13.04.2024 | 12:15
286
“BO‘YINTURUQ” YOXUD KREDIT VIRUSI

A-a-a, muxbir ukam? Maza yo‘qmi deysanmi? Bemazada ne maza, deganini eshitmaganmisan? Kovid-povid deysanmi? Attang, ming attang-ki, kovidmasman. Undan battari ilashdi. Turqingga Tohir sopolni loykuragi! O‘l-a, menga SPID qaydan yuqsin? Kallami bu, suvqovoqmi? Chapaniligim o‘z yo‘liga, omalekin qing‘ir yo‘lga qadam qo‘ygan yigitmasman. Ishonmasang Lobar xolangdan so‘ra.
Uzun gapni qisqasi shuki, dardi bedavo kredit virusiga yo‘liqdim. Ha-a, belgilarimi? Endi, alomatlari oddiy. O‘zi buni nega so‘rayapsan, xumpar? Bugun krediti yo‘q odam borakanmi? Shu… bosh og‘rig‘i, muttasil yurak o‘ynog‘i, xavotir, aybdorlik hissi, har oyning boshida qo‘l-oyoqlar qaltirashi, uyqusizlik talvasasi… Yetadi deysanmi? Hammasini yozasanmi o‘zi?
Tushunmayman, bankdagilar to‘lay olmayotganimdan nega norozi? Hayronman. Pulim bo‘lmagani uchun kredit olganimni bilishadi-ku! Qancha deysanmi? Bilganingda nima qilarding? Yozsang, moʻjiza yuz berib, rahmatli boybuvam tirilib kelib, buxori tanga to‘la yonchig‘ini tizzamga tashlarmidi? Ha-a, o‘zi nimaga kredit olgansiz deysanmi? Takasaltang o‘g‘limda oypod, xotinda aypon, qizimni butun boshli sepi, qudalarga olingan sarpo-suruqlar, mebel deganday… O‘zingizda-chi deysanmi? Meni bo‘ynim to‘la qarz… Ha-a, endi kreditni yopish uchun olingan qarz-da! Ayponni nima qiladi? Nimaymish, gapga borganda rasmga tushib, instagramga qo‘yib maqtanarmishlar… O‘zlari nega to‘lamaydi? Biror joyda qarsillatib saqich chaynaganiga pul to‘lashganini eshitganmisan? Ha, balli! Bilasan, men shu paytgacha biror joyda bandasiga gapimni bermagan yigitman. Mushugimni birov pisht deyish u yoqda tursin, qovoq solib ham qaraganmas. Endi arzanda qizim uchun eshikma-eshik yalinib, kredit yoparga qarz tilanib yuribman. Menga buyam kam! Ko‘ngil bo‘sh bo‘lsa, ko‘ngilsizlik qo‘sh bo‘lar degani chin. Qizalog‘imni mebellari o‘rtada ekanu krediti kuyovto‘raga harommish. He, o‘rgildim, senday yigitni gultojixo‘rozidan!
Azbaroyi xudo, undanam qizig‘i bor! Kreditga buyum olish hozir moda bo‘pti. Mana, tunov kuni qo‘shnimiz Toshpo‘lat kreditga muzlatgich olgan ekan. Uni ko‘rib, Atham naynov men sendan kammi deb, muzlatgichga qo‘shib kondisioner ham opkepti. Endi bu yog‘ini so‘rasang, muxbir ukam, boshqa qo‘shnilar ham bu kredit poygasidan qolib ketmay, deb yuragiga g‘uluv tushib, bittasi go‘sht qiymalagich, boshqasi sharbatsiqarni achomlab… boshini ixtiyoriy qarz sirtmog‘iga tiqqan.
A, to‘layaptimi, deysanmi? Qayoqda deysan. Tariqcha aqli bo‘lganida shuncha kreditni olarmidi? Xumkallalar bir-biridan kreditni to‘lash uchun qarz oladi. Endi qarzini qaytarsa, sabil qolgurni to‘lash vaqti keladi-da! Shuning orqasidan har xil qing‘irliklar ham bo‘p turibdi. O‘tgan tunda Abbos lapashang o‘zining ishxonasiga o‘zi o‘g‘irlikka tushibdi. Kreditining poizlari ko‘payib ketganmish. Yarim tungacha “pirxonada” qolib, hammaning ketishini kutibdi. Novutbukini qo‘ltiqlab, endi juftakni rostlayman deb turgan ekan, qorovul sezib qolib, g‘ippa giribonidan bo‘g‘ibdi. Ushlabdi-da, melisaga topshirib yuboribdi. Melisa ham obdon amri-ma’ruf qilib, chilyosinlarni o‘qib, krediti borakan deb, rahmi kelib qo‘yib yuborganmish.
O‘lmagan qul ko‘raverarkan, undan ham qiziq hangomalar bo‘p turibdi. Eshit, e tilponingni nega burnimga tiraysan? Nima? Yozyapman? Unda mayli, yaqinroq opke! Xo‘p, ukam sho‘x, eshit. Ko‘cha boshidagi Sulton daroz, aqli kalta bor-ku, ana o‘shanga kreditga ellikta tovuq berishganda, bir haftacha: “Kuniga har biridan ikkitadan tuxum olyapman”, deb maqtanib yurdi. Ammo, tovuqlaram rosa egasini topibdi! Koshkiydi, bu darozda xo‘rozcha aql bo‘lsa. Don-suviniyam eplab berolmaganmi deyman, bir haftada ellik tovuq harom qotdi. Nima emish, tovuqlar ob-havoga moslasholmaganmish. Nima, afrikalik yo antarktidalikmidi manglayi qoralar? Shu bilan tovuqbozlik an’anasi to‘xtab qolgani yo‘q. Uning yon qo‘shnisi Qo‘chqorboy ham bir ko‘rsatib qo‘yish uchun yuz tovuq, don-dunini kreditga oldi. Oliyhimmat kreditchilar tovuqlarni eson-omon egalariga topshirib, ko‘chaning boshiga yetgunicha Azim alkash qo‘ra oshib, besh-o‘ntasini qopga qalab, yelkalab aroq magazinga ravona bo‘pti. Hay deguncha, jo‘jaxo‘rozlarni “yarimta”ga barter qivoribdi. Bu deyman, bankda o‘tirganlar odamgarchilikda xotami toy ekan-da. Qara, kreditniyam epi borga berishmaydimi? Tovuq boqishni bilmasang, cho‘ntagingda miring bo‘lmasa, kreditni boshingga urasanmi? Chog‘ing kelsa tovoqqa tirmash deb qo‘ygan joyi bor, xo‘pmi? Davlat o‘zingni o‘ngla deb ko‘mak qo‘lini cho‘zsa, bularing barmog‘iniyam tortqilaydi-ya!
Chidalmagan o‘tingga jiyda yema, deganakan mashoyixlar. Iye, ha, ichburug‘ yuqtirgan bangiday rangingda rahmon yo‘q? O‘bba, akangni ukasi, senam kredit tutqanog‘iga ilashganlardanmisan? Balli, hiqillab borsam, o‘ksib chiqdi degani shu turxatdir-da. Buni yozib “Jadid”ga chiqaraman, gonorar olib, kreditimni yopaman deysanmi? Xohlasang, serial qivor. O‘ziyam haligi… ha-a, “Esmeralda”si bo‘lardiyu… o‘shangayam dam berasan. Omalekin, ko‘zing o‘ynamay o‘lgur, qalam haqi durustroq unib qolsa, akangniyam osh-poshga aytarsan…
OVSAR
“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-mart 10-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



