14.02.2025 | 12:42
776
“BOBURNOMA” O‘QIYOTGAN OTABEK
Abdulla Qodiriyning badiiy mahoratini, asarlari umrboqiyligini barcha birdek e’tirof etadi. Zero, bunday epik ko‘lamning yuzaga kelish omillari, betakror poetikaning tub ildizi hamda ta’sirlanish asoslarini kuzatish foydalidir.

“Boburning ochuq fikrlik…” asari
“O‘tkan kunlar” romanining “Majburiyat” faslida shunday epizod bor: “Kechlik oshni o‘tkazgach, Hasanali o‘z hujrasidan kiyinib chiqdi-da Otabek yonig‘a kirdi. Otabek “Boburnoma” mutolaasi bilan mashg‘ul edi”. Hasanali asl niyatini bildirmay “hammomga borish” uchun ruxsat so‘raydi. Otabek ko‘zini kitobdan uzmay: “Yumishim yo‘q, boraveringiz”, deb javob beradi. Mashhur kitoblar orqali qahramonni baland maqomga ko‘tarish, ularning ma’naviy olamiga urg‘u berish, aniq detal vositasida obrazga mahobat bag‘ishlash dunyo adabiyotida ham, o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida ham, shuningdek, Abdulla Qodiriy ijodiy biografiyasida ham mavjud adabiy hodisadir.
Otabekning “Boburnoma” mutolaasi “O‘tkan kunlar” ildizi ustida fikrlashga, tasvirdagi ichki manera, so‘zdagi rostlik, xarakter mantig‘i, inson shakli-shamoyili, ayniqsa, romanning poetik nutqi – tili to‘g‘risida ayrim mulohazalar aytishga imkon beradi. Tasavvur ko‘lami “Boburnoma” matnistoni bo‘ylab kengayadi. Adib boshqa asarlarida ham bu muazzam kitob va uning egasini eslaydi. Boburga “fotih” – fath etuvchi sifatini beradi; “Boburnoma”ni “Boburning keng ruhlik, o‘z zamonig‘a ochuq fikrlik…” kitobi deydi. Qurdoshlari bilan bahslashgan bir masalada “Boburnoma”dan “dalillar kelturmak”ka chog‘lanadi. Tarixiy manbalardan ma’lumki, qatag‘on – “dapsan” yillari Abdulla Qodiriy ikkinchi marta qamoqqa olinganida kutubxonasidagi yetmishdan ortiq arab imlosida yozilgan mumtoz kitob yig‘ishtiriladi. Shular qatori “Boburnoma”ning olib ketilgani aniq.
Xo‘sh, nega Abdulla Qodiriy va “O‘tkan kunlar” mavzusidagi fikr yo‘li Bobur va “Boburnoma” tarafga burilmoqda? Nima uchun Qodiriy ijodidan, asarlari, tarjimayi holi, xotira kitoblari, qodiriyshunoslarning asarlaridan Bobur va “Boburnoma” izlarini izlab qoldik? To‘g‘risi, real voqelik zamirida tug‘ilgan mitti intuitsiya – ichki sezim yangi fikrga zamin hozirlaydi; odam beixtiyor tafakkur oftobida pishib yetilgan bitta mulohazani dalillash va unga boshqalarni ishontirishni istaydi. Adabiyotshunoslik Abdulla Qodiriy romanlarining shuhrati, ta’sir kuchi, tasvir tiniqligi, tilining shirasiga urg‘u berdi. Zotan, bunday fazilatlar ildizini ham tadqiq etish lozim. Iste’dodli adibning o‘zbek, rus va jahon adabiyotidan, xalq og‘zaki ijodi va xalqning jonli tilidan bahramand bo‘ldi. Bunga shubha yo‘q. Fikrimcha, ushbu bahramandlik ildizining bir qirrasi “Boburnoma”ga borib taqaladi. Shuning uchun “Boburnoma” bilan “O‘tkan kunlar” orasidagi poetik bog‘lamni o‘zaro taqqoslashga zarurat seziladi. Abdulla Qodiriy epik tafakkur tarzi, nasrining badiiy jozibasi, go‘zal tili qup-quruq sahroda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Tekis sahroda haybatli tog‘ o‘sib chiqishi uchun o‘sha yer ostida qaynoq vulqon buloqlari bo‘lishi shart. “O‘tkan kunlar” romani uchun “Boburnoma” shunday buloqlardan biri vazifasini o‘tagan bo‘lsa, ne ajab?!
“Umr – otilg‘an o‘q emish”
Har qanday asardagi hayot va o‘lim, ishq-muhabbat, turmush ziddiyatlari, insonlararo to‘qnashuvlarning bayoni hech kimni befarq qoldirmaydi; umr mazmuni, jon qadri, dunyoga kelish va ketishga tegishli hayotiy hikmatlar esa badiiy asarning falsafiy mazmunini boyitadi. “Boburnoma” va “O‘tkan kunlar” sahifalari shunday o‘gitlardan xoli emas. “O‘tkan kunlar” romanida oradan o‘tgan yillar suroniga boqib Mirzakarim qutidor: “Umr – otilg‘an o‘q emish” deydi; aslida umr mazmuni ustida fikrlamaydigan, hayot mohiyatini o‘ylab ko‘rmagan odam kam bo‘ladi. Zero, Vatan, ona, ishq-muhabbat, hayot, o‘lim, sadoqat, do‘stlik, insonning dunyoga qarashi badiiy ijodning dominant mavzulari sanaladi. Rus adibi Lev Tolstoyning: “Agar inson fikrlashni o‘rgangan bo‘lsa, nimani o‘ylashidan qat’i nazar – u hamisha o‘lim to‘g‘risida fikr yuritadi”, mazmunli gapi bor. Jon qadrini, sinovli dunyo o‘tkinchiligini, imtihonni, o‘limni eslash – O‘zi va o‘zligini anglagan orif insonga xos fazilat. Boburning boshiga turli ko‘rgiliklar yog‘ilib, omad undan yuz o‘girgan va dushmani Ahmad Tanbal odamlari iziga tushib ta’qib etgan, shoir o‘z ta’biri bilan aytganda “ish tadbirdan o‘tgan” kunlarning birida u: “Olamda jon vahmidin yomonroq nima bo‘lmas emish” deb yozadi. Boburning “Boburnoma” asaridagi iqrorlari, haqgo‘yligi, tipirchilab turgan yuragini o‘quvchiga qo‘shqo‘llab tutqazishiga doir realistik tasvirlari dunyo adabiyotidagi juda ko‘p asarlardan benihoya yuqori turadi. Bobur o‘zini, yuragini, yuzini, a’molini, so‘zini, amalini, ko‘zini pardalamaydi. Ikkilanishini, andishasi, g‘azabini, ko‘ngil g‘ulg‘ulasi va bezovtaligini ochiq yozadi. Shar’an qaralganda, kundalik namoz ibodatlari bilan ma’jun iste’moli, odamning aql-hushini oladigan chog‘ir, may ichishning bir inson fitratida jamlanishi maqtaladigan ijobiy xislat emas. Bobur bu shar’iy hukmni har kimdan yaxshi biladi. Shuning uchun yonidagi sheriklarini chog‘irga ham, ma’junga ham majburlamaydi; na ortiqcha dag‘dag‘a, na da’vat qiladi. Holbuki, u o‘zining chog‘ir majlislari-yu ma’junxo‘rligini ham, tonglasi sabuhiy qilishlarini ham bemalol sir tutishi mumkin edi. Uni taftish qilishga, qalami qitirlatib yozayotgan “Vaqoye”ni kuzatib turishga guvohlarning yuragi betlamas edi. Bobur Yaratguvchining “samiun basir”, “kulli shayun qodir”ligiga, barcha ishlarni “kiromin kotibin” maloikalar amal daftariga allaqachon yozib qo‘yganiga inonchi bois haq so‘zlarni bitadi. Butun ayb-u gunohini, ezgulig-u odamiyligini, barcha tavba-yu tazarrularini bor holicha bayon etadi. To‘g‘risi, qiyosning ikkinchi egasi mavlono Abdulla Qodiriyning o‘z qo‘li bilan yozgan bunday tarixiy iqrornomalari, kundaliklari yoki o‘z tabiatiga oid e’tiroflari yo‘q hisobi. Adibning “Suddagi nutq”i, zamondoshlarining xotiralari, Habibulla Qodiriyning “Otam haqida”, Mas’ud Abdullayevning “O‘tganlar yodi” kitoblarida bu xususdagi ayrim ma’lumotlar uchraydi, xolos. Biroq tasavvurimizcha, Bobur bilan Qodiriyning tabiatida, poetik tafakkur tarzida, adabiy-estetik tushunchalari, odamiyligi va borliqni ko‘rishida qandaydir yaqinlik bor. “O‘tkan kunlar”da yozuvchi: “Darhaqiqat, bizning qarshimizg‘a yo‘lbars chiqsa, biz qattiq qo‘rqamiz, chunki bizni o‘lum kutadir, inson uchun dunyoda o‘lumdan qo‘rqunch narsa yo‘q”, deydi. Adib kelgusi voqealarni o‘quvchiga oldindan sezdirishning maxsus adabiy usulini qo‘llabmi yoki ichki bir tuyg‘u da’vati bilanmi, hartugul, Kumush oxirgi maktubida onasiga: “Manim bo‘lsa nima uchundir yuragimda bir qo‘rquv bor…” deb yozadi. Voqealar rivojidan qo‘rquv siri ochiladi, zaharlangan Kumush “jomga o‘qchib qusar edi”. Aybdor Zaynab Yusufbek hoji hovlisidan haydaladi, akalari uni kishanlab qo‘yishadi. Jinnirgani qozi va tabiblar tomonidan tasdiqlangach, jinoyati uchun jazolanish hukmi uning ustidan ko‘tariladi. Zaharlanish hodisasi podshoh Bobur hayotida ham yuz beradi. Hind oshpazlari qo‘lidan zaharli osh yegach, uning ko‘ngli behuzur bo‘ladi. Bu to‘g‘rida: “Obxonag‘a borguncha yo‘lda bir navbat qusayozdim. Yana bir navbat qusayozdim. Obxonag‘a borib, qalin qustum. Hargiz oshdin so‘ng qusmas edim, balki ichganda ham qusmas edim”, deb yozadi u. Aybdorlar jinoyatiga yarasha jazo oladi: birining terisi tiriklayin shilinadi; yana bir aybdor filning oyoqlari ostiga tashlanadi. Bir o‘limdan qolgan Bobur go‘yo onadan qayta tug‘ilgandek bo‘ladi. “Tengri menga boshin jon berdi”, deya shukrona aytadi u. Jon xalqumga kelib ketgan bunday vaziyatlarda inson uchun joni aziz ko‘rinadi. Shunda umr mazmuni, tiriklik ne’mati ustida o‘ylaydi. Bobur iqroran yozadi: “Jon mundoq aziz nima emish, muncha bilmas edim, ul misra borkim: Kim o‘lar holatqa yetsa, ul bilur jon qadrini…” Aslida inson hayoti ijtimoiy-ma’naviy, ruhiy-moddiy va boshqa ziddiyatlar hamda murakkab holatlar asosiga quriladi; o‘zini va o‘zligini anglaganlar fursatni g‘animat bilib, oxirat kuni uchun ozuqa jamlaydi; savol-javobga hozirlik ko‘radi. Chunki Bobur ta’biricha, “har kimki hayot majlisig‘a kiribtur, oqibat ajal paymonasidin ichkusidur va har kishikim, tiriklik manzilig‘a ketibtur, oxir dunyo g‘amxonasidin kechgusidur”. Tiriklik va o‘limga oid “hayot majlisig‘a” kelib-ketishning hikmatona ifodasi juda tig‘iz va qarshilash usulida beriladi. Shu gap davomidan Bobur barchaga mashhur “…dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘” misralariga moslab juda muhim va mardona hayotiy bir gapni yozadi: “Yomon ot bila tirilgandin yaxshi ot bila o‘lgan yaxshiroq”. Bunda “yaxshi-yomon”, “tirilgan-o‘lgan” tazodlari ifoda ta’sirini oshiradi. “O‘tkan kunlar”da o‘zining hayoti mazmunini o‘ylayotgan Yusufbek hoji deydiki: “Men ko‘b umrimni shu yurtning tinchlig‘i va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim… Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni oyoqosti qilishg‘a hozirlang‘an biz itlar yaratguchining qahriga, albatta, yo‘liqarmiz! Temur Ko‘ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ali Sino kabi olimlarning o‘sib-ungan va nash’u namo qilg‘anlari bir o‘lkani halokat chuqurig‘a qarab sudrag‘uchi, albatta, Tangrining qahrig‘a sazovordir”. Hoji besh kunlik umrida “dunyo mojarolaridan etak silkib to‘shai oxirat tadoriki”ni ko‘rishga o‘zida rag‘bat va zarurat sezadi. Darvoqe, Abdulla Qodiriy tirik mahalida o‘z Vatani va millatiga bo‘lgan sevgisi, haq gapi, ezgu amali va bebaho asarlari evaziga hojiga o‘xshab o‘ziga azob-uqubatlar, tuhmat-u bo‘htonlar orttirib oldi. Ammo adibning favqulodda jasorat egasi ekani ham, bu mardona fazilat qahramonlari tabiatiga ko‘chgani ham bor gap. Shu o‘rinda uch dushmani bilan bir o‘zi olishgan Otabekni yoki dor ostida o‘limga tik qarab turgan Anvarning o‘tkir ko‘zlarini eslash o‘rinli, albatta. “Haqiqat, ochib so‘zlashdadir” hikmati hayotiy dasturi bo‘lgan adib “Suddagi nutq”da o‘sha mustabid davrning “odil sud”iga qarata: “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa, “ix” deydigan yigit emasman… Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmagan sodda, go‘l, vijdonlik bir yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha, ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir”, deb aytadi. Keyingi hibs tergovida: “Menga qo‘yilgan ayblarni boshdan oyoq rad etaman. Haqiqat yo‘lida har qanday, hech qanday jazodan, qiynoqdan qo‘rqmayman. Agar otmoqchi bo‘lsalaring, ko‘kragimni kerib turaman…”, deb mardona so‘zlaydi. Xuddi shunday mardona tuyg‘u, haqqoniyat, favqulodda jasorat, ulkan shijoat Bobur umriga, “Boburnoma” matniga nur bag‘ishlaydi. Uning fotihligi, elobodchiligi, bag‘rikengligi, do‘st-u dushmanlariga ko‘rsatgan muruvvati, ayniqsa, farzandidan jonini ham ayamagani uzoq moziyning o‘chmas haqiqati. O‘g‘li Humoyunning dardiga hakimi hoziqlar “…yaxshi nimarsalarni tasadduq qilmoq kerak” deb tashxis qo‘yishadi. Bobur “Humoyunning mendin o‘zga yaxshiroq nimarsasi yo‘q” fikriga keladi va uch marta o‘g‘lining tegrasida aylanib aytadiki: “…men ko‘tardim har ne darding bor”. O‘shal zamon men og‘ir bo‘ldum, ul yengil bo‘ldi. Ul sihat bo‘lib, qo‘pti. Men noxush bo‘lub, yiqildim”. Bunday vaziyatda Haq bilan avliyosifat inson orasidagi pardalar ko‘tariladi. Toza yurakli otaning chin duosi Tangri huzuriga o‘q boradi va ijobat bo‘ladi. Bobur o‘limni mardona bo‘yniga oladi. Bobur nasrida ifoda yo‘sini juda qisqa, kam so‘zga ko‘p ma’no yuklanadi.
Qiyoslanayotgan asarlardagi bunday o‘rinlarga har ikki adib shuuridagi tabiiy sezim va tuyg‘ular ifodasi, imon-e’tiqodli qalam egalarining bayon usuli sifatida qarash o‘rinlidir. Qolaversa, zamonga mos o‘lchamlar izmida qahramonlarning harakat qilishi hamda ularning tafakkur va tasavvuriga uyg‘un ifodalanishi ham har qanday asarning qadr-qiymatini oshiradi.
Yaxshi kitob – umr ziynati
Bobur va Abdulla Qodiriydek allomalar yozgan kitoblar esa insoniyatning ma’naviy mulki. Odamlarning madaniy-ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy darajasini ular o‘qigan kitoblar belgilaydi. Taqdir Alisher Navoiyni 6-7 yoshida “Zafarnoma” muallifi Ali Yazdiyga ro‘baro‘ qiladi. Mo‘ysafid tarixchi bilan bola Alisher o‘rtasida savol-javob bo‘lib o‘tadi. Shunda mo‘ysafid alloma boladan o‘qigan kitoblarini so‘raydi. Navoiy “Mulk”kacha ta’lim olganini aytadi. Shoirning bolaligida “Mantiq ut-tayr”ni yod bilgani barchamizga ma’lum. Tabiiyki, tarixiy kitoblardagi bunday ma’lumotlar tarixiy shaxslar ma’naviy dunyosini ko‘rsatadi; ular qiyofasiga mahobat bag‘ishlaydi. “Boburnoma”da o‘z davrining mashhur akobirlariga baho berilar ekan, ular yozgan yoki o‘qigan kitoblar esga olinadi. Alisher Navoiyga ajratilgan betlarda alloma shoir “Xamsa”, “Lison ut-tayr”, “Gʻaroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoye ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar”, “Mezon ul-avzon” kabi barcha asarlari sanab o‘tiladi. Bobur “Boburnoma”da Alisher Navoiydan boshqa biror shaxs ta’rifida bunday “ko‘b va xo‘b” – keng ko‘lamli to‘xtalgan emas.
Otasi Umarshayx Mirzoni ta’riflar ekan, yozadi: “Ravon savodi bor edi. “Xamsatayn” va masnaviy kitoblarini va tarixlarni o‘qur edi. Aksar “Shohnoma” o‘qur edi. Tab’i nazmi bor edi, vale she’rg‘a parvo qilmas edi”. Zamondoshlaridan ba’zilariga “Hamisha Mus’haf kitobat qilur edi” deb ham ta’rif beradi. Umuman olganda zarurat yuzasidan qaysi bir mashhur ulamo yoki tarixiy joy ta’rifi jarayonida “Sahihi Buxoriy”, “Hidoya”, “Temurnoma”, “Fathnoma”, “Zafarnoma”, “Iskandarnoma”, “Shohnoma” kabi moʻtabar kitoblar esga olinadi. Buning natijasida o‘sha inson yoki makonning ta’rif-tavsifi teranlashib, ularga tegishli tasavvur oydinlashadi. Memuar asarda tarixiy ma’lumot sifatida bunday unsurlarning mavjud bo‘lishi tabiiy. Biroq dunyo adabiyotidagi badiiy asarlar tarkibida eslanadigan mashhur kitoblar muayyan badiiy funksiyani bajaradi. Inchunin, Otabekning “Boburnoma” o‘qishi bejiz emas. Abdulla Qodiriy boshqa qahramonlarini ham ma’lum va mashhur kitoblardan nasibador qiladi. Deylik, Yusufbek hojiga Qur’oni Karim va “Daloyil ul-xayrot”ni, oshiqlarga Fuzuliyning “Devon”ini o‘qitadi. Ra’nosi esa Navoiy, Fuzuliy, o‘zlariga zamondosh shoirlardan Amiriy bilan Fazliy Namongoniyni o‘qigan.
Qodiriyning ikkinchi romani “Chayonning namoyishi” faslida masjiddagi hujralardan biri tasviri keladi. Hujra tokchasiga arab tili grammatikasi “Kofiya”ni sharhlagan Abdurahmon Jomiyning “Sharh mulla Jomiy” asari, hoshiyasida diniy hukmlar izohlangan “Aqoidi ma’alhavoshiy”, mantiqqa doir “Hikmatul ayn”, Marg‘inoniyning “Alviqoya”, Rasululloh (s.a.v.) hayotini yoritgan “Siyari sharif” kabi moʻtabar kitoblar taxlab qo‘yiladi. Kalonshoh mirzo, Shahodat mufti, Abdurahmon domla shu kitoblarni o‘qiganmi-o‘qigan emasmi? Adib ularning qo‘llariga bu kitoblarni tutqazmaydi. Takror aytaman – tokchaga taxlab qo‘yadi. O‘qilmagan kitob – ochilmagan tilsim. O‘qiganlar bilan o‘qimaganlar hech qachon bir-birlari bilan teng kelmaydi. O‘qiganlar olim, ulamo bo‘ladi, o‘qimaganlar ko‘ngliga shayton oralaydi, g‘iybat-u g‘urbatlar bilan mashg‘ul bo‘lishadi.
Har ikki adib asarlarida bundan boshqa ham qiyoslashga munosib o‘rinlar ko‘plab uchraydi. Deylik, “Boburnoma” matnida ba’zan biror voqelik yonida oyat va hadislardan parchalar keladi. Abdulla Qodiriy mumtoz epik an’anaga mos ravishda o‘z asarlarining ayrim sahifalarida zamona hazmi ko‘targuncha “Har bir narsa o‘z asliga qaytadi”, “Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir”, “Agar bir qavmning ishi noahil odamg‘a topshirilg‘an bo‘lsa, bas, o‘shal qavmning qiyomatini yaqin bil”, “Har ishning o‘rtachasi yaxshi”, “Qanoatli aziz, ta’mali kishi xordir” kabi ayrim oyat va hadislarni qo‘llaydi.
Xullas, Abdulla Qodiriy ruhiyati, adabiy-estetik konsepsiyasi, odam va olam xususidagi qarashlari Zahiriddin Muhammad Bobur ruhiga yaqin turadi. Har ikki adib fitratidagi mardlik, jasorat, to‘g‘rilik, haqgo‘ylik, mahorat va iste’dod kabi fazilatlar o‘zaro uyg‘un keladi. Nazarimda, shuning uchun ham Otabek “Boburnoma”ni mutolaa qiladi.
Bahodir NURMUHAMMAD
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-fevraldagi 7-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



