Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.01.2025 | 11:05

img1186

“SADOYI TURKISTON” GAZETASI

Jadidlarning eng sevimli nashrlaridan bo‘lgan. Bu milliy gazeta jamoasiga birinchi marta zamonaviy – Yevropacha ilm olgan shaxs boshchilik qilgan. Jarida muharriri Ubaydulla Asadullaxo‘jayev (1885-1938-yillar) Saratov shahrida huquqshunoslik bo‘yicha zamonaviy oliy ta’lim olgan bo‘lib, Turkistonga qaytgach, milliy-ozodlik orzusida yurgan mahalliy ma’rifatparvarlar safiga kelib qo‘shildi.

Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy singari jadidlarning yirik siymolari bilan hamkorlikda “Sadoyi Turkiston” gazetasini tashkil qildi. Hijriy 1332-yilning 21 jimodulavvali, milodiy 1914-yilning 4-aprelida Toshkent shahrida to‘rt sahifa bo‘lib chiqqan gazetaning 1-betida shunday ma’lumotlar bosilgandi: “Hozirda haftada ikki martaba chiqadurgon turkcha maishiy jaridadir. Ag‘rozi shaxsiyadan (shaxsiy g‘arazlardan) xoli, har turli maktub va maqolalar uchun jarida sahifasi ochiqdir. Imzosiz maktublar bosilmas. Markasiz xatlar olinmas. Bosilmagan maktublar egasiga qaytarilmas. Maktub va maqolalarning tas’hehi (tuzatilishi) idora ixtiyorindadir”.

An’anaga ko‘ra, dastlabki sonida gazetaning maqsad va maslagi ma’lum qilingan. Unda shunday satrlar bor: “Zamonamiz taraqqiy va madaniyat zamonidir. Lekin bu taraqqiy va bu madaniyatdan eng oz foydalangon yolg‘uz biz Turkiston musulmonlaridirmiz, desak xato o‘lmasa kerak.

Chunki boshqa millatlar ulum va funun vositasi-la kundan kun yuqori ko‘tarilub, ko‘klarda uchmok martabasina yetushdilar. Biz esak, o‘z g‘aflat va jaholatimiz soyasida tobora yerga kirmoqdamiz…

Ajabo! Bundan bir necha yil muqaddam porloq tarixlarga molik o‘lon biz Turon xalqi na uchun bu holga tushduk? Buxoroda, Samarqandda, Xo‘qandda va Toshkandda… tog‘ kabi madrasalar, dorilfununlar vujudga keturgon zotlar bizim bobolarimiz emasmi edi? Bu – Alilar, G‘azzoliylar, Forobiylar, Navoiylar, Abullayslar… kabi faylasuflar, hakimlar, ulamolar, adiblar va faqihlar yetushdirgon tufrog‘ shul yashadig‘imiz Turkiston tufrog‘i emasmi edi?..

Bundan ma’lum bo‘ldiki, biz turkistonlilar hozirda na zamonga qarab harakat qilurmiz, na din va shari’atimizga bo‘ysunurmiz va na tariximizdan ibrat olurmiz. Bizim shul qadar g‘aflat va jaholatimizni ko‘raturub, yanadan sabr va tahammul ila sukut etmak muqaddas Vatanimiz va mehribon onamiz o‘lon Turkistonga ko‘b og‘ir keldi.

Shul sababli o‘zining daruni dilidan (ko‘ngil to‘ridan) chiqqan hazin “sado”si ila o‘z avlodlarina nasihat qilmokka qaror, verdi. Mana, bizim bu jaridamiz shul Vatani muqaddasamiz o‘lon Turkistonning o‘z avlodlarina so‘ylagon so‘z va chiqargon sadolarining tarjimoni bo‘ladur. Shuning uchun ismini-da “Sadoyi Turkiston” qo‘yduk”.

“Maqsad va maslak” maqolasining muallifi Ubaydulla “Sadoyi Turkiston”gacha chiqqan milliy gazetalar (“Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Oziyo”, “Tujjor”, “Buxoroi sharif”, “Turon” va Samarqand”)ni sanab o‘tadi. Bu bilan mazkur gazetalar orasida ichki bog‘liqlik, o‘zaro davomiylik va maslakdoshlik mavjudligini qayd etadi. Muhimi, Rossiya musulmon qavmlarini fikriy jihatdan uyg‘otgan Ismoil Gasprinskiy va uning “Tarjimon” gazetasini alohida ta’kidlab, fikrini quyidagicha davom ettiradi: “Binoan alayha, muqaddas onamiz o‘lon Vatang‘a shoyad ojizona bir xizmat o‘lsa deb biz ham o‘z zimmamizga “vatan tarjimonligi” kabi og‘ir bir yukni yuklamakga jasorat etduk”.

“Sadoyi Turkiston” muharriri “Tarjimon” gazetasidan olgan yana bir sabog‘ini qistirib o‘tadi: “…o‘z tarafimizdan hech so‘z qo‘shmasdan, faqat  Vatan so‘zini turkiy avlodlarina turkcha, lozim o‘lgon vaqtda forsiy avlodlarina forscha, rus avlodlarina ruscha tarjima etub eshitdirmak fikrindamiz. Vatan o‘zi ustodi muharririyn G‘asprinskiy janoblaridan ham keksa va tajribakor o‘ldig‘indan avlodlari uchun hozirda eng zarur bo‘lg‘on maishiy, fanniy, iqtisodiy vatarixiy so‘zlarnigina so‘ylab, siyosiy so‘zlardan mumkin qadar saqlanmog‘i tabiiydir.

Biz esak, shuning tarjimoni o‘ldig‘imizdan, bundan tashqari chiqmaslik niyatindamiz”.

Mana shu saboq (ehtiyotkorlik) ta’sirida muallif milliy gazetalarni sanagandan so‘ng “Oyina” jurnali va “Turkiston viloyatining gazeti”ni “vatan tarjimoni” sifatida eslatib o‘tadi. Ubaydulla Asadullaxo‘jayevdek bilimdon  va zukko kishi “TVG”ning qanday gazeta ekanligini bilmasligi mumkin emasdi. Mazkur gazetani mahalliy tillarda chiqqan va chiqayotgan milliy nashrlar qatorida sanab o‘tish taktik yo‘ldan bo‘lak narsa emasdi.

“Sadoyi Turkiston” muharriri yurtdoshlaridan nimalar kutishini eslatgan holda maqolasini quyidagi satrlar bilan tugatadi: “Muhtaram ahli qalamlarimiz qalamlari ila, ahli sarvatlarimiz sarvatlari (boyliklari) ila va yoshlarimiz himmat va g‘ayratlari ila yordam va muovanatda bo‘linub tursalar, bizim ham tez vaqtda jaridamizni kunlik qilmak fikr va orzusinda o‘ldig‘imizni ojizona arz va e’lon etmak ila xatmi kalom qilurmiz”.

Ko‘rinadiki, “Sadoyi Turkiston” ilk sonidayoq umummilliy gazeta sifatida chiqishini anglatib o‘tgan. (Shuni ham ta’kidlash joizki, negadir, bosh maqolada ulamo to‘g‘risida hech narsa deyilmagan.)

Gazetaning maslagi va maqsadi rus tilida ham muxtasar tarzda ko‘rsatib o‘tilgan. Bu ham mustabidlarning ko‘nglini xotirjam qilish maqsadida qilingani seziladi. Chunki ruschasi o‘zbekchasiga qaraganda bir oz “silliqlashtirilgan” bo‘lib, bu hukumatning e’tiborini susaytirishi mumkin edi. Mana o‘shal matn: “Selyu i osnovnoy zadachey nastoyaщey gazetы yavlyayetsya po vozmojnosti popыtatsya rasprostranyat kulturno-nravstvennыe nachala sredi musulmanskogo naseleniya nashego kraya. Oznakomleniye yego s jiznyu, bыtom i razvitiyem, v umstvennom, nravstvennom i ekonomicheskom otnoshenii kulturnыx stran i narodov. Glavnim je obrazom gazeta budet po sile vozmojnosti stremitsya k iskoreneniyu suщestvuyuщego v musulmanskom mire uzko-religioznogo fanatizma, doxodyaщego do grubogo neponimaniya samoy religii v nezasorennom i chistom yeyo vide i yavlyayuщegosya glavnim faktorom, tormozyaщim razvitiye kakoy bы to ni bыlo kulturы sredi musulman, yedinstvenno chem i mojno ob’yasnit tu propast, kotoraya otdelyayet musulman ot vsego prosveщennogo i kulturnogo mira”. (Tarjimasi: “Ushbu gazetaning maqsadi va asosiy vazifasi o‘lkamiz musulmon aholisi orasida madaniy-ma’naviy ibtidoni baqadri imkon tarqatmoqdan iborat. Uni madaniy mamlakatlar va xalqlarning hayoti, maishiy turmushi hamda aqliy, ma’naviy va iqtisodiy jihatdan taraqqiyoti bilan tanishtirishdir. Muhimi, gazeta musulmon olamida mavjud bo‘lgan hamda dinning o‘zini sof va toza holda tushunmaslikkacha borub yetuvchi, musulmonlar orasida madaniyat rivojining har qanday ko‘rinishiga to‘siq bo‘luvchi bosh omil tor diniy fanatizmni imkoni qadar barham toptirishga intiladi. Musulmonlarni boshqa madaniy va ma’rifiy olamdan ajratib turuvchi yagona jarlik ham ana shu omildir”. Maqsad va maslak haqida yozilgan o‘zbekcha va ruscha matnlarni solishtirilsa, ular mazmunidagi asosiy farqni sezmaslik mumkin emas. Negaki, o‘zbekcha matnda din, diniy fanatizm haqida mutlaqo so‘z yuritilmagan.

“Sadoyi Turkiston” gazetasi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va axloqiy-maishiy mavzularni yoritar ekan, birinchi navbatda mahalliy xalqlar manfaatidan, ularning istiqbolidan kelib chiqdi. Jadidlar matbuoti ichida millat va milliyat masalasiga eng ko‘p e’tibor qaratgan gazeta ham “Sadoyi Turkiston” bo‘ldi. Muayyan millatning shakllanishi, eng avvalo, uning ma’anaviy-ruhiy holatiga bog‘liq. Ma’naviy-ruhiy holatning markazida uning intellektual salohiyati turadi. Intellektuallik mamlakat fuqarolarining bilim va madaniy saviyasidan tarkib topadi. Shu bois gazeta dastavval ma’naviy-madaniy saviyani shakllantiradigan unsur bo‘lmish maorif masalalariga katta e’tibor qaratdi. Ma’lumki, XX asrning boshlarida eng muhim masala birinchi ming yillik oxirida shakllangan va o‘rta asrlarda rivojlanishining cho‘qqisiga chiqqan, turli sabablarga ko‘ra, tanazzulga yuz tutib, zamona talablariga mutlaqo javob berolmay qolgan musulmon maorifi tizimini isloh etish, unga hayotiylik baxsh etuvchi mukammal institut maqomini yuzaga keltirish kerak edi. Bu oson ish bo‘lmay, o‘lkadagi butun maktab va madrasalarni yangi – zamonaviy ta’lim va tarbiya asosiga qurishni anglatardi. “Sadoyi Turkiston” mana shu yo‘lda munosib faoliyat olib bordi. Gazeta muharririyatining asosiy vazifasi maktab va madrasalarda islohotni amalga oshirishga qaratildi. Bu boradagi dastlabki ish o‘lkadagi maorifning haqiqiy ahvoli yuzasidan jamoatchilikda to‘g‘ri va yorqin tasavvur hosil qilish edi.

“Sadoyi Turkiston”ning 1-2-sonlarida “Maktab do‘sti” imzosi ostida e’lon qilingan “Turkiston maktablari” sarlavhali maqolada o‘lkadagi maktablarning ahvoli qanday, ular millat yoshlarining istiqboli nuqtayi nazardan zamona talablariga qay darajada javob bera oladi, degan savolga javob izlangan. Maqola quyidagi izoh bilan boshlanadi: “Bizning bu jaridamiz Turkiston musulmonlarining ahvolini isloh va huquqini mudofaa maqsadi-la chiqarilgonligi uchun bunda eng ko‘b bahs qilinadurgon mas’ala va eng muhim sanaladurgon maqola shul maktab to‘g‘rusinda bo‘lur”. Shundan so‘ng maqolada maktabning ahamiyatiga tavsif beriladi. “Har mamlakat xalqining, – deyiladi maqolada, – taraqqiy va tanazzuli, hayot va mamoti maktab mas’alasiga bog‘lidir. Qaysi millatning maktabi tartib va nizomli bo‘lsa, ul millatning istiqboli umidli va dunyoda yashamakka iste’dod va qobiliyatli sanalur. Agarda tartibsiz va intizomsiz bo‘lsa, istiqboli ham qo‘rqinchli va milliy qavmlar qoshida e’tiborsiz, xor va zalil hisob o‘linur”. Muallif Turkiston musulmon qavmlarining boshlang‘ich maktablari haqida so‘z yuritarkan, o‘lkada to‘rt xil bunday maktablar mavjud deb yozadi. Bular: eski usul, usuli savtiya, usuli jadida va rus-tuzem maktablari. Maqolada usuli savtiya maktablariga shunday tushuntirish berilgan: “Usuli savtiya deganimiz eski usulning bir oz tartibga kirgoni bo‘lub, Turkistonda o‘n-o‘n ikki yillardan beri davom etadir. Farg‘ona oblustlarida bu maktablar “No‘g‘oy maktablari” ismi-la shuhrat topmishdir. Chunki bu maktablarning Farg‘onada eng avval ochmish zotlar tatar qardoshlarimiz bo‘lub, xalqni madaniyatga boshlamak niyati muqaddasasi-la ochkon bo‘lsalar ham, keyinroq borub Farg‘ona xalqining ilm io‘lindagi himmati, muallim afandilarning xirsi nafslarin harakatga kirguzub ta’limxonani tijoratxonaga aylandurmishlar. Bir maktabga yuz-yuz ellik bola yig‘ub, har biridan oyga birdan besh so‘mg‘acha o‘quv haqi olsalar ham, yonlariga muovinlar olmak, foydali dars prug‘romlari yasamak, bolalarga fununi jadid (yangi fan)lardan ma’lumot vermak kabi zaruriy vazifalarini bus-butun xotirdan faromush etishlar. Bor maqsadlari oqcha to‘plamak, boy bo‘lmak o‘lmishdir… O‘quv va yozuvni biladirgon har bir kishining ko‘nglida bir “No‘g‘oy maktabi” ochmak, boy bo‘lmak fikri tushdi”. So‘ng bu maktablardan xalqning xafsalasi pir bo‘lgani, bu qarashning hatto usuli jadida maktablariga ham yoyilgani haqida yozgan muallif bora-bora haqiqat qaror topgani, ya’ni usuli jadida maktablari xalq oldida o‘tkazgan imtihonlari tufayli o‘zini oqlagani, hozir bunday maktablarning nihoyatda rivoj topayotgani, usuli savtiya maktablarining esa tugayotganini bayon qiladi. Tarixiy ahamiyatini nazarda tutib maqolaning Toshkentda bir usuli jadida maktabi qay tarzda ochilgani bayon qilingan joyini to‘liq keltiraylik: “…bundan besh sana muqaddam… usuli savtiya ismi ostida o‘lon “bo‘yama” maktablar tamom xalq ko‘zidan tushub inqirozga yuz tutgach… ag‘niyoi kirom (hurmatli boylar) o‘zaro mashvarat qilishub, tartibliroq bir maktab ochmak fikrina tushmishlar. Buning uchun dastlab Mirdada hoji janoblari o‘zlarining maktab uchun eng muvofiq bo‘lg‘on bir necha xonadan iborat mehmonxonalarini iona buyurub, ustig‘a har oyda maktab foydasig‘a 12 so‘mdan berub turmakni va’da qilmishlar. Buni eshitgach, boshqalari ham har oyda o‘zlarig‘a yarashur bir narsa va’da qilishub 1908-yil 1 nchi yil martda Abdulsame’ qorini muallim tayin qilub va’da qilg‘on ionalarini har oyda shul xazinador qo‘lig‘a topshira bormishlar. Xazinador ham muallim vazifasin va maktab masoriflarin shundan sarf qilub, ortkonini yig‘a boshlamishdir. Mana shul yo‘l ila maktab olti oy qadar davom etdigidan so‘ngra bir umumiy imtihon yasab xalqg‘a ko‘rsatmishlar. Bir tarafdan, maktabning taraqqiysi bunlarning g‘ayratlarin ziyodalashdurub, imtihondan so‘ngra ikkinchi muallimlikga Munavvarqori Abdurashidxonifni chaqirmishlar”.

O‘lkada usuli jadida maktablari nihoyatda qiyin sharoitlarda qaror topmoqda edi. Chunki bunday maktablarga hukumat mablag‘ ajratmas, ular ayrim shaxslarning moddiy ko‘magi, jamiyati xayriya kabi muassasalarning mablag‘lari hisobiga faoliyat yuritardi. Holbuki, o‘lkadagi rus maktablari (hatto mahalliy aholi bolalari uchun tashkil etilgan rus-tuzem maktablari ham) davlat byudjeti hisobidan ta’minlanardi. Moddiy jihatidangina emas, unga bo‘lgan munosabat nuqtayi nazaridan ham yangi usuldagi maktablar turli xil to‘siqlarga duch kelardi. Mazkur maqolada ham yangi usuldagi maktabga ulamolar va hukumat tomonidan bo‘lgan mone’liklarni maktab tashkilotchilari qay tarzda bartaraf etishganlari bayon etilgan. Ayni paytda, usuli jadida maktablari hozircha asosan ibtido’iy sinflardan iborat ekanligi qayd etiladi. (To‘g‘ri, Toshkentdagi bir maktabda 2 sinf, Samarqanddagi Shakuriy maktabida ham bir sinf rushdiy (o‘rta) darajada mavjud ekanligi maqolada eslatib o‘tilgan). Maqola muallifi o‘lkada tashkil qilingan rus-tuzem maktablari haqida ham muayyan ma’lumotlar bergan. Uning fikricha, bundan o‘ttiz yil burun tashkil qilina boshlagan rus-tuzem maktablari mahalliy aholi orasida nima uchundir yetarli darajada rivoj topmayotibdi. Muallif buning sababini quyidagicha izohlaydi: “…musulmonlar uchun eng muqaddas sanalgon musulmoncha o‘quv, yozuv, til va din darslarina vaqtni nihoyatda oz qo‘yilgonligi hamda hanuz o‘z til va xatini durust bilmaydirgon 7 yashar musulmon bolalarina birinchi sinfdan boshlab ruscha tilda dars berila boshlanmoqlig‘i o‘lsa kerak”.

Demak, mahalliy maorif tizimida yana mushkilot mavj-ud: o‘sha davrda ilg‘or hisoblangan rus maorifi tizimiga tamoman o‘tilsa, millat o‘zligini, o‘ziga xos qiyofasini, mentalitetini, dinini yo‘qotishi mumkin. Holbuki, bularsiz millat to‘laqonli millat bo‘lolmaydi. Bu faktorni ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmasdi.

M.Rasuliy “Bizda o‘quv va o‘qituv” sarlavhali maqolasida (8-son) Turkiston o‘lkasida yangi usuldagi maktablar qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, o‘ziga yo‘l ochayotgani haqida yozarkan, joylarda “usuli jadida”ga ulamolar qarshi bo‘lmasalar ham, iboradagi “jadid” so‘zini “hazm” qilisholmayotganlarini bayon qiladi. U “Ajabo, “jadid” degon so‘zning bu usulga nima nomunosibligi bor ekan?” deya taajjubini izhor etgan. Muallif yangi usuldagi maktablarda dars berayotgan muallimlarning tarkibi bir xil emasligi to‘g‘risida shunday yozadi: …ba’zilari muallim deyurlik darajada g‘ayratli, iste’dod va qobiliyatli bo‘lub… maktab kitoblarining aksari shularning g‘ayrat va harakatlari samarasi-la vujudga kelmishdir. Haqiqiy muallimlar shunday zotlardir… Ba’zi bir qismlari esa muallimlikni kasbi ittihod (qo‘shimcha kasb) qilub qorinlari uchun ishlarlar… Qilg‘on ishlari mahalla-mahalla yurub, qishloq va shaharlarni kezub avqot izlamaqdir, Bu ishlari sababli teyishli kishilarga ustlaridan shikoyatnomalar kelub xalq ichida qadr va e’tiborlari ketmoqg‘a sabab bo‘lur. Bunday ishlaridan muallimlik ismini bulg‘amak, xalq va millatga zarar yetkurmakdan boshqa bir natija chiqmaydir”. M.Rasuliy “to‘rt tanga” toptirish maqsadida o‘z bolalariga maktabni to‘liq tamomlash uchun imkon bermayotgan otalarni ham tanqid qilib o‘tadi.

Gazeta mahalliy xalq bolalari o‘qiydigan maktablarning tadrijan zamonaviy (rus-Yevropa usulidagi) tusga kirishi uchun izchil yo‘l tutgani ayon bo‘ladi. Uning 1914 yilgi 11-may sonidagi “Imtihon mas’alasi sarlavhali imzosiz bosilgan maqolada eski maktablar va madrasalarda imtihon umuman o‘tkazilmasligi, usuli jadida maktablarida so‘nggi bir necha yil ichida imtihonlar o‘tkazish tartibga kirgani, rus-tuzem maktablarida esa rus tilida o‘qitiladigan fanlardan imtihonlar o‘tkazilib, ularda gubernatordan tortib, amaldorlar va mahalliy boylargacha hozir bo‘lishlari yoziladi. Lekin bunday maktablarda musulmonchilik asoslaridan hamda o‘zbek tilida o‘qitiladigan fanlardan imtihon o‘tkazilmasligi muallifni taajjubga soladi. “Bir tarafdan, russkiy-tuzemniy maktablarda musulmon muallimlarning ozlig‘i, ikkinchi tarafdan, musulmonchadan durust imtihon so‘ralmagonligi bu maktablarda musulmonchaning yildan yil zaiflanub, oxirda yo‘q bo‘lmog‘iga sabab bo‘lmasmi?” deya savol tashlaydi u.

“Sadoyi Turkiston”ning 18-sonida N. Yo. imzosi ostida (Nushiravon Yevushev) “Maktab va muallimlarimiz” sarlavhali maqola e’lon qilingan. Unda Turkistonda o‘qituvchilar tayorlaydigan zamonaviy tildagi dorilmualliminlar, usuli ta’lim va tarbiya kurslari yo‘qligi tufayli hech bo‘lmaganda, “Usuli ta’lim va tarbiya” risolasini tayyorlab nashr etish yuzasidan taklif kiritilgan. Bu tadbir o‘qituvchilarga o‘qitish metodikasi yuzasidan muayyan yengillik yaratardi. N. Yo. gazetaning 19-sonida “Usuli jadada madrasasi” sarlavhali maqolasida Tataristondagi usuli jadida maktablarining tarkibi yuzasidan ma’lumotlar bergach, ichki Rossiya musulmonlari yashaydigan mintaqalarda usuli jadida madrasalari ham mavjudligi haqida fikr bildiradi. Muallif turkistonlik qardoshlarini ana shu o‘quv maskanlari bilan tanishishga, ularda mavjud kitoblardan foydalanishga da’vat etadi. U gazetaning 20- sonida bosilgan “Hozirgi madrasalarda o‘quv” sarlavhali maqolasida Turkiston madrasalarida o‘qitilayotgan fanlarning mundarijasi, ularning hozirgi zamon talablariga qay darajada javob bera olishlari yoki javob berolmasligi, mazkur ilm maskanlarida o‘qituv tizimini isloh etish zarurati, bunga Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Andijon va Marg‘ilon mudarrislari qanday qarayotganliklari haqada tahliliy fikr yuritadi. “O‘tgan yil Buxoroda madrasai Tursunjonda olim va fozil atalgon mudarris Abdurazzoq janoblari birlan maslahat etub, madrasalarda tafsir, hadis, ulumi tabiiyya va riyoziyya o‘qulmaslikning sababini so‘radim, – deb yozadi muallif. – Mudarris hazratlari: “Tolib yo‘q – o‘quvchi yo‘q” deb javob berdilar. Madrasai Govkushonda mo‘ysafid a’lam mudarris manim so‘zlarimga taassub ila javob berur va darslarning islohga muhtojligini inkor qilur edi.

Samarqand mudarrislaridan qarshi turuvchilar bo‘lmasa ham, islohga boshlagonlar juda oz, faqat To‘raxo‘ja mudarris ila Said Ahmad Vasliy hazratlarigina edilar” va hokazo.

Bu faktlar ko‘rsatadiki, gazeta ibtidoiy maktablardagina emas, madrasalarda ham o‘qitish tizimiga isloh kiritilishi uchun astoydil harakat qilgan.

Qo‘qondan A. D. imzosi ostida gazetaning 38 – 39 va 44-sonlarida “Kim haqli?” sarlavhali maqola e’lon qilingan bo‘lib, u Zokirxo‘ja a’lam bir necha mudarrislarning tasdiqlashi yordamida usuli savtiya (usuli jadada) maktablarini harom deb fatvo tayyorlagani munosabati bilan yozilgan bo‘lib, muallif fatvochilar bilan g‘oyibona munozara qiladi. Eng avvalo, u eski va yangi usuldagi maktablarda o‘qiyotganlar orasida bilimni o‘zlashtirish borasida katta farq borligini isbot etadi va fatvo beruvchilarga xitoban deydi: “Eski tartib maktablarda o‘n yil o‘qub, hech narsa bilmasdan chiqub xor va zor o‘lmak halol, usuli jadid maktabida ikki yilda mulla bo‘lub, non va oshini o‘zi topub yeydirg‘on bo‘lsa, harommi?”

“Sadoyi Turkiston” sahifalarida maktab va madrasalar islohi, muallimlar va mudarrislarning salohiyatiga ko‘ra o‘z vazifasiga loyiq yoki loyiq emasligi, ma’naviy qiyofasi haqidagi materiallar gazetxonlarda qizg‘in fikr uyg‘otdi. Toshkentlik Mo‘minjon Muhammadjonovning “Bizda muallimlar” (33-son) va o‘zgandlik muallim R.Halimboyzodaning “Muallimlar ila xalq orasidagi munosabat” (42-son) sarlavhali maqolalari ana shunday aks-sado tariqasida yozilgan. Birinchisida muallimlarga qarata har qanday qiyinchiliklarga qaramay, o‘z ezgu ishingda davom et, degan da’vat mavjud bo‘lsa, ikkinchi maqolada xalq muallimlarga e’tibor berishi, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashi lozimligi haqida so‘z boradi. R.Qalimboyzodaning fikricha, “muallimlarning muddaosi millatimizga durust ixlos ila xizmat qilish va hamma millatdan orqada qolg‘on ruhsiz millatni oldinga bosdirishdir”. Modomiki, shunday ekan, “bizning bilgonimizga qarag‘onda, bundan keyingi ishlar muallimlar ishi, bundan keyingi qayg‘ular muallimlar qayg‘usi va bundan keyingi mehrob, minbarlardagi va’z va nasihatlar muallimlar to‘g‘risida bo‘lmoq kerak”.

Buxorolik Muftizodaning “Ulamolarimiz” maqolasi (46-son)din ahllarining yuziga bevosita achchiq haqiqatni aytish xususiyati bilan ajrali turadi. Muallif millat bolalarining usuli jadida maktablarida durust bilim olib chiqayotganliklariga qaramay, shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab ularga to‘siq bo‘layotgan ulamolarga qarata o‘tkir hissiyot bilan shunday deydi: “Ajabo! Payg‘ambarimiz hazratlari buyurg‘on ulamolar shularmi. Millat avomlarini hidoyat qilg‘uvchi (to‘g‘ri yulga soluvchi) zotlar bularmi?.. Usuli savtiya maktabining haromligini qaysi oyatdan istixroj qilinadir?.. Qaysi vijdonli kishi millati islomiyaga bunday ulug‘ jinoyat qilmakni ravo ko‘rar?… Ulamolarimiz ishimizning istiqbolig‘a qaramasalar va harakat qilmasalar, biz qachon maydoni taraqqiyg‘a yuzlanamiz?”

Gazetaning 47-sonida “Bir mullabachcha” imzosi ostida “Madrasalarimiz na holda?” sarlavhali maqola chop etilgan. Unda ham mudarrislarimizga ta’na aralash murojaat mavjud. “…Madrasalarimizda usuli tadris eski zamonlardan beri o‘zgarmag‘oni, – deb yozadi muallif, – darsxonalar eshiklarida sovuq kunlarida dir-dir qaltirab va muntazir bo‘lub o‘tura-o‘tura bazo‘r darsga yetushkon bechora shogirdlarg‘a oz sabaq berilishi, eng birinchi ulumi diniyyadan sanalg‘on tafsir va hadislardan dars berilmasligi lozimincha foyda kelturub, millatimizni g‘aflat va jaholyatdan chiqara olmas. Bunlarning ustiga, haftada to‘rt kun dars berilub, 3 kun o‘yun-kulgu va bemazabozlik ila shogirdlarning umrlari zoye’ bo‘lishi, har chahorshanba, panjshanba va jum’a kunlari kelsa, samovarchilik va ko‘chalarda adabsizlanub yurishlari, ota-onalariga “Bukun ta’til, domlamiz sabaq bermaydirlar”, deb javob berishlari shoyoni taassufdir”.

Maqola muallifi vaziyatni tubdan o‘zgartirish uchun Orenburgdagi “Husayniya” va Ufadagi “Oliya” madrasalarining dasturlarini qabul qilib, yangi usulda o‘qitish kerak, deb hisoblaydi.

“Sadoyi Turkiston”ning 55-sonida M. Sh. (Mirmuhsin Shermuhamedov) imzosi ostida “Mullalarimizda darajai fikriya” sarlavhali maqola bosilgan. Unda ayni paytda kim millatni zalolatdan, jaholatdan qutqaradi, degan savol o‘rtaga tashlanib, “Muntazam maktablarda tahsil ko‘rgon ziyoli sinf (toifasi, guruhi ma’nosida) bo‘lmasa, umidlar eski mullalarimizda qolirki, bul umidlarning ne qadar o‘rinsiz bo‘lg‘onin qorilarimizning (gazetxonlarimizning ma’nosida) o‘zlari o‘ylasinlar”, deb javob beradi. Sababi – mullalarning fikr darajasi pastligi, zamona ahvolidan tamoman begonaligi.

Muallim Mo‘minjon Muhammadjonovning eski maktabda ta’lim tarzi va domlalarning qiyofasini ko‘rsatishga bag‘ishlangan “Eski maktablar turmushindan” sarlavhali maqolasi gazetaning 37-39, 41 va 44-sonlarida e’lon qilingan. (Oxirgi ikki sonda “Chayon” imzosi qo‘yilgan).

Rauf Muzaffarning “Maorif manba’larimiz” (56-59 va 62-sonlar) sarlavhali maqolasida ham madrasalardagi ta’lim berish holati va usuli tadqiq etilib Qozon, Orenburg va Ufadagi madrasalar tajribasini o‘zlashtirish kerak, degan xulosa chiqariladi.

Gazetaning 62 – va 65-sonlaridan Qozondagi “Muhammadiya” madrasasi haqida ma’lumot o‘rin olgan: necha qismdan tarkib topgani, kabul shartlari, mavjud uch qismni bitirganlar kim bo‘lib ishlay olishlari hamda ichki tartib qoidalari muxtasar bayon qilingan. Ushbu material “Nizomli madrasalar” rukni ostida chop qilingan. Gazetada “Nizomsiz madrasalar” rukni ham bo‘lib, unda Buxoro madrasalari yuzasidan ma’lumotlar berilgan.

Ko‘rinadiki, “Sadoyi Turkiston” gazetasi maktab va madrasalar islohi, muallim va mudarrislarning saviyasi, kasbiy salohiyati, ta’lim va tarbiya usullari to‘g‘risida dolzarb va o‘tkir materiallar berib bordi. O‘sha davrda muharririyatga kelgan turli xabar va maktublar ham mazkur materiallarning katta ta’sir kuchga ega bo‘lganligidan dalolat beradi.

Shunisi borki, gazeta bittagina material (23-son)da ruscha o‘qishning njtimoiy hayotda amaliy yordami katta bo‘lishi haqida yozgan. Bu fakt gazetaning millat farzandlariga milliy zamindagi o‘quv yurtlarida ta’lim va tarbiya berilishiga moyil bo‘lganini ko‘rsatadi.

XX asr boshlaridagi milliy matbuot ichida bolalar tarbiyasiga eng katta ahamiyat bergan gazeta “Sadoyi Turkiston”dir. Bu mavzudagi maqolalarning muallifi Xolid Saiddir. Uning “Jim o‘tur juvonmarg, gapurma haromi!” sarlavhali maqolasi gazetaning 1914 yilgi 5-may sonida bosilgan. Unda bola endi tilga kirgach, atrofida bo‘layotgan voqealarga munosabat bildira boshlab, kattalar davrasidagi gapga qo‘shilsa, uni darhol “Jim o‘tur…!” deya jerkib beriladi. Bu hodisa bir necha bor takrorlangach, bolada jur’atsizlik paydo qiladi: “…Bir so‘z so‘ylaguncha qizarib-bo‘zarib ming bor tupugini yutub, so‘zining tarovatini ketkarur. So‘ngra na muddaosini durustroq suratda ado qila bilur, na so‘zida bir ta’siri qolur. Bizlar shunday odamg‘a odoblik, hayolik odam dermiz! O‘lum munday odobg‘a. O‘lum munday hayog‘a. Qahr o‘lsun munday tarbiyag‘a”.

Muallif bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish lozim, deydi. Muallimlarning o‘zlariga bolalar tarbiyasi fani o‘qitilsin, deya taklif kiritadi.

Uning ikkinchi maqolasi “Fasodi axloq qay vaqtdan boshlar” deya sarlavhalangan (9-, 12-sonlar). Muallif fikricha, bolaning tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatish uning go‘daklik davridan boshlanadi. Bu fikrga, deydi u, mutaxassislar ishonadi, ammo avom xalq ishonmasligi mumkin. Oddiy xalqqa bu ta’sirni uch-to‘rt yoshdan deb aytsa bo‘ladi. Bola bu yoshlarda atrofdagilarga taqlid qilishga urinadi. Demak, atrofidagilarning unga dastlabki ta’siri taqlid qilish asnosida namoyon bo‘ladi. Aslida bolaning axloqiga oila a’zolari, mahalla va ko‘cha bolalari, maktabdoshlari katta ta’sir ko‘rsatadi. Oilada bolaga onaning ko‘rsatadigan ta’siri katta. Shu bois ona tarbiyasi bilan yaxshi tanish bo‘lmog‘i lozim. Ko‘chadagi, mahalladagi bolalar tarbiyasiz, yalqov, hayvonsifat bo‘lishsa, ular tengdoshlariga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Bundaylar “…o‘tkon-ketkonning orqasidan tuproq sochmakg‘a yo oshiq, yong‘oq, chorpo‘choq kabi o‘yunlar o‘ynamakg‘a yoki ko‘cha-bako‘cha yurub, it urushdirmaqg‘a va yoki birovning bog‘idan g‘o‘ra o‘g‘irlamakg‘a o‘rgatur. Bu ishlar zohirda agarchandiki hech nima ko‘runmasa ham, haqiqatda bolalar uchun zahri qotildir. Chunki yoshlik zamonidan boshlab qimorbozlikg‘a, o‘g‘irlikg‘a odat qilur”. Shu bois “…bir mahallada bo‘lg‘on adabsiz va axloqi buzuq bola va odamlarni tahqiq va taftish qilmak butun mahalla odamlarning haqlari va vazifalaridir. Ammo buning chorasi bunday axloqi buzuq bolalarni mahalladan chiqormaq ila qilinmas. Balki bir mahallag‘a va yoki ikki mahallag‘a bir yaxshi maktab qilub, har kimning bolasi 7 – 8 yoshg‘a yetkon zamon axloqi buzulmasdan maktabg‘a berub, yaxshi va asoslik suratda tarbiya qildirmakdir”.

Maktabda esa bolaning axloqi domlaning izchil suratda ta’lim va tarbiya berishiga bog‘liq. U dars o‘tmasdan,  ma’raka, to‘y yoki ziyofatda yursa, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bolalarning axloqi buziladi.  Holbuki, “…axloqi fosida kasalini davo berguchi muallim afandilarning ma’lumoti usuli tarbiyag‘a olim va fazoili axloqiyag‘a (axloq fazilatlaridan) voqif zotlar bo‘lmog‘i lozimdir… Rafo (rohat) va saodat ila yashamaqni orzu qilsak, yaxshi maktablar bino qilib fozil, usuli tarbiyadan voqif muallimlar yetishdirub, onlarni ehtiyojoti dunyaviyalarini ta’min qilub, ta’lim va tarbiyalaridan istifoda qilmaq birinchi daraja lozim va zarur bo‘lgon bir vazifai muqaddasadir”.

Rauf Muzaffarzodaning “Tarbiyaga ahamiyat bermaymiz” sarlavhali maqolasi (43-son) ham insonning ruhini tarbiya qilish mavzuiga bag‘ishlangan. Muallif insonning vujudi ikki narsadan – modda va ruhdan iborat, deydi. Har ikkisini ham tarbiyalash, ularga oziq berib turish kerak. Afsuski, fikrini davom ettiradi u, turkistonliklar ko‘proq badan tarbiyasi, vujud ozig‘iga e’tibor qaratadi. Holbuki, ruh tarbiyasi ustun bo‘lmog‘i lozim. “Hozirg‘acha, – deb yozadi muallif, – biz Turkistonimizda hech narsa sezmasdan va bilmasdan tinchg‘ina yotdik. O‘qumadik, bilmadik, shundog‘ bo‘lsa ham, rohat va tinch yashadik. Endi hollar boshqardi, avvalgi boyliklar bitdi. Hozirgi kunda qandayg‘ina kasbg‘a kirishmakchi bo‘lsang ham, ilm va ma’rifatga ehtiyoj tushadi. Shuning uchun biz turkistonlilarg‘a ham boshqa millatlar ketkon madaniyat yo‘lig‘a qadam qo‘ymak lozim edi… Bukundan boshlab bolalarimizning va o‘zimizning qursoq (qorin)larimiznigina tarbiya qilub qanoat etmaylik. Badan tarbiyasi va ruhning salomatligi uchun qancha zarur bo‘lsa ham, oning taolosi (yuksalishi) uchun foydasi yo‘qdir. Ruhning, aql va fikrning taraqqiy va taolosi faqat oni haqiqiy tarbiya ilangina bo‘lmak mumkindir. Buning uchun ta’lim va tarbiya usullarin mukammallashdirmak va bolalarimizni ilmi ruh va ruhiy tarbiya ila ochmaq lozim edi”.

Karimbek Norbek o‘g‘lining “Bizim yoshlarga milliy tarbiya” sarlavhali maqolasida (43-son) ta’lim va tarbiya masalasiga millat va milliyat nuqtayi nazardan qaraydi. “Qarindoshlar! – deb yozadi u. – Bu ta’lim esa bolalarimizni millatimizning sha’n va sharafin saqlaydirgon darajada qilub o‘qutmakdir… Borchalarimiz bolalarimizning yoshlikdan o‘qitub, kelachakda nomusli, tarbiyali va millatning suyuvchi bir inson bo‘lishlariga himmat qilayluk!” Muallifning qalbini ezgan narsa millatdoshlarining xor va zalolatda yashashidir. “…Qaydag‘ina qarasangiz, – deydi u, – bizning musulmonlarning yosh va qarilari boshqalarning quli manzilasida bo‘lub xizmat etmakdadirlar. Ushbularning hamasin bosh sababi o‘qumag‘onlik va o‘qutmag‘onlik va milliy tarbiyasizlikdir”. Shu tariqa, matbuot qaysi sohada yozmasin, millat manfaati, shon-sharafi nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘la boshladi. Bu bejiz emasdi. Milliy zulm, og‘ir turmush tarzi millat va milliyat masalalariga e’tibor berish, ijtimoiy ahvolning tub mohiyatini tahlil va talqin etish zaruratini keltirib chiqarmoqda edi. “Sadoyi Turkiston” maktab va maorif mavzuiga, tarbiya masalalariga juda katta e’tibor qaratarkan, xalqimizning tezroq millat sifatida shakllanishini, o‘zligini anglashini va shu asnoda o‘z ahvolini tahlil qilib, kerakli xulosalar chiqarishini istardi.

Millatning millat bo‘lib shakllanishiga to‘sqinlik qilayotgan narsalar esa talaygina edi. Bular, eng avvalo, xalqning qoloqligi, jaholati orqasida hukm surib kelayotgan turli urf-odatlar, bid’atlar, yomon fe’l-atvorlar, ishlar edi. Shu bois “Sadoyi Turkiston” mana shu illatlarni xalqning o‘ziga ko‘rsatib, ularni tugatishga qaratilgan materiallarni muntazam berib bordi. Gazetaning birinchi sonidayoq “Qalandarlar yoxud tanballar” sarlavhali maqola bosilgan bo‘lib, bu toifa kishilar aslida mehnat qilishdan qochuvchi “yalqov”, “qimorboz”, “bangi”lar ekani, ba’zi kishilar, xususan xotin-qizlar ulardan ruhiy madad umid qilib, nazr-niyoz berib kelayotganlariga muallif taassuf bildiradi. Eng yomoni shundaki, deydi muallif, bu yalqovlar o‘z saflariga yosh bolalarni ham tortmoqdalar. Bunday tanbal va yaramas odat tarqatuvchilarning tilanchilik qilishlarini hukumat rasman man’ qilishi kerak, odamlar esa ularga nazr-niyoz, sadaqa bermasliklari lozim, degan takliflar bildiriladi maqolada. Xuddi shu tariqa, lo‘lilar to‘g‘risida ham achchiq fikr bayon etiladi. (“Aldamchi o‘g‘rilar yoxud lo‘lilar”. 14-son).

Gazetada Said Ahmad Vasliyning “Taraqqiyoti madaniyya” sarlavhali maqolasi bosilgan bo‘lib, unda umuman insonlarning taraqqiyot, sivilizatsiya sari intilishlari oddiy uslubda bayon etilgan (43-son). U madaniyatga ham soddagina qilib shunday ta’rif beradi: “Madaniyatning haqiqiy ma’nosi odamlarning bir yerga yig‘ilishib yashamoqlari bo‘lub, majoziy ma’nosi osor va san’atlar ila lavozimoti madaniya va ehtiyojoti bashariyani tuzatmakdir (lozim bo‘lgan madaniy va insoniyat ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan narsalarni yaratmoqdir). Tuzatkuvchi madaniyat kerakliklari qiyin-oson, oz-ko‘b va nozik-qo‘pol e’tiborlari ila birgina tafovut va ulug‘ farq paydo bo‘lur. Bu tafovutlar taraqqiy qoidasi ila tadrijan va oz-oz hosil bo‘lsa kerak. Bularning juda past darajasi ila madaniyat hosil bo‘lg‘onidek, bora-bora, daraja-ba daraja taraqqiy qilub juda muntazam va a’losi ila madaniyat yana hosil o‘lub ham taraqqiy topur”. Muallif bunga misol tariqasida notekis yo‘lda ot-ulov bilan yuk tashishdan ko‘ra, yo‘l tekislangandan keyin tashigandagi sur’atni madaniy jihatdan yuksakroq taraqqiyot belgisi sifatida keltiradi, shu asnoda u insonning tadrijan arava, poyezd, kema, havo kemasi (samolyot)dan foydalanishini ham madaniyatining darajama-daraja taraqqiy topganl igini bildiruvchi mezon sifatida ko‘rsatadi. Said Ahmad Vasliy kitob nashr etish (tarqatish)da matbaalarning madaniyat vositasi tarzida katta ahamiyat kasb etayotganini yozarkan, maqolasini “Shari’ati g‘arrai islomiya ham odamlarni bunday lavozimoti zaruriya va ehtiyojoti umumiyadan man’ qilmaydir. Ammo bizning Turkiston musulmonlari halig‘acha avvalg‘i sabaqlarida turub taraqqiydan dars o‘qug‘onlari yo‘qdir. Bilmam, qachon taraqqiyg‘a tushunurlar?” – deb tugatadi.

“Sadoyi Turkiston” ochiq ko‘rinib turgan illatlarnigina tanqid qilmay, xalqimizning umumiy turmush tarzidagi nuqsonlarni ham ochib tashlashga urindi. Bunday mavzular goho to‘g‘ridan to‘g‘ri, ba’zan esa sayohat taassurotlari, suhbatdoshlarning savol-javoblari kabi shakllardan foydalanilgan holda yoritildi. Gazeta muharririyati to‘y masalasida nufuzli din ahllarining fikrini bildirish uchun savol berish usulini qo‘llagan. Bu usul oddiy xalqqa katta ta’sir ko‘rsatishi aniqdir. “Sadoyi Turkiston”ning 2-sonida Rahmatulla Ahmad o‘g‘li “Yer sotub to‘y qilmagon kishi gunohkor bo‘lurmi?” degan savol bilan murojaat qilgan. Gazetaning 6-sonida ushbu savolga mo‘tabar ulamolardan bir nechasining javoblari bosilgan. Jumladan, Qo‘qonlik mudarris M. H. hazratlari yozishicha, uning o‘zi to‘ylardan har yili kamida 500 so‘mlik daromad olarkan. To‘ylarning bo‘lib turishidan u moddiy manfaatdor. Shunday bo‘lsa-da, tug‘risini yozaman deb, savolga quyidagicha javob beradi: “Basharti bir kishining bir parcha yeri bo‘lub, maishat va tirikchiligi oning orqasidan bo‘lsa, ul yerini sotkon holda o‘zining ehtiyojda qolmog‘i muhtamal bo‘lsa (ehtimoli bo‘lsa) ondog‘ kishiga yer sotub to‘y qilmak gunohdir”.

Xuddi shu tarzda Samarqanddan mufti S.V., Buxorodan mudarris D.T. hazratlari ham javob berisharkan, to‘y shar’an joiz emasligini tasdiqlaganlar. Bu usul gazeta xodimlarining jurnalistik mahoratidan dalolat beradi.

“Sadoyi Turkiston”ning 1-sonida Majid ul-Qodiriyning “Insoniyat nadir?” sarlavhali maqolasi e’lon qilingan. Maqolada shu paytga qadar musulmon adabiyotlarida bo‘lganidek, insonga faqat biologik mavjudot sifatida (inson – bu aqlli va tili bor maxluq, deb kelingani kabi) tavsif berilmay, balki uning ijtimoiy vazifasiga, maqomiga ham e’tibor berilgan. “…Ba’zi kishilar o‘z manfaati shaxsiyasina tortib ish qilur va xidmat ko‘rsatur va obro‘ orttirur, – deb yozadi muallif. – Va ba’zilari esa shaxsiy foydalarin bilsalar ham, insoflari va diyonatlari yuzasidan ahamiyati-la umumxalqning ionasida bo‘lub, doim alarning yordamida turub jonbozlik etarlar. Albatta, inson bu ikki yo‘l ila maqsadiga yetusha olur. Agarda hech narsaga nazar solmay, faqat qorin qulilik ila takosil (tanballik) balosiga mubtalo o‘lmish va yashamish kishilar esa dunyo va oxiratda maqsadiga yetolmas va e’tibori o‘lmas”. Bu fakt shuni ko‘rsatadiki, XX asr boshlariga kelib Turkiston xalqlari orasida har bir hodisaga ijtimoiy nuqtayi nazardan ham baho berish tamoyili boshlangan. Bu esa ijtimoiy fikrda o‘sish, ulg‘ayish bo‘layotganidan dalolat edi. Cho‘pponning “Adabiyot nadir?” sarlavhali maqolasida (15-son) ham xuddi shu holni ko‘ramiz. Adabiyotga jamiyat hodisasi bo‘lgan millat, ya’ni ijtimoiylik bilan uzviy bog‘liqlikda qaralgan. U yozadi: “Hech to‘qtamasdan harakat qilub turg‘on vujudimizga, tanimizga suv-havo naqadar zarur bo‘lsa, maishat yo‘lida (turmush asnosida) har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa – millat yashar. Adabiyoti o‘lmag‘on (bo‘lmagan) va adabiyotining taraqqiysiga cholishmagon (harakat qilmagan) va adiblar yetishdirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz bo‘lur. Muni inkor qilib bo‘lmas. Inkor qilg‘on millat o‘zini inqirozda ekanun bildirur”. Demak, shu paytgacha mavjud bo‘lib kelgan adabiyot, uning mohiyati, tushunchasi o‘zgarishga, islohga uchrashi zarurligi yosh Cho‘lpon sezgilarida anglanmoqda edi. Bu ijtimoiy turmushdagi barcha sohalarga XX asr ko‘rsatayotgan hayotbaxsh ta’sirning turkistonliklar sezgilarigacha yetib kelayotganidan dalolatdir.

Millat tushunchasi hudud, til va ma’naviy-ruhiy mushtaraklik bilan chambarchas bog‘liq. Shu boisdan “Sadoyi Turkiston” sahifalarida ushbu mavzularning yoritilishini davrning o‘zi taqozo etardi. Muallim Abdulsame’ qori Ziyoboyevning “Tufrog‘imiz oltundir” maqolasi gazetaning 1- va 4-sonlarida bosilgan. Unda muallif ona tuproq, ona yer haqida fikr yuritib, turkistonlik musulmonlar to‘y yoki ta’ziyani “obro‘ bilan o‘tkazish” uchun oltinga teng yerlarini arzimas pulga sotib yuborishayotgani yuzasidan hissiyotli mulohaza bildirgan. Dehqonchilik qilayotganlari ham yerlaridan o‘rtacha yoki undan ham past hosil olishayotgani, ayni vaqtda, ichki Rossiyadan Turkistonga ko‘chib kelib joylashgan rus dehqonlari mavjud yerlaridan nihoyatda katta samara ko‘rishayotgani maqolada taqqoslanadi va mahalliy dehqonlarni har zarrasi oltinga teng zaminini qadrlashga da’vat etiladi.

Gazetaning 13-, 16- va 18-sonlarida Rauf Muzaffarzodaning “Tuproq nadir?” maqolasi chop etilgan. U ilmiy-ommabop xususiyatga ega. Yerdagi barcha narsaning asosi – tuproq, barcha tirik mavjudot tuproqda yuzaga keladigan ne’mat bilan tirik, devdi muallif. Yerning, tuproqning tarkibini, uni boyitishning yo‘lini bilgan inson undan unumli foydalana oladi. Turkistonliklar uchun buning ahamiyati yana ham yuksak. Negaki “Xozirgi kunda dunyoda yashamak uchui bori (jami) ikki yo‘l bor: biri ziroat va hayvon tarbiyasi kabi tuproqg‘a tavaqquf qilg‘on kasblar ila maishat; ikkinchisi, ilm va hunar ila ulug‘ martabalar hosil qilub yashamaqdir. Bizim holimizga kelsak, bor umid etkon o‘rnimiz tuprog‘imiz va tuprog‘dan hosil bo‘lgon bog‘larimizdir”. Shu bois bog‘larimizni arzon bahoga sotib yubormasdan, ekinzor yerlarning hosildorligiga yetarli e’tibor qaratilsa, xalqimiz meva-cheva sotishdan ham katta foyda ko‘rib, daromadi ko‘payadi, natijada tirikchiligi yaxshilanadi. Mana, muallifning chiqargan xulosasi.

“Sadoyi Turkiston” til sofligi mavzuiga ham e’tibor qaratdi. Uning 13-sonida Abdulla Avloniyning “Hifzi lison” (tilni saqlash) maqolasi xuddi shu mavzuga bag‘ishlangan.

Ahlillo Xaybullin “Sadoyi Turkiston”ning 43-sonidagi “Qalam ahlidan iltimos” sarlavhali maqolasida ko‘targan muammo nihoyatda dolzarb masala hisoblanardi. Muallif “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining 61- sonida bosilgan “Rajoi vosiq” (to‘la ishonch bilan iltimos) maqolasiga javob tariqasida yozilgan. “Rajoi vosiq”ning muallifi Vasliy mudarris “Maqola sohibi olim, muhaqqiq (tadqiq etuvchi), adib, fosih (chiroyli so‘zlovchi yoki yozuvchi), bolig‘ (yetuk ma’nosida) bo‘lishi lozim kelur, chunki ilmsiz, chapani, qurug‘ xat-savodli, arabchani bilmay, faqat oz-moz turkiy tilidagina yoza bilguvchi parishonguftor (o‘ylamay so‘zlovchi ma’nosida), hayosiz, masxaraboz kishilarni so‘zi, she’ri loyiqi andaroj (chop etishga loyiq) va qobili intibo’ emasdur”, degan fikrni bildirgan. Ahlillo Xaybullin bunga javoban yozgan maqolasida Vasliy domlaga 9 ta savol bilan murojaat etgan. Agar domla javob bermasa, savollarga Ashurali Zohiriy javob yozsin, deydi. Maqola muallifi Vasliy mudarrisga qarata quyidagi e’tirozini bildiradi: “G‘azeta chiqarub va g‘azetalarda maqolalar yozub xalq orasig‘a tarqatmoqdan maqsud va umid ul bo‘lsa kerakki, ushbu turk xalqi maqolani o‘qusunlar-da, o‘zlarining ona tillarida onglab, jaholat uyqusida va g‘aflat to‘shokida yotqonliklarini bilub, boshqa millatlar kabi tezroq o‘qushqa yopishsunlar… Xudoyi taolo ham har qavmning o‘z onatilida payg‘ambarlar yubordikini Qur’oni karimda bayon qiladir”.

Xaybullin Vasliy domla maqolasi haqida shunday fikr bayon qidadi: “Vasliy afandining “Rajoi vosiq” sarlavha ilan yozg‘on ikki yuz so‘zlik maqolalarining 120 so‘zi arab, 25 qadarisi forsiy, 40 qadarisi turkiy, qolg‘onlari arabiy, forsiy va turkiy aralash so‘zlardan iboratdir. Arabiy va forsiy tilidan bexabar bizning turk bolalari ushbu maqolani tarjimasiz onglamaydirlar. Binobarin, maqola yozg‘uvchi zoti shariflardan yozadurg‘on maqolalarini “turk bolalari” ichun yozuvlarini o‘tinamiz”.

Ashurali Zohiriy ham “Sadoyi Turkiston”ning49- va 50-sonlarida ushbu maqolaga munosabat bildirgan. Unda maqola yozuvchilarga Vasliy mudarris qo‘ygan shartlarni insonning “huquqiga tajovuz va zulm” deb baholaydi. “Matbuotg‘a endigina havaslanub o‘zining ona tilida o‘qurg‘a, yozarg‘a o‘rganub kela boshlag‘on biz turkistonlilarg‘a, – deb yozadi muallif, – yip o‘tgan sayin matbuot maydonin kengaytuv o‘rnig‘a bu darajada toraytmaq balki oldig‘a sad chekmoq (to‘siq qo‘ymoq) afv etmaslik ulug‘ bir jinoyatdir. Chunki jarida idorasi millatning mashvaratxonasi (maslahatxonasi) maqominda bo‘lub, bunga yosh, kari, mudarris, shogird biloistisno (istisnosiz) adab doirasida aqlig‘a kelgonin yozub yibormoqg‘a haqqi bordir”.

Millatning shakllanishida umummilliy adabiy tilning ahamiyati kattadir. Shu bois ushbu maqola milliyat masalasi bilan bevosita bog‘liqdir. Ayni paytda, umumadabiy tilning yagona imlo ostida mavjud bo‘lishi ham muhim masaladir. Rauf Muzaffarning “Til va imlo mas’alasi” (60- va 63-sonlar) maqolasi va unga javoban namanganlik Muharram yozgan “Til mas’alasi” (64-son) ushbu mavzuni yoritishga bag‘ishlangani bilan xarakterlidir. R. Muzaffarzodaning “Til ham din” maqolasi (24-son)da muhim muammo ko‘tarilgan. Muallif fikricha, din ahkomlari, diniy kitoblar har bir qavmning o‘z tilida bo‘lsa, ularning insonlar qalbiga singishlari o‘ng‘aydir. Agar bular ajnabiy tilda bo‘lsa, ularni o‘z ona tillariga tarjima etmoq lozim. Bizlar ham shu holatdamiz. “Islom dini arab qavmi najibiga arab lisonida nozil bo‘lub, himmatli tarjimon va ulug‘ olimlar g‘ayrati soyasida turk va boshqa qavmlar orasida ham intishor etdi (tarqaldi)… Turk qavmlari umuman arabcha bilmasalar ham, ul olijanoblarimiz soyasida dinni o‘rgandilar. Endi hozirgi madaniyat asrida ishlar yana boshqa rangga kira boshladi. Salaflarimizdan bizga meros bo‘lub qolg‘on qiymatli kitoblardan iymon, e’tiqod va ibodat mas’alalari kabi doimo zarur bo‘lgon ahkomi shar’iani olub o‘z shevamizga tarjima va atfoli muslimiyn (musulmon bolalari)ga ta’limi usul maydong‘a chiqub taraqqiy eta boshladi. O‘zimizning ona tilimiz ila maktablarimizda din o‘qutmak nihoyatda foydali va shoyoni istehson (tahsinga sazovor) bo‘lgon bir tadbirdir. Musulmon bolalarini ayyomi sabovatdan (yoshlik chog‘idan) din ruhi ila tarbiya qilmak va qalblariga iymon va arkoni islomiyani singdirmak uchun bundan foydali tadbir yo‘qdir. Tilimizning eng kerakli yeri ham shul mas’aladir”.

Muallif bu vazifalarni lozim darajasida bajarish uchun ona tilini maktablarda yaxshi o‘rgatish, tilga oid maqola va risolalar nashr etish masalasini o‘rtaga tashlaydi.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, “Sadoyi Turkiston” din masalalarini nisbatan kamroq yoritgan. Jadidiar va qadimchilarni iloji boricha kelishtirishga uringan. Buni “Vazifamiz mushtarakdir” (imzosiz, 4-son) hamda S.A. ibn Abdulla al-Shoshiyning “Jadid va qadim nadir?” (12-son) maqolalaridan anglash mumkin.

“Sadoyi Turkiston” xotin-qizlar turmushiga oid materiallarni eng ko‘p va hayotiy yoritgan gazeta bo‘lgan. Gazetaning 11-sonida “Toshkandlik bir muallima” imzosi ostida “Turkiston muslimalari tarafidan bir sado” sarlavhali bir material e’lon qilingan. Unda o‘lka musulmon xotin-qizlarini o‘qitmaslik oqibatida ular johila bo‘lib qolayotganlari o‘tkir hissiyot bilan izhor etiladi. “…Biz Turkiston muslimalari ahvoliga nazar qilinsa, – deydi muallifa, – ochinmiy mumkin emas. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: rushdiy, e’dodiy va oliy maktablar bir tarafda tursun, butun Turkistonimizda muslimalarga maxsus Alloi taoloni tanitub din hukmlarini o‘rgatadirgon, Qur’oni karimni tajvid qoidalariga muvofiq suratda o‘qutadirgon, ba’zi kitoblarni durust o‘qub ma’nilarin onglatub xat-savod bildiradirgon va past darajada bo‘lsa ham jug‘rofiya, hisob, tarix va til qoidalari kabi foydali dunyoviy ilmlarni bildiradirgon birgina bo‘lsun, ibtido’iy maktablarimiz bormi?” Maqola muallifi otalarga murojaat etib, qizlaringiz uchun olib beradigan foydasi yo‘q taqinchoqlarga ketadigan mablag‘larni ular uchun maktablar ochishga sarflang, deb yozadi. “Yetar bizni orzu-havasimizni tugallagoningiz! Endi bizni o‘quturga va kishi qatoriga kiriturga g‘ayrat qilingiz! G‘ayrat!” deya maqola tugaydi.

No‘shiravon Yovushevning “Xotin-qizlarimizga bir nazar” (15-son) maqolasida o‘qigan ayollar farzandlariga yaxshi tarbiya bera oladi, shu bois ham ularni o‘qitish lozim, debhisoblaydi.

Hamzaning “Bid’atmi, majusiyatimi?” sarlavhali maqolasida xotin-qizlar orasidagi eng yomon rasmlardan biri – chaqirdi qilguncha vafot etgan kelinchakning mayiti ustida “chaqirdi marosimini o‘tkazish” keskin tanqid qilingan (11-son).

Gazeta publitsisti Rauf Muzaffar “Ong umidlari” maqolasida Turkiston xotin-qizlarining kundalik turmushlarini keng tasvirlagan (36 -, 39 – va 42-son). Bu maqola qalam ahllarining xotin- qizlar hayotiga e’tiborini kuchaytirdi.

Gazetaning 26-sonida “Xonimlar tovushi” sarlavhali material chop etilgan. Unda toshkentlik Podshoxonim Jalilovaning ota-onalarga murojaati keltirilgan. Unda ham xotin-qizlarni o‘qitish, ular uchun maktablar ochish talabi aks etgan. “Bizdan ham muallima va muharriralar yetushdiringiz. Toki o‘z hamshiralarimizg‘a ta’limi din va dunyo qilayluk. Va o‘z ahvolimizni jaridalarg‘a yozub muzokara va mushovara (o‘zaro maslahatlashuvlar) qilayluk. Yetar endi bizdan buncha beparvo bo‘lub, g‘aflat va nodonlikda saqlagoningiz. Bizg‘a ham din kerak. Ilm kerak. Insof qiling”.

“Sadoyi Turkiston”ning 1914-yil 23-avgust sonida Sora Muzaffariyaning “Ayb o‘zimizda” sarlavhali maqolasida ham dolzarb masala ko‘tarilgan. Muallifaning yozishicha, tatar xotin-qizlari ham musulmondirlar. Lekin ular o‘z haq-huquqlarini talab qilib maktablar, kutubxonalar, qiroatxonalar, jamiyatlar ochdilar, dorilfununlarga kirib o‘qimoqdalar, hatto xorijdagi oliy o‘quv yurtlarini bitirmoqdalar. Shunday bir holda, Turkiston muslimalari g‘aflat uyqusida yotibdi, ulardan sado chiqmaydi. Bu jihatdan ularning o‘zlarida ham muayyan ayb bor, deb o‘lka xotin-qizlarini harakatga da’vat etadi.

Bu da’vatga javob tariqasida Podshoxonim Jalilovaning “Turkiston xotun-qizlarig‘a bir sado” sarlavhali murojaati gazetaning 45-sonida e’lon qilingan. 44-sonda esa, Toshkentdagi tatar xonimlari tomonidan tashkil qilingan komitetning Birinchi jahon urushida majruh bo‘lgan soldatlarga yordam uchun uyushtirgan iona tadbirining natijasi keltirilgan.

Xullas, bu kabi materiallar Turkiston o‘lkasida asriy g‘aflatda bo‘lgan musulmon xotin-qizlarida ham milliy uyg‘onish sodir bo‘lishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu mavzuga hatto ulamolar ham befarq turolmadilar. Ular shariat ahkomlari bo‘yicha ayollar qanday huquqlarga egaligi haqida yozdilar (47- va 51-sonlar).

“Sadoyi Turkiston” gazetasi Birinchi jahon urushi boshlangach, uning borishi yuzasidan mushtariylariga muntazam xabar berib turdi. Gazeta muharriri U. Asadullaxo‘jayevning “Vatan muhofazasi” sarlavhali maqolasida (38-son) gazetaning urushga bo‘lgan munosaati aks etgan. “Hozirgi vaqtda, – deb yozadi u, – vatan bolalari askarlar g‘arb hududlarin dushmandan saqlov ila mashg‘uldirlar. Bular orasida bizim vatandoshlik jihatidan yaqinlarimiz bor bo‘lgon kabi din jihatidan ham qarindoshlarimiz ko‘bdir. Kerak qaysi mazhabda bo‘lsun, bular hammasi bizim vatanimiz. uchun bir qoshiq qonlari qolg‘ong‘acha muhorabag‘a yig‘ilg‘on birodarlarimizdirlar. Bizim borlik umidimiz shul qahramon askarlarimizdadir. Rusiya mamlakatining har tarafi bular ila saqlangon kabi asl vatanimiz Turkistonning ham muhofazasi bular qo‘lidadir. Biz Turkiston musulmonlari asrlardan beri tinchlik va rohat ila yashab kelgon tuprog‘imizni muhofazasini yolg‘iz shul askarlarimizdangina kuta olamiz. Chunki vatanimiz Rusiyaning butunlig‘i buzilmov ilagina bizim tuproqlar obod bo‘la olurlar. O‘g‘il va otalarimizni ota va bolalaridan ayirub askarlikg‘a yubormasdan va rohatimizni buzmasdan bundog‘ halokat zamonlarida bul tariqa tinchg‘ina umr kechirishimiz bizim uchun taqdir qilinub bitmasday ulug‘ bir ne’matdir. Endi shul ne’matning qadrini bilub bizlar ham quvvatimizdan kelgon qadar hukumat va askarimizg‘a moddiy va ma’naviy yordamda bo‘linmog‘imiz lozimdir”. Bu fikr o‘sha davrda ko‘pchilik turkistonlik ziyolilarning fikri edi.

“Sadoyi Turkiston” umum Rusiya musulmonlarining istiqlol uchun bo‘lgan harakatini muntazam yoritib turdi. 1914-yili umum Rusiya musulmonlari ittifoqining komiteti musulmon ruhoniy idoralari to‘g‘risida loyiha tayyorlab Rossiya davlat dumasiga kiritmoqchi bo‘ldi. Shu munosabat bilan ushbu yilning iyun oyida Peterburgda komitetning kengash majlisi bo‘lib o‘tadi. Unga Turkistondan Saidnosir Mirjalilov ishtirok etgan. Kengash majlisi haqidagi xabar va hisobotlar gazeta sahifalarida muntazam yoritilib turdi. 1914-yil sentyabr oyida Ismoilbek Gasprali vafot etganligi munosabati bilan gazetaning 42 – 44 sonlarida ulug‘ siymoga bag‘ishlangan materiallar chop etildi. “Sadoyi Turkiston”ning 57-sonida esa atoqli tatar mutafakkiri Marjoniy tavalludiga 100-yil to‘lishi munosabati bilan Rauf Muzaffarzodaning u haqdagi maqolasi bosilgan.

Gazeta o‘z faoliyati davomida turli adabiy janrlardagi materiallarni ham muntazam yoritgan. “Sadoyi Turkiston” asrlardan beri qoyim bo‘lib kelgan mumtoz adabiyot uslubida yozilgan asarlardan yangi mazmun va shakldagi nazmiy va nasriy asarlarga o‘tilishiga, XX asrning boshlarida yuzaga kelgan dramachiligimiz qaror topishi va mustahkamlanishiga katta hissa qushdi. Uning sahifalarida yangi adabiyot, o‘z davrida milliy adabiyot deb atalgan hodisa namoyon bo‘la bordi. Cho‘lponning “Sadoyi Turkiston”da chop etilgan nasriy asarlari mazkur adabiyotning ilk nishonalari edi, deyish mumkin. Gazetada Abdulla Avloniy, Tavallo, Sidqiy Xondayliqiy, Miskin, Vasliy, So‘fizoda, Ibrohim Davron kabi shoirlarning she’rlari muntazam bosilgan. Ayni paytda, keyinchalik o‘zbek adabiyotining yirik siymolariga aylangan bir qator ijodkorlar dastlabki asarlarini “Sadoyi Turkiston”da bostirganlar. Bular; Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Hamza, Nozimaxonim, Mirmulla Shermuhammedov va boshqalar. (Ayniqsa, Cho‘lponning ijodiy taqdirida gazeta muhim rol o‘ynadi. Uning ikkinchi sonidayoq Abdulhamid Sulaymon mushtariy va e’lon qabul yuzasidan gazetaning Andijondagi vakili deb ko‘rsatilgan. Shu tariqa, u “Sadoyi Turkiston”ning yaqin kishisiga aylangan. Mazkur gazetada uning Abdulhamid Sulaymon, Abdulhamid Sulaymoniy, Cho‘lpon hamda “Muxbir” imzolari ostida badiiy asarlari, maktub va xabarlari chop etilgan; “Qurboni jaholat”, “Do‘xtur Muhammadyor” hikoyalari ilk bor ushbu gazeta sahifalarida bosilgan.

“Sadoyi Turkiston” birinchi bo‘lib mahalliy xotin-qizlardan chiqqan shoira Nozimaxonimning “Faryod” she’rini 1914-yil 8-iyul sonida e’lon qildi. Bu bilan u mahalliy xotin-qiz ijodkorlarning asarlarini dadillik bilan chop etishni boshlab berdi, deyish mumkin).

Gazetada adabiy tanqid yuzasidan e’lon qilingan maqolalarda ilk bor tanqidchilikka zamonaviy tushunchadagi ta’rif berildi. (Ahlillo Xaybullin. Tanqid. 48 – 49 sonlar). Cho‘lponning “Sadoyi Turkiston”ning 58-sonida e’lon qilingan “Muhtaram yozuvchilarimizg‘a” deya nomlangan murojaati ijodkorlarni hayotni realistik tasvirlashda muhim bo‘lgan hodisa – bevosita ijtimoiy turmushning o‘zidan ko‘rib yozishga da’vat qilishi bilan ajralib turadi. “Muhtaram qalam ahllari, – deb yozadi u, – milliy maishatni yamon deb bezmay, zohiran bo‘lsa ham, “tuy”xonalarda, “gap”xonalarda, “bachchabozlar majlisinda”, bazmlarda va shunga o‘xshash millatning eng tanqid qilinaturg‘on o‘rinlarinda birga oralashub yurmaklari kerakdirki, toki komil o‘shal odatlarni kitob sahifalarida chiroyliroq qilub yozgunday bo‘lsunlar. Milliy maishatdan bezgon bilan bezilub, ko‘milub keta beradir. Onda oralashub yurulsa, ondag‘i so‘zlarni, odatlarni o‘rganmoqqa bo‘ladirki, kitob betlariga ko‘chirub yozmakg‘a materiallarning eng asllari xalq orasidan olunadir”. Cho‘lpon mazkur murojaatida aktyorlar ham xalq hayotini chuqur o‘rganib, obrazlar yaratishda bundan foydalanishlari lozim, degan fikrni bildirgan.

“Sadoyi Turkiston”ning 49-sonida muharrir Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning “Shariat va zokun nazarida bizim tuprog‘ ishlari” sarlavhali maqolasi e’lon qilingan bo‘lib, unda Turkiston musulmonlarining Rossiya qonunlarini bilmasliklari natijasida katta-katta qiyinchiliklarga duch kelishayotgani, yer sotish hamda nikoh paytida ayolga va’da qilingan mahrni vaqti kelib rasmiylashtirish Rossiya sudlari amaliyotida qanday tugayotgani bayon etilgan. Bunday materiallar o‘sha paytda nihoyatda zarur edi. Qozichilik va sud institutlari yonma-yon ishlab turgan sharoitda Turkiston aholisi chekayotgan aziyatlar va ularning sabablari yorqin misollar yordamida ko‘rsatib berilgan.

Gazetaning xabar va yangiliklar bo‘limi ham rang-barang edi. “Doxiliy xabarlar”, “Xorijiy xabarlar”, “Toshkand xabarlari”, “Idoraga maktub” ruknlari ostida mamlakat ichkarisida, chet ellarda bo‘layotggan muhim voqealardan mushtariylar izchil xabardor qilib borildi.

“Sadoyi Farg‘ona” gazetasi hamda “Oyina” jurnali bilan bir paytda chiqib turgan “Sadoyi Turkiston” ular bilan hammaslak ekanligini yashirmadi. Ayni paytda, muayyan masalalarda mazkur nashrlar bilan nuqtayi nazari mos kelmasa, buni ham to‘g‘ridan to‘g‘ri yozgan. (Masalan, 11-sondagi tahririyat javobi.)

Gazeta sahifalarida turkistonlik qalamkashlar bilan birga, boshqa hududlardan ham ijod ahlining materiallari bosildi, qardosh xalqlar vakillari uning muharririyatida ishladi. Jumladan, ufalik sayohatchi No‘shiravon Yovushevning xabar va maqolalari muntazam bosilib turdi. Gazetaning o‘n to‘qqiz sonida uning “Sayohat parchalari” sarlavhali yo‘l ocherki chop etildi. Bokuda chiqadigan “Iqbol” gazetasining ijodiy odimi Muhammad Said Turkistonga kedgan payti “Sadoyi Turkiston”da maqolalari bilan ishtirok etdi. Simbir guberniyasining Zo‘yabosh ishlog‘idan kelib uning muharririyatida ishlagan Rauf Muzaffarzodaning 27 ta maqolasi va bir ochiq xati gazetaning 41 ta sonida nashr qilingan. Shuningdek, keyinchalik Turkiyada oliy tahsil olib Ozarbayjonda katta olim darjasiga ko‘tarilgan, “Devon-u lug‘otit turk” kitobini XX asrning 30- yillaridayoq ozarbayjon tiliga tarjima qilgan Xolid Said (taassufki, olim 1937-yil qatag‘oni o‘pqoniga tortilgach, tarjima nashr etilmay, qo‘lyozma holida qolib ketgan), Germaniyada tahsil olib, ziroat bo‘yicha taniqli olim maqomini egallagan Abdulvahhob Murodiylar ham mazkur gazeta sahifalarida ilk xabar va maqolalarini e’lon qilganlar va h.k. Aytish mumkinki, “Sadoyi Turkiston” ko‘pgina taniqli jurnalist va adiblarga dastlabki “ijodiy tarbiya beshigi” bo‘ldi.

Umuman olganda, “Sadoyi Turkiston” gazetasi o‘z davrida Turkiston ijtimoiy hayotining ko‘zgusi bo‘la oldi. Lekin mustabid hukmdorlar “TVG” muharriri Ostroumov singari sodiq xizmatkorlarini ishga solib bu maqomga ko‘tarilolgan gazetani yopishga harakat qildilar. Uning sahifasidagi bir xabarda cherkov butxona deb ishlatilgani uchun muharrirni, tahririyat a’zolarini sudga chaqirib ancha vaqt ovora qildilar. Buning ustiga, moddiy qiyinchilik gazeta chiqishini mushkul ahvolga solib qo‘ygandi. Moddiy qiyinchilikni bartaraf etish uchun muharririyat ham, publitsistlar ham, gazetxonlar ham harakat qilishib, jarida chiqib turishi yuzasidan jamoatchilikka murojaat qilishdi. Rauf Muzaffarzoda “Bizda ziyolilar va milliy matbuot” sarlavhali maqolasida gazetaning moddiy ahvolini shunday bayon etgandi: “Sadoyi Turkiston” to‘rt oy miqdori obuna puli ila davom etdi. O‘zi bir yarim ming bosiladir. Shul vaqtdan buyon vakillarimiz (gazetaning joylarda obunasini uyushtiruvchi shaxslar)dan hech yordam yo‘q. Faqat atrofdan mushtariylarning kvitansalari yog‘ub turmakdadir. Demak, vakillar savdo qilmakda va jarida mudirlari o‘z cho‘nchaklaridan pul sarf qilmakdadirlar”. Bu ahvolda gazetani muntazam chiqarib turish mushkul edi, albatta. Shu tariqa, bir yil-u 6 kun nashr etilib turgandan so‘ng gazetaning 1915-yil 10-aprelda chiqqan 66-soni uning oxirgisi bo‘ldi. Mazkur davr mobaynida gazetaning faoliyat ko‘rsatishi yo‘lida bir qator jonkuyar ziyolilar qalamlari bilan astoydil harakat qilishdi. Shoir va publitsist Abdulla Avloniy “Turon” teatr truppasi tarkibida 1914-yil yozida Farg‘ona vodiysida gastrolda bo‘lgani sababli gazeta muharririyatida barqaror ishlay olmagan. Shunday bo‘lsa-da, uning “Sadoyi Turkiston”da 15 she’ri, bir qancha maqolalari, hajviyalari bosilgan. Taniqli adib Hamza gazeta sahifalarida she’rlari, maqolalari bilan muntazam qatnashib turgan. Toshkentlik ijodkor Mo‘minjon Muhammadjonovning ham bir qancha she’r va maqolalari chop etilgan. Negadir, Munavvarqorining bironta materiali gazetada uchramaydi. Holbuki, u “Sadoyi Turkiston”ning tashkil qilinishida faol ishtirok etgan. Gazetaning 1915-yil 6-fevraldagi bir xabarida Munavvarqori 7 – 8 oydan buyon muharririyatda ishlamaydi, deyilgan. Gazetaning bosh muharriri U. Asadullaxo‘jayev shu davr ichida o‘zini mohir tashkilotchi, prinsipial rahbar, iste’dodli jurnalist sifatida ko‘rsata oldi. Gazetada uning o‘nga yaqin maqolasi bosilgan bo‘lib, ular saviya va mahorat jihatidan ancha yuksak darajada edi. Xullas, “Sadoyi Turkiston” XX asr boshlaridagi o‘zbek milliy matbuotining eng yorqin yulduzlaridan biri sifatida tarixdan joy oldi.

Boybo‘ta Do‘stqorayevning
“O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobidan


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605