03.12.2024 | 10:19
373
“BOBURNOMA” DANTE DIYORIDA
Tahririyatdan:
Yaqinda Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlaridan biri “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur “Boburnoma” asarini ilk bor italyan tilida ommaviy tirajda chop etdi.

Sohibqiron Amir Temurning avlodi Bobur Mirzo hassos shoir, qomusiy olim, atoqli davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida o‘zidan takrorlanmas va boy ijodiy-ilmiy meros qoldirgani barchaga ma’lum.
Bobur ijodining durdonasi, hech shubhasiz, XV-XVII asrlarda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston va Eronda sodir bo‘lgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi “Boburnoma” tarixiy-biografik asaridir. Gʻoyat muhim va ko‘p qirrali ma’lumotlar asosida mohirona tartib berilgan ushbu xotira kitobini mazmun jihatidan beqiyos hayotiy ensiklopediyaga qiyoslash mumkin.
“Boburnoma” o‘zida xalqimizning azaliy qadriyatlari, intellektual va ma’naviy olami xazinalarini ko‘zgu misoli aks ettiradi.
Ushbu nashr o‘zbek va italyan xalqlari o‘rtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi.
Kitob davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning So‘zboshisi bilan ochiladi.
Ma’lumki, “Boburnoma” ko‘p asrlar davomida turli ilmiy yo‘nalishlardagi Sharq va Gʻarb tadqiqotchilarining e’tiborini o‘ziga tortib keladi. Dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan ushbu nodir kitob endilikda birinchi bor italyan o‘quvchilariga ham taqdim etilmoqda.
Asarni italyan tilida nashr etish jarayonlariga mazkur nashriyot rahbari Sandro Teti boshchiligidagi malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlarning katta guruhi jalb etildi. Kitobni tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida ishtirok etdi. Ayni vaqtda ushbu loyihani amalga oshirishda O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi xodimlari ham yaqindan amaliy yordam berganini qayd etish lozim.
Atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini tomonidan yozilgan kirish so‘zida Bobur “So‘z san’atiga mehr qo‘ygan buyuk hukmdor yoxud saltanatni sevgan buyuk adib”, deb ta’riflanadi. “Boburnoma”ni o‘qishga jazm qilgan yevropalik kitobxon undan bosh ko‘tarolmay qolishi shubhasiz. Shu asnoda insonparvar papa Piy II – Enea Silvio Pikkolominining “Izohlar”i, imperator Pyotr Leopold Gabsburgning avtobiografik mulohazalari beixtiyor xayolga keladi; ba’zan o‘quvchi o‘zini Montenni, ba’zan esa Marko Polo yoki Buyuk Fridrix yoxud Melvillni mutolaa qilayotgandek his etadi”, deb ta’kidlaydi Kardini.
Tarjimon Federiko Pastore kitobga yozgan sharhida “Boburnoma” “o‘z davrining kundalik hayotini qayta tiklashga imkon beradigan, islom tamadduniga xos avtobiografik asarning ilk rostgo‘y namunasi” ekaniga alohida urg‘u beradi.
Asar akademik Sh.Sirojiddinov, Q.Ma’murov, Z.Teshaboyevalar tomonidan 2024-yilda asliyatdan ingliz tiliga tarjima qilinib, “Anor” nashriyotida chop etilgan nusxasidan italyan tiliga o‘girildi.
Ushbu nashr Bobur Mirzo yodnomalarining barcha xususiyatlarini imkon qadar ko‘proq va to‘liqligicha saqlab qolgan holda, boburiylar davriga oid 96 ta badiiy miniatyura bilan bezatilgan. Bu suvratlar o‘sha zamon uchun tarixiy, geografik, etimologik omillarni to‘liq hisobga olgan holda, kitob qahramonlarining xarakterlari va ichki dunyosini haqiqiy, realistik tarzda ochib beradigan rangtasvirning ilg‘or yo‘nalishi o‘laroq teran ma’nosi, ranglar jilosi va nafis bezaklari bilan ajralib turadi.
Shu kunlarda janob Sandro Teti yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi. “Jadid” gazetasi muxbiri u kishi bilan suhbatlashib, mazkur kitob to‘g‘risida, xususan, nashriyotning O‘zbekiston bilan bog‘liq rejalari haqidagi fikrlarini yozib oldi. Quyida ushbu suhbatdan parcha e’lon qilinmoqda. Suhbatning to‘liq matni va audio-video shakli bilan gazetaning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tanishish mumkin.
* * *
Sandro Teti:
Avvalo, shuni alohida ta’kidlashim kerakki, mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi uchun juda muhim va sharafli bo‘lgan bu loyihani ro‘yobga chiqarganimizdan behad mamnunman. “Boburnoma”dek buyuk adabiy-tarixiy asarning shu mahalgacha italyan tilida tarjimasi mavjud emasligidan, ochig‘i, uyalib yurardik. Bugungi katta xursandchiligimning boisi shuki, bu asarning to‘liq tarjimasi va nashrini aynan bizning nashriyotimiz amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Yana bir muhim jihatni aytib o‘tmoqchiman. Biz bu noyob asarni italyan tiliga ingliz tili orqali tarjima qildik. To‘g‘ri, “Boburnoma” shu kunga qadar bir qator taniqli ingliz va amerikalik olimlar tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Lekin hozirga qadar u o‘zbek boburshunoslari tomonidan jahonning bu yetakchi tiliga tarjima qilinmagan edi.
Yaqinda akademik Shuhrat Sirojiddinov rahbarligida o‘zbek tilshunoslari va turkologlari jamoasi tomonidan “Boburnoma” ingliz tiliga tarjima qilindi. Mening nazarimda, bu ish sharqshunoslik ilmi va badiiy tarjima sohasidagi ulkan voqea bo‘ldi. Zero, o‘zbek olimlarining asliyatdan, ya’ni eski o‘zbek tilidan ingliz tiliga qilgan tarjimasi, o‘ylaymanki, o‘quvchiga asar mohiyati va salobatini imkon qadar to‘liq aks ettirishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham nashriyotimiz aynan ushbu tarjimani asos qilib olishga qaror qildi.
Quvonchimning yana bir sababi shuki, “Boburnoma” italyan o‘quvchilari orasida tez tarqalmoqda, u allaqachon mamlakatning ko‘pgina kutubxonalari fondlaridan munosib joy egalladi. O‘zbekiston tarixiga qiziquvchilar, shuningdek, Markaziy Osiyo, Hindiston, Pokiston va Afg‘oniston tarixi bilan shug‘ullanayotgan olimlar bu nashrga jiddiy e’tibor va qiziqish bildirmoqda. Menimcha, bu juda katta yutuq.
Negaki, “Boburnoma”da mazkur o‘lkalarning tarixi, tabiati, ularni makon tutgan xalqlar etnografiyasiga oid o‘ta noyob ma’lumotlar keng o‘rin olgan. Bobur shaxsan o‘zi ko‘rgan, guvohi bo‘lgan voqea-hodisalarni haqqoniyat va mahorat bilan qalamga olgani bilan ham bu asar o‘ta qimmatlidir.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tishim kerakki, Italiyada bugungi kungacha buyuk Bobur yaratgan imperiyani “Mo‘g‘ullar davlati” deb atab kelguvchilar ham bor. Bizning tarjimamiz va nashrimiz ushbu tarixiy adolatsizlik va xatolikni to‘g‘rilashga, mazkur imperiyani ilmiy haqiqatga mos ravishda “Boburiylar saltanati” deb atashga zamin yaratadi.
“Boburnoma”dek ulug‘ asarning kitobxonlar orasida keng targ‘ib qilish bizning yana bir muhim vazifamizdir. Biz uning keng ko‘lamli sotuvini tashkil qilishdan tashqari, sifatli targ‘ibotini ham boshladik. Kitobning ilk xalqaro taqdimoti joriy yilning 4-dekabr kuni Rim shahrida bo‘lib o‘tadi. Tadbirda xalqaro va italyan ilmiy jamoatchiligi vakillari, mutaxassis-olimlar, professorlar qatorida O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchisi janob Abat Fayzullayevning ham ishtirok etishi kutilmoqda. Marosimda “Boburnoma”ning italyancha nashrini kamina, shuningdek, Florensiya va Parij universitetlari professori Franko Kardini birgalikda ishtirokchilarga taqdim etishni rejalashtirganmiz.
Albatta, kitob targ‘iboti shu birgina taqdimot bilan cheklanib qolmaydi. Biz 14-fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun munosabati bilan ikki joyda – Rim shahrida joylashgan La Sapiyensa universitetida (aytish joizki, bu dargoh talabalar soniga ko‘ra Yevropada birinchi o‘rinda turadi), shuningdek, Italiyaning eng nufuzli ta’lim maskanlaridan bo‘lmish Neapol universitetida ham taqdimotlar o‘tkazishni ko‘zlamoqdamiz.
Neapoldagi Sharq universiteti sharqshunoslik sohasi bo‘yicha Gʻarb dunyosidagi eng qadimiy muassasalardan biri bo‘lishi bilan birga, bugungi kunda yuksak ilmiy salohiyati bilan ham alohida ajralib turadi. Eng muhimi, ushbu universitet hozirda turkiy dunyoni o‘rganish bo‘yicha xalqaro markazlardan biri sanaladi. Bu dargohda qadimgi turkiy tillarni, jumladan, zamonaviy o‘zbek tilini ham mukammal biladigan italyan olimlari ilmiy faoliyat olib bormoqdalar.
O‘zbek do‘stlarimiz bilan hamkorlikda amalga oshirgan nashrimiz kelgusidagi katta ishlarning boshlanishi, deb o‘ylayman. Nega desangiz, albatta, Bobur tarixda o‘tgan buyuk siymolardan biri, biroq u yagona shaxs emas. Mamlakatingiz nihoyatda boy tarixiy va madaniy merosga egadir. Masalan, Mir Alisher Navoiy hazratlarini olaylik. Biz ayni kunlarda Navoiyning “Lison ut-tayr” asari tarjimasi va nashri ustida ishlamoqdamiz. Umuman olganda, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti, she’riyati, ilm-fani shunchalar keng va olamshumulki, bizning bu boradagi ishlarimiz hali yana uzoq davom etadi, degan umiddaman.
O‘zbekistonning Gʻarb dunyosidagi ishonchli hamkorlaridan biri – bu Italiya davlatidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani buning yaqqol dalilidir. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish – bu, albatta, muhim, ayni chog‘da biz madaniy-gumanitar aloqalarni, xususan, turizm, adabiyot va san’at, kino kabi sohalarda o‘zaro almashinuvni kuchaytirishimiz maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Shu munosabat bilan davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni, ta’bir joiz bo‘lsa, men jangovar hamkorlik, degan bo‘lardim. Bunday deyishga yetarlicha asoslarim bor.
Bizni qiziqtirgan mavzulardan yana biri o‘zbek xalqining nafaqat Yevropani, balki butun dunyoni fashizm balosidan xalos etishga qo‘shgan hissasi bilan bog‘liq. Hozirgi paytda o‘zbek partizanlarining Yevropadagi qahramonliklari haqidagi noyob tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitob ustida ishlamoqdamiz.
1943–1945-yillarda nemis va italyan fashistlari Italiyani istilo qilib turgan bir paytda Italiya ichkarisida ularga qarshi qudratli partizanlik harakati vujudga keladi. O‘shanda nemis asirligidan qochishga muvaffaq bo‘lgan bir qancha o‘zbek harbiylari bizning mahalliy partizanlar safiga kelib qo‘shiladi va Italiya ozodligi uchun jasorat bilan kurashadi. Ularning ayrimlari qonli janglarda halok bo‘lgan, tirik qolganlaridan ko‘plari Italiya va O‘zbekistonning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.
Men Prezidentingiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan “Gʻalaba bog‘i”ni ziyorat qilganimda, u yerdagi “Shon-sharaf” muzeyida aynan Italiya tuprog‘ida jang qilgan qahramonlar nomi borligini ko‘rib, faxr va g‘ururga cho‘mdim. Quroldosh birodarlar ekanimizni chin yurakdan his qildim.
Yuqorida aytganimdek, biz hozirgi kunda Italiyaning fashizm balosidan ozod etilganining 80 yilligiga bag‘ishlab maxsus kitob-albomni nashrga tayyorlamoqdamiz. Unda o‘zbek xalqi vakillarining Yevropa, xususan, Italiya ozodligi uchun olib borgan mardonavor kurashi ham yoritiladi. Biz bu borada ilgari ma’lum bo‘lmagan juda qiziqarli faktlardan foydalanmoqchimiz. Kitobda partizanlar safida jang qilgan o‘zbekistonlik jangchilarni nomma-nom eslashdan tashqari, yurtingizda, front ortida turib g‘alabaga hissa qo‘shgan oddiy xalq matonati haqida ham ma’lumot beriladi. O‘zbek xalqi front uchun qurol-yarog‘ ishlab chiqargan, yarador jangchilarni davolab, hayotga qaytargan, yuz minglab qochqinlar, yetim qolgan bolalarga boshpana bergan bag‘rikeng va olijanob xalqlardan biri hisoblanadi. Maqsadimiz ushbu tarixiy haqiqatni barcha yevropalik o‘quvchilar e’tiboriga yetkazish, ularni bundan xabardor qilishdir.
Mazkur kitob taqdimoti doirasida O‘zbekistonning fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritiladigan keng ko‘lamli xalqaro ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazishni ham rejalashtirganmiz. Anjumanda o‘zbek va italyan rasmiy doiralari vakillari, tarixchi olimlarining ishtiroki kutilmoqda. Gap shundaki, fashizm ustidan g‘alaba haqida gap ketganda, asosan sobiq Sovet Ittifoqi nazarda tutiladi. Holbuki, adolat nuqtayi nazaridan olganda, bu g‘alabaga o‘zbekistonliklar ham munosib hissa qo‘shgan. Xalqaro hamjamiyat bu haqiqatdan, albatta, xabardor bo‘lishi zarur, deb hisoblayman.
Suhbatni Zarnigor Ibrohimova yozib oldi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 29-noyabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



