Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.03.2025 | 12:09

img1351

O‘ZBEK XOTIN-QIZLARI KECHA VA BUGUN

So‘nggi yillarda tug‘ilgan erkinlik muhiti va ilm-fanga bo‘lgan katta e’tibor o‘laroq jadallashib ketgan tarixiy izlanishlar Prezidentimizning xotin-qizlar mavqeini oila, jamiyat va davlat ishlarida yuksaltirishga qaratilgan siyosati tarixiy asosga egaligini isbotlamoqda.

Buyuk Turon davlatchiligi g‘oyasi uchun kurashgan jadid bobolarimiz Amir Temur davridagi kabi o‘zbek davlatini tiklash orzusida bo‘lganlar. Sohibqiron va temuriylar davri tarixini mukammal o‘rganganlar. O‘sha davrda ayollarga bo‘lgan e’tibor hamda ularning tarix oldidagi xizmatlarini o‘qib, o‘zlari ham xotin-qizlarning jamiyatda nufuzini ko‘tarish, ularning ta’lim olishi, jamiyatda ayollarga nisbatan qarash va munosabatlarni o‘zgartirish masalasida ham ilg‘or fikrlarni aytib, bu qarashlar mustahkamlanishiga sababchi bo‘lganlar.

Jadidlik milliy harakatining yirik namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Tavallo, Cho‘lpon, Ubaydulla Xo‘ja, Hamza, So‘fizoda, Zuhriddin Fathiddinzoda, Rauf Muzaffarzoda va boshqalar vaqtli matbuot sahifalarida o‘zbek xotin-qizlari ma’naviy, ijtimoiy, siyosiy hayotini, kundalik turmushini, ularning ilm-fanga, hunarga bo‘lgan munosabatlarini yoritib beruvchi turkum maqolalar va asarlar yozganlar.

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan 150 yilligi bu yil keng nishonlanayotgan buyuk bobomiz, Turkiston jadidlarining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy qizlar tarbiyasi haqida gapirib, ularni ehtiyotlab voyaga yetkazish, ilmli qilish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa, Abdurauf Fitrat farzandlarini yaxshi xulq egalari, ya’ni imonli, fidokor, g‘ayratli bo‘lib ulg‘ayishlari, milliy taraqqiyotga muvofiq bo‘lishlari, din va dindoshlarini halokat va xarobalikdan qutqarishlari uchun xotin-qizlar – millat onalari tarbiya va ilm olishlari, axloq va bilimlarini kamolga yetkazishlari lozim, deb hisoblagan. Abdulla Avloniy ham xotin-qizlar jamiyatning teng huquqli a’zosi ekanligini uqtirib, ularning ta’lim olishlari va jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishlariga sharoit yaratib berish kerakligini ta’kidlagan va o‘zi ochgan maktabda ham qizlar o‘g‘il bolalar bilan tahsil olishini ta’minlagan.

Jadidlar o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil etgan yangicha maktablarda qizlarni ham o‘qita boshlaganlar. Ulardan biri Abduqodir Shakuriy maktabi bo‘lib, unda qizlar uchun ham maxsus sinflar tashkil etilgan. Bora-bora bunday maktablar Turkistonning boshqa shaharilarda ham ochila boshlagan. Toshkentdagi Eshonxo‘ja Xonxo‘jayev, Sobirjon Rahimovning maktablarida o‘g‘il bolalar qatori qizlar ham ta’lim olgan. Qo‘qon shahrining Gʻalchasoy mahallasida Muhammadjon Xoliqiy 1913-yilda qizlar maktabini tashkil qilgan.

Turkiston jadidlari ayollarning bilim olishlari va jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida o‘zlariga munosib ish bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyat yaratishni o‘z oilalaridan boshlaydilar. Jumladan, samarqandlik maktabchi Abduqodir Shakuriy qizlar uchun tashkil etgan  yangicha maktabda xotini Roziyaxonim muallimlik qilgan bo‘lsa, Abdurauf Fitrat xonadonidagi adabiy va ma’rifiy muhit singlisi Mahbuba Abdurahim qizining shoira bo‘lib yetishishiga sharoit yaratib bergani ma’lum. Qo‘qonlik jadid Muhammadjon Xoliqiyning singlisi Soliyaxon Abduxoliq qizi esa akasining maktabida muallimalik qilgan.

Jadidlar tomonidan xotin-qizlarni ilmli qilish uchun olib borilgan harakatlar tez orada o‘z natijasini ko‘rsata boshlaydi. Qo‘qon, Toshkent, Samarqanddagi ilg‘or ayollar jamiyatdagi muammolarni ochiq aytib, o‘z huquq va manfaatlarini yoqlab chiqqanlar, taraqqiyparvarlik harakatini qo‘llab-quvvatlaganlar, qizlar uchun yangi usul maktablarini tashkil qilish ishlarida faol ishtirok etishgan. Dastlab “Tarjimon”ning ilovasi “Ilm nisvon” gazetasida ayollarning ilm olishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun imkoniyat berish haqida fikr mulohazalarini bayon qilgan ayollar keyinchalik milliy matbuot sahifalarida o‘z orzu-maqsadlarini ifodalashgan. Millatimiz oydinlari bo‘lmish Tojiyaxonim, Nojiyaxonim, Roziyaxonim, Nozimaxonim, Laylixonim, Podshoxonim, Ra’noxonim kabi jadid ayollar yangi usul maktablarida qizlarga ta’lim berish bilan birga ayollarni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish uchun keng targ‘ibot olib borganlar.

1906-yilda qo‘qonlik Tojiyaxonim ismli taraqqiyparvar ayol Ismoilbek Gʻaspralining qizi Shafiqaxonimga maktub yo‘llaydi. Xatda Qrim va Qozon ayollari o‘ziga xos haftalik nashrga ega ekanligini ta’kidlab, Turkistonda ham ayollar matbuot nashriga asos solish va qizlar maktabi ochish bo‘yicha takliflarini gazetada chop qilish hamda targ‘ibot qilishini so‘raydi.

1907-yilda yana bir turkistonlik ayol Nojiyaxonim Rossiya davlat dumasining musulmon a’zolariga maktub yozib, shariat qonunlarida ayollarga tijorat bilan shug‘ullanish va Hajga sayohat qilish kabi huquqlar berilgani, Turkiya va Misr ayollari bu huquqlardan foydalanayotganliklarini ta’kidlab, dumadan turkistonlik ayollar uchun ham bu huquqlarni kafolatlab qo‘yishlarini so‘raydi. Boshqacha aytganda, o‘zbek xotin-qizlari og‘ir mustamlaka sharoitiga qaramay o‘z huquqlarini himoya qilish yo‘lini qidirganlar.

Turkistonlik ziyoli ayollarning ko‘zga ko‘ringan yorqin vakilalaridan biri, jadid shoirasi Nozimaxonim bo‘lib, u 1870-yili Toshkentning Beshyog‘och dahasida tug‘ilgan (ayrim adabiyotlarda 1864-yilda tug‘ilgan deyiladi). Uning otasi Mulla Said Ahmad zamonasining peshqadam kishilaridan bo‘lgan. Qizining madaniyatli va ma’rifatli bo‘lib yetishishi uchun dastlab eski maktabda, so‘ngra xotin-qizlar uchun ochilgan rus-tuzem maktabida o‘qitgan. Toshkentdagi qizlar maktabida muallimlik qilgan Nozimaxonim rus tilida erkin gaplasha olgan, Orenburg va Qozonda chiqib turgan matbuotni muntazam kuzatib borgan.

Nozimaxonim o‘z davrining ilg‘or qarashli ayoli bo‘lib, erkparvarlik g‘oyalarining targ‘ibotchisi edi. Bu hol uning dastlabki maqola va she’rlaridayoq aniq ko‘rinadi. Uning 1904-yili “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilgan maqolalaridan biri “Insonga qancha erk darkor?” deb nomlangan edi. So‘ng ketma-ket mahalliy matbuot sahifalarida “Xotinlar huquqiga oid”, “Ilm va maorif borasida bir-ikki so‘z” kabi maqolalari chop etilgan. Ularda o‘zbek ayolining turg‘un jamiyatdagi o‘rni masalasini ko‘tarib chiqqan. Bu yo‘ldagi har qanday ozodlik harakatlariga xayrixohlik bildirgan. Ularni qo‘llab-quvvatlagan. Maqolalar mazmuni, ruhi bilan Turkistonda ozodlik g‘oyalarining yoyilishi, xotin-qizlar o‘rtasida demokratik intilishning kuchayishiga xizmat qilgan.

Qo‘qonlik ma’rifatparvar ayollardan yana biri Laylixonim bo‘lib, uning tarjimayi holi bizga ma’lum emas. Biroq uning “Sadoyi Turkiston” gazetasida jadidlarni qutlab “Tabriknoma” yozgani hamda ularning islohotchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlagani ma’lum. Ular asos solgan gazeta va jurnallarning ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy ahamiyatini ta’kidlab, fikrini “Laylining qalami Sadoyi Turkiston jaridasiga tabrik yozdi. Sadoyi Turkiston ovozasi abadiy boqiy qolsin”, deb yakunlaydi.

Toshkentlik yana bir jadid ayol “Toshkentlik muallima” imzosi ostida “Sadoyi Turkiston” sahifalarida islohotga chorlovchi maqolalari bilan ishtirok etib borgan. Gazetaning 1914-yil 11-sonida chop etilgan “Turkiston muslimalari tarafidan bir sado” maqolasida Turkiston jamiyatidagi muammolarni ko‘rsatib bergan. Turkistonliklarning aniq va tabiiy fanlardan, sanoat va tijorat ilmlaridan xabarsizligi hamda ilmsizligi tufayli jaholat va nodonlik zindonida qolayotganini tanqid ostiga olgan.

Taraqqiyparvarlar iqtidorli qizlarni xorijda o‘qitish uchun ham bosh qotira boshlaganlar hamda buning uddasidan chiqqanlar. 20-yuzyillikning 20-yillarida Xayriniso Majidova, Maryam Sultonmurodova, Matluba Muhammedova va boshqalar Germaniya hamda Rossiya ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lganlar.

Turkiston mintaqasida sovet hukumati mustahkamlanib olgach, xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni “zamonaviylashtirish”, jamiyatda erkaklar bilan teng faoliyat yuritishini ta’minlash (keyinchalik ular mehnatidan keng foydalanish) masalasiga jiddiy e’tibor qaratdi. Ushbu jarayonni tezlashtirish uchun O‘rta Osiyo partiya qo‘mitasi 1926-yil sentyabrda ayollarni majburiy ravishda “ozodlikka chiqarish”, ya’ni paranjidan xalos etishga qaror qilgan. 1927-yil bahorida “Hujum” harakati amalga oshirilib, Turkiston xotin-qizlari “paranjini tashlaganlar”.

O‘zining ayyorona siyosati orqali millatning eng faol ayollarini aniqlab olgan mustamlakachi hukumat 1930-yillardan boshlab, ularni jismonan yo‘q qilishga kirishgan. Bu holat 1937-1938-yillarda avj olgan. Xorijda tahsil olib kelgan Xayriniso Majidova, Matluba Muhammedova, Maryam Sultonmurodova kabilar aksilinqilobchi va millatchi, chet el josuslari sifatida qamoqqa olingan. Ularning ko‘pchiligi otib o‘ldirilgan, Rossiyaning uzoq hududlariga surgun qilingan. Shuningdek, yuzlab ayollar “xalq dushmani”ning onasi, qizi, turmush o‘rtog‘i, singlisi bo‘lganligi uchun azob-uqubatlarga giriftor qilingan. Ularning ko‘pi siyosiy hayotdan bexabar, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanib yurgan ayollar bo‘lib ayrimlarigina turmush o‘rtoqlariga maslakdosh va yordamchi edi. 1937-yildan boshlab, hibsga olingan ayollar 1939-yilning birinchi yarmiga qadar qamoqda saqlangan. Turmush o‘rtoqlarining “aksilinqilobiy millatchilik faoliyati”ni NKVDdan yashirib kelganlikda, ularning “xalq dushmani” sifatidagi faoliyatiga sherik bo‘lganlikda ayblanganlar. Qattol hukumatning ayollarga ham beshafqat munosabatini anglab yetgan jadidlarning katta qismi xotinlaridan “qonuniy ajrashgan”i ham ularni qatag‘on mashinasidan omon saqlab qololmagan.

Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaro, ayniqsa, xotin-qizlar imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotgan bugungi kunda biz o‘tmishdagi yutuqlarimiz qatori ajdodlarimiz boshidan o‘tgan og‘ir pallalarni ham esda tutishimiz lozim. Ya’ni, bu kunlarga osonlikcha yetib kelingani yo‘q. Kechagina amalga oshishi gumon bo‘lgan o‘zgarishlar endilikda oddiylik kasb etib bormoqda.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan deputatlikka nomzodlarning 40 foizi xotin-qizlar bo‘lishining qonuniylashtirib qo‘yilishi, Qonunchilik palatasi a’zolarining 38 foizi, senatorlarning 25 foizini ayollar tashkil qilayotgani, umumlashtirganda esa, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017-yildagi 27 foizdan bugun 34 foizga yetgani, shuningdek, respublikadagi 5 ta tumanni ayollar boshqarayotgani, ularning siyosiy hayotimizdagi o‘rni qanchalar yuksalganini ko‘rsatadi, albatta.

Davlatimiz rahbarining ilm-fanimizga chin ma’noda qayta jon bag‘ishlaganlari natijasida, sohaga kirib kelayotgan, qaytayotganlar orasida ham ayollarning salmog‘i sezilarli darajada oshib, bugun 5000 dan ortiq olima ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Magistraturaga o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlarning to‘liq davlat hisobidan o‘qitilishi kechagina tasavvurga sig‘mas edi. Hozirda oliygohlarda ta’lim olayotgan 1 million 300 mingga yaqin talabaning yarmidan ko‘pi, aniqrog‘i 653 mingdan ziyodini qizlar tashkil etmoqda. Magistraturada o‘qiyotgan qizlar salkam 14 ming nafar bo‘lib, bu jami magistrantlarning qariyb 60 foizini tashkil qiladi. 2024-yili ehtiyojmand oilalarning 1914 nafar vakilalari oliygohlarga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. 181 ming 500 nafardan ortiq qizga imtiyozli ta’lim kreditlari ajratilgan.

Ishbilarmon ayollarning xizmatlari milliy yetakchimiz tomonidan alohida rag‘batlantirilayotgani ham tahsinga loyiq. So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi. Birgina 2023-yilda 279 mingdan ziyod tadbirkorlik loyihalariga 13 trillion so‘mdan ortiq kredit, qariyb 57 ming xotin-qizga salkam 300 milliard so‘m subsidiya ajratilgan.

O‘tmishimiz va bugunimizda o‘zbek xotin-qizlarining davlat va jamiyat hayotining turli sohlarida tutgan mavqeylari, erishgan yutuqlarini tahlil etarkanmiz, jadidlik milliy harakatining yirik namoyandasi Hoji Muinning “…erkaklar bilan bir qatorda olima, shoira, muharrira, xatiba, adiba, fakiha ayollarning yetishib chiqishi ularga ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va rag‘batdan edi”, degan so‘zlari esga tushadi.

Milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlanib, yildan-yilga o‘zining zalvorli natijalarini berayotgan Uchinchi Uyg‘onish davrimiz poydevorini mustahkamlashda ko‘p jihatdan xotin-qizlarimizning beqiyos o‘rni borligidan behad g‘ururlanamiz.

Dilnoza JAMOLOVA,
Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari,tarix fanlari doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605