18.02.2025 | 16:46
986
“AL-ISLOH” JURNALI
1914-yilning 14-yanvari (hijriy 1333-yilning 12-rabbiulavvali)dan G.Ya. Yakovlev tipolitografiyasida chiqa boshlagan (1916-18-yillari O. A. Porsev litografiyasida chop etilgan). Muharriri Sayyoh Abdurahmon Sodiq o‘g‘li (Muhammad hoji o‘g‘li Sodiqov 1879-1918) bo‘lgan. “Sayyoh” so‘zi uning ko‘p mamlakatlarni sayohat qilganiga ishoradir.

Muharririyat Sayyohning Shayxontohur dahasining Qatorterak guzaridagi hovlisiga joylashadi. Unga “Al-Islox”ni chiqarishda Munavvarqori yaqindan yordam bergan. Jurnal 32 sahifadan iborat (1918-yilga kelibgina 16 sahifaga tushib qolgan). “Al-Isloh” o‘n besh kunda bir chiqadigan diniy, ilmiy, axloqiy, tarixiy va adabiy jurnal bo‘lgan. Uning vazifalari 1-sonida shunday ifoda qilingan: “1. “Isloh” – zamon iqtizosincha musulmonlarg‘a diniy va dunyoviy xidmat edajak eng oliy majalladur. 2. “Isloh” – islomning asliy ta’limotini avorizlar (illatlar)dan pok edub bayon edajakdur 3. “Isloh” – musulmonlarning axloqlarini tahzib (tarbiya) edajak majalladur. 4. “Isloh” – soiri ashxos (taniqli shaxslar) tarafidan suol edilmish shar’iy amrg‘a javob verajak majalladur. 5 “Isloh” – Toshkand ulamo va ag‘niyolarining ehtimomlari (boylarining harakati, himmati) ila nashr bo‘lajak majalladur”.
“Al-Isloh” jurnali garchi boshqa nashrlar singari o‘zbek tilida yozilgan maslak va maqsadi bilan tanishtirish yo‘lidan chekingan bo‘lsa-da, uning maqola yozuvchilar oldiga qo‘ygan talablari bu vazifani muayyan darajada bajargan: “ 1. Maqolalar turkiy yo forsiy tilda sof iboratlar ila va arabiy jumlalar a’rob (sodda arablar tilida) va tarjimali bo‘lsun; 2. Maqolalar xilofi hukumat, zoti nafsoniyat, mazhabiy xusumatidan pok bo‘lsun; 3. Maqolalar imzosiz va xilofi tahzib bo‘lsa, majallada o‘run berilmayur; 4. Maqolalarning munosib lafziy tag‘yir va tabdil va hakk va fikkig‘a (munosib va yoqimli uslubga solish uchun so‘zlarnn almashtirishga) muharrir ixtiyorlikdur; 5. Maqolalar biror sabab ila majallag‘a yozilmas (bosilmas)dan qolmishi egasiga qaytarilmayur; 6. Maqola yozg‘uvchining royi’g‘a ixtilof edilsa, muharrir javobgar emasdur”.
Jurnal dastlabki sonini 3 sahifalik “Munojot” bilan ochgan. Keyin fors tilida “Shugufai muddao” degan material o‘rin olgan bo‘lib, unda “Al-Isloh”ni nashr etishdan ko‘zlangan niyat, islohotning mohiyati, ulamolar tomonidan amalga oshiriladigan islohot qanday bo‘lajagi bayon etilgan. Shu sondan “Islohi qavm” va “Islohning illatlari” sarlavhali maqolalar ham o‘rin olganki, bular ham ma’lum darajada jurnalning maslak va maqsadini oydinlashtirishga xizmat qilgan.
“Al-Isloh”da Muhammad payg‘ambarimiz va uning yaqinlari hayotiga oid materiallar chop etilgan. Qur’oni karim, hadisi sharifning mohiyati haqida tushuntirish berilgan. Amri ma’ruf, nahiy munkar nima ekanligi bayon etilgan. Bunday materiallar jurnalning deyarli har bir sonidan o‘rin olgan. Shu bilan birga, jurnalda mavjud voqelik taqozosi bilan islom dini mohiyatiga oid yangi fikrlar ham bildirilgan. Yuqorida islom dini haqida muayyan sabablarga ko‘ra, yangi ijtimoiy voqelik – kapitalistik munosabatlar qaror topayotgan davrga kelib turlicha fikr va qarashlar bildirildi, deyilgan edi. “Al-Isloh” jurnali muharriri Abdurahmon Sayyoh Arabiston, Hindiston, Turkiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda bo‘lib, taraqqiyot zamoniga kelib islomdagi ayrim aqida va arkonlarning eskirib qolganligini anglagan va ularni davr talablari asosida qayta ko‘rib chiqish, isloh qilish zarurligini his etgan. Shu bois jurnalning bosh maqsadi va vazifasi musulmonlarni Qur’oni karim va sunnatlarga muvofiq keladigan yo‘lga tushirish bo‘lgan. Bu, eng avvalo, jurnalning diniy masalalar borasida uyushtirgan bahs-munozaralarida ko‘rinadi. “Al-Isloh” diniy-islomiy nashr bo‘lgani uchun bahs-munozaralar qo‘zg‘ash uchun dini mubinimizda ko‘p tarqalgan yo‘l – savol-javob usulidan keng foydalandi. Jurnal ko‘targan masalalarning aksariyati yangi ijtimoiy voqelik bilan bog‘liq edi. Chunonchi, Turkiston Rossiya tomonidan zabt etilgandan so‘ng o‘lkaga kirib kelgan yevropacha madaniyat, turmush tarziga musulmonlar qanday munosabatda bo‘lishlari kerak, yangi ijtimoiy tuzum zaminida qanday faoliyat ko‘rsatishlari lozim mazmunidagi kator muammolar paydo bo‘ldi. Yevropacha kiyinish, g‘ayrimusulmonlar tayyorlagan ovqatlardan tanovul qilish, jonivorlar g‘ayrishar’iy so‘yilganda, go‘shtini yeyish yoki yemaslik, metall qoshiq, vilka va hokazolardan foydalanish, stol-stullarda o‘tirish kabi maishiy masalalar islom dini nuqtayi nazaridan bir karra muhokama qilindi. Mazkur masalalar, garchi mayda-chuyda bo‘lib ko‘rinsa-da, o‘sha davrda diniy e’tiqod jihatidan musulmonchilikni pok saqlashdek muhim masalaga borib taqalardi. Ushbu masalalarga munosabatda ulamolar ikki guruhga ajraldilar. Birlari yangi voqelik yuzaga keltirgan sharoitga m-utlaqo moslashmay, uni tamomila inkor etish yo‘lini tutdi. Ikkinchi guruh esa, yangi voqelikka nisbatan istiqboldan turib nazar solgan holda yondashish tarafdori bo‘ldi. Jumladan, mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy yevropacha kiyinish, g‘ayrimusulmonlarning ovqatlaridan tanovul qilishni islom dini nuqtayi nazaridan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan hodisa sifatida talqin etishga harakat qildi (“Kiyim va tashabbuh masalasi”. – “Oyina”, 1914, 34-son; “Tahsil va safari zamon va taom”. – “Oyina”, 1915,15-son). Ortodoksal islom nuqtai nazarini himoya qilgan ulamolar Behbudiy hazratlarining fikrlarini rad etishga urindilar. Xotin-qizlarni ma’rifatli qilish, ularning hijobda yurishlari masalasida ham ulamolar bir-biriga muxolif ikki guruhga bo‘lindilar. Adabiyot va san’at borasida ham ziddiyatli fikrlar to‘qnashuvi bo‘ldi. Xususan “musiqa harommi, halolmi” degan masalada musiqaga salbiy munosabat bildirgan Fazlulvahhob qori maqolasi (1915-yil 21-son) va unga qarshi Ashurali Zohiriyning javobi (1916-yil 2-son) o‘sha davr ziyolilarida katta fikriy qo‘zg‘olish hosil qildi. Ushbu masalalar bo‘yicha qizg‘in muhokama ketganda, “Al-Isloh” fikran muxolif bo‘lgan tomonlarning vakillariga jurnal sahifalaridan bemalol o‘rin ajratdi. Shu bois unda Sadriddinxon, Ahmadxo‘ja eshon, Fazlulvahhob qori, Saidahmad Vasliy, Muftizoda, Olimxon to‘ra singari konservativ fikrli ulamolar bilan bir qatorda Ashurali Zohiriy Zavqiy, Mirmuhsin Shermuhammad o‘g‘li, Muhammad To‘raquliy kabi zamona o‘zgarishlarini hisobga oluvchi ziyolilarning maqolalari baravar chop etildi. Bu albatta, jahongashta muharrirning o‘ziga xos taktik yo‘li edi: tomonlar bahslashishi jarayonida muhokamalar rang-barangligidan tashqari, tabiiy ravishda fikriy uyg‘onish sodir bo‘lishiga umid qilgan. Ayni paytda, bunday bahslarda ulamolarning fikriy saviyasi, dunyoqarashi aniqroq bilinardi. Jurnal sahifalari barchaga ochiq bo‘lgani uchun unda Vasliy, Tavallo, Sidqiy Xondayliqiy, Kamiy, Is’hoqxon Ibrat kabi katta avlodga mansub adiblar bilan birga, adabiyotga endigina kirib kelayotgan ijodkorlar ham she’rlari bilan qatnashdilar.
Shuni ham ta’kidlash zarurki, mustabid hukumat jurnal sahifalarida ketgan bahs-munozaralarga aralashmaslikni lozim ko‘rdi. Bahslar jamiyatning siyosiy yoki iqtisodiy manfaatiga borib taqalgan vaqtdagina munozarlarga keskin munosabat bildirdi (ribo, ya’ni sudxo‘rlik masalasi ko‘tarilganda so‘z banklarga pul qo‘ygan musulmonlarning oladigan foydasi ham sudxo‘rlik, binobarin u islom nuqtayi nazaridan harom degan hukmga borib taqalganda, mustabid hukumat vakillari banklarning manfaatini himoya qilish maqsadida “Al-Isloh” jurnali ijodiy xodimlariga tanbeh berishgandi).
“Al-Isloh”da bobiylik mazhabi to‘g‘risida talaygina materiallar bosilgan. Ularni o‘qigan kishida jurnal mazkur mazhabga moyillik bilan qaragan ekan, qabilida tasavvur qoladi.
Umuman olganda, “Al-Isloh” jurnali har bir masalaga qat’iy qarashi, munosabati yorqin aks etib turadigan jadidlar matbuotidan ko‘p jihatlari bilan farq qilardi. Buni ichki Rossiyadagi publitsistlar ham qayd etishgandi. Jumladan, “Vaqt” gazetasining 1916-yilgi yanvar sonlarida jurnalist Kabir Bakirning “1915-nchi yilda milliy hayotimiz” sarlavhali maqolasi bosilgan bo‘lib, unda Turkistonda chiqqan milliy matbuotga ham munosabat bildirilgan. Jumladan, u quyidagilarni yozgandi: “So‘g‘ish (urush) sababli g‘azetalar hozirga kamaymadilar. Faqat bir qismi haqlarin (bahosini) ortdirarg‘a va bir qismida jussalarin kamayturargag‘ina majbur bo‘ldilar. Turkiston bundan mustasno. Birinchi martaba g‘azeta chiqarila boshlabda davom eta olmag‘on Turkiston shaharlarinda 1914-da nashr etila boshlag‘on “Sadoi Turkiston” … “Sadoi Farg‘ona” …g‘azetalari ila “Oyina” majallasida …o‘zlarin ta’min etarlik mushtariy jalb eta olmov sababli to‘qtaldilar. Hozir Turkistonda “Al-Isloh” isminda yolg‘uz diniy bir majalla qoldi. Toshkand ulamosi isminda chig‘arila boshlag‘on bu majallada zamon va ahvol iqtizosina (taqozosi, talabiga) muvofiq bir maslak ta’qib eta olmadig‘indan turkistonlilar ichun oning bori bilan yo‘g‘i orasinda oyurma yo‘qdur”.
Ushbu fikrga “Al-Isloh” muharririyati nomidan jurnalning 1916 yilgi 1-fevral sonida “Dinimizi zamon va ahvol iqtizosinami qurbon edalim?” sarlavhali maqolada munosabat bildirilgan. Mana o‘sha munosabat: “…anglashildikina ko‘ra, muhtaram Kabir Bakir afandi umumturkistonlilari o‘z maslakina da’vat va taklif edar. Ya’ni Yovrupolashmaka chog‘irar. Yovrupolashmak nadur? Yovrupolashmak, muhtaram Kabir Bakir afandining maslakincha, eng birinchi shundan iboratdurki: zamon va ahvolning iqtizo va xohishi na o‘lsa, ango muvofiq maslak ta’qib edingiz va yo‘l tutingiz. Chunonchi, Farangiston tutmish edi va ta’qib etmish edi: umummaktablardan diniy ta’limni chig‘orub va bolalarni diniy ta’limdan mahrum qoldurub “hurriyat” ismini vermish edi… Turkiston aholisi … yosh va keksa hech biri zamon naqadar iqtizo va ahvol harchand taqozo etsa-da, iymonini vermas va e’tiqodini bo‘shatmas… islomiyatini siza va sizning maslakdoshlaringiza qurbon etmas, afandim. U siz dedigi va siz istadigi din sotkuvchi, zamon va ahvol iqtizosincha maslak tutkuvchi aholi Turkiston aholisi dagildir (emasdir.)… Murodingiz turkistonlilarning tutdiki maslaki, so‘zimi riyosiz so‘zlasam, yani dini islom turkistonlilar ichun mone’i taraqqiydur, din maslakini qo‘yub, zamon va ahvol iqtizosina muvofiq bedinlik maslakini ta’qib edingiz, demakmidur?.. Muhtaram Kabir Bakir afandi! Sizning maslakingiz zamon va ahvola muvofiqat o‘lsa, bizning maslakimiz Kitobi Alloh- Qur’ona va kitobul rasul – hadisa m-utob’at o‘lur. Siz e’tiqodot, ibodot va muomalatingizda zamon va ahvol iqtizosincha raftor etsangiz, biz tamom ishlarimizda, xoh diniy va xoh dunyoviy o‘lsun, Kitobi Alloh va kitobul rasul amrincha raftor edarmiz. Dinsizlik va shari’atdan tajovuz etmak ila hosil o‘lajak taraqqiyni o‘z dinimiza qurbon edarmiz. Biza har shiydan muqaddam din kiromdur. Biz o‘z dinimiz amrincha va shariatimiz muvofiqatincha ulum va fununi zamonadan hosil-da edarmiz. Inshoollo alg‘araz, siz va sizning maslaqdoshlaringiz ding‘a emas, balki zamon va ahvol iqtizosina muvofiq maslak tutmak ila yetushalmag‘on taraqqiylara ulum va fununlara bahavli Alloh va quvvata yetishurmiz umidindamiz, afandim!” Jurnal javoblarida o‘z maslakini, o‘z yo‘lini himoya qilish yorqin ko‘rinib turibdi. Ayni paytda, unda ilm va fan taraqqiysi yulida islom dini to‘siq bo‘ladimi, yo‘qmi, degan savolga dalillar asosida javob berishdan qochish ham seziladi. Javobda musulmonlarning diniy hissiyotini alangalatish va shu asnoda Kabir Bakir Bakir nazarda tutgan “matbuot va ijtimoiy hayot” munosabatiga oid keskin masalalardan chetga chiqishga urinilgan. Javob maqoladagi bir fakt e’tiborga sazovor. Unda “Muhtaram Kabir Bakir afandining o‘z maqolasinda turkistonli maslakdoshi o‘lon “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona”, “Oyina” majmuasining miliyunlar aholiya molik Turkistondan o‘zlarin ta’min etarlik mushtariy jalb eta olmovlarining sababin bayon etmakdan e’roz (e’tiroz, norozilik) etdikina nazaran biz-da bu sirri fosh etmak istamaduk”, deyilgan. Bu fikr mazkur gazetalar va jurnalning iqtisodiy ta’minot qiyinchiligi tufayli to‘xtadi, degan sababdan boshqa jihatlari borligiga ishoradek tuyuladi.
“Al-Isloh” mardikorlik voqeasi, 1917-yilgi to‘ntarishlar singari ijtimoiy hayotning keskin voqealariga jadidlar matbuoti singari o‘zining keskin va ochiq munosabatini bayon eta olmadi. Ular haqida yozganda, shunchaki xabar berish bilan cheklandi yoki jur’atsizlik ko‘rsatdi. Jumladan, Turkistondagi mahalliy aholini front orqasidagi ishlarni bajarish uchun mardikorlikka olish yuzasidan 1916-yili imperatorning farmoni chiqishi munosabati bilan Toshkentda ko‘tarilgan isyondan so‘ng jurnal bu g‘alayonni tilga olmay, musulmonlarni podshoning farmonini so‘zsiz bajarishga da’vat etdi. Jurnalning 1916-yilgi 1-avgust sonida muharririyat tomonidan berilgan “Ulug‘ podshohimiz va sevikli imperaturimiz domi (so‘z noto‘g‘ri bosilgan) shavkata va davlata hazratlarining Turkiston viloyatindan dushman muqobilinda ko‘kraklarini sipar (qalqon) qilub turg‘on qahramon askarlarg‘a yordam uchun ishchi talab qildiklari haqinda bir-ikki xayrixohona so‘z” sarlavhali maqolada “raiyat orasida amni qoyim qilmoq (tinchlik, omonlik barqaror qilish) uchun” podshohlar xudo tomonidan yuboriladi, unga so‘zsiz itoat etmog‘ingiz kerak, deb Turkiston ahlini imperator farmoniga bo‘ysunishga chaqirdi. Isyon munosabati bilan yuzaga kelgan keskin vaziyatdan keyin “…bu mavqe’da kechmish hodisag‘a nazaran ulug‘larning shafqat va marhamatlarindan umid etmakg‘a o‘run qolmamish esa ham, – deb yozadi “Al-Isloh”, – …ul marhamatlu imperatur hazratlarining daryomisol afvlarig‘a takya qilub (tayanib) baland darajalik ulug‘larning xatopo‘sh domanlarin soyasinda ma’fuv o‘lmak (xatoni bekituvchi etaklari soyasida afv qilinmak), balki avvalg‘idek marhamat va mavhibat (ehson)larindan mahrum qoldirilmaslik umid qilinur… Kechag‘ina bo‘lub kechmish voqea qarshilik qilmak emas, balki ulug‘larimizning huzurlarina borub ajiz va bechoralikni arz etmakning qavoid (qondalarini) va odobini bilmag‘onlikdan vuqu’g‘a kelmish… Xayr, Alloi taolo sevikli podshohimiz va shavkatli imperaturimiz hazratlarini, volidai muhtarama, zavjai mukarrama, valiahd shahzoda va tamomi mutaalluqlari ila baliyoti samoviy va ofati aroziydan (osmondan tushadigan balolardan va yerdagi ofatlardan) o‘z panohida asrab, vuzaro, umaro va asokirlarini (askarlarini) muzaffar va mansur etg‘ay”.
Ko‘rinadiki, “Al-Isloh” jadid matbuoti singari zarur o‘rinlarda mustabid hukumatdan mahalliy aholining manfaatlarini himoya etib, ularning haq-huquqlarini talab qila olmagan, muhim ijtimoiy masalalarda hukmron mustabidlarga yolvorish, ulardan iltimos qilish yo‘lini tutgan.
Ko‘pgina jihatlardan jadidlar matbuotiga nisbatan quyiroq pog‘onada turishiga qaramay, “Al-Isloh” jurnali XX asr boshlaridagi milliy jurnalistikamiz tarixida muayyan iz qoldirdi. Xususan, ulamolarning matbuotga qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirmaklari uchun o‘ziga xos minbar bo‘ldi.
“Al-Isloh”ning 1918-yilgi besh soniga Asqarxon Pahlavonov muharrirlik qilgan. (Oxirgi, 1918-yilgi beshinchi son 15-martda chiqqan). Jurnal jami 77 soni chiqqandan so‘ng chiqishdan to‘xtadi (bunga bolsheviklar hukumatining rahbari 1917-yil oktyabr to‘ntarishidan so‘ng, 1917-yil 8-noyabrda burjua gazeta va jurnallarini yopish yuzasidan imzolagan dekreti sabab bo‘lgani ehtimoldan xoli emas).
Boybo‘ta Do‘stqorayevning
“O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobidan
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



