. Jumladan, “Paxtalik yerlar” (7 – 8-sonlar), “Oltun taraf” (15-son) kabilar shu mavzuga aloqador. (Keyingisida bir yahudiyning armani bilan musohabasi bayon etilib, “Imkoni bo‘lsa, bor pulimga Turkistonda yer sotib olardim”, degan gapi keltirilgan. Bu bilan yahudiy o‘lka yerlarini oltinga tenglashtirgan.)

Ushbu manzaralar Turkistonga XX asr boshlarida kapitalistik munosabatlarning kirib kelishi qanday kechgani to‘g‘risida birmuncha tasavvur beradi. O‘lkada feodal tuzumning qoldig‘i hali tugatilmasdan turib kapitalistik munosabatlarning kirib kelishi mahalliy aholining turli qatlamlari hayotini ostin-ustun qilib yuborgan edi. “Sadoyi Farg‘ona” sahifalarida buni yorqin ko‘rish mumkin. Gazetaning 18-sonida andijonlik Ubaydulla Sulaymoniyning “Turkistondagi, bilxossa Farg‘onadagi musulmon qarindoshlarimizg‘a xitob”i e’lon qilingan. Unda o‘lkada temir yo‘llar qurilishi borayotgani, tadbirkor kishilar  temir yo‘l o‘tadigan joylardagi mahalliy aholining yerlarini arzon-garovga sotib olishayotgani, ular bu yerlarga keyin magazin va boshqa shunga o‘xshash foyda keltiradigan xizmat ko‘rsatish muassasalari qurib, boyib ketishlari mumkinligini yozib, hamyurtlariga xitoban “Yerlaringizni sotmang, bu yerlardan o‘zingiz foydalanib, foydasini o‘zingiz ko‘ring”, deydi. Bu xitobga yosh Cho‘lpon gazetaning 25-sonida “Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar” sarlavhali maqolasi bilan javob bergan. U Ubaydulla Sulaymoniyning fikrlarini mazmunan davom ettiradi: “Ushbu sana o‘tgan aprel oyidan boshlab Andijonning ko‘b qishloqlarig‘a temir yo‘llar g‘oyat tezlik bilan ishlanub turmoqdadur. Chunonchi, birinchi: Namangandan kelub Andijong‘a, Andijon – Hazrat Ayyubg‘a, Hazrat Ayyubdan cho‘zilub Olmota taraflarig‘a ketadur. 2 nchi, Andijondan bir shox chiqub Xo‘qand qishloq, Mosi, Bozorqo‘rg‘on taraflarig‘a. 3 nchi, Andijondan O‘sh, Jalolobod, O‘zgand bilan Qitoyning Koshg‘ar hududig‘acha boradur, (O‘sh, Jalolobod, O‘zgand temir yo‘llari hozir ishlansa ham, Koshg‘ar hududi temir yo‘li bir necha yillardan keyingina ishlanmoqg‘a boshlansa kerak). Bu yo‘llar hammasi “O‘rta Osiyo temir yo‘li”g‘a tutashib, g‘oyat mukammal bo‘ladur”. Muallif, avvalo, Turkistonda qurilayotgan temir yo‘llarning qaysi hududlardan o‘tishini mahalliy aholiga tushuntirgan, ikkinchidan, undan keladigan zarar bilan foydani solishtirib yozadi: “Bul temir yo‘llarning ko‘b ekin joylarini bosub o‘tmog‘i, masjid va xonalarni vayron qilub (?) o‘tmog‘idek zararlari bo‘lsa ham, foydasi yana ko‘broqdir. Yo‘l bosmachilar (“qaroqchilar” ma’nosida) va boshqa o‘sollarning hujumidan qutulmoqg‘a foydasi tegar, qishloqlar yaqinlashar, obod bo‘lur”.

Muharririyat tomonidan shunday izoh berilgan: “Aholi rizo bo‘lmagonda temir yo‘li masjid va madrasani hech bir vaqt vayron qilub o‘tmas. Rizolik bilan o‘tkanda ham, muning uchun katta pullar berub o‘tar”.

Cho‘lpon maqolasida temir yo‘llar o‘tadigan joylarda yerlarni oluvchilar ko‘payishi sababli puliga uchib sotib yuboruvchilar bo‘ladi. Yurtdoshlar, aslo yerlaringizni sotmang, deydi. U millatdoshlariga xitoban deydi: “Yer va tuproq sotkon bola-chaqa va naslini sotkon bilan barobardir… O‘zimiz dunyog‘a yalang‘och ko‘yincha kelub “ona”miz – Vatanimiz, tuprog‘imiz bizni boqar, rizq berar, katta qilar, dunyoda yashatar, ul “ona”ni sotkonlar, albatta, ne’matning qadrini bilmagan, kufroni ne’mat qilgon bo‘larlarki, ko‘b yamon gunohg‘a botarlar. Tuproqdan yaratilduk, demoq, tuproq – tanimizdur, o‘z tanimizni o‘zimiz sotsak, beaqllik emasmu? Ajabo!!” Shu tariqa muallif hissiyotli da’vati bilan vatandoshlarining ko‘zlarini kattaroq ochib, atrofga, voqelikka nazar solishlarini istaydi. Voqelik esa, shafqatsiz kapitalistik tuzumning, bozor iqtisodiyoti munosabatlarining o‘lkaga jadallik kirib kelishidan iborat edi. Bu vaziyatni hisobga olmaslik, undan ko‘z yumish o‘zini xor-zorlikka, zalolatga otish bilan barobardir.

“Sadoyi Fargona”dagi talaygina materiallar mahalliy aholining an’anaviy turmush tarzi va yangi ijtimoiy voqelik fonida tahlil qilinadi. Jumladan, Baxtiyor Mirzonovning “Zamon va qari folchi” (16, 18, 30. 31, 32-sonlarida) materialida Qari folchi Turkistondagi taraqqiyotga qarshi kuchlarning ramzi, Zamon tobora ilgarilab borayotgan davrning ramzi sifatida o‘zaro bahslashadilar. Bahsda taraqqiyot ramzi g‘olib keladi. Saidahmad Siddiqiyning “Savdogar qandog‘ bo‘lmog‘i lozim” sarlavhali maqolasida (7-son) musulmon mamlakatlarida azaldan shariatga amal qilingan savdogarchilik haqida so‘z yuritilsa, Obidjonning “Eski barakatlik savdogarchilik” (22-son) maqolasida ilgaridan mavjud bo‘lgan diyonatli tijorat ishlari kapitalistik munosabatlar (bank, veksel, firma, kredit, kapital kabi realiylar) kirib kelganidan so‘ng butunlay boshqa manzara kasb etgani yozilib, yangi voqelikni nazardan soqit qilmaslik lozim, degan fikr ilgari surilgan. Gazetaning 34-sonida zamonaviy tijoratga o‘rgatadigan maktablar tashkil etilishi haqida taklif mavjud “Ilgari ham hozirda xalqimiz” sarlavhali maqolada ikki ijtimoiy tuzum davrida xalqimiz hayoti qiyoslansa, Ibrohim Davronning “Xudbinlik yoki vijdonsizliq” (5-son), Ashurali Zohiriyning “Yordam o‘rnig‘a bizlar bir-birimizni ezishamiz” (27-son) sarlavhali maqolalarida kapitalistik munosabatlar kirib kelayotgan paytda musulmonlar bir-birlariga yordam berishlari, bir-birlarini qo‘llashlari darkor, degan g‘oya ilgari suriladi. Mana shu murakkab va shafqatsiz voqelikda millat shakllanib, taraqqiy etishi kerak edi. Talaygina maqolalarda mazkur jarayonda milliy hamjihatlik, ittifoqlik muhim ahamiyatga egaligi uqtiriladi (gazetaning 3-sonidagi “Niy” imzosi ostida chop etilgan “Har bir yaxshilik ittifoqlikda”, 33-sonidagi mulla Abdullabek Musobek o‘g‘lining qalamiga mansub “Ittifoq va ittihod”, 43-sonidagi “Beshapka tatar” imzosi bilan bosilgan “Ittifoq yo‘q” sarlavhali maqolalar xuddi shu mavzuga bag‘ishlangan).

Gazeta sahifalarida maslahat berish xarakteridagi materiallar ham talaygina. Bunday maqolalarda mevali daraxtlarni qurt va boshqa zararli hasharotlardan qanday saqlash, paxta yoki shunga o‘xshash ekinlarni qay vaqtda ekkan foydali bo‘ladi, kabi mutaxassislarning maslahatlari berilgan. (Jumladan, agronom Dilevskiyning “O‘ruk va bog‘larni halokati to‘g‘risida” sarlavhali maqolasi gazetaning 3-sonida bosilgan.) “Qalam” imzosi ostida berilgan “Salomat fikr va toza aql salomat badanda bo‘lur” (24-son) sarlavhali maqolada vujudni sog‘lom saqlash to‘g‘risida so‘z yuritilsa, A. F. Rahmoniyning 59-sondagi idoraga maktubida kasal bo‘lganda mahalliy kishilarning til bilmaslik oqibatida rus vrachlariga dardini tushuntirolmaslik masalasi ko‘tariladi. Hoji Nuriy Usmoniyning Hojilarga rahbar” (34-38 va 40-sonlar) sarlavhali maqolasida hajga boruvchilarga turli tovlamachi, aldamchi va firibgarlarning domiga gushib qolmaslik uchun kerakli ma’lumotlar, maslahatlar berilgan. Bu faktlar “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining mahalliy xalqning turmushiga qanchalik kirib borganligini, uning turmushini imkoni boricha yengillatishga uringanini ko‘rsatadi.

“Sadoyi Farg‘ona” gazetasi ham Birinchi jahon urushi voqealarini imkoni darajasida yoritib borgan. Xalqaro ahvol masalalarini turli gazetalardan iqtibos olgan holda, Peterburg (1914-yil iyuldan boshlab Petrograd) telegraf agentligining xabarlariga tayangan holda yoritgan. Urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay, “Sadoyi Farg‘ona” harbiy tsenzura nazoratidan o‘tadigan bo‘ladi. Shu bois uning ayrim sonlarida ochiq (bo‘sh) joylar mavjud. Bular, shubhasiz, harbiy tsenzura tomonidan olib tashlangan materiallarning o‘rnidir.

Gazetada umum Rusiya musulmonlari syezdi va kengashlari ham yoritib borilgan. Jumladan, “Musulmonlar ittifoqi” tashkilotining ruhoniy idoralar yuzasidan tuzilgan loyihaning muhokamasiga bag‘ishlab 1914-yil iyun oyida Peterburgda o‘tkazgan kengashi majlislari haqida xabar va maqolalar bosilgan. 1914-yil sentyabr oyida Ismoil Gasprinskiy vafoti munosabati bilan talaygina materiallar berilgan (Jumladan, gazetaning 1914-yil 17-sentyabr sonida “A. A. 3. “/Ashurali Zohiriy/ imzosi ostida “Marhum Ismoilbek qandog‘ ishlar qilg‘on?”, “A. K” imzosi bilan 28-sentyabr sonida “Ismoilbek G‘asprinskiy: Ismoilbek kim edi?” sarlavhali maqolalar, 65-sonda Tavalloning “Adibi zamon, noshiri “Tarjimon” Ismoilbek G‘asprinskiy janoblarina tarix” she’ri, 67-sonda Hamzaning “Marsiya”si chop etilgan. Bularning barchasi Rossiya musulmonlarining ittifoq holda istiqlol uchun kurashiga rahnamolik qilganlardan biri bo‘lgan zotga buyuk ehtiromning ramzi edi).

“Sadoyi Farg‘ona” gazetasida adabiy-badiiy asarlar ham muntazam bosilib turgan. Hamza, Tavallo, Vasliy, Hayrat, Ishoqxon To‘ra (Ibrat), Mirzajon Mirzaabror o‘g‘li Kamolov, Sayyoh Darvish, mulla Hoshimxon Muhammad Solih o‘g‘li va boshqalarning she’rlari chop qilingan. Nasriy asarlar uchramaydi. Safarnomalar ham yo‘qhisobi (1 – 2ta yo‘l ocherkini istisno etganda).

Gazetada adabiy tanqid janrlari oz bo‘lsa-da, uchraydi. 96- va 99- sonlarda “Chayon”ning (Mo‘minjon Muhammadjonovning taxalluslaridan biri.) “Bizda milliy shoirlar” sarlavhali maqolasi bosilgan. Unda o‘sha paytlari ko‘zga ko‘ringan shoirga aylangan Abdulla Avloniyning “Adabiyot” to‘plamidagi, shuningdek “Sadoyi Turkiston” gazetasida bosilgan she’rlarida kavkazlik shoir Muhammad Hodi Shirvoniyning “Firdavsul homot” majmuasiga kirgan she’rlaridagi misralarga juda o‘xshash misralar ko‘p ekanligi yetarli faktlar asosida isbotlangan. Chunonchi, “Chayon” shunday o‘xshash misralarni keltirgan:

“Firdavsul homot” (5-bet):
Makotib jilvagohi tal’ati fayozdur,
Makotib partavi anvor shamsi subhu hiddatdur.

Abdulla Avloniy (40-41-bet, 2 juz’ “Adabiyot”):
Maorif oftobi partavi nuri haqiqatdur,
Maorif jilvagarkim, hosiloti fayzi rahmatdur.

“Firdavsul homot”:
Makotiba bir sadafdir, qatrai nochizi dur aylar.

Abdulla Avloniy:
Maorif bir sadafdir, tomchini qornida dur aylar.

Muhammad Hodi:
Makotib bir behishti Adandir, rizvoni ma’noya.

Abdulla Avloniy:
Makotib bir behisht, hur g‘ulmonlar makonikim”.

Shu tariqa maqola muallifi har ikki shoirdan juda ko‘p o‘xshash iqtiboslar keltirib o‘z fikrini isbotlagan. Ushbu maqolaga Abdulla Avloniyning o‘zi yoki boshqa biron adib raddiya bilan chiqmagan.

“Sadoyi Farg‘ona”ning ibratli ishlaridan biri matbuot tilida (xalqning so‘zlashuv tilida ham) ko‘p uchray boshlagan ayrim neologizm, istilohlarga izohlar, xorijiy shaharlarning qaysi mamlakatga qarashli ekanligiga oid tushuntirishlar berib borgan. Jumladan, 53-sonda shunday izohlar uchraydi: “Komandir – o‘z-o‘zini saqlamoq, qarshu turmoq; Oyruplan, dirijabl, oyrustat – havoda uchguvchi mashina; Kreyser – zirhli kema, usti temir bilan yopilg‘on urush kemasi” va h.k. Bular mushtariylarning matnlarni tushunishiga muayyan darajada ko‘mak bergan.

Gazeta bahs-munozaralarga katta o‘rin bergan. “Raddiya”, “Raddiyaga raddiya” sarlavhasi ostida juda ko‘p materiallar uchraydi. Goho bularning ayrimlari ortiqchadek, o‘rinsizdek taassurot qoldiradi.

“Sadoyi Farg‘ona” talaygina yosh qalamlarning ijodiy o‘sib-ulg‘ayish maktabi bo‘ldi. Unda publitsist Cho‘lponning ishtiroki salmoqlidir. Shu bilan birga, uning otasi Sulaymonqul Yunusov mushtariylar jalb etish va aholidan e’lonlar qabul qilish bo‘yicha gazetaning Andijondagi vakili sifatida ishlagan. Muharririyatda kavkazlik tatar Usmon Nuriy tarjimon sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ayni paytda, u urushning borishiga oid materiallar, “Hojilarga rahbar” kabi maqolalar ham yozgan. (Muharririyatda bor-yo‘g‘i 5 oy qadar muddat xizmat qilgan.) Samarqanddan mudarris Vasliy gazetada juda faol qatnashgan. Uning madaniyatga, ma’rifatga oid maqolalari, she’rlari doimiy bosilib turgan. Ba’zi asarlarida eskicha qarashlarning nuqsi ham sezilib qoladi. Vasliy Samarqandiy singari ulamo, din ahllarining bunday qarashlari feodal Sharq bilan kapitalistik G‘arb o‘zaro yuzma-yuz kelganda, mutaraqqiy jamiyat dini deyilgan nasorolik bilan taraqqiyotga dushman din hisoblanayotgan islom orasidagi to‘qnashuv yuz berayotganda ijtimoiy fikrning dini mubinimizga nisbatan bir tomonlama shakllanishiga sabab bo‘lmokda edi.

Gazeta o‘z davridagi nashrlar bilan ijodiy munosabatda bo‘lgan. Unda “Vaqt”, “Iqbol”, “Tarjimon”, “Ferganskoye exo” gazetalaridan olingan iqtiboslar, “Sho‘ro”, “Oyina” jurnallari materiallariga bildirilgan munosabatlar talaygina uchraydi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyina” jurnalida “sart” so‘zi munosabati bilan yozgan maqolasi “Sadoyi Farg‘ona”da din va dunyomizga foydasiz narsa, deb kamsitilgan (mulla Abdullabek Musobek o‘g‘lining 29 va 30-sonlardagi maqolasi). Demak, gazetaning ijodiy xodimlari Behbudiy hazratlarining o‘zbeklarni mustabidlar ataylab “sart” atab haqorat qilib kelayotganiga qarshi ichki isyonini ilg‘ashmagan. N.Ostroumov muharrirlik qilayotgan “TVG” nasorolarning ibodatxonasini butxona deb ishlatdi, degan bahona bilan “Sadoyi Turkiston”ga qilgan hujumi paytida esa “Sadoyi Farg‘ona” milliy gazetamizni himoya qila oldi.

Umuman olganda, “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi o‘z davrining siyosiy- ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, maishiy muammolarini dadil ko‘tara olgan nashr sifatida o‘zbek jurnalistikasi tarixidan munosib o‘rin egallashga haqli gazeta hisoblanadi. Uning oxirgi – 123-soni 1915-yilning 6-iyunida chiqqan. (Gazetaning to‘xtash sababini muharriri O. Mahmudov “ba’zi muomalot, olam necha xil mone’liklar” deb atagan.) “Sadoyi Farg‘ona”ning 1914-yil 17-iyuldan ruscha varianti “Ferganskoye exo” ham chiqqan.

Boybo‘ta Do‘stqorayevning “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobidan


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605