24.02.2025 | 09:49
635
JONLI OLAMNING HAYOT ZANJIRI
O‘zFA zoologiya instituti direktori, biologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Xolmatov bilan suhbat

– Baxtiyor Rustamovich, Prezidentimizning 2017-yil 4-sentyabrdagi qaroriga asosan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Botanika va zoologiya instituti negizida Botanika va Zoologiya institutlari tashkil qilingan edi. Bu soha rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
– O‘zbekistonga zoologiya tushunchasi fundamental fan sifatida 1950-yilda kirib kelgan. 2012-yilga kelib Botanika va Zoologiya institutlari birlashtirildi. Besh yil davomida bu ikki yo‘nalish vakillari bir institutda faoliyat olib borishdi. 2016-yilning 30-dekabrida muhtaram Prezidentimiz ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvi chog‘ida shu masalaga ham alohida e’tibor qaratib, Botanika va Zoologiya institutlarini qayta tashkil qilish g‘oyasini ilgari surdi. Shundan so‘ng yurtimizda zoologiya fanini rivojlantirish istiqbollari kengaydi va nufuzli xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarildi.
Hayvonot dunyosi butun olamga tegishli. Shu ma’noda zoologiya fanining o‘rni va imkoniyatlari chegara bilmaydi. Biz keyingi paytlarda juda ko‘p yutuqlarga erishdik. Ayniqsa, o‘tgan yetti yil mobaynida institutimiz olimlari tomonidan shu chog‘gacha fanga noma’lum bo‘lgan sakkizta yangi hasharot turi kashf etilgani ham ilmiy tadqiqotlarimiz jahon andozalariga mos ravishda amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
– Institutning asosiy vazifasi nimadan iborat?
– Yurtimizda 11 mingdan ortiq hayvon turi ma’lum. Ularning 10 mingdan ortig‘ini umurtqasiz jonzotlar, qolgan 750 turini umurtqali hayvonlar tashkil etadi.
Bularga baliqlardan boshlab qushlar, sut emizuvchilar, sudralib yuruvchilar va hasharotlar ham kiradi.
Bizning asosiy vazifamiz ana shu hayvonot dunyosini kompleks o‘rganish, ularning tur tarkibini aniqlash, yo‘qolib borayotgan kamyob turlarni muhofaza qilish choralarini ishlab chiqish, ularning populyatsiyasini tiklashdan iborat. Shuningdek, Zoologiya institutida hayvonot dunyosining davlat kadastrini yuritish, suv havzalaridagi gidrobion organizmlar populyatsiyasini nazorat qilish va zararkunanda hasharotlarga qarshi kurash choralarini tadqiq qilish bo‘yicha ham qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
– Siz zararkunanda hasharotlar haqida ham gapirdingiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina termitlar har yili dunyo miqyosida 40 milliard dollar zarar keltirayotgan ekan. Bugungi kunda ular ba’zi madaniy obyektlarimizga ham ziyon yetkazmoqda. Bu muammoning oldini olish borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?
– Termitlar masalasi juda dolzarb bo‘lib, bugungi kunda ularning 2800 turi aniqlangan. O‘zbekistonda esa termitlarning ikki turi keng tarqalgan. Ular bino va turar joylarning yog‘och konstruksiyalariga jiddiy zarar yetkazadi.
Termitlarning hayot tarzi juda qiziq. Ular jamoa shaklida bir uyada 5-6 ming termit turli tabaqalardan iborat yaxlit oila sifatida yashaydi. Shoh va malika termitlar ana shu oilaning ota-onasi hisoblansa, ko‘p sonli ishchi va askar termitlar xizmatchilar sanaladi.
Termit – instinkti nihoyatda rivojlangan hasharot. Ular ozuqa jamlash bilan birga qish mavsumida yer ostida zamburug‘lar yetishtirish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Hatto, bu zahmatkash mitti jonivorlar lichinkalarini oziqlantirish uchun butun boshli “zamburug‘ bog‘lari”ni yaratadi.
Insoniyat pandemiya davrida karantin holatida qanday yashagan bo‘lsa, termitlar yaralganidan buyon ana shunday tartibga qat’iy rioya qiladi. Ya’ni, uyadagi termitlar jamoasidan birortasi kasallikka chalinsa, qolganlari tezlik bilan barcha kameralarni yopib, kasallik tarqalgan joyda o‘ziga xos himoya chorasini ko‘radi. Shu tariqa ular sog‘lom jamoadoshlariga infeksiya yuqishining oldini oladi.
Termit asli cho‘l hasharoti bo‘lib, yantoq, saksovullar bilan oziqlanadi. Ular shamol tufayli yoki cho‘ldan o‘tin sifatida terib kelingan saksovul va yantoq orqali aholi yashaydigan joylarda ham tarqalishi mumkin. 2012-yili Zoologiya instituti huzurida Respublika termitlarga qarshi kurash markazi tashkil etilgan edi. O‘tgan yildan boshlab ushbu markaz faoliyati to‘liq davlat budjetidan moliyalashtirilmoqda. Bugun markaz o‘zining biologik laboratoriyasiga ega, respublika bo‘ylab termitlardan zararlanishga qarshi vositalarni ishlab chiqarmoqda.
– Siz Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi “Biotexnologiya va biologiya fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy-texnik kengash raisining o‘rinbosari sifatida ham faoliyat olib bormoqdasiz. Ayting-chi, biologik obyektlarda flora va fauna dunyosidan foydalanish tartibi bugun qay holda?
– Kengashda respublikamizda biologiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar tomonidan taqdim qilingan loyihalar keng miqyosda muhokama qilinib, shu asosda moliyalashtiriladi. O‘simlik va hayvonot dunyosidan to‘g‘ri foydalanish masalasiga kelsak, bioxilma-xillikni saqlab qolish kelajak uchun juda muhim. O‘simlik va hayvonot dunyosi hayotimizning asosini tashkil qiladi. Biz ular orasidagi muvozanatni saqlay olsak, ekologik buzilishlar, iqlim o‘zgarishlariga ham barham berishimiz mumkin. Atrof-muhitni muhofaza qilish uchun daraxt va butalar ekish bilan bir qatorda tiriklik olamini asrash ham kerak.
Men yaqinda Xitoyning Shinjon provinsiyasidagi tabiat qo‘riqxonasida bo‘ldim. Mazkur qo‘riqxona hududi taxminan 15 ming kilometr kvadrat, ya’ni qariyb Toshkent viloyatining umumiy maydoniga teng. Ikki soat davomida qo‘riqxonani boshidan oxirigacha kezgan bo‘lsak, birorta qushga ko‘zim tushmadi. Qushlarsiz osmon juda befayz tuyularkan odamga. Tabiat jonzotlaridan noratsional foydalanish, ov uchun barcha to‘siqlarning olib tashlanishi bunga asosiy sabab bo‘lgan. Bugun Xitoy hukumati hayvonot olamini tiklash uchun juda katta investitsiya mablag‘larini jalb qilyapti. Hozir bu qo‘riqxonadagi har bir jonzot o‘zining ID raqamiga ega, ya’ni ularga e’tibor judayam kuchaytirilgan. Bu bilan nima demoqchiman? Avvalo, bizdagi bioxilma-xillik obyektlarida hayvonot va o‘simliklar dunyosidan ratsional foydalanish huquqiy jihatdan to‘liq tartibga olingan. Zotan, bioxilma-xillik muhofazasiga e’tibor qaratmagan davlat oxir-oqibat uni qayta tiklash uchun ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘ladi.
– Yaqin kunlarda axborot nashrlarida bir guruh xitoylik zoologlar, shu jumladan, Xitoy fanlar akademiyasi direktori Kiao Geksiya va Xitoy milliy zoologiya muzeyi direktori Chen Junning yurtimizda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgani haqidagi xabarlarga ko‘zim tushdi. Xalqaro aloqalarning soha rivojiga ta’siri haqida ham aytib o‘tsangiz.
– Albatta, ilmiy faoliyatda xalqaro hamkorlikning o‘rni beqiyos. Bu bugun biz olib borayotgan tadqiqotlarga yangi metodlarni joriy qilish hamda rivojlangan mamlakatlarda ushbu yo‘nalishlarda erishilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi. Tadqiqotlarimiz natijalari dunyo olimlarining ham muhokamasiga qo‘yiladi. Bizning Yevropa mamlakatlaridagi tegishli ilmiy markazlar, Xitoy Fanlar akademiyasi va zoologiya instituti bilan hamkorligimiz anchadan buyon davom etib kelmoqda. Xitoylik taniqli olimlarning yurtimizga tashrifidan maqsad ham zoologiya bo‘yicha O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini rivojlantirishdan iborat. Kadrlar tayyorlash bo‘yicha belgilab olingan rejalarimizga ko‘ra, institutimizning 8 nafar ilmiy xodimi ushbu mamlakatda ilmiy ishlarini himoya qilishga tayyorlanmoqda. Hamkorligimiz doirasida hayvonot dunyosini o‘rganish va monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma ekspeditsiyalar tashkillashtirib, hozirga qadar fanga noma’lum bo‘lgan yangi turlarni aniqlash va ularni dunyo zoologlari e’tiboriga taqdim qilishni ham rejalashtirganmiz.
– Institutingiz CITES – Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiyaning ilmiy organi hisoblanadi. Siz shu sohaning taniqli mutaxassisi sifatida qaysi masalalarni O‘zbekiston tabiatini asrab qolish uchun kechiktirib bo‘lmas vazifa deb hisoblaysiz? Ekotizim xaritasi bu borada bizga qay darajada yordam berishi mumkin?
– O‘zbekiston CITESga a’zo bo‘lganidan so‘ng Ekologiya vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi uning ma’muriy organi, Zoologiya instituti esa ilmiy organi sifatida belgilangan. Bu tashkilot asosan xalqaro darajadagi yovvoyi hayvonot va o‘simliklar tijoratini nazorat qilib boradi. U hayvonot turlarining kategoriyalari, kamayib borayotgan turlarining noqonuniy savdosiga barham berishga xizmat qiladi. Masalan, har qanday jonzotni O‘zbekistonga boshqa davlatlardan olib kirish yoki ularni yurtimizdan eksport qilish uchun Zoologiya institutining xulosasi olinishi shart. Bu nafaqat iqtisodiy ahamiyatga ega, balki chetdan kelayotgan har qanday hayvonot turining O‘zbekistonda tarqalgan turdoshiga negativ ta’sirining oldini olishga ham xizmat qiladi. Chetdan kirib kelgan qush, baliq yoki hasharot turlari agar bizdagi sharoitga agressiv moslashsa, mahalliy endimik turlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, bir paytlar mayna qushi O‘zbekistonga chetdan olib kelingan. Bugun bu jonivor yurtimizning barcha hududlarini “ishg‘ol qilgan”. Chunki mayna tabiatan moslashuvchan va tajovuzkor bo‘lib, bemalol mahalliy qushlarning inini tortib olishi, ularning ozuqasini o‘zlashtiradi. Mayna o‘zimizdagi ko‘plab qush turlarining kamayib ketishiga sababchi bo‘lgan.
Bundan tashqari, urbanizatsiya jarayoni va mahalliy daraxtlardan ko‘ra ignabargli daraxtlarning ko‘payishi ham mahalliy qush turlarining hayot tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
– Ba’zi sudralib yuruvchi jonivorlarning insonlar tomonidan qirib yuborilishi natijasida kemiruvchi jonzotlarning ko‘payib ketish xavfi paydo bo‘ladi. Aholining atrof-muhitga munosabati borasida ijtimoiy mas’uliyatini oshirish uchun nima qilish kerak?
– Jonli maxluqot dunyosi bir-biri bilan ozuqa zanjiri orqali uzviy bog‘langan. Masalan, qushlar hasharotlar bilan oziqlansa, sudralib yuruvchi hayvonlar kemiruvchilar bilan tirikchilik qiladi. Bu esa jonli olamning tabiiy muvozanatini saqlaydi. Afsuski, ana shu muvozanatning buzilishiga asosan inson ta’siri sabab bo‘lmoqda.
Keyingi paytlarda xalq tabobatida ilmiy asoslanmagan ma’lumotlarga tayanib, bilib-bilmasdan jonzotlardan foydalanish ham muayyan turlarning yo‘qolib ketishi va ikkinchi bir turning ozuqa zanjiri uzilishiga sabab bo‘lyapti.
Biz tabiatdagi hayvonot turlarining monitoringini doimiy ravishda olib boramiz. Yo‘qolayotgan turlar populyatsiyasini tiklash maqsadida aynan shu tur tarqalgan hududlarda ishlab chiqarish obyektlari, turar joy barpo etish yoki boshqa texnologik jarayonlarni to‘xtatish haqida xulosalar beramiz. Hozirgi kunda yurtimiz hududlarida shamol elektr stansiyalari barpo etilyapti. Lekin bu inshootlar qushlarning migratsiya yo‘nalishiga to‘g‘ri kelib qolgudek bo‘lsa, ular parvozini o‘zgartirib, boshqa mamlakatlarga uchib ketishi mumkin. Oqibatda yurtimiz faunasiga zarar yetadi. Shu bois bizning ornitolog olimlarimiz shamol elektr stansiyalarining havo turbinalarini qushlar uchish yo‘lagidan xoli hududlarda o‘rnatilishiga yordam berishmoqda.
Umuman olganda, Zoologiya institutida hayvonot dunyosini muhofaza qilish borasida salmoqli amaliy ishlar olib borilyapti. Lekin bizni o‘rab turgan olamni asrab qolish borasida faqatgina mutasaddi tashkilotlar emas, balki har bir oila, har bir yurtdoshimiz faollik ko‘rsatmog‘i kerak. Buning uchun har bir inson o‘zining ijtimoiy mas’uliyatini chuqur his etishi, jamiyatda ekologik ong va ekologik madaniyatni rivojlantirishimiz zarur. Buni bog‘cha yoshidan boshlashimiz, jajji farzandlarimizda borliqdagi har bir jonzotga mehr-shafqat, muruvvat va e’tibor bilan munosabatda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirib borishimiz kerak.
– “O‘zbekiston Qizil kitobi”ni nashr etish jarayonlariga Zoologiya instituti ham bevosita aloqador. Shu xususda ham o‘quvchilarimizga ma’lumot bersangiz.
– Yurtimizning birinchi “Qizil kitobi” 1983-yilda chop etilgan. Shundan buyon u har besh yilda qayta nashr etiladi. “Qizil kitob” – kamyob yoki yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan noyob o‘simlik va hayvon turlari qayd qilingan davlat hujjatidir. Unda bunday o‘simlik va hayvonlar soni qisqarishining sabablari ham yoritilib, ularni asrab qolishga doir tavsiyalar beriladi. Kitob o‘simliklar va hayvonot dunyosiga oid ma’lumotlar asosida ikki jilddan iborat bo‘ladi. Ayni paytda “Qizil kitob”ning oltinchi nashrini tayyorlash ishlari ketmoqda.
Shu o‘rinda “Qizil kitob” nega yangilanadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki o‘simlik va hayvonot dunyosi ham doimiy o‘zgarishda bo‘ladi. Vaqt o‘tgani sayin ularning ayrim turlari kamayib ketishi yoki ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida boshqalarining populyatsiyasi qayta tiklanishi mumkin. Jumladan, 2019-yilda bosmadan chiqqan “Qizil kitob”ga O‘rta Osiyo toshbaqasi uchinchi kategoriya bilan kiritilgan. Yurtimizda bu toshbaqa turining kamayib ketishiga xorijda unga nisbatan talab yuqoriligi sabab bo‘lgan. Kitobga kiritilib, muhofazasi to‘liq nazoratga olingandan keyin uning ko‘payish jarayoni yaxshilandi. Keyingi nashrda biz bu jonivorni “qizil”lik darajasidan chiqarishimiz ham mumkin. Hayvonot va nabotot olamiga eng ko‘p zarar inson faoliyati orqali yetkaziladi. Bunda jabr qiluvchi ham, jabrdiyda ham faqat o‘zimiz hisoblanamiz. Shuni esdan chiqarmaslik kerak.
– O‘zimizning tol daraxti archadan ham ko‘proq kislorod ishlab chiqaradi. Rossiyaday havosi namchil va iqlimi sovuq mamlakat uchun soya bermaydigan archalar ekilgani ma’quldir. Lekin bizning iqlim sharoitimizda sersoya daraxtlarning ahamiyati katta. Shu ma’noda tol, qayrag‘och, jiyda kabi daraxtlarni ko‘paytirish ko‘proq manfaatli emasmikan?
– To‘g‘ri, archa ko‘proq tog‘ va tog‘oldi hududlarga ekiladi. Ekologiya o‘zgarib borayotgani, suv taqchilligi va tuproqning sho‘rlanib borayotganini hisobga olgan holda respublikamizning har bir hududi tabiatidan kelib chiqib, o‘sha joyga mos, mahalliy daraxt ko‘chatlari ekilsa, samarasi yaxshi bo‘ladi. Bu ortiqcha sarf-xarajatning ham oldini oladi.
– Balki jamoat transportlarida, ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa ommaviy tadbirlarda o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha ta’sirchan targ‘ibotlar olib borishni yo‘lga qo‘yish kerakdir?
– Bu borada ijtimoiy loyihalar ko‘p. Ekologiya vazirligi tomonidan so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda ko‘plab tadbir amalga oshirilyapti. Aynan “Yashil makon” loyihasi, yurtimizda 2025-yilga “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nom berilgani ham o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Muhayyo RUSTAM qizi suhbatlashdi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-fevraldagi 7-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



